Abdulla Qahhor



Yüklə 349,19 Kb.
səhifə25/35
tarix03.12.2023
ölçüsü349,19 Kb.
#172178
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   35
Abdulla Qahhor. Anor [kitoblar pdf]

    Bu səhifədəki naviqasiya:
  • MIRZO
1934-yil

TOMOSHABOG‘


«O‘tmishdan»
Ey bus-butun ayolati vayron o‘lon vatan, Har go‘shasi zamonada zindon o‘lon vatan.
«Ramuzot»

Qadaqchi Hamroqulning tobi qochdi. Kim biladi, kecha kechqurungi xudoyi osh yoqmadimi, yo ertalab choynak qadaqlatib ketgan kishining nosida bir gap bor ekanmi... Ammo kecha ertalab ham lanjligi bor edi shekilli, bo‘lmasa hech jahonda choydan ham makkajo‘xori hidi keladimi!


Uning a’zoyi badani qaqshab, kamoncha tutgani madori qolmadi. Yana bitta qadaq bilan bitadigan likopcha chala qoldi. Hamroqul naridan-beri dov-dastgohini yig‘ishtirib jo‘nadi. Uning isitmasi kuchli, boshi og‘rir edi, tashlagan qadami xohlagan yeriga tushmasdi. U nimani o‘ylasa, bu o‘yning oxiri xayolga aylanar edi: issiq-issiq choy ichib, o‘ranib yotgan ko‘rpasi havoga ko‘tarilib ketadi, dam soldirgani mahalla imomini chaqirtirsa, eshikdan lapanglab tobut kirib keladi. Hamroqul qo‘rqdi, tezroq uyiga yetib olgani jadalladi.
Ko‘chaning narigi yuzidan uni kimdir chaqirdi, Hamroqul chaqirgan kishiga qarayman deb gandiraklab ketdi.
Chaqirgan kishi tomoshabog‘ «Romanska»ning qorovuli Usta kulol edi. Uning asli oti Stokgulov, Hamroqul aytishga tili kelishimay, Usta kulol qo‘yib olgan.
Yuzini keksalikdan ko‘ra ko‘proq ko‘rgiliklar g‘ijimlab tashlagan bu chol bilan u o‘tgan yil bahorda, gul qo‘yadigan vazasini qadaqlab berganida tanishgan edi. Bu vaza uning o‘lib ketgan o‘g‘lidan yodgor qolgan ekan..O‘g‘li Lena degan joydagi oltin konida ishlab, bir vajdan ko‘p kishilar qatorida otilgan ekan. Buning sababini Hamroqul o‘sha vaqtda ham, undan keyin ham bilolmadi, chunki Usta kulol bu to‘g‘rida gapirsa, gapdan ko‘ra ko‘proq so‘kinar, titrar edi. O‘g‘li o‘lgandan keyin chol kampiri bilan bu yoqqa kelgan ekan.
Usta kulol Hamroqulning ahvolini ko‘rib, darrov boqqa olib kirdi va qayrag‘och ostidagi cho‘yan oyoqli zangor eshakka o‘tqizib, suv keltirdi. Hamroqul suvni ichib biroz o‘ziga kelganday bo‘ldi, ammo qayrag‘ochdagi chumchuq-
larning chig‘irlashi negadir ko‘nglini ozdirdi. U quloqlariga barmog‘ini tiqib, ko‘zini yumdi, biroz nafasini rostlagandan so‘ng, xuddi ko‘nglini bezovta qiladigan biron narsani ko‘rish- dan qo‘rqqanday, ko‘zini sekin ochdi.
Ko‘zini ochdi-yu qarasa... Usta kulol xuddi o‘g‘lining o‘limi to‘g‘risida gapirayotganday so‘kinar, titrar edi. Yoshgina, xotinchalish bir ofitser rezinkaday qapchib cholning ko‘kragiga tepdi. Chol yiqildi. O‘shanday tepki hali es-hushini o‘nglab ololmagan Hamroqulning ham ko‘kragiga tushdi. U eshakdan ag‘darildi, ammo darrov turdi, bo‘yniga musht tushdi – munkib ketdi.
Churr...

    • Mirshab!

Qayerdandir Usta kulolning kampiri paydo bo‘lib, ofitser- ning oyog‘iga yiqildi. Ikki mirshab Usta kulol bilan Ham- roqulni bog‘dan olib chiqdi va butxonaning narigi tomonidagi mirshabxona tomon olib ketdi. Kampir dodlaganicha ergashib bordi.
Olomon to‘plandi.

    • Yig‘lama! – dedi Usta kulol mirshabxonaning eshigi oldida kampiriga qarab: – Men bir turmadan ikkinchi turmaga o‘tayotibman, nega yig‘laysan!

Mirshabxona eshigi ochilib ikki oshnani yutdi. Butxona qo‘ng‘irog‘i kechki ibodatga chaqirib, og‘ir va uzun darang- ladi. Bu tovush hali kun botmasdan mudrab yotgan shahar ustida to‘lqinlanib uzoqlarga ketdi. To‘plangan xaloyiq nima gap bo‘lganini bir haftadan keyin «Turkiston o‘lkasi» gazetasini o‘qib bildi:
«... O‘tgan 23-sentabrda mazkur shaharda rusiya dahasidagi Romanovskiy bog‘ida ham shu qabila beadablik sodir bo‘lgan. Chunonchi, sartiyalardan biri o‘zlariga sohiblik qilib turgan rusiya to‘ralarining istirohatgohlariga kirgan, ya’ni nihoyatda beadablik qilgan...»
1935-yil


MIRZO


Mezbon uzoq yo‘ldan kelgan mehmonni ochiq chehra bilan qarshi olmasa, bir piyola choyini darig‘ tutsa, biron


harakati yoki so‘zdagi ohangi bilan «nega kelding, yo‘qlab turgan edimmi?» degan ma’noni bildirsa, mehmonning qay holatda qolishini tasavvur qila olasizmi? Agar mehmon mezbon oilasida biron janjal bo‘layotgani ustidan chiqsa, bundan ham yomon, o‘ng‘aysiz holatda qoladi. Mezbon uning uchun jonini fido qilsa ham, o‘sha janjalning natijasi bo‘ladigan bir necha minutlik jimlik yoki asabiy yuzda aks etgan soxta tabassum hammasini yuvib ketadi.
Boqi mirzo bir necha yildan beri ko‘rishmagan qarin- doshinikiga uzoq yo‘ldan mehmonga kelib janjal ustidan chiqdi. Kechki payt edi. U bukchayib, mirzolik kasbining serdaromad kunlaridan xotira qolgan kumush naqshli hassasini do‘qillatib eshikdan kirganida mezbonlar (aka-uka) yengil kiyimda baland ayvonning bahavo yeriga qo‘yilgan stolning ikki yog‘ida xomush o‘tirishar edi. Stolning ustida donalari sochilgan shaxmat taxtasi, bir chetda patefon. Mirzo ariq bo‘yiga kelganda ham uni hech kim ko‘rmadi. Ayvonning bir chetida kachalkada o‘tirgan yoshgina juvon irg‘ib o‘rnidan turdi-da, patefonning oldiga kelib, uning membramini ko‘rdi.

  • Zardangizni patefonga qilasizmi, qarang, membramini yordingiz! – dedi va patefonni ko‘tarayotib mirzoga ko‘zi tushdi.

  • Assalomalaykum, – dedi mirzo.

Mezbonlar dilsiyohlik kayfiyatini yashirishga urinishdi, ammo yotar mahaligacha bu bir necha martaba yuzaga chiqdi va oqibat, mehmonning ko‘ngliga bo‘lak gaplar kelmasin uchun, ikki orada o‘tgan gapni aytishga majbur bo‘lishdi. Keyindan ma’lum bo‘ldiki, bu, Boqi mirzoning bu yerga kelishdan kuzatgan muddaosiga daxldor janjal ekan.
Boqi mirzo shu nom bilan o‘z shaharida ma’lum kishi edi. U Nikolay zamonasida shirkatlarda, fermalarda mirzolik qilib, o‘z xizmatini manzur qilgan edi. Inqilobga yaqin bir hissador shirkatga oz sarmoya bilan bo‘lsa ham sherik bo‘ldi va bir-ikki yil qattiqchilikni ustiga olib mustaqil bir ish boshlashga niyat qilganida inqilob niyatiga yetkazmadi, shuning uchun inqilobdan koyidi va o‘zini chetga tortib, qolgan uch- to‘rt kunlik umrini qanday qilib ham bo‘lsa o‘tkazish ko‘yiga tushdi: har kimlarga turli arizalar, duoyi salomlar yozib berishni kasb qilib oldi. Ammo uch-to‘rt kunlik umrda bir sababi
tirikchilik deb boshlagan bu ish unga boylik va’da qila boshladi. Yangi hukumatga arz-dodi ko‘p bo‘lgan xaloyiq uning uyidan uzilmas, u bir kunlik daromadini o‘n kun yer edi. Nomi о‘sib ketgan Boqi mirzo ko‘p vaqt o‘tmay «Inobatli mirzo» nomi bilan bosh ko‘tardi. Inobatli mirzo desa shaharning to‘rt dahasi bilar edi, chunki, u yozgan arizalarning ko‘pchiligi «mahkamalar qoshida inobatga o‘tar», shuning uchun hali bu mahkamalarning siriga tushunib yetmagan bir mahsido‘z hamma sirni ariza yozish tartibida gumon qilib, unga «Inobatli mirzo» deb nom qo‘ygan edi.
Vaqti kelib bu odamga nima uchun «inobatli» sifati berilgani kishilarning esidan chiqib ketdi. Mirzo arizalar va o‘qishga ketgan farzandlarga duoyi salomlar yozish bilan kun o‘tkaza berdi. Ammo zamon o‘tgan sayin uning xizmatiga muhtoj kishilar va shu bilan birga daromad ham kamaya berdi. Oqibat shu darajaga yetdiki, mirzo shahar pochta- xonalarining biriga muttasil qatnashga va har kimning qo‘liga qarab, adres yozib berish va blanka to‘ldirishga o‘z xizmatini taqdim qilishga majbur bo‘ldi. Biroq bu kasbdan putur ketdi: mirzo ilgari bir kunlik daromadini o‘n kun yesa, endi o‘n kunlik daromadi bir kunga ham yetmas edi. Endilikda hech oila yo‘qki, unda bir yoki bir necha savodli odam bo‘lmasin. Mana shuning uchun mirzo, kunlarning birida, kampiri bilan maslahat qilib, boshqa kun o‘tadiganroq shaharga ko‘chish rejasini tuzdi va bu yerga shu reja yuzasidan shahardagi sharoitni o‘rganish uchun kelgan edi.
Ertasi hordiq kuni edi. Ertalab choydan so‘ng mehmonning oldida munozara yana yangilandi. Bulardan biri Samarqand ta’lim-tarbiya akademiyasidagi bir ilmiy xodimning tez savod chiqarish to‘g‘risidagi tajribasini quvvatlar, ikkinchisi Tosh- kentdagi ta’lim-tarbiya ilmiy-tekshirish institutining metodi to‘g‘risida so‘zlab, unga so‘z bermas edi.

    • Bola albatta bundan mustasno, – der edi biri, – lekin katta odamni o‘n besh kunda savodli qilaman...

    • Sen o‘n besh kunda savodini chiqarsang, men o‘n kunda chiqaraman.

    • Xo‘p, ikki odam top, ko‘ramiz!

    • Sen top!

Savodsiz odam topish mojarosi avvalgi mojarodan ham ortib tushdi. Inobatli mirzoning zardasi qaynab ketdi:

  • Xayr, mana men topay, qo‘yinglar, – dedi Mirzo, kechqurun samovarga chiqdi, ikkita choynak choy ichdi. Samovarchi uchinchi choynak choyni keltirib qo‘yganida, mirzo sekin undan «savodlimisan?» deb so‘ragan edi, samovarchi zaharxanda qilib, «sizni uch yil o‘qitishga qudratim yetadi», dedi. Bundan bir yil burun shu choyxonaning devoriy gazetasida

«So‘nggi savodsiz» sarlavhasi bilan bir maqola bosilgan va bunda shu mahalladagi so‘nggi bir savodsizni chandilgan, kalaka qilingan, shundan beri «savodingiz bormi?» degan so‘roq bu mahallada «aqlingiz rasomi?» deganday haqorat bo‘lib tushadigan bo‘lib qolgan edi. Mirzo samovarchining g‘ashi kelganiga tushunolmay qaytib ketdi. Mirzo savodsiz odam qidirib uch-to‘rt kun ichidayoq bu shahardagi sharoitni bila qoldi: «Chakki kelgan ekanman, bekor chiqimdor bo‘ldim», dedi. Uning mo‘ljali kelar hordiq ertasi qaytish edi.
U, hordiq oqshomi hammomga tushdi-yu, xodimgarlardan biriga haligi so‘rog‘ini berdi. Xodimgar hammomda berilgan bu savolga ajablandi-yu, jo‘rttaga: «G‘irt omiman», dedi. Mirzo sevinib uning birorta o‘ziga o‘xshagan ulfati bilan ertaga borib bir piyola choy ichib qaytishini iltimos qildi, adres berdi.
Ertasi kuniga mezbonlar bir talay mehmon chaqirishgan edi. Ikki xodimgar mehmondorchilik ustidan chiqdi. Mezbonlardan biri mehmonlarga voqeani bayon qildi. Voqeadan xabardor bo‘lgan xodimgarlar tipirchilab qolishdi. Mehmonlardan biri yosh bolalarni to‘plab she’r o‘qib berayotgan bir juvonga ta’na qildi:

Juvon yugurib keldi.

  • Nega? Nima qipti?

  • Mana, ikki savodsiz. Mahallamda sakkiz yashardan qirq besh yashargacha hammasi savodli, degan edingiz-ku!

Juvon xodimgarlarga qaradi va so‘radi:

  • Shu mahallalikmisizlar yo boshqa mahalladan kel- dinglarmi?

  • Yo‘q, shu mahallalikmiz?

  • Savodsizmisizlar?

  • G‘irt omimiz, opa.

Juvon qizardi.
Juvonning eri ikkala xodimgarning o‘rtasida o‘tirar edi. U, xodimgarlarning savodsiz ekaniga ishonmadi-da, sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi, bir taxta qog‘oz so‘rab olib qizil qalam bilan yirik-yirik qilib yozdi:
«Qosimjon, hammomga tushganimda butun kiyimlarimni o‘g‘irlagan shu ikkovi».
U xatni yozib bo‘lib endi Qosimjonga uzatmoqchi bo‘l- ganida, ikkala xodimgar baravar uning qo‘liga tarmashdi.

    • Nima deyayotibsiz?! – dedi biri ko‘zi olayib.

    • Og‘zingizga qarab gapiring! – dedi ikkinchisi undan ham battar darg‘azab bo‘lib, – siz aytgan odam biz emas... Bu orada nima sir o‘tganidan bexabar bo‘lgan mehmonlar hayron edi. Juvonning eri xatni baland ovoz bilan hammaga

o‘qib bergandan keyin qiyqiriq kulgi bo‘lib ketdi.
Inobatli mirzo gangib qoldi.

    • Olib kelgan odamlaringiz savodli chiqib qoldi-ku, – dedi mezbonlardan biri mirzoning yelkasiga shappalab.

Mirzoning ko‘zlari olayib, xodimgarlarga qaradi.

    • Nega odamni laqillatasizlar!.. – dedi va etagini qoqib o‘rnidan turib ketdi.

Inobatli mirzo saharda poyezdga chiqdi.

Yüklə 349,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   35




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin