1929-yil
MASTON
Ot munkib ketib o‘mgagi bilan shag‘alga qadaldi-da, ag‘anab, bir necha minutning ichida o‘la qoldi. Nima bo‘ldi, nima uchun o‘ldi, buni tekshirishga sira ehtiyoj bo‘lmadi, chunki o‘limning sababini tekshirish, tirikni o‘limdan olib qolish uchungina kerak, xolos, bu bepoyon dashtda esa boshqa tirik ot yo‘q edi.
Otning ostida qolgan oyog‘ini tortib olishga urinayotgan yoshgina, uzoq yo‘l azobidan ham so‘limagan juvon, o‘zidan bir necha qadam nariga tushgan chimmati ostidan chiqib ketgan kaltakesakni ko‘rib dod deb yubordi. Ot munkib ketganda egarning ustidan dumbaloq oshib tushgan paranjisiz qiz, o‘ynoqi kaptarday abjirlik bilan o‘zini o‘ngarib oldi-da, juvonga yordam bergani shoshildi. Juvon ikkinchi oyog‘ini
egarga tirab, oyog‘ini tortgan edi, amirkon mahsisi otning tagida qoldi.
Qurib ketsin! – dedi u yig‘lamsirab. – O‘qishing bo- shingdan ordona qolsin, Maston!.. Qo‘y, ey... erimdan qolmayin!..
Maston unga e’tibor qilmay, otni tumshug‘idan ko‘tarib uning ochiq qolgan ko‘zlariga qaradi, uning ko‘zini kulrang- sapsar parda bosganini ko‘rib, qapchib qomatini rostladi-da, ko‘z ilg‘amaydigan uzoqlarga qaradi. Dasht, dasht! Harorat zarbidan hammayoq lip-lip etadi. G‘irillab turgan issiq dasht shabadasi kalta ko‘k kamzul ostidan chiqib turgan etagini pirpiratadi, oftobda qoraygan bo‘yniga, chakkasiga ter bilan yopishib sochlarini tortqilaydi. U go‘yo bu juvonning borligi endi esiga tushganday, birdan orqasiga burilib qaradi.
Nima deding, Turg‘unoy? – dedi juvonning yoniga tiz cho‘kib. – Ering seni shuncha yig‘latgani yo‘qmi? Joningni shuncha og‘ritmasmidi? Ot o‘ldi...
Turg‘unoy bir irg‘ib tushdi, qo‘lining og‘rig‘ini ham unutdi.
Ot o‘ldi?!
O‘ldi... Ot o‘ldi...
Maston bir ko‘zi otning tagida qolgan xurjunni tortib oldi-da, uning ichidagi oziqni ko‘zdan kechirdi. Oziq ot bilan yurganda faqat bir kunga yetar edi. Suv yo‘q, suv solingan ko‘zacha otning ostida qolib singan.
Maston kalta, ammo yo‘g‘on ikki o‘rim sochini boshiga o‘radi-da, xuddi suv kechishga chog‘lanayotganday, oyog‘idagi pishiq ag‘darma etikni ko‘zdan kechirdi, xurjundagi oziqni olib dasturxon bilan beliga bog‘ladi.
Maston necha chaqirim yo‘l bosganini va yana necha chaqirim bosish kerakligini bilar edi. Bu yaqin o‘rtada voha yo‘q. Olg‘a bosish har holda orqaga qaytishdan xatarli emas. Orqaga qaytish uchun ko‘chma qumlar orasidan yurish kerak. Agar bu qumlar, irg‘ayzorlar orasida adashilsa, umr bo‘yi yurib ham chiqib ketib bo‘lmaydi. Agar shamol qo‘zg‘alsa, qum tiriklay ko‘madi.
Maston otning o‘lganini, ko‘zachaning singanini, oziqning yo‘qligini unutdi-da, o‘zini uzoq yo‘lga chog‘ladi, keyin peshonasini ikki bilagi ustiga qo‘yib yig‘ lab yotgan Turg‘unoyni yelkasidan tortib turg‘izdi:
Yig‘lama, Turg‘unoy, yig‘lama. Yig‘i boshni og‘ritib, kishini lohas qiladi... Kavush-mahsingni kiy. Sochingni boshingga o‘rab, ustidan ro‘mol bog‘lab ol. Qorong‘i tush- guncha dashtdan chiqib olmasak bo‘lmaydi, hali ko‘rding- ku, dashtda shundaqa kaltakesaklar ko‘p bo‘ladi. Bo‘l!
Turg‘unoy o‘pkasini tutolmas edi.
Oftob tikkada. Ikki yo‘lovchining qisqa soyalari katta- katta tosh, turli dasht o‘simliklari ustidan egilib-bukilib borar edi. G‘irillab turgan dasht shabadasi badanni kuydirgudek issiq. Yo‘l ustidan chiqib qolgan chaqqon kaltakesaklar o‘qdek otilib kavaklarga, tosh oralariga kirib ketadi, ba’zi dadilrog‘i uzoqroqqa borib «bu qanaqa odamlar ekan» deganday, boshini ko‘tarib, irg‘ib chiqqan ko‘zlari bilan baqrayib qarab turadi. Shunday paytlarda Maston mumkin qadar Turg‘unoyni gapga solib yo bo‘lmasa diqqatini boshqa narsaga jalb qilib, bu jonivorlarni ko‘rsatmaslikka tirishadi.
Qo‘shiq aytsang-chi, Turg‘unoy! – dedi Maston bir silkinib, ustidagi yuklarini yaxshiroq o‘rnashtirib.
Ot qoldi. Qancha narsalar... Yana cho‘lda qoldik... Nima bo‘lishimizni bilmaymiz... qanday yuragingga sig‘adi ashula!..
Qolgan narsa qoldi, bo‘lgan ish bo‘ldi. Yana o‘nta Turg‘unoy bilan o‘nta Maston xafa bo‘lgani bilan qolgan narsalar orqamizdan ergashib kelmaydi. Nima bo‘lishimiz o‘zimizning qo‘limizda.
Oftob g‘arbga yonboshlaganda ikki yo‘lovchi dashtdan chiqib tepalikka yo‘l oldi. Bu tepalikka chiqish orqada qolgan yo‘lning azobidan ortiqroq bo‘ldi. Maston yuki og‘ir aravani tortib borayotgan otday oyoqlarini tirab yuqoriga intilar, Turg‘unoy esa engashib, ikki kaftini tizzasiga qo‘yib zo‘rg‘a- zo‘rg‘a qadam tashlar edi.
O, Maston, – dedi Turg‘unoy, – erim miyamda danak chaqsa ham uyda o‘tirganim bir davlat edi...
Undan ikki-uch qadam balandda ketayotgan Maston to‘xtadi, belidagi dasturxonni yechib bitta non oldi va sindirib yarimtasini yana joyiga qo‘ydi-da, qolgan yarmini ikki bo‘lib bir to‘g‘ramini Turg‘unoyga uzatdi. Turg‘unoy non bo‘lgani uchungina qo‘l uzatdi, boshqa hech narsa hozir uni qo‘l ko‘tarishga majbur qilolmas edi. U nonni ikki yamlab yutdi-da, yana umidvor bo‘lib Mastonga qaradi.
Shu bas, nonimiz kam, – dedi Maston. – Bundan tashqari nonni ko‘p yesak chanqaymiz. Suv yo‘q. Ana u qirga yetmaguncha suvning yuzini ko‘rmaymiz. Suvsizlikni tuya ko‘taradi.
Shu nonga bir narsa tekkan. Kaltakesak tushgan ovqat shirin bo‘ladi deyishadi, yo kaltakesak tegdimikin?
Maston kuldi.
Kaltakesak tushgan ovqat yeganmisan?
Yo‘q, eshitganman. Ammamning qizi Abdurazzoq do‘ppifurushga tushgan edi... Bunga o‘n yilcha bo‘ldi. Do‘p- pifurush ellikka borib qolgan odam. Qiz – g‘unchadekkina. U vaqtda hamma ixtiyor ota-onada edi-da... Hech ilojini qilolmagandan keyin «pes bo‘lsam qo‘yib yuboradi» deb ataylab ovqatiga kaltakesak solib yegan ekan. Kaltakesak yesa odam pes bo‘ladi deb eshitgan ekan...
Maston yana yo‘lga tushgani hozirlik ko‘ra boshladi. Buni ko‘rib Turg‘unoy yig‘lamsiradi. Maston uni qo‘lidan ushlab tortdi va turg‘azib qo‘ydi.
Qo‘ling xuddi yigitning qo‘liga o‘xshaydi-ya, Maston,– dedi Turg‘unoy ancha yurilgandan keyin, – biram qattiq... Erga tegsang shu qo‘ling tufayli ko‘p dashnom yeysan-da.
Avvali shuki, men erga tekkanimda qo‘limni yashir- mayman, undan keyin dashnom beradigan erga tegmayman... Yaxshi er-xotin bo‘lish qo‘lning yumshoq-qattiqligiga ham qaramas ekan-ku! Mana sen...qo‘ling ipakday...
Otam o‘lmaganda men bu alvastiga bir kun ham xotin bo‘lmas edim. Otam o‘ldi, darmonim quridi. Undan chiqib qayoqqa, kimnikiga boraman, kimning uyiga sig‘ar edim. Ikki ko‘zing ko‘r, qo‘1-oyog‘ing shol bo‘lsa ham erkak bo‘l ekan-da... Bu alvastidan chiqsam ko‘chada qolar edim... Birinchi kechasi yangalar «bo‘yniga tilla uzuk qo‘y» deyish- gan edi. Ertasiga shunday qilganimga ham pushaymon bo‘l- dim: o‘zim ne ahvolda, xuddi umrim xazon bo‘lganday yig‘lagim kelib arang o‘zimni tutib o‘tiribman-u, tepamga kelib, «va-xa-xa-xa... aldadim, endi tilla uzuk olib bermay- man», deydi. E o‘l, so‘xtasi sovuq, dedim ichimda. Sen qizsan, baxtdan umidvorsan. Men ham qiz vaqtimda shunday edim. Har kuni ertaning bu kundan yaxshi bo‘lishi umidi bilan kishi qariganini ham bilmay qolar...
Turg‘unoyning o‘pkasi to‘lib gapdan to‘xtadi. U mast kishiday, gandiraklab borar edi. Maston uni qo‘ltiqlab oldi.
Biz yorug‘ dunyoni ko‘rish uchun tug‘ilganmiz, Turg‘unoy! – dedi Maston. – Biz tovuq emasmizki, qanday tuxum bostirsa shuni ochib chiqarsak. Tovuq bilan odam orasida qancha farq bo‘lsa, bu ikki jonivorning muhabbati orasida ham shuncha farq bor. Nega biz choldan yoki yaxshi ko‘rmagan yigitdan tug‘ar ekanmiz? Yaxshi ko‘rganimizdan tug‘mas ekanmiz, u bolaning tug‘ilmagani yaxshiroq! «Qizsan, baxtdan umidvorsan!» deysan. Agar men qizligim uchun baxtdan umidvor bo‘lsam baxtsizligim bo‘ladi. U vaqtda men umrni tikib oshiq otgan bo‘laman. Chuv tushdimmi – umr ketdi!.. Yo‘q, Turg‘unoy, menimcha, baxtni erdan izlashning o‘zi baxtsizlikning boshlanishidir. Bizda xotinlar erga shunday bog‘lanib qoladi, shuncha baxtni undan izlaydiki, er o‘lsa go‘yo baxtining kaliti uning cho‘ntagida ketgan bo‘ladi, erining o‘lganiga emas, baxtdan umidi uzilganiga yig‘laydi. Er o‘lmasdan undan yuz o‘girsa ham xotin bundan kam yig‘lamaydi. Bizda ko‘p xotinlar shu kalitni yo‘qotmaslik, ana shunday ko‘z yoshi to‘kmaslik uchun erga cho‘ri, qul bo‘lib yashaydi, kechagi kampirning aytganicha, «Erning ko‘ngli tosh bo‘ladi, uni faqat ko‘z yoshi yumshatadi», deydi... Qorong‘i tushdi. Uzoqda qop-qorayib yarim osmonni to‘sib turgan adirning ustida, ufqda o‘tli iz qoldirib yulduzlar uchadi. To adirning etagiga yetguncha Turg‘unoyning kavushi ishdan chiqdi, adirga mahsichan chiqishga to‘g‘ri keldi. Yo‘l adirning eng yotiq yeridan tushgan bo‘lsa ham, Turg‘unoy tizzasini ushlab zo‘rg‘a qadam bosardi. Maston uning qo‘lidagi tugunchani oldi-da, Turg‘unoyni oldinga o‘tkazdi, chunki uning har qadamda yiqilishiga, yiqilganda to adirning etagi- gacha yumalab ketishiga ko‘zi yetar edi. Turg‘unoy oxiri bosgan oyog‘ini ko‘tara olmay to‘xtab, Mastonning yelkasiga
boshini qo‘ydi va piq-piq yig‘ladi.
Sonim toldi... o‘ligim shu adirlarda qoladi...– dedi, keyin tizzasi bukildi-yu, yiqildi. Bu charchagan, holdan toygan kishining emas, o‘limga taslim bo‘lgan kishining yiqilishi edi.
Turg‘unoy,– dedi Maston,– shu yerda qoladigan bo‘lsak bo‘riga yem bo‘lamiz!
Bu haqiqat edi. Bu adirlar bundan bir necha chaqirim uzoqdagi vodiy aholisiga «Cho‘gi bo‘ri» nomi bilan mashhur, buni Turg‘unoy ham eshitgan, ammo o‘zining o‘sha «Cho‘gi bo‘ri»da ekanini bilmas edi, buni eshitgandan so‘ng ne mashaqqat bilan o‘rnidan turib yo‘lga tushdi. Maston uni orqasidan suyab bordi. Uning hamma og‘irligi deyarli Mastonga tushar, u faqat qadam bosar edi, xolos. Maston ilang-bilang yo‘lni qoldirib, mo‘ljallagan tepalikka qarab tikka yo‘l soldi.
Yarim yo‘lga yetganda uzoqda qop-qorayib gavdalanib turgan adir tomondan «quuq» degan tovush eshitildi. Unga yaqindan, taxminan shu pastda qolib borayotgan tepalikdan javob bo‘ldi, keyin yana qayerdandir, uzoqdan ham shu tovush eshitildi. Bu «Cho‘gi bo‘ri»ning tungi «bulbullari» edi. Turg‘unoy birinchi tovushni eshitganda seskandi, so‘ng- gilari esa uni vahimaga soldi.
Xudo ursin agar... boyo‘g‘li! – dedi titroqli nafas olib. Maston esa boshqa tovushni, uzoqdan eshitilar-eshitilmas kelib turgan tovush – bo‘rilarning ulishini tinglab borar edi.
Quloq sol, – dedi Maston sekin pichirlab,– bo‘ri... Agar mana shu cho‘qqiga chiqib olmasak boyo‘g‘li sayrasa ham o‘lamiz, sayramasa ham. Avvali bu boyo‘g‘li emas, haqqush, qo‘rqma. Bo‘ridan qo‘rqish kerak.
Ilang-bilang yo‘l pastda qolib ketdi. Qorong‘ida ham u g‘ira- shira oqarishib ko‘rinar edi. Maston to‘xtadi va qomatini rostlab olg‘a qaradi. Yana bir necha metr yo‘l qolgan edi. Turg‘unoy shu yerga o‘zini tashlab, hayal o‘tmay uyquga ketdi...
Maston uning yonida o‘tirib, kiprik qoqmay tong ottirdi, ufq qizara boshlaganda endi pinakka ketgan edi, Turg‘unoy- ning qattiq yo‘talidan uyg‘ondi.
Tursang-chi, muncha uxlaysan! – dedi Turg‘unoy nafasini rostlab, – tur!
Maston ko‘zini ochib, yana yumdi. Turg‘unoy yana uzoq yo‘taldi, keyin yig‘ladi. Maston uyg‘ongandan keyin uning yelkasiga boshini qo‘yib yana yo‘taldi, yana yig‘ladi. Maston uning boshini silab yupatdi.
Yig‘lama, Turg‘unoy, yig‘lama! Ana ko‘rdingmi, – dedi uzoqdagi tuman ichida kaptarrang bo‘lib turgan vodiyni ko‘rsatib, – yetdik. Bizning xo‘jalik... Bizning qishloq.
Oyog‘im... a’zoyi badanim og‘riydi...
Oyog‘ing... yo‘lga tushsak yozilib ketadi. Men pastga tushib qaray-chi, suv bo‘lsa nonushta qilamiz.
Maston pastga tushib ketdi, so‘qmoqqa yetganida Tur- g‘unoyning ustma-ust chaqirgan tovushini eshitib qaytdi. Tur- g‘unoy pastroq tushgan, dasht tomonni ko‘rsatib, bor tovushi bilan qichqirar edi. Maston yuqoriroqqa chiqib dasht tomonga qaradi. Ufqdan berida o‘rgimchakday o‘rmalab arava kelar edi. Maston «yashasin» deb qichqirib chapak chaldi. Turg‘unoy har qadamda bir dam olib, yuz yo‘talib tushib keldi. Ikki yo‘lovchi muyulishdagi tepalikning soyasida toshning ustida o‘tirib dasht tomondan kelayotgan aravani kutishar edi. Yo‘tal- ning azob berishiga qaramasdan Turg‘unoyning chehrasi ochiq, ishtaha bilan non yer edi. Ammo uni g‘am bosdi: aravada hech kim bo‘lmasa, bitta aravakashning o‘zi bo‘lsa go‘rga-ya, bo‘lmasa ish chatoq...
Erkaklar bo‘lsa, sho‘rim qursin...
Erkak desa sening ko‘z oldingga... boshqa narsa kel- maydi! – dedi Maston achchig‘i kelib.
Bo‘lmasa-chi? – dedi Turg‘unoy etagi bilan burnini artib. – Boshqa nima... erkak senga osh quyib icharmidi? Odam mushuk emaski, yilda bir martaba mov bo‘lsa...
Turg‘unoy Mastonning ko‘p gaplariga ishongan, ko‘ngan, rozi bo‘lmaganda ham hech bo‘lmasa, indamay qo‘ya qolgan edi, ammo bu to‘g‘rida kelishmadi. U ikki jins, xususan, birinchi ko‘rishgan erkak bilan xotin orasida gapirishgani boshqa hech qanday gap bo‘lishi mumkin emas, deb turib oldi. Munozara uzoq, to arava yetib kelguncha davom etdi. Maston aravani qarshilagani yo‘l bo‘yiga tushdi. Aravakash aravada o‘tirgan ikki kishiga qayrilib qarab qamchining sopi bilan Mastonni ko‘rsatdi. Aravadagi ikki yigit cho‘kkalab bo‘ynini cho‘zib qaradi... Eng nishab yerga kelganda aravakash otdan, u ikki yigit aravadan tushib piyoda yurishdi.
Ot sizlarnikimi? – dedi yigitlardan biri dasht tomonni ko‘rsatib.
Maston bosh irg‘atdi. Ular kelib to‘xtagandan so‘ng Maston so‘rashgani qo‘l uzatdi va ikki og‘iz so‘z bilan voqeani bayon qildi. Yigitlar bir-birlariga qarashdi.
Biz yarim kechasi yo‘lga chiqib saharda o‘sha yerdan o‘tdik, – dedi yigitlardan biri, – otni bo‘ri yegan... hayron
bo‘ldik... Bir yoqda paranji yotibdi. Xo‘p jon saqlabsizlar- da! Azamatlar!
Narida toshning ustida uvolgina bo‘lib o‘tirgan Turg‘unoy o‘ylar edi: «Mana hozir bu gaplarning hammasi tugaydi, keyin... keyin gap qolmaydi...»
Aravadagi bir necha bog‘ beda ustida o‘lgan otning abzal- lari yotar edi. Hamma aravaga chiqdi.
Turg‘unoy aravaning ketida, bedalar ustida cho‘nqayib, og‘zini yengi bilan qoplab o‘tirar va erkaklarning avzoyiga razm solar edi. Mastonga aravaning oldidan joy berishdi. Arava jo‘nadi. U tepalikdan oshib, g‘ichirlay-g‘ichirlay pastga tushib ketdi. Pastga tushganda yigitlardan biri dasturxon yozib yo‘lga olgan oziqlarini o‘rtaga qo‘ydi. Yana biri beda- ning ostidan ikkita shishani olib yaxna choy quydi. Turg‘unoy yovvoyi quyonday har bir so‘z, har bir harakatdan hurkib o‘tirar va to Maston olib bermaguncha qo‘l uzatib bir narsa olmas edi.
Arava burilib ikki adir orasiga kirishi bilan «Cho‘gi bo‘ri» ko‘zdan yo‘qoldi. Shu bilan uning vahimasi ham unutildi. Gap mavzudan mavzuga ko‘char edi. Suhbatda Mastonning salmog‘i tobora ortmoqda edi. Ilgari «singlim» deb turgan yigitlar sal o‘tmay «opa» deydigan bo‘lishdi. Maston o‘tgan yili uch yuz yigirma to‘qqiz so‘m pul, yuz ellik olti pud bug‘doy olganini aytganda yigitlardan biri qizarib ketdi. Xususan, aravakash «bizning Yo‘lchiboy ham chakki emas: sakson pud bug‘doy bilan bir yuz to‘qson so‘m pulning hammasini o‘zi yolg‘iz oldi», deb piching otganda, u yigit terlab ketib, o‘zini oqlay boshladi.
Yo‘q... biz... bizning takbirchi...
Takbirchi emas, tabelchi, – dedi Maston.
Ha... tabelchi... o‘zi chatoq. Men hammasi bo‘lib... progul qilgan bo‘lsam ham... xotin taloq o‘zi yot unsur...
Arava g‘ijirlab borar, gap mavzudan mavzuga ko‘char, Turg‘unoy gapga aralasholmay, bedalar ichida bir bog‘ bedaday silkinib borar edi.
Dostları ilə paylaş: |