Abdulla Qahhor



Yüklə 349,19 Kb.
səhifə22/35
tarix03.12.2023
ölçüsü349,19 Kb.
#172178
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   35
Abdulla Qahhor. Anor [kitoblar pdf]

IG‘VOGAR


Zahiraga chiqqan militsiya kapitani ikkovimiz samovarda bitta choyni ermak qilib, chaqchaqlashib o‘tirgan edik, kapi- tan bo‘sh piyolani menga uzatar ekan, ko‘zi bilan imo qilib shivirladi:



  • Ana u tor ko‘chaga qarab turing, bir odam chiqadi, ko‘rib qo‘ying, hikoyasini keyin aytaman.

Hayal o‘tmay tor ko‘chadan bo‘yi, bo‘yni, burni, yuzi uzun va qora plash, qora shlapa kiygan, qora ko‘zoynak taqqan bir kishi chiqdi; kapitanning qarashini kutib turgan bo‘lsa kerak, ko‘chaning boshida turib qoldi. Uning hamma narsasi qora bo‘lgani uchun yuzi juda oq, oppoq yuzida qora ko‘zoynak yana ham qoraroq ko‘rinar, qisqasi, iyagining ostiga ikkita suyakni chalmashtirib qo‘yilsa, kallasi ajalning ramziga o‘xshar edi.
Kishi ko‘chaning yuziga o‘tdi, kapitan qaramadi, kelib bizdan bir so‘ri nariga о‘tirdi, kapitan boshini ko‘tarmadi, so‘rilarni oralab bizning oldimizdan o‘tib ketdi. Shunda undan sovuq, zax, eskirib qolgan go‘shtdan keladigan «soya hidi» anqib ketdi. U orqasiga bir-ikki qarab, ko‘chaning u yuziga o‘tdi, qorong‘i bir darvozaxonaga kirib ketdi.
Kapitan uning hikoyasini aytib berdi.

    • Men bu marazni to‘rt yildan beri bilaman. Bu maraz to‘rt yildan beri meni xilvatga tortadi, to‘rt yildan beri qulog‘imga shivirlaydi...

Bundan to‘rt yil muqaddam shaharning turli tumanlaridan militsiyaga har xil imzo bilan, lekin adressiz xatlar yog‘ila boshladi. Bu xatlarning har biri ovchilar uyushmasining o‘sha vaqtdagi kotibi ustidan yozilgan katta bir aybnoma bo‘lib, bu aybnomada ko‘rsatilgan gunohlardan birontasi rost bo‘lsa, kotib beto‘xtov qamalishi kerak edi. Biroq, militsiya bu xat- larni yozgan odamlardan birontasini ham topolmadi, lekin, shundoq bo‘lsa ham, kotibni ko‘zning tagiga olib qo‘ydi.

    • Mana shu kunlarda, – dedi kapitan, – kechasi mening oldimga mana shu maraz keldi, o‘zining halolligi to‘g‘risida qancha bayt-u g‘azallar o‘qiganidan keyin «ovchilar uyush- masining kotibi noma’lum odamlardan to‘pponcha sotib olayotibdi degan gap yuribdi, mish-mishga o‘zim ishonmasam ham sizga aytib qo‘yishni vijdoniy vazifam hisoblayman», dedi. Tashakkur bildirdim.

Lekin bu gap kotib haqida militsiya to‘plagan ma’lu- motlarga butkul zid edi. Mulohaza va muhokamadan keyin shunday xulosaga kelindi: o‘sha adressiz xatlarga bu odamning aloqasi bor va militsiya xat yozgan odamlarni qidirayotganidan xavotirga tushib qolgan: to‘pponcha haqida yo‘q mish-mishni ko‘tarib kelishdan maqsadi, militsiyani aldash – «mening gapim bo‘lsa o‘zim kelib aytaman, xat yozib yurmayman», demoqchi.

    • Xo‘sh, bu tuhmatdan iborat xatlardan, uydirma mish- mishdan, bunaqa nayrangdan kuzatilgan maqsad nima?

    • Biz mana shunga qiziqdik, – dedi kapitan, – tagiga yetdik ham. Dunyoda yaratilganicha qolgan odamlar ham bor ekanini bilasizmi? Bu xildagi odamlar vaqtida na o‘qib bilim olgan bo‘ladi, na uqib hunar; bir vaqt ko‘zini ochib

qarasaki, hamma nimadir qilyapti va hech narsa qilmaydigan odamga tahqir nazari bilan qarayapti. Bular mana shu nazar- dan qochib biron teshikka kirgani, u yerda odamlarni sich- qonday kemirgani, ularning mehnati hisobiga mol-dunyo, sharaf va shuhrat orttirgani urinadi.
Kapitan maraz deb atagan boyagi ig‘vogar mana shu toifadan ekan.
Maraz mana shunaqa, qochib kirgani teshik izlab yurgan kunlarining birida, banogoh, buyuk «talant» egasi ekanini bilib qoldi: tandirning ustida qovun urug‘ini cho‘qiyotgan tovuqqa «kisht» deb qo‘lidagi katta pichoqni otgan edi, pichoq borib tovuqning qoq kallasiga tegdi. Tovuq yiqildi, patillab jon berdi. Maraz shu kuniyoq qarz-havola qilib bo‘lsa ham miltiq sotib oldi, ertasiga ovchilar uyushmasiga ariza berdi... O‘ng qo‘li yo‘q kotib chap qo‘li bilan a’zolik bileti yozib berayotganda marazning niyati buzildi: «Mening ikkala qo‘lim sog‘, vaqti kelib shuning o‘rnini menga berishmasmikin?»
Maraz bir ovga chiqib, bitta chumchuq ham otolmay, oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab kelganidan keyin bu orzu talabga aylandi, shuning uchun kotibga «siyosiy» nazar tashladi: «Bu xoin emasmikin, askarlikda jangdan qochib, qo‘liga o‘zi otmadimikin?»
Boshlandi.
Maraz shu lavozimni egallash uchun uch tomondan hujum boshladi: shaharda mashhur ovchi bo‘lib tanilish va uyushmada obro‘ orttirish uchun har yakshanba kuni kechki payt yelkasiga bir emas, ikki ov miltig‘i, beliga bozordan sotib olingan uch- to‘rtta qashqaldoq, uch-to‘rtta tustovuqni osib, oyog‘ida qo‘n- ji uzun etik, qora yaltiroq tozini ergashtirib shaharning mar- kaziy ko‘chasidan tantanali yurish qilib o‘tadigan bo‘ldi; kotibni qoralash uchun miyasi nimalarni o‘ylab chiqarishga qodir bo‘lsa hammasini har kimlarga yozdirib, shaharning turli tumanlaridan militsiya boshqarmasiga yubora boshladi; har sabab va har bahona bilan raisga xushomadgo‘ylik qila berdi, uni «ustod» deb ataydigan bo‘ldi, a’zolardan birining to‘yida, kelin bilan kuyov u yoqda qolib «ustod»ning salomat- ligiga qadah ko‘tarishni taklif qildi, uzun nutqini «ustod otgan tustovuq rohat qilib yiqiladi», deb tugatdi.
Oradan o‘n besh oy o‘tdi. Kunlardan bir kuni kotib to‘satdan o‘lib qoldi. Maraz bu xabarni eshitib yugurganicha idoraga keldi: o‘zini urdi, sochini yuldi, «qanotim sindi», deb dod soldi; marhumning ordeni qo‘yilgan yostiqchani ko‘tarib marosimning oldida bordi; uning qabri ustida hammadan oldin nutq so‘zlab: «Aziz do‘stim, tinch yot, boshlagan ishingni o‘zim davom ettiraman», deb yig‘lab yubordi.
Ertasiga, darhaqiqat, maraz to‘g‘ri kelib marhumning stoliga o‘tirdi, kuni bo‘yi kim bilan muomala qilmasin ko‘ziga yosh olib, kotibning ishini davom ettirdi; ertasiga ham, indiniga ham, rosa bir hafta bo‘yi shunday qildi. Odamlar marazning kotibligiga ko‘nikkan sayin uning ko‘z yoshi kamaya bordi-yu, nihoyat, rais uning kotiblikka tayinlaganligi haqidagi buyruqqa qo‘l qo‘ygan kuni taqqa to‘xtadi.
Maraz birovlar otgan bo‘rilarning terisini o‘z nomidan topshirib, katta ovchilarni bir-biriga chaqib, urishtirib va har qaysisiga o‘zini jonkuyar ko‘rsatib, kotiblik stoliga durustroq o‘rnashganidan keyin raisning qabri ustida nutq so‘zlagisi, uning boshlagan ishini «davom» ettirgisi kelib qoldi. Biroq rais ellikka yaqinlashib qolgan bo‘lsa ham, hali juda baquvvat, urush yillari partizan bo‘lib, Belorussiya o‘rmonlarini boshdan-oyoq piyoda kezib chiqqan, aftidan, biron yuz yil umrni ko‘zlagan odam edi. Rais hali-beri o‘lmaydimi? O‘ziga qiyin!.. Maraz shu o‘ringa o‘tirganida qilishi mumkin bo‘lgan hamma jinoyatlarni raisga to‘nkab, militsiyaga turli imzo bilan, lekin adressiz xatlar yog‘dira boshladi. Shu choqqacha bir oilada inoq bo‘lgan ovchilar orasida nizo, xafagarchilik, asabiy kayfiyat
alomatlari ko‘rinib qoldi.
Kapitan noilojdan kir lattani titkilayotganday jirkanib, dam-badam tupurib davom etdi:

    • Mana shu kunlarda mening uyimga kechasi yana maraz keldi, nevara ko‘rganimni eshitgan ekan, tabrikladi; keyin birdan engashib, shivirladi: «Xabaringiz bor, kotibimiz to‘sat- dan o‘lib qolgan edi, shuning o‘limida raisning qo‘li bor degan gap yuribdi. Bu gapga o‘zim ishonmasam ham sizga aytib qo‘yishni vijdoniy vazifam deb hisoblayman. Bir vaqtlar kotib noma’lum kishilardan to‘pponcha sotib olayotibdi degan mish-mish ham raisdan chiqqan bo‘lsa ajab emas», dedi. Men yana tashakkur bildirdim.

Oradan besh-olti oy o‘tdi, bu vaqt ichida maraz ekkan nizo urug‘lari unib chiqdi – ovchilar juda notinch bo‘lib qolishdi: biri birining g‘iybatini qilgan, biri biri bilan urishgan, biri birining ustidan ariza bergan... Serg‘alva, qiy-chuv majlislar...
Bu g‘avg‘olarning sababini payqab qolgan ziyrak kishilar marazni maydonga tortishdi, uni qisman fosh ham qilishdi. Kimdir uning yolg‘on ovchi ekanini aytdi. Qisqasi, o‘zaro xafalashgan odamlarning diqqati marazga jalb bo‘ldi, kim yo‘talsa tuflagani marazni qidirib qoldi. Maraz kim nima desa o‘shaning og‘ziga qarar, birovga do‘q qilib, birovga yolvorar, kim uni kotiblikdan bo‘shatish haqida gapirsa, stolga kanaday yopishib olib dod solar, o‘shanaqa odamlarga siyosiy ayblar taqar, oti idoraiki bor – hammasiga yugurar, arz qilar, ariza berar edi...
Bir kuni ovchilar juda ham uzoq majlis qilishdi. Majlis oxiriga borib shu qadar qizidi, shu qadar shovqin-suronga aylandiki, soat o‘n birlarda ko‘cha aylanib yurgan uchast- kovoyning diqqatini jalb qildi. Uchastkovoy zalga kirganida bir necha kishi kimnidir oyoq-qo‘lidan olib derazadan ko‘chaga uloqtirib yuborganini ko‘rib qolibdi. Uchastkovoy yugurib chiqib qarasa, ko‘chada hech kim yo‘q, surishtirsa, ovchilarning g‘azabiga uchragan kimsa – shu maraz ekan. Shu-shu bo‘ldi-yu, maraz bir yildan ortiqroq ko‘rinmay qoldi.

  • Bu orada men zahiraga chiqib ketdim, – dedi kapi- tan, – bundan bir oy burun mening qaynonam qazo qildi. O‘lik lahadga qo‘yilayotgan paytda bilagimga birovning muz- day qo‘li tegdi. Qayrilib qarasam, yonimda maraz turibdi, ko‘ngil so‘ragan bo‘ldi. Maraz anchadan beri shu go‘ristonda go‘rkov ekan. Meni chetga tortib qulog‘imga shivirladi: «Ma- halla hay’atining raisi onasini Said Qosim eshonning yoniga qo‘ydirdi», dedi; go‘ristonda yana kim kimning yoniga qo‘- yilgani haqida gapirib turib, birdan militsiya xizmatiga kirish orzusi borligini aytib mendan yordam so‘radi. Men zahiradagi odamman, so‘zim ham o‘tmaydi, iltimosim ham, deb vaj- taqal qildim. Maraz hech unamadi, oxiri, yana xabar olaman, deb ketgan edi, mana, hozir xabar olgani keldi.

Men bir narsaga tushunolmay kapitandan so‘radim:

    • Militsiya xizmatiga kirish, buning uchun birovdan yordam, tavsiya so‘rash maxfiy narsa emas-ku, bu odam nima uchun o‘g‘riday xilvatni poylaydi?

Kapitan kuldi.

    • Qora ko‘nglida odamlarga yomonlikdan boshqa narsa yo‘q, odamlardan ham faqat shuni kutadi, shuning uchun hamisha xavotirda, ovqatni ham yashirincha og‘ziga soladi, yashirincha chaynaydi, yashirincha yutadi!.. Hali siz diqqat qilmadingiz, ko‘chaning boshida turishini ko‘rsangiz: xuddi cho‘chigan tovuqday boshini silkib-silkib atrofga qaraydi, xavf yo‘qligidan tinchish o‘rniga hayron bo‘ladi, ko‘proq xavotirga tushadi.

Shu payt qorong‘i darvozaxonadan maraz mo‘raladi.

    • Ko‘rdingizmi, – dedi kapitan o‘rnidan turayotib, – men boray, shu taxlitda kechgacha ham turaveradi.

Men ham turdim va kapitan bilan xayrlashayotib so‘radim:

    • Modomiki shundoq ekan, nima qilasiz shu maxluq bilan muomala qilib?

Kapitan so‘ridan tushar ekan, menga ko‘z qisdi.

    • Bunaqa maxluqni hamisha ko‘z o‘ngida tutish, qilmish- qidirmishidan, niyatlaridan xabardor bo‘lib turish zarur: bitta- yarimtaning oyog‘idan oladigan bo‘lsa, jag‘ini ikki bo‘lib tashlash oson bo‘ladi.

Kapitan ko‘chaning u betiga o‘tganda maraz o‘zini orqa- ga – qorong‘iga tortdi.



Yüklə 349,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   35




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin