ABDULLA AVLONIYNING PEDAGOGIK FAOLIYATI YANGI MAKTABLAR O
Maktab sizi inson qilur, Maktab hayot ehson qilur, Maktab g’ami vayron qilur, G’ayrat qilib o’qing, o’g’lon! Maktabdadur ilmu kamol, Maktabdadur husnujamol, Maktabdadur milliy xayol, G’ayrat qilib o’qing, o’g’lon! Bu she'rda Avloniy maktabni insonning najot yoli, hayotning gulshani, kishilarni kamolot sari safarbar qiluvchi kuch, deb maqtaydi. Kitobdagi dastlabki berilgan ikki hikoya «Saxiylik» va «Baxillik» deb nomlangan. Birinchi hikoyada o’sha davr turmushiga xos bo’lgan voqea tasvirlanadi. Said ismli bolaning otasi har kuni o’g’li maktabga ketishi oldidan unga 10 tiyin ovqat puli berardi. Bir kuni Said maktab yo’lida faqir kishini uchratadi.
«O'g’lira ikki kundan beri ochman, taom olib ey desam ustimdagi yirtiq choponimdan boshqa hech narsam yo'q», - deydi u. Said qo’lidagi 10 tiyinni beradi va o’sha kunni ovqatlanmasdan o’tkazadi. Otasi o’g’lonning olijanobligidan mamnun bo’ladi, «Saxiy Saidim» deb olqishlaydi. Ertasiga 20 tiyin berib yuboradi.
«Baxillik» hikoyasida bir badavlat kishi misolida uning baxilligi, xasisligi, ziqnaligi va pastkashligi ko’rsatiladi.
Abdulla Avloniyning pedagogikaga oid asarlari ichida «Turkiy Guliston yoxud Axloq» asari XX asr boshlaridagi pedagogik fikr taraqqiyotini o’rganish sohasida katta ahamiyatga molikdir.
«Turkiy Guliston yoxud Axloq» asari axloqiy va talimiy tarbiyaviy asardir. Asarda insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonliklardan qaytaruvchi bir ilm – axloq haqida fikr yuritiladi. Shu jihatdan qaraganda, bu asar Yusuf Xos
Hojibning «Qutadg’u bilig», Nosir Xisravning «Saodatnoma», Sa'diyning «Guliston» va «Bo’ston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Ahmad Donishning «Farzandlarga vasiyat» asarlari shaklidagi o’ziga xos tarbiyaviy asardir.
Abdulla Avloniy pedagog sifatida bola tarbiyasining o’rni haqida fikr yuritib: «Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulib, tarbiyasiz, axloqsiz bo’lib o’sdimi, Ollohu akbar, bunday kishilardan yaxshilik kutmoq erdan turub yulduzlarga qo'1 uzatmak kabidur», – deydi. Uning fikricha, bolalarda axloqiy xislatlarning tarkib topishida ijtimoiy muhit, oilaviy sharoit va bolaning atrofidagi kishilar g’oyat katta ahamiyatga ega.
O’zbek pedagogikasi tarixida Abdulla Avloniy birinchi marta pedagogikaga «Pedagogiya», ya'ni bola tarbiyasining fanidir», deb ta'rif berdi. Tabiiy bunday ta'rif Avloniyning pedagogika fanini yaxshi bilganligidan dalolat beradi. Abdulla Avloniy bola tarbiyasini nisbiy ravishda quyidagi to’rt bo’limga ajratadi: 1. «Tarbiyaning zamoni». 2. «Badan tarbiyasi». 3. «Fikr tarbiyasi». 4. «Axloq tarbiyasi».
«Tarbiyaning zamoni» bolimida tarbiyani yoshlikdan berish zarurli-gini, bu ishga hammani: ota-ona, muallim, hukumat va boshqalarning kirishishi kerakligini ta'kidlaydi.
«Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat-yo falokat masalasidur», deb uqtiradi Avloniy.
Tarbiya xususiy ish emas, milliy, ijtimoiy ishdir. Har bir xalqning taraqqiy qilishi, davlatlarning qudratlibo’lishi avlodlar tarbiyasiga ko’p jihatdan bog’liq, deb hisoblaydi adib.
Tarbiya zurriyot dunyoga kelgandan boshlanib, umrning oxiriga qadar davom etadi. U bir qancha bosqichdan - uy, bog’cha, maktab va jamoatchilik tarbiyasidan tashkil topgan. Avloniy tarbiyaning doirasini keng ma'noda tushunadi.
Uni birgina axloq bilan chegaralab qo’ymaydi. U, birinchi navbatda, bolaning sog’ligi haqida g’amxo’rlik qilish lozimligini uqtiradi.
Avloniyning fikricha, sog’lom fikr, yaxshi axloq, ilm-ma'rifatga ega bo’lish uchun badanni tarbiya qilish zarur: «Badanning salomat va quvvatli bo’lmog’i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o’qumoq, o’qutmoq, o’rganmoq va o’rgatmoq uchun insonga kuchli, kasalsiz jasad lozimdir».
Abdulla Avloniy badan tarbiyasi masalasida bolani sog’lom qilib o’stirishda ota-onalarga murojaat qilsa, bolani fikr tomondan tarbiyalashda o’qituvchilarning faoliyatlariga alohida e'tibor beradi.
Bolalarda fikrlash qobiliyatini o’stirish va bu tarbiya bilan munta-zam shug’ullanish benihoya zarur va muqaddas bir vazifa. Binobarin, u muallimlarning«diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqad-das vazifadur... Negaki, fikrning quvvati, ziynati, kengligi, muallimning tarbiyasiga bog’liqdur».
Ayni zamonda murabbiy talim va tarbiya uzviy bog’liq ekanini ta'kidlaydi: «Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor bo’lsa ham, ikkisi bir-biridan ayrilmaydurgan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidur» - deydi. Abdulla Avloniy fikricha, inson butun borliqning ko’rki va sharafidir. Inson o’z go’zalligi va murakkabligi bilan koinotdagi barcha mahluqotlardan afzaldir. Butun mayjudot insonga xizmat qilishi kerak, chunki inson uning sohibidir. Insonning aqli bor, u shu aql yordamida ilm egallaydi, ilm tufayli dunyoni boshqaradi.
«Aql, - deydi Avloniy, - insonlarning piri komili, murshidi yagonasidur, ruh- ishlovchi, aql boshlovchidur. ...insonni hayvonlardan so’z va aql ila ayirmishdur. Lekin inson aql va idroki soyasida o’ziga keladirgan zarar va zulmlardan saqlanur. Yer yuzidagi hayvonlarni asir qilib, bo’ynidan boylab, iplarining uchini qo’llariga bergan insonlarning aqlidur». Avloniy insonga va uning aqliga ana shunday yuksak baho beradi. «Ilm insonlarning madori, hayoti, rahbari najotidur. Agar aqlingni qo’li nafsingni jilovini ushlasa, sani yomon yo’llarga kirmoqdan saqlar. Har narsa ko’p bo’lsa, bahosi arzon bolur, ammo aql esa ilm va tajriba soyasida qancha ko’paysa, shuncha qimmatbaho bo'lur», - deydi u. «Turkiy Guliston yoxud Axloq» kitobi ma'rifatparvarlik g’oyalarini targ’ib qiladi. Abdulla Avloniy kitobda ilm to’g’risida bunday deydi: «Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidur. Ilm inson uchun g’oyat oliy, muqaddas bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga o’z ahvolimizni, harakatimizni oyina kabi ko’rsatur... Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur...». Avloniy ilmning amaliy va hayotiy foydalarini alohida ta'kidlaydi: «Bizlarni jaholat, qorong’ulikdan qutqarur. Madaniyat insoniyatni ma'rifat dunyosiga chiqarur, yomon fellardan, buzug’ ishlardan qaytarur, yaxshi xulq va odob sohibi qilur... Alhosil, butun hayotimiz, salomatligimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz, g’ayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilma bog’lidur».
Adibning obrazli ifodasiga ko’ra, ilm bamisoli bodomning ichidagi mag’iz. Uni qo’lga kiritish uchun mehnat qilish, ya'ni chaqib uni po’chog’idan ajratib olish kerak.
Avloniy yoshlarni ilm sirlarini bilishga, hodisalar mohiyatini yechishga, kitob mutolaa qilishga chaqiradi. Uning fikricha, ilm agar jamiyat manfaatiga xizmat qilmasa, u o’likdir. Avloniy o’z ilmini amalda qoilay oladigan kishilarga yuksak baho beradi, ularni dono insonlar, deb ataydi.
Abdulla Avloniy yoshlarni foydali kasbhunar egallashga chaqiradi. Adib boylik ketidan quvuvchilarni, ularning odamgarchilikka to’g’ri kelmaydigan ishlar bilan shug’ullanayotganini ko’rib, ulardan nafratlanadi. Avloniy yoshlarni boylikka ruju qo’ymaslikka undaydi. Boylikni o’tkinchi bulutga o’xshatadi.
Abdulla Avloniy mehnatsiz kun kechirishni barcha yomon sifatlarning ibtidosi, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham u mehnatni ulug’laydi, mehnat kishining eng go’zal fazilatidir, deydi. Bu jihatdan uning «Aqlli bog’bon» hikoyasi xarakterlidir.
Hikoyada aytilishicha, «bir bog’bonning uch o’g’li bo’lib, ular dangasa va ishyoqmas bo’lganlar. Otada ularga meros qoladigan tangatillo yo’q. Ota umri tugayotganini sezib, farzandlari taqdiridan tashvishga tushadi. o’ylab-o’ylab shunday yo'1 tutadi. Har uchchala o’g’lini yoniga chorlaydi. «Ko’zim ochiq ekan, vasiyatimni sizlarga aytib ketay. Mehnatu mashaq-qat ila bir ko’za oltin yiqqanman. Uni mana shu boqqa, toklarning birini tagiga ko’mganman. U - sizlarniki. Biroq bu ishga ko’p yil bo’ldi. Harchand urinsam ham ko’milgan joyni xotirlay olmadim. Uni o’zlaringiz izlab topinglar va o’zaro bo’lishib olinglar, deydi.
Bir ko’za tilla daragini eshitib uch ishyoqmas uni izlashga tushib ketadi. Bog’ning hamma yerini kavlab chiqishadi. Sirli ko’za chiqmaydi. Yana erinmay kavlashga tushadilar. Kutilgan natija esa hamon yo’q. Shu taxlit bog’ ichi bir necha qayta ag’dar-to’ntar qilinadi. Yerlar qazilaverib, tuprog’i upaga aylanib ketadi hamki, oltinli ko’za topilmaydi. Bu orada uzumzordagi toklarning eng chuqur ildizlarigacha ochib ko’riladi. Bog’da o’sha yili chunonam hosil boladiki, undan bir necha ko’zani toldirgulik oltin oladilar. Uch dangasa o’g’illar ota gaplarining asl ma'nosini, oltin - mehnatda ekanligini tushunib etadilar».
Adib o’sha hikoyachasi bilan mehnatni ulug’laydi, o’quvchi qalbida mehnatga muhabbat uyg’otadi. Kishi baxt va saodatga faqat mehnat orqaligina yetishishini uqtiradi. Abdulla Avloniy o’z asarida sabr, toqat, sabot va matonat masalalariga to’xtab: «Har bir ishda sabr ila harakat qilmoq lozimdur. Sabr insonlar uchun buyuk bir fazilatdir, maqsadga yetish yolidir. Nafsni sabr ila rom qilgan kishi har ishda oshiqmay, ohista harakat qilur. Nafsini halokatdan, g’ururdan saqlar. Sabr shunday bir kuchli narsadurki shahvatni iffatga, g’azabni shijoatga, shiddatni hilmga, kattalikni tavozu'ga, yomonlikni yaxshilikka aylandurmoqg’a quvvati yetar... Sabr shodlig’ning kalitidur...», - deydi.
Avloniy intizomni inson xarakterini tarbiyalovchi, mukammallashtiruvchi omil, deb biladi hamda unga doim rioya qilish kerakligini ta'kidlaydi: «Intizom qiladurgan ibodatlarimizni, ishlarimizni har birini o’z vaqtida tartibi ila qilmoqni aytilur. Agar yer yuzida intizom bo’lmasa edi, insonlar bir daqiqa yashay olmas edilar».
Vatan tuyg’usi eng insoniy va eng mo’tabar tuyg’ulardan biri. Vatanni shunchaki sevish mumkin emas, uning dardi bilan yashamoq, uning baxtidan quvonmoq, u bilan faxrlanmoq kerak. Avloniy Vatan va uning oldidagi burchni shunday tushunadi:
«Har bir kishining tug’ulib o’sgan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug’ilgan, o’sg’on yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi - tuyg’usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o’z vatanidan - uyuridan ayrilsa, o’z yeridagi kabi rohatda yashamas...
Biz turkustonliklar o’z vatanimizni jonimizdan ortiq suydig’imiz kabi, arablar Arabistonlarini, qumlik, issiq cho’llarini, eskimular shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyod suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o’z vatanlarini tashlab, hijrat qilur edi». Abdulla Avloniy o’z ona tilini mukammal bilish, har bir so’zni o’z o’rnida ishlatish, milliy adabiy tilning taraqqiysi uchun jonkuyarlik qilish zarur, deydi: «Har bir millatning dunyoda borligin ko’rsataturg’on oynai hayoti: til va adabiyotidur.
Milliy tilni yo’qotmoq millatning ruhini yo’qotmoqdur. Hayhot! Biz Turkistonliklar milliy tilni saqlamoq, bir tarafda tursin kundan-kun unutmoq va yo’qotmoqdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini yopish-tirmoqdadurmiz. Durust, rus tilini bilishimiz kerak, lekin o’z yerinda ishlatmoq va so’zlamoq lozimdur. Zig’ir yog’i solub, moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmoq tilning ruhini buzadur.
...Bobolarimizga yetushg’on va yarag’on muqaddas til va adabiyot bizga ham kamlik qilmas. o’z uyimizni qidirsak va axtarsak, yo’qolganlarini ham topamiz. Yo’qolsa yo’qolsin o’zi boshimga tor edi», - deb Yevropa qalpog’ini kiyub, kulgi bo’lmoq zo’r ayb va uyatdur».
Avloniy so’zlashuv odobiga ham alohida e'tibor beradi. U so’zning inson qadrqimmatini belgilashdagi mohiyatiga yuqori baho berib; «So’z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o’lchab ko’rsatadurgan tarozusidir. Aql sohiblari kishining tilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qimmatini so’zlagan so’zidan bilurlap», - deydi.
Inson takomili uchun zarur bo’lgan omillardan yana biri - viqordir (viqor - og’irlik, chidam, ulug’vorlik). Avloniy qayd etishicha, el-ulusdan, kishilardan o’zini xoli tutishga yoki yuqori tutishga uringan shaxs elning, kishilarning nazaridan tushib, yakkalanadi va unutiladi. «Viqor deb kibr va g’ururdan, manmanlikdan o’z nafsini saqlamoqni aytilur, - deb yozadi Avloniy. – Chunki g’urur, manmanlik, takabburlik kishini xor, xalq orasida bee'tibor qilur. Har qancha ilm va davlat sohibi bo’lsa ham bir pulcha qadr va qimmati bo’lmas.. Vuqur kishi kibr va g’ururdan pok bo’lur.
.Viqorning haqiqiy darajasiga yetmak uchun ilm va ma'rifat lozimdur ».
Avloniy xasislikni juda sodda, aniq ifoda va detallar yordamida o’quvchiga yetkazishga urinadi.
– Ipak qurtning taqdirini ko’z oldingizga keltiring. U pilla ichida o’ralib, hayotini mahv etadi. Qanchalar mashaqqat bilan hosil bo’lgan ipak boshqalarga nasib qiladi. Umrini mol-dunyo hirsi bilan o’tkazgan insonlar taqdiri ham shunday, - deydi adib.
«Turkiy Guliston yoxud Axloq»ning birinchi sahifasidan so’nggi sahifasigacha Avloniyning insonparvarlik g’oyalari ifodalangan. U hammadan burun xalq manfaatini ko’zlaydi, xalqqa bajonu dil xizmat qilishni o’zining muqaddas burchi deb biladi. Uning nazarida, kishilar g’amini yemagan, xalqdan uzoq turgan ig’vogar, g’iybatchi inson emas.
Muallif chaqimchilik, g’iybat, hasad, munofiqlik, yolg’onchilik, ikkiyuzlamachilik haqida to’xtalib, ularning insonlar hayotiga zararini atroflicha ko’rsatib beradi.
G’iybatchi va chaqimchi kishilarni Avloniy buzoqboshiga o’xshatadi. Buzoqboshi daraxt ildizini kemirib quritgani kabi chaqimchi va g’iybat-chilar ham kishilar o’rtasidagi mehr-muhabbat daraxtini yemiradilar. Donishmandlardan biri aytganidek: «Mol va ashyo o’g’rilaridan ko’ra odamlar orasida do’stlik, ulfat, muhabbatni o’g’irlaydurgan odamlardan saqlanmoq lozimdir».
Avloniy g’iybatchilik va uning oqibatini shunday tahlil etadi: «Inson boshqa gunohlarini nafsning lazzati uchun qiladur. Ammo g’iybat sohibi lazzat o’rniga o’z boshiga yo bir boshqa kishining boshiga bir balo hozirlaydur. Chunki so’z borib g’iybat qilinmish kishining qulog’iga yetar. G’azab qoni harakatga kirar. G’iybatchidan o’ch olmoq fursatini poylar. Shunday qilub, g’iybat soyasida ikki musulmon orasiga zo’r dushmanlik tushar. Oxiri o’lumgacha borur. Shul tariqa, g’iybatdan tug’ulgan ado vat cho’zulmoqg’a oid bo’lib, dushmanlik zo’rayub, o’z oralaridagi xususiy janjallar ila aziz umrlarini uzdirub, umumiy xalq foydasi uchun ishla-nadurgan milliy ishlardan mahrum bolmaklari ila barobar aholining orasidan ittifoqning yo’qoluviga sabab bo'lurlar».
G’iybatni so’ylamoq harom o’lgani kabi eshitmoq ham haromdir.
Rasuli akram nabiyi muhtaram sallollohu alayhi vassallam afandimiz: «G'iybatdan saqlaningiz, g’iybat zindondan ham yomonroqdur», -demishlar.
Avloniy har bir kishi o’z vazifasiga sadoqat bilan kirishishi, agar u murabbiy bo’lsa, o’z shogirdlarining ko’ngliga ma'rifat ishqini solishi, xalq o’rtasiga ma'rifat tarqatishi zarurligini ta'kidlaydi.
«Hozirgi zamonda maqsadga yetmak, o’z millatiga xizmat qilmoq, xalqg’a maqbul bo’lmoq uchun ilm va mol lozimdur. Olamdagi hamma millatlarning hol va qudratlari mol va boyliklari ila o’lchanadur. ...Mol topmoqning eng barakatli yo’llari: hunarmandchilik, ekinchilik, chorvachilik, savdogarlikdur. Bularning har biriga ham bu zamonamizda bilim lozimdur... Ameriqoliklar bir dona bug’doy ekub, yigirma qadoq olurlar. Yevropaliklar o’zimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni keturub, o’zimizga yigirma besh tiyinga soturlar. Ammo biz osiyoliklar, xususan, turkistonliklar, dumba sotub, chandir chaynaymiz, qaymoq berib, sut oshiymiz, non o’rniga kesak tishlaymiz», deb Avloniy hozirgi zamonga muvofiq kishi bo’lmoq uchun ilm va ma'rifatni egallashimiz kerak degan shiorni o’rtaga tashlaydi.
Abdulla Avloniy 1917-yil to’ntarishidan keyin, 1918-yildan boshlab respublikamizda o’qituvchilar uyushmasi, tunukachilar, ko’nchilar, hunarmandlar va bosmaxona xodimlarining kasaba uyushmalarini tashkil qilib, ularga rahbarlik qiladi. Sobiq eski shahar ishchi dehqon sovet ijroiya komitetiga rais qilib saylanadi. Avloniy Turkiston respublikasi milliy komissariyatining mas'ul xodimi sifatida milliy urf-odatlar va yangicha madaniy normalar hamda qonunlarga doir masalalar bilan shug’ullanadi.
1919-1920-yillari Avloniy Afg’onistonning Hirot shahrida sovet elchixonasida bosh konsul bo’lib ishladi. Xalqimiz o’rtasida birodarlikni mustahkamlash sohasidagi olib borgan ishlari uchun Afg’oniston shohi Omonullaxon tomonidan kumush soat bilan taqdirlandi. Bular Avloniyning tariximizdagi o’ziga xos o’rni borligini ko’rsatadi. 20-yillari Avloniy turli ijtimoiy vazifalar bilan birga, muallimlik kasbini ham davom ettirdi, savodsizlikni tugatishda faol qatnashdi. Abdulla Avloniy 1920-yildan boshlab Toshkentda tashkil qilingan o’lka bilim yurtida, so’ngra xotin-qizlar bilim yurtida mudirlik qildi. U xalq maorif institudida, turkfront harbiy maktabida (harbiy bilim yurti) o’qituvchi bo’lib ishladi. 1924–1929 -yillari o’rta Osiyo davlat universitetida (SAGU) va boshqa oliy o’quv yurtlarida o’qituvchilik qilish bilan birga, ilmiy-tadqiqot ishlari olib bordi.
Abdulla Avloniy yangi adabiyot dasturi asosida 1933-yili o’zbek maktablarining VII sinflari uchun «Adabiyot xrestomatiyasi» tuzdi.
Abdulla Avloniyning mehnati taqdirlanib, unga o’zbek madaniyati va adabiyotini yuksaltirishda, xodimlar tayyorlashda, uzoq yillik halol mehnati uchun 1925-yili «Mehnat qahramoni» unvoni, 1930-yili ilmiy ishlari va asarlari uchun «O'zbekiston maorifi zarbdori» unvoni berildi.
Abdulla Avloniy 1934-yilning 25 avgustida Toshkentda vafot etdi.
Adabiyotlar
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqi.
2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi "Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 1059-sonli qarori.
3. Abdulla Avloniy. Tanlangan asarlar. 2-jild. "Turkiy guliston yoxud axloq". -T.: Ma'naviyat, 2006, 34-96 betlar.
4. A.Zunnunov-Pedagogika tarixi. -T.: Sharq, 2004
5. Abdulla Avloniy. Tanlangan asarlar. 2-jild. T.: Ma'naviyat, 2009