Abdulla Qahhor



Yüklə 349,19 Kb.
səhifə21/35
tarix03.12.2023
ölçüsü349,19 Kb.
#172178
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   35
Abdulla Qahhor. Anor [kitoblar pdf]

DUMLI ODAMLAR


Jiyanim turistlar idorasida ishlaydi, o‘tgan shanba kuni uyga kelib: «Bu yil turist ko‘p, odam yetishmayotibdi, shahrimizda ikki kun to‘xtaydigan bir mehmon bor, qarashib yuboring», deb qoldi.


Pensiyaga chiqqanimga endi sakkiz oy bo‘lgan, hali pen- siyaxo‘rlikka o‘rganganim yo‘q, zerikkanimdan kampirimning ishlariga aralashaverib uni ham, o‘zimni ham xunob qilib yurgan edim, jiyanimning iltimosiga darrov ko‘ndim.
Men o‘n bir yil shu idorada kichik bir lavozimda turib, pensiyaga shu yerdan chiqqanman. Shu o‘n bir yil davomida qulog‘imga kirgan kalimalar o‘rnashib, undan bir so‘z, bundan bir so‘z cho‘qib, tilga havas paydo qilganimda esa idora xizmatchilarining yordami bilan kitobtalab ingliz tilini uncha- muncha bilib oldim.
Ingliz tiliga moyil bo‘lganim, albatta, tasodifiy emas, bolaligimda Amerikaning ta’rifini ko‘p eshitganman: ana osmonteshar imoratlar-u, ana osma ko‘chalar-u...
Dushanba kuni yangi banoras avrato‘n va yashil baxmal do‘ppimni kiyib idoraga bordim. Jiyanimning kabinetida ozg‘in, tepakal, ko‘zlari och odamning ko‘ziday yaltirab tur- gan qirq besh yoshlardagi bir kimsa o‘tirgan ekan. Men taxminan «mehmon shu bo‘lsa kerak», deb inglizcha salom berdim. Mehmon qayrilib qaradi, birdan, xuddi ko‘z ko‘r- magan va quloq eshitmagan bir jonivorni ko‘rganday, hayron bo‘lib, sekin o‘rnidan turdi, salomimga alik olishni ham esdan chiqarib, menga boshdan-oyoq razm soldi; men o‘zbek eka- nimni, inglizchani qayerdan o‘rganganimni so‘radi; savollariga javob berganimdan keyin to‘nimni, do‘ppimni ushlab, soch- soqolimni tortqilab ko‘rdi. Jiyanim menga ko‘z qisib «qo‘ya- vering» degandek ishora qildi.
Jiyanim meni tanishtirgandan keyin mehmonni meh- monxonaga olib bordim. Unga ikki xonali juda yaxshi nomer olib qo‘yilgan ekan. Mehmon nomerni ko‘zdan kechirdi, yarqirab ko‘zni qamashtirayotgan jihozlarni birma-bir ushlab, silkitib, tirnoqlab, hidlab ko‘rdi. Men bunga chandon e’tibor qilmadim, chunki boya idorada inglizcha gapirgan o‘zbekning o‘zbekligiga ishonmay uning libosini ushlab, soch-soqolini
tortqilab ko‘rgan kimsa hozir o‘zbek mehmonxonasidagi yaxshi jihozni qalbaki gumon qilsa ne ajab! Chet elda hozir ham O‘zbekistonni mutlaqo bilmaydigan, o‘zbeklarni hanuz ketiga po‘stak bog‘lab, imo-ishora bilan gaplashadigan qabila, deb o‘ylaydigan odamlar bor-ku!
Mehmon o‘rnashdi. Tushlikdan keyin ko‘chaga chiqdik. Ingliz mehmonxonaning peshtoqiga soya solib turgan qari chinorni ko‘rsatib:

    • Juda yaxshi daraxt ekan, inqilobdan keyin ekilgan bo‘lsa kerak? – dedi.

Chinorning biron yuz ellik yil umr ko‘rganligi ko‘rinib turgani holda mehmonning bu gapi menga malol keldi. Bu odam idorada nima uchun soch-soqolimni tortqilab ko‘rgan bo‘lsa, hozir ayni shu maqsadda, ya’ni qanchalik rost gapirishimni bilmak uchun dilimni titkilab ko‘rmakda edi. Jinim qo‘z- g‘adi-yu, men ham uni cho‘pga ilib o‘ynagim keldi.

    • Ha, inqilobdan keyin ekilgan, – dedim va biroz turib, mehmon meni «aravacha» qilganiga o‘zida yo‘q xursand bo‘lib gerdayib turganida ilova qildim. – Birinchi inqilobdan ancha keyin ekilgan, – dedim.

Mehmon tushunolmadi.

    • Sizlarda ikki marta inqilob bo‘lganmi? – dedi shoshib.– Birinchisi qachon bo‘lgan? Qanaqa inqilob?

    • Bundan yuz yilcha burun, – dedim, – men ruslarning kelishini birinchi inqilob deb bilaman.

Mehmon boshqa gap so‘ramadi, fotoapparatini g‘ilofidan olib, yo‘1-yo‘lakay unga-bunga to‘g‘riladi, lekin bironta ham surat olmadi. Birdan ko‘chaning o‘rtasida chimmatsiz paranji yopingan bukri kampir paydo bo‘lib qoldi. Kampir xuddi shaharning hokimiday, hech kimni, hatto militsiyaning hushta- gini ham pisand qilmay, hassasini katta-katta tashlab kel- moqda edi. Mehmon yugurib ko‘chaning o‘rtasiga chiqdi, kampirni qarshilab cho‘kkaladi, uni ro‘paradan, yonboshdan, orqadan bir necha marta suratga oldi; suratkashlikda o‘ta jon kuydirganidan o‘pkasi og‘ziga tiqilib, o‘tirgani joy izlab qoldi. Parkka boshladim. Qahvaxonaga kirdik. Bir piyola qahvadan keyin mehmon o‘ziga kelib qo‘yin daftarini oldi, undagi planga uzoq qaraganidan keyin:

  • Shahringizning boshqa diqqatga sazovor joylarini ertaga ko‘ramiz, bugun menga Reksullohi Ansoriyning maqbarasini ko‘rsatsangiz bas, maqbara shu atrofda bo‘lishi kerak, – dedi. Reksullohi Ansoriy... Bolaligimda Reksbuva degan nom qulog‘imga kirgan, o‘sha vaqtda parkning mana shu o‘ng qanotidagi tepalik – hozirgi teatr binosi tushgan joy go‘riston bo‘lib, uning qoq o‘rtasida Reksbuva degan mozor – daxma bo‘lar edi. Biroz tashvishga tushdim: bordi-yu, Reksullohi Ansoriy degani biron mo‘tabar zot bo‘lsa, buni uzoq yurtdan kelgan bir sayyoh bilsa-yu, biz bilmasdan maqbarani buzib tashlagan bo‘lsak... Bundan xunugi bormi! Biron nayrang ishlatib bu noqulay ahvoldan chiqish yo‘lini ko‘zladim, lekin o‘ylab-o‘ylab, «eng yaxshi nayrang – to‘g‘rilik», degan qarorga

keldim-da, Ansoriy to‘g‘risida bilganimni aytib:

  • U kishi shahrimiz tarixida qanday o‘rin tutgan ekan- lar? – dedim.

Mehmon savolimga javob berolmadi. Shundan keyin o‘l- kamizda jahonga mashhur bo‘lib o‘tgan bir qancha kishilar- ning nomini aytib, mehmonni «chaqmoqlab» ko‘rdim. Yo‘q, mehmon bu odamlardan birontasini, hatto Ibn Sinoni ham eshitmagan ekan.
Reksullohi Ansoriy kim, uning nima fazilati yo hasrati borligini bilmagani holda bu odam nega uning nomini ko‘tarib yuribdi, nega uning maqbarasi zarur bo‘lib qolibdi – shunga qiziqdim. Mehmon bu haqda bergan savollarimga javob bermasdan iljayib, turib-turib to‘satdan:

  • Dumli odamlarni ko‘rganmisiz? – dedi.

Mehmon gapning sarxonasini yangilamoqchi degan o‘yda kulib qo‘ya qoldi.
Biroq qahvaxonadan chiqib teatr binosining atrofini aylanib yurganimizda mehmon butkul jiddiy bir tarzda yana dumli odamlar haqida so‘z ochdi; uzun so‘zidan xulosa chiqarib, yer yuzidagi xalqlar taraqqiyot zinasining turli bosqichida, biron bosqichda turgan xalq orasida o‘tgan bosqich kishilari ko‘rinib qolsa bunga tabiiy bir hol deb qarash kerak degan fikrni aytdi. Men bu gapning tub ma’nosiga tushunib yetmadim.
Ko‘chaga chiqdik. Mehmon yana Ansoriydan gap ochdi. Shunda ko‘nglimga bir gap keldi: bu odam o‘sha Ansoriyni dumli odamlar toifasidan deb o‘ylamasmikin?
Xuddi aytganim chiqdi. Mehmonning otasi ilgari o‘rta- charoq bir shirkatning boshlig‘i bo‘lib, shirkat singandan keyin umrining oxirini antropologiyaga bag‘ishlagan, undan ko‘p qo‘lyozmalar, jumladan, mana shu qo‘yin daftari qolgan, shu daftar va boshqa hujjatlarda aytilishiga qaraganda, Reksullohi Ansoriy dumli odamlar toifasidan ekan. Yana bir mo‘tabar kimsa Reksullohi Ansoriy maqbarasi atrofida hozir ham dumli odamlar yashamog‘i ehtimoldan xoli emas degan ekan.
Jonim halqumimga keldi, lekin o‘zimni bosdim. Shu atrofdagi hamma ko‘cha va tor ko‘chalarni kezib chiqdik. Men qayoqqa boshlasam mehmon yurmaydi, teskari tomonga yo‘l oladi; tez-tez to‘xtab hammaga, xususan, atlas ko‘ylak kiygan xotinlarga orqadan zehn soladi, aftidan, dumli odam qidiradi. Mehmon bilan gaplashish emas, uning aftiga qaragim kelmas edi. Kayfiyatimni bilintirib qo‘ymaslik uchun noiloj
so‘z qotdim:

    • Janoblari ota kasbini ushlabdilar-da? – dedim.

    • Yo‘q, mutlaqo! – dedi mehmon, – men jurnalistman!

    • Undoq bo‘lsa sizga dumli odamning nima keragi bor?

    • Mening gazetamga kerak! – dedi mehmon, – hech bo‘lmasa bironta dumli odamning suratini olib borsam dey- man. Juda shov-shuv bo‘lar edi... Yordam va’da qilolmay- sizmi?

Men o‘ylab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Mehmon juda qu- vonib ketdi.
Ovqatdan keyin mehmon dam olgani yotog‘iga kirdi. Men butun zahrimni jiyanimga to‘kkani idoraga bordim. Jiyanim voqeani eshitib kuldi, meni jahldan tushirdi: «Yuragingizni keng qiling, tog‘a, yo‘lovchi har bir hurgan itning ketidan quva bersa manzilga qachon yetadi, degan gap bor, sizning vazifangiz mehmonni istagan yeriga olib borish, istagan odami bilan gaplashtirish. Bundan tashqari, bu odam sizga omonat, omonatga xiyonat qilmasdan, qo‘limga sog‘-salomat topshi- rishingiz kerak», dedi. Jahlimdan tushdim.
Kechqurun mehmonni konsertga olib bordim. Mehmon zalga kirishi bilan yana o‘sha muddaoda odamlarga orqa tomondan razm sola boshladi, beqasam to‘n kiygan bir mo‘y- safidning ketiga tushdi. Xayriyat, chirog‘ o‘cha qoldi-yu, borib joyimizga o‘tirdik.
Mehmon konsertga qiziqmadi, mudrab o‘tirdi, alomat bir o‘yin bo‘layotganda hatto xurrak tortib yubordi. Shuning uchun konsertning ikkinchi bo‘limiga qolmadik, ertaga uchrashadigan bo‘lib, mehmonxona oldida xayrlashdik.
Ertasiga kelishim bilanoq mehmon «Kechagi gapimiz nima bo‘ldi, yordam berasizmi?» deb so‘radi. Men bu haqda hech bir qarorga kelmaganligimni aytdim. Shundoq bo‘lsa ham mehmon yordam berishimga amin ekanligini bildirib, oldindan tashakkur ma’nosida yelkamga qoqib qo‘ydi va teatr atrofidagi xonadonlardan birontasini ko‘rishga orzumand ekanini bildirdi. Men uning muddaosini fahmladim-u o‘sha tomonlarga olib bordim va orqa ko‘chadagi ro‘para kelgan hovliga boshladim. Mehmon apparatini bo‘ynidan oldi va hayajon ichida ostonadan hatladi. Kirgan eshigimiz hozir uchastka deb ataladigan oddiy, lekin mevazor, gulzor, nihoyatda didli-havasli odamlarning hovlisi ekan. O‘rta yoshlardagi bir xotin sariq luchchak shaftoli terayotgan ekan, bizni ko‘rib shotidan tushdi, so‘rashdi, yelib- yugurib supaga joy qildi, dasturxon yozdi, bir necha xil shaftoli keltirib qo‘ydi. Mehmon goh menga, goh xotinga qarar, goh uning orqa etagiga razm solar edi. Xotinning o‘g‘li shifokor, kelini o‘qituvchi, hozir ikkovi ham ishda ekan. Mehmon hafsalasi sovib, fotoapparatini bo‘yniga osdi-yu, alamini shaf- tolidan oldi – umrida bunaqa shaftolini ko‘rmagan bo‘lsa kerak, rosa yedi. Shu choq uning ko‘zi devorning tagida qunishib turgan kasal jo‘jaxo‘rozga tushdi. Uning oyoqlari uzun, bo‘ynining pati to‘kilib qip-qizil go‘sht bo‘lib qolgan, o‘zi nihoyatda oriq edi. Mehmon darrov qo‘lini artdi, fotoapparatini bo‘ynidan oldi, jo‘jaxo‘rozga yaqin borib cho‘kkaladi; jo‘jaxo‘roz boshini ko‘tarib hayron bo‘lib turganida bir necha marta suratga oldi. Choy ko‘tarib kelayotgan xotin «voy, suratga olaman desalar yaxshi tovuqlarimiz bor, bu kasal edi-ku», deganicha qolaverdi. Achchig‘im keldi, lekin mumkin qadar muloyimlik bilan:

  • Jo‘jaxo‘rozning surati ham gazetaga kerakmi? – deb so‘radim.

Mehmon javob bermadi, «ketdik», deb ishora qildi.
Xotinga tashakkur izhor qildim. Ko‘chaga chiqdik.
Mehmon bu hovliga, xotinning mehmondo‘stligiga shubha bilan qaradi shekilli, bir necha hovliga o‘zi bosh tiqdi. Men
ham qo‘yib berdim, orqasidan kirmadim, chunki unga tarjimon kerakmas, odamlarning orqa etagiga qarashdan boshqa ishi yo‘q edi...
Samovarda o‘tirib birpas dam oldik. Mehmon ko‘zimga xunuk ko‘rina boshladi: kim aytadi buni osmonteshar imoratlarni ko‘rgan, osma ko‘chalarda yurgan odam deb! Diqqat bo‘ldim. Papirosni allaqachonlar tashlab yuborgan edim, shu topda bitta so‘rgim keldi-yu, papiros olgani magazinga kirdim. Bilmadim, magazinda qancha turib qoldim ekan, qaytib chiqsam mehmon yo‘q. Birpas kutdim, keyin, yuragim hovliqib, u yoq-bu yoqni qaradim, qidirdim. Yigirma- yigirma besh minutning har biri bittadan sog‘ tishimni sug‘urib olganday bo‘lib o‘tdi. Bu kasofat biron hovli yoki biron ko‘chaga kirib, gumonsiragan odamiga «dumingni ko‘rsat» desa, bunaqa hazilni birov ko‘taradi, birov ko‘tarmaydi... Bir soatdan ortiq qidirganimdan keyin avtomatdan jiyanimga telefon qildim, voqeani aytdim. Jiyanim, tovushidan tashvishga qolgani sezilib tursa ham, menga tasalli berdi va «yo‘qotgan joyingizdan uzoqqa ketmang», dedi. Samovarda yana bir necha minut o‘tirdim. Narigi ko‘chadagi machitning yarmi qulagan mezanasiga ko‘zim tushdi. Bu kasofat shuning suratini olgani bormadimikin? O‘sha yoqqa bordim. Machitning ichini, atrofini qaradim, odamlardan so‘roqladim – yo‘q. Samovarga qaytay deb turganimda yon ko‘chadan karnay-surnay, qiyqiriq bilan ikki mashina kuyovnavkar chiqib qoldi. Oldindagi mashinada lunjini shishirib surnay chalayotgan surnaychining yonida turib beo‘xshov o‘yinga tushayotgan olabayroq to‘n kiygan bir kishiga ko‘zim tushdi, sinchiklab qarasam – mehmon! Suyunib ketdim. Yugurib borib mashinaning oldini to‘sdim. Mehmonga harchand «tush» deb ishora qilaman, qani ko‘nsa – menga qarab nuqul muqom qiladi – kayfi baland! Mashinada tanish odamlar bor ekan, qo‘ymasdan meni mashinaga tortib olishdi. Mehmonning mashinadan tushish niyati bo‘lmagani uchun yo‘lda mashinani to‘xtatib jiyanimga telefon qildim.
Tanish odamlarning aytishiga qaraganda, mehmon nima bo‘lib to‘yxonaga kirib qolibdi. Odamlar uning chet eldan kelgan mehmon ekanini bilib to‘rga o‘tqazishibdi, to‘n kiygizishibdi, o‘yinchilar uni o‘yinga tortishibdi.
Kelinning uyiga keldik. Ziyofat zo‘r bo‘ldi, o‘yin-kulgi juda qizidi. Mehmon bu yerda ham ancha ichib qo‘ydi. Shu yerdagi shifokor bolalar mening tashvishga qolganimni payqab, mehmonni hushiga keltirib berishdi. Mehmon hushiga kel- ganidan keyin yana aynidi: yana dumli odam qidirib hammaga zehn sola boshladi. Shundan keyin «siz ovora bo‘lmang, janob, dumli odamni ertaga o‘zim topib beraman», deyishga majbur bo‘ldim. Mehmon meni o‘pdi, salomatligimga ustma-ust ikki qadah otdi...
Ertalab mehmonxonaga kelsam mehmon o‘lay deb yotibdi – lanjki, hech aytgulik emas. Shundoq bo‘lsa ham, la’nati, ko‘zini ochishi bilan kechagi va’damni so‘radi. Men uni pastga olib tushib quyuq choy ichirdim, nordon narsalar yegizdim, ichkilik zahri biroz sinib ta’bi ochilgandan keyin dumli odam deb bekor ovora bo‘lib yurganligini tushuntirishga harakat qildim. Mehmon xafa bo‘ldi.

  • Sening hukumating butun mamlakat ustiga temir parda tortgan! – dedi.

Bunga gap uqtirish qorong‘i uyga kesak otganday gap edi, shuning uchun yon bergan bo‘lib yolg‘ondan o‘ylab qoldim-da, chuqur xo‘rsinib:

  • Shuni bilar ekansiz, nima qilasiz meni qiynab? – dedim. Mehmon chehrasi ochilib, yana yolvordi:

  • Men sizga bitta dumli odamni qafasga solib ber, olib ketaman deyayotganim yo‘q, uzoqdan qorasini ko‘rsatsangiz bas, mening apparatim ikki kilometrdan oladi!

U desam u dedi, bu desam bu dedi – hech bo‘lmadi, nihoyat «seni dumli odamlarga yo‘latish qo‘limdan kelmaydi, xatarli, xohlasang, apparatingni ber, biladigan, udda qiladigan ishonchli kishiga aytib, bironta dumli odamning suratini oldirib beraman», deyishdan boshqa chora qolmadi. Mehmon xursand bo‘lib apparatini qo‘limga tutqizdi, o‘zi lanj bo‘lgani uchun tushgacha yotib dam olmoqchi ekanini aytdi. Men tushdan keyin keladigan bo‘lib ketdim.
Tushdan keyin kelsam mehmon hanuz lanj yotgan ekan, lekin apparatni tegishli odamga topshirganimni, u kishi butun lentani dumli odamga to‘ldirib berishni va’da qilganini eshitib o‘rnidan turib ketdi.

  • Lekin sharti bor,– dedim, – omonatingizni faqat ketadigan vaqtingizda, samolyotga chiqayotganingizda beradi.

  • Ertaga, ertagayoq jo‘nayman! – dedi mehmon.

Programmaga muvofiq shaharning diqqatga sazovor joylarini ko‘rgani chiqdik. Kun chiqquncha yurib ko‘p tarixiy yodgor- liklarni ko‘rdik, to‘g‘on-ko‘lga bordik, shahrimizning ko‘rki bo‘lgan yangi ko‘chalar, maydonlar, xiyobonlarni kezdik, muzeylarga kirdik. Mehmonning biron narsaga qiziqqanini, biron joyda to‘xtab biron narsaga qaraganini ko‘rmadim; hamma narsaga o‘shshayib qarar, qayoqqa va nima uchun ketayotganini, nima qilib yurganini o‘zi ham bilmas, aftidan, kunni kech qilishdan bo‘lak muddaosi yo‘q edi.
Madaniyat va istirohat bog‘iga kirdik. Mehmon hech bo‘lmasa shu bog‘ga, xususan, gul-u gulzorga qiziqar deb o‘yladim, chunki shahrimiz bu bog‘ga juda bino qo‘ygan. Yo‘q, gulzorga mehmon qayrilib ham qaramadi. Uning diqqatini jalb qilgan birdan-bir narsa bog‘ning bir chekkasidan oqayotgan anhor bo‘ldi. Buning nimasiga qiziqdi ekan deb qarasam, loy suv qirg‘oqdan toshguday bo‘lib, shox-xashak va yana allanima balolar oqib kelayotibdi – birov sug‘orish maqsadida to‘g‘on solgan, suv to‘g‘onni urib ketgan bo‘lsa kerak. Mehmon iflos suvga xuddi sichqonni ko‘rib qolgan mushukday butun vujudi bilan qarar, chamamda, fotoapparati yonida bo‘lmaganidan afsuslanar edi. Bog‘dan chiqib mehmonxonaga tomon ketayotganimizda eski-tuski yig‘ib yurgan eshak aravani ko‘rganida ham xuddi shu holga tushdi. Mehmonxona ko‘chasiga qayrilganimizda mehmonning gazetasiga qo‘l keladigan yana bir hodisa ro‘y berdi: shu ko‘chadan g‘izillab chiqqan «Moskvich» kattakon sariq bir itni urib o‘tdi. It vangillab ikki-uch yumaladi, turishga intilib turolmadi, yotib tipirchiladi. Mehmon goh boshini ko‘tarishga urinib, goh oyoqlarini silkib jon berayotgan itga yaqin borib beixtiyor cho‘kka tushdi va apparat izlab yonini paypasladi. Mehmon ertasiga jo‘naydigan bo‘ldi. Dumli odamlar surati olingan fotoapparatni qora qog‘ozga o‘rab aeroportga olib chiqdim va qo‘ynimdan bir chekkasini chiqarib ko‘rsatdim. Mehmonning ko‘zlari yonib ketdi. Xilvatga bordik. Mehmon apparatni olib katak sumkasiga joyladi-yu, cho‘ntagidan bir
dasta pul chiqardi.

  • Sizning haqqingizni o‘zim bilib beraman, – dedi, – surat olgan odam bilan necha pulga gaplashgansiz?

  • Pul to‘g‘risida hozir gaplashmaymiz, – dedim, – avval suratlarni chiqarib ko‘ring, ana undan keyin o‘zingiz narx bichib yuborarsiz.

Mehmon yana minnatdorchilik bildirdi, samolyotga chiqdi, samolyot Tojikistonga qarab yo‘l oldi. Kim biladi, mehmon yurtiga borguncha sabri chidarmikin, balki chidamasdan Toji- kistondayoq lentani chiqarar, chiqarsa dumli odamlar o‘rnida o‘zini ko‘radi: men apparatni maktab to‘garagiga qatnab foto ishida mashqini raso qilgan kichik o‘g‘limga berib, «mehmon ikkovimiz shahar aylanamiz, sen ketimizdan yurgin, qayerda chap oyog‘imni ko‘tarsam, mehmonning yakka o‘zini suratga olaverasan», degan edim. Bir qancha joyda, jumladan, meh- mon anhor bo‘yida, eski-tuski yig‘ib yurgan eshak arava yonida va jon berayotgan itning ustida turganida chap oyo- g‘imni ko‘targan edim. O‘g‘limning o‘zi ham hushyor bola, g‘alati-g‘alati paytlarni topgan bo‘lsa kerak.
Men bu narsani jiyanimga aytmadim, aytsam ham urish- masa kerak, chunki mehmoniga ozor berganim yo‘q, nihoyati yuziga oyna tutdim...



Yüklə 349,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   35




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin