Mavzu haqida ma’lumot. Tok shilliq qurti va dala shillig’i qorinoyoqlilar
sinfining vakillari hisoblanadi. Gavdasi bosh, tana va yagona oyoqdan iborat.
Boshida bir yoki ikki juft paypaslagichi va ko’zlari bo’ladi. Bu mollyuskalarning
oyog’i qorin tomonida bo’ladi. Bu sinfga kiruvchilarda chig’anoq konus shaklida
buralgan yoki spiral naycha deb ataladigan uzun naychadan iborat bo’ladi.
Chig’anog’ining berk uchi tepasi, ochiq uchi esa og’zi deyiladi. Qorinoyoqlilarning
chig’anoqlari uchta qatlamdan: konxiolin, prizmatik va sadaf qatlamlaridan iborat.
Chuchuk suv shillig’i ko’pincha ko’lmak, hovuz, botqoqliklar, daryo va ko’llarda
yashaydi. Uning tanasi spiral buralgan katta og’izli chig’anoq ichida joylashgan.
Chig’anoqning balandligi 5-10 mm bo’lib, usti yashil- jigarrang. Tanasi mantiya
bilan qoplangan va chig’anoq buramasiga mos holda spiral buralgan.
Chig’anoq og’zi orqali bosh, oyoq va gavdasining oldingi qismini tashqariga
chiqishi mumkin. Oyog’i yassi bo’lib, tanasining qorin qismini egallaydi. Oyoq
muskullarining to’lqinsimon qisqarishi natijasida shilliq sekin sirpanib
harakatlanadi. Boshining ostki tomonida og’zi, boshning ikki yonida ikkita
paypaslagichlari joylashgan. Agar paypaslagichlarga ta’sir etilsa, mollyuska
boshini va oyog’ini chig’anog’i ichiga tortib oladi. Paypaslagichlarining asosida
bittadan ko’zi bor. Suv shillig’i o’simliklar bilan oziqlanadi. Og’zi halqumga
ochiladi. Halqumida muskulli tili joylashgan. Tilining usti juda ko’p mayda
tishchalar bilan qoplangan. Bunday qirg’ichli til yordamida suv shillig’i o’simlik
to’qimalari yoki mayda organizmlarni qirib oladi. Oziq halqum va qizilo’ngach
orqali oshqozonga tushib hazm bo’la boshlaydi. Hazm bo’lish jarayoni hazm qilish
bezi jigarda davom etadi va ichakda tugallanadi. Oziqning hazm bo’lmagan
qismini orqa chiqaruv teshigi orqali tashqariga chiqaradi. Suv shillig’i o’pka orqali
nafas oladi. Buning uchun shilliq suv yuzasiga ko’tariladi va chig’anoq chetida
joylashgan katta yumaloq nafas olish teshigini ochadi. Havo shu teshik orqali
mantiya bo’shlig’idan hosil bo’lgan o’pka xaltasiga o’tadi. O’pka devorida juda
ko’p qon tomirlari bo’ladi. Bu tomirlardagi qonga kislorod o’tib, qondan karbonat
angidrid ajraladi. Yuragi ikki kamerali bo’lib, yurak oldi bo’lmasi va yurak
qorinchasidan iborat. Yurak devori muskullari qisqarishi natijasida qon yurak
qorinchasidan tomirlarga haydaladi. Yirik qon tomirlari mayda kapillarlarga o’tib,
ulardan qon organlar orasidagi bo’shliqqa borib quyiladi. Shuning uchun qon
aylanish sistemasi ochiq deyiladi. Tana bo’shlig’idan qon tomirlarga o’tib, o’pkaga
boradi va kislorodga to’yinadi; so’ngra yurak oldi bo’lmasiga, undan yurak
qorinchasiga o’tadi. Suv shillig’ining qoni rangsiz bo’ladi. Ayirish sistemasi
metanefridiy tipidagi yagona buyrakdan iborat. Buyrakdan oqib o’tuvchi qon
zararli moddalardan tozalanadi. Bu moddalar orqa chiqaruv teshigi yonida
joylashgan teshik orqali tashqariga chiqarib yuboriladi. Nerv sistemasi nerv
tugunlaridan iborat. Dala shilig’ida jinsiy bez toq bo’lib, uni germafrodit bez deb
aytiladi. Bu bez bir vaqtda ham tuxum, ham spermatazoid hosil qiladi.