Xalq hunarmandchiligida ishlatiladigan asbob – uskunalar. Metallarga va yog‘ochlarga, gazlamalarga ishlov berish texnologiyasi bo‘yicha o‘quv ustaxonalaridagi barcha asbob–uskunalar, moslamalar xalq hunarmandchiligida ishlatiladigan asbob uskunalar qatoriga kiradi. Ulardan foydalanish esa yuqori sinflarda nazariy va amaliy jihatdan tushuntiriladi.
Zargarlikda ishlatiladigan asboblar.Boshqa kasblar singari zargarlikda ham o‘ziga xos asbob-uskunalar ishlatiladi. Loyli o‘choq, charm, o‘tga chidamli loylar, payvand, naycha, metal qisqichlar, bolg‘achalar, metall taxta, pargor, zubilolar, misgarliklar ishlatiladigan ba’zi bir keskich asboblar, charx tosh, kichkina qisqichlar, qoliplar, metalldan qilingan har xil diametrli yarim sharsimon chuqurchali qolipchalar, tunukalarni qirqish uchun qaychilar, omburlar, payvandlovchi asbob va boshqalar ishlatiladi.
Punson- (puanson) zargarlikda ishlatiladigan asbob bo‘lib metallga naqsh ishlashda ishlatiladi.
Kurya - temir yoki po‘latdan yasalgan. Uning bir necha kattalikdagi teshigi bo‘lib, oltin yoki kumush oldin kattaroq, keyin kichikroq, so‘ng yanada kichikroq teshikdan o‘tkazib tortiladi. Oltin yoki kumush sim hozir shu xilda tayyorlanadi. Sim kuryaning naqsh o‘yilgan joyga qo‘yib bog‘lansa naqsh hosil bo‘ladi. Hosil qilingan sim kirkira deb ataladi. U bezak buyumlarida ishlatiladi.
2.Kashtachilik an’analariga ijtimoiy hayotning ta’siri. Xalq hunarmandchilik turlaridan kashtachilikda qо‘llanadigan asbob-uskunalar, texnologiyalar. Kashtado‘zlik, kashtachilik-kashtatikish kasbi, amaliy san’atning qadimiy sohalaridan biri. Arxeologik topilmalar Kashtado‘zlikning deyarli barcha xalklarda qadimiyligini, iqlim, tabiiy sharoit, muhit bilan bog‘liq holda har bir xalqning madaniyati, san’ati, kasb-hunar turlari bilan birga, ularning ta’sirida rivoj topganini ko‘rsatadi. Kashtado‘zlikning paydo bo‘lishi teridan qilingan kiyimlarda bog‘lam va choklarning yuzaga kelishi bilan bog‘liq. Davrlar davomida toshdan suyak bigizlarga, undan metall bigizlarga o‘tish bilan, shuningdek, to‘qish, mato to‘qish,bo‘yash va boshqa ishlar bilan bog‘liq. Kashtado‘zlik taraqqiyotini Qadimiy Osiyo, Yevropa, Amerika madaniy yodgorliklari, adabiy manbalardagi kashtalar tasvirida, shuningdek, saqlanib qolgan Kashtado‘zlik namunalarida kuzatish mumkin. Kashtado‘zlik mahsulotlarining eng qadimiy nusxalari saqlanmagan. Kashtado‘zlik rivojlangan xalqlarda unga tasviriy san’atning ta’siri katta bo‘lgan. Macalan, 11-asrga oid ingliz kashtalarida jang lavhalari aks ettirilgan. 12-asrgaa mansub rus kashtalarida Vizantiya ikona san’atining ta’siri ko‘zga tashlanadi. Xitoyda 14-asrdan «syuxua» (ignali tasvir) nomi bilan mashhur bo‘lgan kashtali namoyonlar uslub jihatdan shoyiga tush bilan ishlangan manzara janriga yaqin.
Yevropada Kashtado‘zlik. Uyg‘onish davrida yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Davrning buyuk rassomlari (mas, Perujino, Bottichelli va b.) kashtaduzlar uchun andazalar tayyorlab berishgan, bu esa kashtalarning badiiyligini oshirgan. Kashtado‘zlikda qimmatbaho toshlardan ham foydalanilgan, ip, jun, ipak, zar va kumushsuvi berilgan iplar ishlatilgan. 18-asrda Yevropada aslzodalar kiyimini bezashda kashtalardan foydalanib tayyorlangan Kashtado‘zlik buyumlari keng tarqalgan.
19-asrning 2-yarmida kashta tikish mashinasi ixtiro etilgach, sanoati rivoj topgan mamlakatlarda Kashtado‘zlik korxonalari vujudga kela boshladi, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilishi an’anaviy Kashtado‘zlikni inqirozga uchratdi. Kashtado‘zlikdagi mavjud an’analar susayib ketdi, arzon baho mashina kashtalari katta maxrrat va ko‘p mehnat talab qiladigan qo‘l kashtalarini siqib chiqardi. Lekin bir qancha mamlakatlarda mashina kashtasi bilan bir qatorda qo‘lda kashta tikishga alohida e’tibor berilmoqda, kashtado‘zlarning ishlari muzeylarni, jamoat binolarini bezamokda.
O‘rta Osiyoda Kashtado‘zlik mahsulotlarining qadimiy xillari deyarli saqlanmagan. Muzeylardagi palak, so‘zana, choyshab, kirpech, zardevor singari badiiy buyumlar va kashtali kiyimlar faqat 19-asrga mansub.
14-15-asrlarga oid kitoblardagi miniatyuralar Kashtado‘zlikning bu yerda qadimdan keng rivojlanganini ko‘rsatadi. Jumladan, Amir Temur saroyida yashagan ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo o‘z esdaliklarida saroyda kashta bezaklarini tomosha qilganini yozgan. Behzod «Zafarnoma» qo‘lyozmasiga ishlagan «Temur taxtda» miniatyurasida (1467) kashtali chodirni xam aks ettirgan.
O‘rta Osiyoda, ayniqsa, o‘zbek, turkman, tojik ayollari urtasida Kashtado‘zlik keng tarqalgan. Kiyimlar oilada tayyorlangan, badiiy buyumlar (so‘zana, kirpech, dorpech, choyshab, oynaxalta, choyxalta va b.)ning asosiy qismlari har bir xonadonning o‘zida tayyorlangan
Kashta choklari, kashta tikish va uslublarining turli-tumanligi o‘zbek kashtado‘zlarining katta san’atidan dalolat beradi.
Masalan, Nurota, Buxoro, Samarqand Kashta. mahsulotlari ko‘proq yo‘rma chok bilan, Shahrisabzda yo‘rma, kandaxayol, iroqi, Toshkentda esa ko‘proq bosma chok bilan tikilgan.
Ijtimoiy hayotda ro‘y bergan o‘zgarishlar Kashtado‘zlik an’analariga, mahsulot-ning turlariga ta’sir ko‘rsatgan. Macalan, hozir bo‘g‘joma, dorpech, oynaxalta kabi ashyolar o‘z ahamiyatini yo‘qotdi, paranji, kaltacha kabi kiyimlarni faqat muzeylardagina uchratish mumkin. Do‘ppi, sumka, nimcha, kavush, kirpech, so‘zana kabi badiiy buyum va ashyolar zamonaviy did bilan bezatilmokda, shakl va badiiy bezaklarida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi.
O‘zbek kashtado‘zlari buyum bezaklarida amaliy bezak san’atining boshqa turlari-dagi naqshlardan andaza olganlar, kashtalarda o‘simliksimon tasvirlar, shox, gulband, guldastalar ko‘p uchraydi. Naqsh mujassamotida asosiy bezak matoning o‘rtasida bo‘lib, hoshiyalar qo‘shimcha bezak hisoblanadi. Lekin hoshiya bezagi mahorat bilan ishlangan kashtalar ham ko‘p.
Ganchkorlik, yog‘och o‘ymakorligi, kandakorlik, naqqoshlikda uchraydigan islimiy gul (naqsh) lar Kashtado‘zlikda ham ko‘p uchrashi chizmakash (naqqosh)lar amaliy bezak san’atining turli sohalariga chizma (naqsh)lar tayyorlaganini ko‘rsatadi. Kashtado‘zlikda chizmakashlar yaratgan (naqshgul)lar asosida kashtado‘zlar badiiy buyum yaratadilar. Kashtado‘zlikda ishlatiladigan asosiy ish qurollari: igna, ilmoqli igna, ilmoqli bigiz, angishvona, chambarak va boshqalar keng tarqalgan chok turlari: bosma, kandaxayol, chindaxayol, xomdo‘zi, yurma, iroqi popur, ilmoq, baxya va boshqalar (yana q. Chok).
Xalq hunarmandchiligi har bir xalqning, jumladan o’zbek xalqining paydo bo’lishi, shakllanishi, tarixiy rivojlanishi, milliy qadriyatlarini ifodalaydigan soha bo’lib xizmat qila oladigan ma’naviy, moddiy, madaniy merosi hisoblanadi. Shuning uchun o’quvchilarni maktabda xalq hunarmandchiligiga oid ishlarni o’rgatish orqali xalqimizning asriy, milliy hunarmandchiligi an’analari, urf-odatlari, milliy qadriyatlari bilan tanishishda va kasb-hunar tanlashda katta ahamiyatga egadir.
Birinchi prezidentimiz I.A.Karimovning 1997 yil 31 martda e’lon qilingan “Badiiy hunarmandchilikni rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmonida ham “Yoshlarni xalq amaliy san’ati ustalarining ko’nikmalariga o’qitib, o’rgatish uchun zarur bo’lgan shart-sharoitlarni vujudga keltirishda amaliy yordam ko’rsatish eng muhim vazifa” ekanligi ko’rsatilgan.
Xalq hunarmandchiligi naqqoshlik, ganchkorlik, zargarlik, yog’och o’ymakorligi, kashtachilik, zardo’zlik, ko’nchilik, pazandachilik, kosibchilik, maxsido’zlik kabi 150 dan ziyod sohaga ega bo’lib, o’zidan mehnat va kasb ta’limining ko’pgina xususiyatlari – amaliyligi, ijodiyligi, milliyligi, mahalliy xom-ashyolarni topish va ta’mirlash qulayligi, o’g’il va qiz bolalar mehnatining o’ziga xosligi, shahar va qishloq maktabining uyg’unlashtira olishi, asosiy hollarda murakkab qurilmalar, uskunalar, asboblar va stanoklar talab qilmasligi, mashg’ulotlarni tashkil etishning soddaligi bilan ajralib turadi. Natijada bu sohalarni yetarlicha o’rgangan, ma’lum bir kasb-hunarlarni egallagan yoshlarni ishsiz qolmasliklari mehnat bozorida o’zining raqobatbardoshligi bilan alohida e’tiborga ega.
Xalq hunarmandchiligi san’at, milliy qadriyatlarni va an’analarni izchil o’rganish, rivojlantirish hamda takomillashtirilgan holda boyib boradi.
“Ta’lim to’g’risida”gi Qonunda: “Umumiy o’rta ta’lim uzluksiz ta’lim tizimida asosiy bo’g’in bo’lib, ta’lim oluvchilarni ilmiy bilim, mehnat va boshqa kasb-hunar ko’nikmalarini tadbirkorlik va ishbilarmonlik asoslarini egallashlari, ijodiy qobiliyatlarini va ma’naviy sifatlarini rivojlantirishni ta’minlaydi” – deb ta’kidlangan.
Xalq hunarmandchiligi o’quvchilarga tafakkur, tasavvur, estetik did, epchillik, sabr-toqat, bardoshlilik kabi sifatlarni shakllantirishga yordam beradi. Bu sifatlar va fazilatlar yosh avlodni har tomonlama rivojlanishiga samarali ta’sir ko’rsatadi.
O’zbekiston Respublikasida mustaqillik e’lon qilinishi bilan odamlarga munosib turmush va mehnat qilish sharoitlarini, ishchi o’rinlarini yaratishga, xalq farovonligini oshirishga, ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirishga, o’sib kelayotgan yosh avlodni insonparvarlik ruhida tarbiyalashga katta e’tibor qaratildi. Hozirgi kunda o’quvchilarning mehnat va kasb tanlashga tayyorgarligi muhim ijtimoiy vazifa bo’lib hisoblanadi. Bunda pedagog olimlar, o’qituvchilar, murabbiy va ustozlar yoshlarga xalq hunarmand-chiligining turli qirralarini o’rgatish, ularni shu yo’nalishlardagi kasblarni egallashga, tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki, xalq hunarmandchilik sohasini har tomonlama rivojlantirish, taraqqiy ettirish xalqimizning ma’naviy saviyasini, estetik didini oshirish bilan birga jahon madaniyati xazinasiga munosib hissa bo’lib qo’shiladi. Milliy urf-odatlar, an’analar, xalqlarning yashash sharoiti va milliy xususiyatlarini o’zida jamlab, ming yillar davomida hayotning murakkab sinovlaridan o’tib, xalqning o’ziga xos tuzugi-qonuni darajasiga ko’tarilgan. Mustaqilligimiz sharofati bilan bugunga kelib, ajdodlarimizdan qolgan bebaho merosni o’rganish, amaliyotga tadbiq etishga shart-sharoitlar yaratildi.