97
Tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun jazo tayinlash
Aliyev Komronbek Nodirbekovich-TDYU, Jinoyat qonunchiligini qo’llash
nazariyasi va amaliyoti yo’nalishi magistri
Annotatsiya.
Ushbu tezishda yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda tamom
bo’lmagan jinoyatlar uchun jazo tayinlashning o’ziga xos xususiyatlari va bu borada
qonunchiligimizda qanday mumammolar mavjudligi ko’rib chiqiladi. Shuningdek,
ushbu muammolarni hal qilish uchun qonunchilikka qanday o’zgartirishlar kiritish
kerakligi haqida so’z yuritiladi.
Kalit so’zlar:
tamom bo‘lmagan jinoyat, liberallashtirish, jinoyatga tayyorgarlik
ko’rish, jinoyatga suiqasd qilish, o‘ta xavfli retsidivist, umrbod ozodlikdan mahrum
qilish, individuallashtirish, jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish, jinoyatning sodir
etish bosqichlari, differensiyalash.
Tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun jazo tayinlashda nafaqat jazo tayinlashning
umumiy asoslariga, balki Jinoyat kodeksining 58-moddasi maxsus qoidalariga ham
rioya qilish lozim. Maxsus qoidalarni hisobga olishning asosiy sababi, ushbu
noqonuniy tajovuzlarga jazo tayinlashda alohida yondashuvning o‘ziga xosligidadir.
Shunday qilib, JK 58-moddasi adolat va insonparvarlik prinsiplarini o‘z ichiga olib,
jinoiy jazo maqsadlarini to‘laqonli amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Jinoyat uchun jazo tayinlash tizimini liberallashtirishning asosiy yo‘nalishi
sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 58-moddasi (tamom bo‘lmagan
jinoyat uchun jazo tayinlash)ga kiritilgan muhim o‘zgartirishlarni alohida ta’kidlab
o‘tish lozim. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 11 apreldagi 152-sonli
qonuniga ko‘ra, tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun jazo tayinlash qoidalari
liberallashtirilib, tamom bo‘lgan jinoyatlardan farqli ravishda ushbu jinoyatlar uchun
jazo tayinlashning alohida qoidalari mustahkamlandi.
Jumladan, ushbu qonunga ko‘ra,
«jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun
jazoning muddati yoki miqdori Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida
nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi kerak». O‘z
navbatida, ushbu qoida jinoyat sodir etgan har qanday shaxsga va jinoyatga nisbatan
qo‘llanilishi mumkin emas. Ya’ni mazkur qoida: o‘ta xavfli retsidivistlarga, uyushgan
guruh yoki jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan, tinchlik va xavfsizlikka qarshi tamom
bo‘lmagan jinoyatlar uchun, shuningdek, quyidagilar bilan, ya’ni javobgarlikni
og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish bilan, o‘n to‘rt yoshga
to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga
nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan; yadroviy,
kimyoviy, biologik va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurolini, bunday qurol
98
yaratishda foydalanish mumkinligi ayon bo‘lgan materiallarni hamda uskunalarni
kontrabanda
qilish
bilan
bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar uchun jazo tayinlashda qo‘llanilmaydi. Tamom bo‘lmagan
jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanishi
mumkin emas. Lekin agar jinoyatga suiqasd qilishdagi tajovuz orqali boshqa ijtimoiy
munosabatlarga xavfli oqibatlar yetkazilgan bo‘lsa, ushbu tajovuz alohida jinoyat
sifatida kvalifikatsiya qilinib, JK 54-moddasiga asosan jazo tayinlanishi lozim.
Masalan, boshqa shaxsning hayotiga tajovuz vaqtida, shaxsga og‘ir tan jarohatlari
yetkazilsa, ushbu holda sodir etilgan tugallangan jinoyat sifatida JK 104-moddasi bilan
97-modda ko‘rsatilgan jinoyatga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinib, jazo
tayinlanishi lozim. U yerda jinoyatlar tarkibi bo‘yicha jazo tayinlanadi (JK 59-moddasi)
va tamom bo‘lgan jinoyatlar uchun jazo JK 54-moddasining talablari asosida va
jinoyatni sodir etishga suiqasd qilish JK 58-moddasi 1-qismi asosida tayinlanadi.
Ushbu qonunning qabul qilinguniga qadar, sudlar tamom bo‘lmagan jinoyat uchun
jazo tayinlashda, ya’ni jinoyatga tayyorgarlik va jinoyatga suiqasd qilganlik uchun jazo
tayinlashda jinoyatning og‘ir-yengilligini, jinoiy niyat amalga oshirilishining va
jinoyatni oxiriga yetkaza olmaganlik sabablarini e’tiborga olgan holda, tamom bo‘lgan
jinoyatlar sanksiya doirasida jazo tayinlash huquqiga ega edilar. Endilikda ushbu
qoidaning kiritilishi munosabati bilan, eng avvalo, tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun
jazo tayinlash qoidalari individuallashtirildi. Buning mohiyati, tamom bo‘lmagan
jinoyatlar uchun jazo tayinlashda alohida o‘ziga xos maxsus holatlarni e’tiborga
olinishi kerakligi, bu borada tamom bo‘lmagan jinoyatlar o‘ziga xos xususiyatlarga ega
ekanligi bilan xarakterlanadi.
Tamom bo‘lmagan jinoyatlar jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir
etishga suiqasd qilishga bo’linadi. Jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish tamom
bo‘lmagan noqonuniy tajovuzning turlaridan biri bo‘lib, jinoiy javobgarlikni istisno
etadi.
JK 25-moddasi 1-qismiga ko‘ra jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish deb, shaxsning
qasddan qilinadigan jinoyatni sodir etish yoki yashirish uchun sharoitlar yaratuvchi
qilmishi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra sodir etilishi boshlangunga qadar
to‘xtatilishiga aytiladi. Ammo qonunda jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish bosqichida
to‘xtatilganligi uchun alohida javobgarlik belgilanmay, JK Maxsus qismining tamom
bo‘lgan jinoyat uchun javobgarlikni belgilovchi norma doirasida javobgarlik
belgilanib, jinoyat kodeksi 58-moddasi qoidalariga muvofiq jazo tayinlanadi.
Jinoyat sodir etishga suiqasd qilish jinoiy faoliyatning ikkinchi bosqichidir. JK 25-
moddasi 2-qismiga muvofiq, qasddan sodir etiladigan jinoyat boshlanib, shaxsga
99
bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, jinoyat sodir etishga
suiqasd deb topiladi. Jinoyatga suiqasd qilishning ijtimoiy xavflilik darajasi jinoyatga
tayyorgarlik ko‘rishga nisbatan og‘irroq, tamom bo‘lgan jinoyatga nisbatan
yengilroqdir.
Jinoyatga suiqasd qilishda jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy
munosabatga tajovuz qilish boshlanib, tajovuz qaratilgan ijtimoiy munosabat zarar
yetkazilishi xavfi ostida qoldirilishi yoki ma’lum darajada zarar yetkazilishi mumkin,
ammo qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibat kelib chiqmaydi. Shunga ko‘ra,
tamom bo‘lgan jinoyatga nisbatan jinoyatga suiqasd qilishning ijtimoiy xavflilik
darajasi kamroq bo‘ladi. Sud jinoyatga suiqasd qilganlik uchun jazo tayinlashda ana
shunday holatni hisobga olib, muayyan moddaning sanksiyasida nazarda tutilgan jazo
turi va muddati doirasida tayinlanadigan jazoga nisbatan kamroq bo‘lgan muddat yoki
miqdorini tayinlaydi.
E’tibor beriladigan jihat shundan iboratki, tamom bo’lmagan jinoyatlar faqat
qasddan sodir etilgan jinoyatlarda mavjud bo’lishi mumkin bo’lib, ehtiyotsizlik orqali
sodir etiladigan jinoyatlarda mavjud bo’lmaydi.
Tamom bo‘lmagan jinoyat uchun jazo tayinlashda, sud jazo tayinlashning umumiy
asoslaridan tashqari, muayyan jinoyatning og‘irligi, jinoiy niyat amalga oshirilishining
darajasi va jinoyatni oxiriga yetkaza olmaganlik sabablari kabi holatlarni ham hisobga
olishi lozim.
Qonunda ko‘rsatilgan holatlar, sudga jazo tayinlashda alohida yondashuvni
ta’minlab, sodir etilgan qilmish ijtimoiy xavf darajasini va aybdorning shaxsini to‘g‘ri
aniqlashga imkoniyat beradi. Ushbu holatlar sud tomonidan nafaqat o‘zaro, balki
muayyan ish holatlari bilan birgalikda hisoblanishi lozim. Ta’kidlab o‘tish joizki,
jazoning og‘irligi jinoyatning sodir etilishi bosqichlari bilan mutanosib bo‘lishi kerak.
Shuning uchun jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish, jinoyat sodir etishga suiqasd qilish
uchun bir me’yorda jazo chorasi tayinlanishi mumkin emas deb hisoblaymiz.
Hech qanday sharoitda, tamom bo‘lmagan jinoyat uchun jazo tegishli modda
sanksiyasidagi eng ko‘p doirasidan yuqori bo‘lmasligi lozim. Xususan, sudlar qonun
eng ko‘p bo‘lgan muddatni yoki jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish uchun va jinoyat sodir
etishga suiqasd qilish uchun jazo miqdorining cheklanishini va u (muddat, miqdor) JK
Maxsus qismidagi to‘g‘ri keladigan moddasining sanksiyasida nazarda tutilgan
og‘irroq jazo turi miqdori va muddatining 3/4 qismidan ko‘p bo‘lmasligi kerakligining
belgilanishini e’tiborga olishlari muhim.
Endilikda xorijiy mamlakatlarda tamom bo’lmagan jinoyatlar uchun jazo
tayinlashning o’ziga xos xususiyatlarini ko’rib chiqsak. Belarussiyada tamom
100
bo’lmagan jinoyat uchun sudlar tomonidan yengilroq jazo tayinlash qoidasi mavjud
emas. Faqatgina tugallanmagan jinoyat uchun jazo tayinlashda aybdor tomonidan sodir
etilgan harakatlarning tabiati va ijtimoiy xavflilik darajasi, jinoiy niyatni amalga
oshirish darajasi va jinoyat oxiriga yetkazilmagan holatlar hisobga olinadi.
Ukrainada esa jinoyatga suiqasd qilganlik uchun jazo muddati yoki miqdori ushbu
Kodeksning maxsus qismidagi moddaning sanksiyasida nazarda tutilgan maksimal
jazoning uchdan ikki qismidan yoki eng og'ir jazo turining miqdoridan oshmasligi
kerak.
Rossiya va Qozog’iston qonunchiligida tamom bo’lmagan jinoyatlar uchun jazo
tayinlash bir xil tartibga solingan. Qozog’iston va Rossiyada jinoyatga tayyorgarlik
ko'rganlik uchun jazo muddati yoki miqdori tugallangan jinoyat uchun ushbu Kodeks
Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan asosiy jazo turining eng ko'p
muddati yoki miqdorining yarmidan ko'p bo'lishi mumkin emas. Jinoyatga suiqasd
qilganlik uchun esa jazo muddati yoki miqdori tugallangan jinoyat uchun ushbu Kodeks
Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan asosiy turdagi jazoning eng
yuqori muddati yoki miqdorining chorak qismidan oshmasligi kerak. Bizning
qonunchilikda esa jinoyatga tayyorgarlik ko’rganlik va jinoyatga suiqasda qilganlik
uchun
jazoning muddati yoki miqdori ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli
moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi kerak,
ya’ni bizda ushbu ikki holat bir-biridan ajratilinmagan. To’g’ri sud maksimal to’rtdan
uch qismi qo’llay oladi, ya’ni tayyorgarlik ko’rganlik uchun to’rtdan bir qismini
qo’llashi ham mumkin. Biroq bu masala sudning ixtiyorida bo’lib, unga majburiyat
yuklamaydi. Shu bilan bir qatorda, jinoyatga tayyorgarlik ko’rish jinoyatga suiqasd
qilishdan ko’ra ijtimoiy xavfliligi kamroq hisoblanadi. Shu sababli jazo tayinlashda
bunday differensiyalash bo’lishi kerak deb hisoblaymiz.
Bizning fikrimizga ko’ra, jinoyatga suiqasd qilish jinoyatga tayyorgarlik
ko’rishdan xavfliroq hisoblangani uchun jinoyat kodeksi 58-moddasiga o’zgartirish
kiritish kerak deb hisoblaymiz, ya’ni jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun jazoning
muddati yoki miqdori ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda
tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi, jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik
uchun esa jazoning muddati yoki miqdori ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli
moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi kerak.
Shunda ushbu qoida Rossiya va Qozog’iston qonunchiligi bilan bir xil bo’ladi va jazo
tayinlashda qilmishni ijtimoiy xavflilik jihatidan differensiyalashga olib keladi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsa, jinoyat kodeksiga tamom bo’lmagan jinoyatlar
uchun jazo tayinlashning maxsus qoidasi kiritilinishi to’g’ri bo’lgan deb hisoblaymiz
101
va uni endilikda takomillashtirilib, jinoyatga tayyorgarlik ko’rish va jinoyatga suiqasd
qilganlik uchun turlicha jazo tayinlanishini majburiy norma sifatida kiritilinishi kerak
deb hisoblaymiz.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI:
1.1994-yil 22-sentabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining
Jinoyat kodeksi”ning 25-moddasi;
2.1994-yil 22-sentabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining
Jinoyat kodeksi”ning 58-moddasi;
3. O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 11 aprel kuni qabul qilingan
“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 58-moddasiga qo‘shimcha kiritish
to‘g‘risida”gi 152-sonli qonuni;
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 03.02.2006 yildagi “Sudlar
tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi 1-sonli qarori.
Dostları ilə paylaş: |