Rohat buvi kattakon qora pechkaning eshigini ochib oyog‘ini tovlayotgan edi, deraza ostida ko‘zoynak taqib nevarasining yirtilgan kitobini yelimlayotgan choli urishib berdi:
Seni pechkaga o‘rgatib bo‘lmadi-bo‘lmadi... Nima, polni o‘yib, sandal qilib beraymi? Pechka deganning eshigini ochdingmi, ko‘mir osmonni isitadi deyaver!..
Rohat buvi pechkaning eshigini yopdi, borib divanga cho‘zildi. Uy sovuq bo‘lmasa ham, bir necha kundan beri uning eti uchar, oyog‘i sovqotar, og‘rir edi.
Kampir shu yotganicha ertasiga ham turgisi kelmadi, indiniga turolmadi, uchinchi kuni yuragi birpas qattiq urib turdi-yu, birdan bo‘shashib, o‘ldi qoldi.
Hikmat buva nima bo‘lganini bilolmay, ko‘zi bilan ko‘rib turganini aqliga sig‘dirolmay, garang bir ahvolda turib qoldi; o‘g‘li, kelini, uch nevarasi kirib yig‘i boshlagandagina o‘ziga kelib, titroqli nafas bilan shivirladi: «E, xudo, nima qilib qo‘yding, bisotingda menga atagan yana qanaqa kulfatlaring bor, to‘k, boshimga hammasini birdan to‘ka qol!»
Ellik uch yil! Ellik uch yildan beri bir dasturxondan tuz tatigan, bir ko‘rpani bosgan, birga kulgan, birga yig‘lagan; ellik uch yildan beri mushukchaday bir-biriga suykanib, bir- birini yalab, og‘ritmay tishlab, yiqitib, yiqilib berib, piypalashib o‘ynagan; ellik uch yildan beri mehr atalmish ulkan tuyg‘u rishtasini pilla qurtiday bir maromda asta-sekin chuvib, bir-birining qalbini o‘rab-chulg‘ab kelgan...
Hamma rasm-rusm joyiga yetkazilgandan keyin odamlar tobutni ko‘targanda shu rishta birdan tortildi-yu, go‘yo Hikmat buvaning yurak-bag‘rini sug‘urib oldi. Chol o‘kirib yubordi.
Kampirni birpasda yerga topshirib qaytishdi. Ko‘ngil so‘ragani yana butun mahalla kirdi. Hikmat buva kasal musi- chaday bir chekkada qo‘nishib o‘tirar, aftidan, endi uning uchun olamda hech kim, hech narsa qolmagan edi.
Shundoq Hikmat buva hafta o‘tar-o‘tmas bir hovuch suyak bo‘ldi qoldi. Chol cho‘zilib yotganda uning o‘likmi-tirikmi ekanini bilish qiyin, lekin kampiri oyog‘ini pechkaning o‘tiga tovlayotganda urishib bergani esiga tushsa arslonday o‘kirar, o‘zini u yoqdan-bu yoqqa otar edi.
Uyda uni yolg‘iz qo‘ymaslikka harakat qilishar edi. Kich- kina nevarasi hamma o‘yinchoqlarini uning uyiga kirgizib qo‘ydi, bog‘chadan kelganidan keyin shu yerga kirib o‘ynay- digan bo‘ldi. Katta nevarasi har kuni uni necha marta xilma- xil qilib suratga ola berdi. O‘g‘li uni avtomobilga solib bir necha marta shaharni aylantirdi. Chol xursand bo‘lish o‘rniga:
«Onang borida shu ishni qilmading», deb do‘ng‘illadi. Kelini unga magnitofon keltirib berdi. Chol magnitofon bilan birpas ovundi-yu, keyin ko‘ziga yosh olib: «Qizim, shu narsani ilgariroq topib kelganingda kampirni gapirtirib yozib olar ekanman», dedi...
Bir kuni qattiq yomg‘ir yog‘ib, qishdan qolgan qorni eritib yubordi. Ayvonda ustunga suyanib yomg‘ir suvining vaqirla- shini tomosha qilib turgan cholning ko‘zi tandirdan narida yotgan bir poy eski kalishga tushib qoldi. Kampir bir oyog‘i og‘rib shishganda shu kalishning jag‘ini kesib kiygan edi. Chol borib kalishni oldi, avaylab artdi, uyga olib kirdi. Chol uchun kampir go‘yo qaytadan o‘ldi. U kechgacha yig‘ladi, kechqurun o‘g‘li bilan kelini ishdan kelganda «kampir bechorani shifo- korga durustroq ko‘rsatmadilaring», deb xarxasha qildi.
Hikmat buva kechalari uxlamas, dori ichib uxlasa ham yarim kechasi uyg‘onib, tong otguncha o‘tirib chiqar, uydagi hamma narsa unga kampirini, yolg‘iz qolganini eslatar, har bir tovush o‘lim bo‘lib uning miya qopqog‘ini chertar edi.
Chol tugab borayotganini ko‘rib o‘g‘li bilan kelini tash- vishga tushib qolishdi.
Bir kuni ertalab chol yo‘qolib qoldi. Qidirilmagan joy qolmadi: yor-do‘st, tanish-bilish, qarindosh-urug‘, hatto «Tez yordam» kasalxonasidan ham xabar olindi, militsiyaga murojaat qilindi. Hammayoq qidirtirilipti-yu, qabristondan xabar olin-
mapti, chol qabristonda ekan. Hikmat buva qabristonga tez- tez borib, kampirning boshida bir soat-yarim soat o‘tirib kelar, lekin bunaqa qolib ketadigan odati yo‘q edi. Chol bu safar borganida kampirning qabrini ziyorat qilish u yoqda qolib, uning yonidan o‘ziga go‘r qazitipti, mudir va go‘rkovlar harchand unashmasa ham qo‘ymapti, janjallashipti.
Chol kun oqqanda adoyi tamom bo‘lib qaytdi. Kimdir uni avtobusdan tushirib yo‘lkaga chiqarib qo‘ydi. Cholning zo‘rg‘a qadam bosib kelayotganini ko‘rgan muyulishdagi cho‘tkachi yugurib borib, uni olib keldi va qo‘liga bir piyola choy berdi.
Xafa bo‘lmay yuribsizmi, otaxon... Kampir onam alomat ayol edilar... Siz o‘sha kuni o‘zingiz bilan o‘zingiz ovora bo‘lib ta’ziyaga kelgan odamlarni payqamadingiz... Ana odam-u... mahallaga sig‘may ketdi! Mahallamizning ko‘chasi bir metr cho‘kdi... Kampir onam dunyoga kelib odam ekkan ekanlar. Dunyoga kelgan odam avval boshi odam ekishi kerak ekan. Men ibrat oldim...
Issiq choymi yo cho‘tkachining gaplarimi cholga ancha mador bo‘ldi.
Ha, – dedi chol biroz g‘urur bilan,– haligacha odam keladi... Ishxonasi ham shuncha yildan beri esidan chiqarmagan ekan.
Cholning paydo bo‘lganidan xabar topgan uy ichi, qo‘ni- qo‘shni chuvillashib kelib uni o‘rtaga olishdi. Birov dashnom bergan, birov bo‘g‘ilgan, birov suyungan...
Bular cholni o‘rtaga olib chuvillashib ketayotganda yo‘l bo‘yida turgan shu mahallalik shifokor voqeani eshitib chol- dan o‘pkalagan bo‘ldi, keyin unga razm soldi-yu, kampirdan gap ochdi:
Onaxonimiz ta’rifga sig‘maydigan ayol edilar, shuncha odam bekorga kelgani yo‘q! Lekin, otaxon, mahallamizga biron sakkiz chelakli bitta samovar kerak ekan, o‘sha kuni juda-juda bilindi. Mahalladan pul yig‘sak, xonadonga necha puldan tushadi?
Cholning hamiyati qo‘zg‘ab ketdi.
O‘g‘lim bilan kelinimning bitta samovarga kuchi yetib qolar, – dedi.
Shifokor undan shu gapni kutgan ekanmi, jilmayib qo‘ydi.
Chol go‘rini qazitib qo‘yib endi bu yerga samovar olgani emas, yotib o‘lgani kelgan bo‘lsa ham, o‘g‘li bilan kelini nomidan mahallaga kattalik qilib qo‘yganidan keyin bu to‘g‘- rida o‘ylashga majbur bo‘ldi – o‘g‘lidan pul oldi, samovar qidirishga kirishdi. Biroq o‘shanaqa samovarni topishdan ko‘ra kondan mis qazib, samovar yasash osonroq ekan: cholning bormagan magazini, yalinmagan magazin mudiri qolmadi. O‘g‘li bilan kelini uning yelib-yugurishiga, unda shuncha kuch qayoqdan paydo bo‘lganiga hayron edi.
Nihoyat, mahalladagi mansabdorlar yordami bilan samo- var topildi, mahalla faollari akt bilan qabul qilib oldi, umumiy majlisda rais Hikmat buvaga rahmatlar aytdi, hamma chapak chaldi.
Shu majlisda yana bir masala ko‘tarildi: mahallada har kuni bo‘lmasa ham, haftada ikki-uch marta to‘y-ma’raka, tug‘ilgan kun va boshqa marosimlar bo‘lib turadi, kim maro- sim o‘tkazadigan bo‘lsa uyma-uy yurib idish-tovoq, dasturxon va boshqa narsalar tilaydi, faollar mahalladan pul yig‘ib biron yuz ellik kishilik mahalla ro‘zg‘ori tashkil qilsa bo‘lmaydimi? Bu taklifni hamma olqishladi, buning mutasaddisi kim bo‘ladi, degan savolga anovi shifokor yana Hikmat buvani taklif qildi. Bu taklifni ma’qullab hamma qiy-chuv ko‘tardi. Hikmat buva unamasdan qarshi so‘z aytgani o‘rnidan turgan edi, shuncha odam chapak chalib, ko‘ziga qarab turganini
ko‘rib indayolmadi.
Mahalla necha xonadon? Bularning hammasi cholni ovora qilmay pulni keltirib bera qolsa ekan! Bu xonadonlardan ko‘pi- ga kirish kerak, koshki bir kirganda pulni bera qolsa ekan: biri ertaga keling deydi, biron falonchi muncha berganda men nega shuncha berar ekanman, deb xarxasha qiladi, biri majlisda angrayib o‘tirib gapga yaxshi tushunmagan, unga tushuntirish kerak bo‘ladi...
Chol har kuni ertalabdan xonadondan xonadonga, bor pulga bir nima olib qolish uchun magazindan magazinga, arz-dod qilgani idoradan idoraga yugurar, shu orada fursat topib ba’zan kampirining mozoriga ham borib kelar edi.
Chol, nihoyat, mahalla ro‘zg‘orini to‘la-to‘kis qilib maktab omboriga qamab oldi. Biroq ro‘zg‘orni but qilishdan ham
ko‘ra uni asrash qiyinroq bo‘ldi: ba’zi odamlar narsani olib vaqtida qaytarishmaydi; ba’zilar, masalan, jo‘mragi uchgan choynak, papirosdan kuygan dasturxon, lattasiga allanima balo to‘kilgan kursi, sanchig‘i qayrilgan vilka va hokazo qaytarishadi, yana «o‘zi shunaqa edi», deb janjal qilishadi. Yo‘q, xayriyat, sal kunda odamlar insofga kelishdi, cholning ishi yengil bo‘lib qoldi.
Bahor keldi. Shaharda daraxt o‘tqazish mavsumi boshlanib ketdi. Shu munosabat bilan gazeta maqola berib, o‘tgan yil bahorda qaysi mahallalar planni to‘ldirmay qolganini, qaysi mahallalar bu ishda namuna ko‘rsatganini aytib, ilg‘or mahal- lalar qatoriga «Yangi mahalla»ni ham qo‘shibdi. Buni cholga nevarasi ko‘rsatib kuldi, chunki o‘tqazilgan daraxtlarning ko‘pgina qismi tutmagan edi. Chol chiqib mahallani aylandi, daraxtlarni ko‘zdan kechirdi. O‘tgan yil bahorda jami bir ming yetti yuz oltmish besh tup ko‘chat o‘tqazilgan bo‘lib, bundan faqat sakkiz yuz oltitasi tutgan, tutgan daraxtlardan yigirma ikki tupi singan, sakkiz tupi sassiq, mo‘rt va umri qisqa daraxtlar ekan. Chol bu ma’lumotni olib to‘g‘ri gazeta tahririyatiga bordi, avval tortinibroq gapirdi, gapi o‘tganini payqagach, shovqin soldi. Gazeta rahbari «Yangi mahalla» haqida noto‘g‘ri ma’lumot bergan muxbirga jazo berganini aytdi va muxbirni aldagan mahalla faollarining kotibiga dash- nom berdi va shu bilan birga gazetaning xatosini ko‘rsatgan Hikmat buva Normatovga tashakkur bildirdi.
Hikmat buva shu kuni burchakdagi cho‘tkachiga mahsisini yog‘latib, «mahallamiz sharmanda bo‘lgani» haqida uning intihosiz javrashiga quloq solib o‘tirgan edi, shu asnoda o‘sha yolg‘onchi kotib o‘tib qoldi va cholni ko‘rib o‘shqirdi:
Hu o‘sha... O‘zimiz to‘g‘rilar edik-ku, senga nima, bir oyog‘ing go‘rda-yu...
Chol sekin burilib qaradi.
Mening bir oyog‘im go‘rda, sening ikkala oyog‘ing to‘rdami? Unaqa demagin, bolam, kim oldin o‘lishini bilib bo‘lmaydi...
Chol yana bir nima demoqchi edi, o‘ziga go‘r qazitib qo‘yganini eslab dami ichiga tushib ketdi. Kotib jahl bilan qo‘l siltab jo‘nadi. Chol qo‘llarini orqasiga qilib boshini quyi solib uyiga tomon bitta-bitta qadam tashlab borar ekan,
o‘ylar edi: «Bu bola go‘r qazdirib qo‘yganimni eshitgan- mikan? Yo‘q, eshitgan emas, lekin eshitishi mumkin...» Chol jadallab uyga keldi va o‘tirib xat yozdi: «Qabriston mudiri va go‘rkovlariga yozib ma’lum qilamanki, qari baqaterak ostidagi mening nomimga qazilgan go‘rni qabriston idorasiga topshiraman, azbaroyi foydalanish uchun». Hikmat buva xatni nevarasidan berib yubordi.