Nеmatodalar, ya'ni xaqiqiy to`garak chuvalchnglari sinfi - Yer yuzida nihoyatda ko`p tarqalgan bo`lib, dengiz hamda turli chuchuk suv havzalarida va tuproqda erkin hayot kechiruvchi juda ko`p turlar bilan bir qatorda o`simliklar xilma-xil hayvonlarning turli organlarida parazitlik qilib yashovchi formalarini o`z ichiga oladi. Odamzod tanasida parazitlik qiladigan turlari ma`lum kasalliklarga sabab bo`lib, xalq salomatligiga zarar yetkazadi.
Nematelmintlar tipi uchun ko`rsatib o`tilgan xarakteristika nematodalar sinfi uchun ham xarakterlidir. To`garak chuvalchanglar-nematelmintlar tipining boshqa sinflariga qaraganda nihoyatda ko`p tarqalgan va xilma-xil guruhidir. Bularning avlodlari okean va dengizlarda, turli xil sho`r va chuchuk suv havzalarida, tuproq va balchiqlarda erkin yashaydi. Juda ko`p turlari o`simliklarda yashab, ular bilan oziqlanadi yoki bir qancha xil hayvonlarning tanasida parazitlik bilan hayot kechiradi. Tabiatda bu qadar ko`p tarqalgan hayvon guruhlari kam uchraydi. Shuning uchun ham ularning tuzilishi va katta-kichikligi har xil. Nematodalar o`rtasida bir necha mikronli eng mayda turlari va uzunligi bir necha metrga yetadigan gigant formalari (kashalot kitlarning paraziti) mavjuddir.
Bu sinf vakillari turlicha hayot kechiradi va turli organizmlarda parazitlik qiladi. Sho`nga ko’ra ularning turlari xilma-xildir. Endi ularning asosiy vakillari bilan qisqacha tanishamiz:
Odam askaridasi birmuncha katta parazit nematodalardan. Uning urg`ochisi 20-40 sm (erkin 25 sm) gacha bo`ladi. Askarida odamning ingichka ichagida (ba`zida jigarda) parazitlik qiladi. Urg`ochi askaridaning tanasi to`g`ri, erkagining dumi kaltaroq va ingichkaroq, gajak shaklda bo`lib, qorin tomonga qayrilgan. Askaridaning bosh tomonida og`iz, dumning oxirrog`i ya`ni qorin tomonida esa anal teshigi joylashgan. Qalin kutikula bilan qoplangan tashqi qismida boshqa organlari yo`q, qorin va yelka (orqa) tomonlarini farq qilish qiyin. Lekin, kattaroq urg`ochi askarida tananing oldngi qismi qorin tomoniga ochilgan juda kichik jinsiy yo`l – qin teshikchasini lupa bila ko`rish mumkin. Shuningdek, erkaklarida egilgan dumining uchrog`icha ochilgan kloaka teshigi va uning atrofidagi uchta o`simta-spikulani ham lupa orqali ko`rish mumkin.
Askaridalarning teri-muskul xaltasi birmuncha boshqacha tuzilgan. Tana sirtini qoplagan qalin kutikula ostidagi epiteliya hujayralari qo`shilgan to`qima – sintsitiya shaklida bo`lib, bu qavati gippoderma deb nomlanadi. Gippoderma ostida to`rt qator kuchli cho`ziq muskullar joylashgan. Ular uchi ochilgan askaridada yaxshi ko`rinadi. Bular yirik muskul tolalaridan tuzilgan bo`lib, har bir tola tana bo`shlig`i tomonida sitoplazmatik o`simta hosil qilgan. (Bularga qorin va yelka tomondagi nervlarning tolalari tutashadi.) Mazkur o`simtalar ichki tomondan gilam patiga o`xshab ko`rinadi.
Birlamchi tana bo`shlig`ida hazm va jinsiy organlari joylashgan. Og`iz atrofida “lablar” deb ataladigan uchta kutikula o`simtasi joylashgan; og`iz – muskulli halqum bilan tutashgan bo`lib, bundan ichak boshlanadi. Erkaklarda anal teshigi bilan jinsiy yo`l tutashgani uchun uni kloaka deb nomlanadi.
Urg`ochi jinsiy organi bir juft ingichka, uzun ipsimon tuxumdonlardan boshlanadi. Bular uzun tuxum yo`li naychalari bilan tutashgan. Ikkovi tuxumdon va tuxum yo`lining uzunligi 1,5-2 m ga boradi. Tuxum yo`li ikki tomondan, kalta va yo`g`onroq bachadonlarga ochilgan. Ikkita bachadon – juda kalta qinga birlashib, tananing oldingi – qorin tomonida tashqariga ochiladi. Askarida nihoyatda ko`p tuxum qo`yadi. Har bir urg`ochi askarida bir so`tkada 200 mingga yaqin otalangan tuxum chiqara oladi.
Erkaklarida jinsiy organ: o`zun ipsimon bitta urug`don, o`nga tutashgan urug` yo`li va urug` chiqarish kanalidan tarkib topgan. Bu kanal kloakaga yaqin joyda, ichakning pastki qismiga ochilgan. Kloaka devori atrofidagi uchta muskullashgan uchli o`simtalar-spikula qo`shilish organidir.
Askaridaning ayirish organi bir juft katta ayirish naychalaridan tarkib topgan bo`lib, bular tananing ikki yon tomonida gippodermadan hosil bo`lgan maxsus yon iskanalarining ichida joylashgan. Ayirish naychalari bosh tomonda birikib, og`izga yaqin tashqariga ochilgan. Ko`p zoologlarning fikricha har ikki naycha bitta gigant hujayradan iborat. Naychalarning bir tomonida bitta yadro bo`lishi bu fikrni isbot etadi. Bundan tashqari, ayirish naychalarining ustida 4-6 ta yutuvchi hujayralar – fagotsitlar bo`lish xarakterlidir. Agarda askarida tanasiga ukol-igna bilan fuksin (zaharsiz rang) kiritilsa, 20-30 minutdayoq uni mazkur hujayralarda to`planganini kuzatish mumkin. Bu hujayralar parazitning tanasiga kirgan “chet” moddalar va mikroblarni yutib, “tozalashga” xizmat qiladi.
Nerv sistemasi halqum atrofini o`ragan bosh nerv halqasidan va u bilan tutashgan qorin va yelka nerv iplaridan iborat. Bulardan qorin nerv ipi yo`g`onroq. Bosh nerv halqasida 6 ta nerv tugunlari (gangliyalar) joylashgan. Bulardan tashqari bir nechta cho`ziq nerv tolalari bor. Bosh nerv halqasi “lab”larda joylashgan sezuv hujayralari va ichki organlarni nervlashtiradi. “Lab”lardagi sezuv nuqtalaridan boshqa sezuv organlari yo`q.
Rivojlanishi va tarqalishi. Urg`ochi askarida ko`p miqdorda otalangan va qalin qobiq bilan yaxshi himoyalangan tuxum ajratib chiqaradi. Shuning uchun ham askarida nasli tez va ko`p tarqaladi. Tuxumdondan ajralib, tuxum yo`liga o`tgach, ular bachadon yuqorisida otalanib, bir necha qavatli qalin qobiqqa o`raladi va shu holda odam ichagiga tushib, bemorning najasi bilan tashqariga tarqaladi.
Askarida lichinkasining dastlabki rivojlanishi urg`ochining bachadonida – qobiqning ichida sodir bo`ladi. Lekin uning so`nggi taraqqiyoti uchun tuxum albatta tashqariga chiqishi va 12-13 kun turishi kerak. Aks holda u nobud bo`ladi. Tuxum po`stlog`ining ichidagi askarida lichinkasi 12-13 kun mobaynida kislorodli havo muhitida rivojlanadi. Shu davr o`tgach, tuxum “yuqumli” holatga o`tadi. Mana shunday “yuqumli” tuxum odamning hazm organlariga o`tsa lichinkaning so`nggi rivojlanishi boshlanadi.
Odam ichagida qobiqdan ajralgan nihoyatda mayda (bir necha mm) lichinkalar ichak devorini teshib, qonga o`tadi va qon oqimi bilan hamma organlarni “aylanib” chiqadi. Askarida lichinkaning migratsiyasi deb nomlanuvchi bu harakat uning so`nggi rivojlanishi uchun zarurdir. Ma`lum darajada o`sgan lichinka odamning o`pka alviollari devoriga keladi va undan o`pka (alviol) devorini teshib, o`pkaning havo yo`llari – bronxlarga o`tadi. Bulardan traxeya va kekirdakka ko`tarilgan lichinka halqum orqali qizilo`ngachga, undan esa oshqozon orqali ingichka ichakka borib to`xtaydi va o’sib katta askaridaga aylanadi.
Ko`pincha bolalar tuproq va loy o`ynaganda yoki to`kilgan ho`l mevalarni yaxshi yuvmay yeyishi bilan askaridani yuqtiradi. Binobarin, bu xavfli chuvalchanglar bolalarda ko`p uchraydi. Katta yoshli odamlarga ham askarida har xil yo`llar bilan yuqadi. Parazitning tuxumi juda mayda bo`lganligidan yoz oylarida havoga tarqalib, pashshalar, ho`l meva, sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadi. Binobarin, bu xavfli parazitdan saqlanish uchun gigiyena qoidalariga rioya etish talab etiladi.
Voyaga yetgan askaridalar odamzod salomatligiga katta zarar yetkazib, ko`pincha og`ir kasalliklarga duchor qiladi. Ba`zan ular ichak devorini teshib qorin bo`shlig`iga (peretonit kasali), ba`zida buyrak, qovuq va siydik yo`llariga yoki o`t yo`llari orqali jigarga o`tadi. Ayrim hollarda parazitlar ichak yo`llarini to`sib qo`yishi yoki yuqoriga harakat qilib, o`rta quloq bo``shlig`iga o`tishi, ba`zan nafas yo`llarini to`sib o`limga sabab bo`lishi mumkin. Binobarin, askarida borligi aniqlanganda shifokorga murojat etish zarur.
To'garak chuvalchang tana bo'shlig'i va anal teshigining bo'lishi, ichki organlarini ancha murakkab tuzilganligi bilan yassi chuvalchanglardan farq qiladi. Olimlarning fikricha tarixiy rivojlanish jarayonida qadimgi yassi chuvalchanglar tanasida tana bo'shlig'i va orqa chiharuv teshigi paydo bo'lgan va ulardan to'garak chuvalchanglar kelib chiqqan.