Abdulla Qahhor



Yüklə 349,19 Kb.
səhifə23/35
tarix03.12.2023
ölçüsü349,19 Kb.
#172178
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   35
Abdulla Qahhor. Anor [kitoblar pdf]

BOSHSIZ ODAM


Niso buvi eri o‘lib, ikkita yosh qizi bilan qoldi. Ikki-uch kishi sovchi qo‘yganda u, ikki bola bilan tinch turmush qila olishini ko‘z oldiga keltirolmay, rozilik bermagan edi, nima bo‘ldi-yu, usta Abdurahmon kishi qo‘yganda darrov rozi bo‘la qoldi. Bunga hamma ham hayron qoldi. Bu to‘g‘rida ba’zilar:


«Niso buvi ilgariyam usta Abdurahmon bilan don olishib yurar ekan...» degan gapni qilishdi, ba’zilar: «Bechora nima qilsin, ikkita bolasi bor, usta Abdurahmonning ham o‘lgan xotinidan bitta o‘g‘li bor, vaqti kelganda tili qisqa bo‘lmaydi- gan ish qilibdi-da...» deyishdi.
Abdurahmon yuborgan sovchi Niso buviga shunday dedi:
«Sizda ikkita bola bo‘lsa, u kishida bitta bola bor. Bularning
yegan-ichgani qayoqqa borar edi. Bular uchun alohida qozon osilarmidi. Siz hammasining onasi, u kishi – ota. Usta bolani juda yaxshi ko‘radilar...»
Oradan to‘qqiz yil o‘tdi. Bular to‘rt bola ko‘rishdi. Bu to‘qqiz yilning ikki-uch yiligina tinch o‘tdi. Keyingi yillarda Niso buvi qizlari tufayli necha marta qo‘ydi-chiqdi bo‘lib oldi.
Niso buvi pichoq borib suyagiga tekkandan keyin qizlarini internatga berishni ham o‘yladi. Ammo bu to‘g‘rida ham er bilan maslahatsiz bir ish qilishga qo‘rqdi. Maslahat qilganda usta Abdurahmon: «Ha, Roziq yamoqchining qizlari o‘qib shahar so‘rarmidi?..» deb urishib berdi.
Usta Abdurahmon qizlarni ko‘p uradi. Bir kuni Niso buvi:
«Ursangiz o‘sha do‘koningizga olib borib uring», deganida usta: «Ha, joning achiydimi, bundan keyin men urayotganda kulib turmasang uch taloqsan...» deb yubordi. Shundan keyin Niso buvi ko‘p martalab «kuldi».
Usta Abdurahmon ko‘pdan beri Niso buviga: «Mehrini Faxriddinga qilamiz», deb yurar edi. Faxriddin erka o‘sgan tantiq bola bo‘lgani uchun Niso buvi: «Ha, ishqilib, ikkovining ham boshi omon bo‘lsin», deb qo‘ya qolar, bu «yo‘q» degani edi.
Bir kuni ertalab nonushtadan keyin usta Abdurahmon:
«Chorshanba kuni to‘y!» dedi-yu, ko‘chaga chiqdi-ketdi. Niso buvi rang-quti o‘chib, devorga suyanganicha qola berdi.
To‘y o‘tdi. Niso buvining endigi qayg‘usi Mehrining bo‘yida bo‘lib qolishi, chunki Faxriddindan uning bo‘yida bo‘lishini sira xohlamas edi. Bir kuni u betini qattiq qilib, kuyovga ochiq aytdi:

  • Faxriddin, hali yoshsizlar. Uch-to‘rt yil bolasiz yurish yaxshi. Shifokor shu ishlarni bilarmikan?..

Faxriddin osilib turgan qalin pastki labini bir-ikki qimir- latib, bo‘lagi bilan burnini artib javob berdi:

  • Men bilmasam, dadam biladilar-da!

  • Qo‘ying, qo‘ying... Dadangizdan so‘ramang. Uyat bo‘ladi.

Tumorlar, qaytarma suvlari Niso buviga faqat tasalligina berdi, xolos.
Mehri ikkiqat...
Bola ikki oylik, uch oylik... besh oylik...
Niso buvi talvasaga tushib, o‘zini qayoqqa urishini bilmas edi.
Qanday bo‘lsa ham bolani tushirish kerak. U Mehrini ko‘rpaga o‘rab, yangi qilinayotgan kigizday yumalatdi; qorniga yostiq bilan urdi, ustiga chiqib o‘tirdi; qo‘qqisdan qattiq qo‘rqitdi... Bularning hech qaysisi foyda bermadi.
Niso buvi qayerdandir yangi bir chora topib keldi, kimdir qorinni silash, bolani ezib yo‘q qilishni o‘rgatgan.
Niso buvi besh kun deganda ishining natijasini ko‘rdi. Oltinchi kuni kechasi Mehri to‘lg‘anib chiqdi. Ertalab juda yomon ahvolga tushdi: uyning u boshidan bu boshigacha
«dod» deb yumalaydi. U xuftongacha qolmaydigan ko‘rinardi. Niso buvining dami ichida.
Faxriddin kaklikka suv quyayotib otasiga qarab qo‘ydi.

    • Ha, o‘g‘lim, xafa bo‘layotibsanmi? – dedi otasi.

    • Yo‘q, – dedi Faxriddin cho‘zib.

    • Xafa bo‘lma. Aravaga odam yubordim. Kasalxonaga yuboramiz. Bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa xotinning urug‘i Hirotdan kelgan emas!

Mehri xuftonga yaqin kasalxonaga yuborildi. Faxriddin ikki soatdan keyin «meni kirgizmadi» deb qaytib keldi. Niso buvi kasalxonadan yarim kechasi kelib saharda yana ketdi.
Mehri kasalxonada uzoq yotib qoldi. Undan faqat Niso buvi xabar olib turar edi, bir kuni kuyovini koyidi:

    • Faxriddin, bir martaba borib eshikdan «qalaysan» deb kelsangiz bo‘lmaydimi? – dedi.

Faxriddin peshonasiga qo‘ngan pashshani ushlagani qo‘l ko‘tarar ekan:

Chorshanba bozor kuni edi. Usta Abdurahmon Faxriddinga ikki so‘m pul berdi.

    • Ma, yo‘ldan mayda-chuyda ol. Kirganingdan keyin avval so‘ra, yengil bo‘lsa «xayriyat» degin. Sening yo‘qliging uchun uyda tura olmayotibman. Yomon bo‘lar ekan degin.

Faxriddin yo‘lda ketayotib negadir dam kular, dam burnini artib yo‘talar edi.
Faxriddin bozordan, otasi tayinlagancha, ikkita shirmoy non, yarim qadoq pista oldi. Kasalxonaga borib, o‘zi ko‘rgan eshikka kirib ketayotganida, bitta xotin qaytardi – olib borib bir kursiga o‘tqizib qo‘ydi. Shu bilan u xotin dom-daraksiz bo‘lib ketdi. Ikki soatdan keyin yana biri keldi-yu, Faxriddinga
indamay, yana bir uyga kirib ketdi. Bir soat chamasi o‘tgandan keyin yana biri chiqib, Faxriddinni imladi. Faxriddin kirganda Mehri endi uyqudan turgan ekan.

  • E, ho‘y!.. Yaxshimisan... ho‘y! – dedi Faxriddin. Mehri sekin:

  • Keling, – dedi.

  • Yaxshimisan...uyda sen yo‘q, dadam qiynalib qoldilar.

Yomon bo‘lar ekan...

  • Kundan-kun battar bo‘lgan edim, olib tashlashdi... Naq o‘layozdim...

  • Xayriyat.

  • Ko‘rdim, boshi yo‘q.

  • lye!.. – dedi Faxriddin og‘zini va ko‘zlarini katta ochib, – bolaning ham boshi bo‘lmaydimi!.. Dadamdan so‘ray-chi...

Uning gaplariga quloq solib, raftorini kuzatib turgan hamshira:

  • Kasalni toliqtirib qo‘yasiz, bas! – dedi va eshikni ko‘rsatdi.

Mehri kasalxonadan chiqqandan keyin Niso buvi ikkala qizi bilan bosh olib chiqib ketdi.



Yüklə 349,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   35




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin