Abdulla Qahhor



Yüklə 349,19 Kb.
səhifə20/35
tarix03.12.2023
ölçüsü349,19 Kb.
#172178
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   35
Abdulla Qahhor. Anor [kitoblar pdf]

SO‘NGAN VULQON


(Eskiz)

Kechasi soat o‘n birlarda Shermatjon aka bizning uyga telefon qilib, «Bitta osh qildir, no‘xat ham solinsin, men bir soatga qolmay yetib boraman», dedi. Biz bu kishining odatini bilganimiz uchun bir oshlik masalliqni hamisha miltiqday o‘qlab qo‘yar edik. Osh damlandi. Shermat aka keldilar. Tizza bo‘yi palov stolga qo‘yildi.


Shermat aka oshni odatda poya shimiganday tovush chiqarib ichiga tortar, iyagini xiyol ko‘tarib uzoq chaynar, yutganida onasini emayotgan och go‘dakday ko‘zlari suzilar, uning osh yeyishini ko‘rgan kasal odamning ham ishtahasi ochilib ketar edi. Biroq Shermat aka bugun osh yeyolmadi. Buning sababi choy vaqtida ma’lum bo‘ldi: u kishini yana boshqa ishga jildirishmoqchi ekan.

  • O‘zim ham sezib yurgan edim,– dedi Shermat aka bir xo‘rsinib olganidan keyin,– yerning tagida ilon qimirlasa bilaman. Mayli, men vatanparvarman, qayerga yuborsa ketave- raman, lekin hozircha og‘zingdan chiqarma, bosti-bosti bo‘lib ketsa ham ajab emas.

Shermat aka ikkovimiz o‘ttiz besh yillik qadrdonmiz. Men o‘ttiz besh yildan beri shu kishining rahbarligida ishlab kela- yotibman. Bu kishi meni qorovullikdan izvoshchilikka, izvosh- chilikdan shoferlikka, undan xo‘jalik mudiri vazifasiga ko‘tar- gan, alhol shu vazifada barqarorman. Bu o‘ttiz besh yil davo- mida biz yettita idorani ko‘rdik. Bu kishi qaysi bir idoraga o‘tmasin, uch kunga qolmay meni ham olib ketar edilar.
Shuni aytib o‘tishim kerakki, bu yillar davomida men tobora pastdan yuqoriga ko‘tarilgan bo‘lsam (tavba qildim, birovga
kulish kerak emas), bu kishi mansab zinasidan pastga yumalab keta berdilar. Men bunga hammavaqt achinib kelganman, hozir ham achinaman. Men bu yerda martaba to‘g‘risida gapira- yotganim yo‘q, katta amalsiz ham bu kishining martabasi ulug‘, obro‘yi joyida, otini hech kim toq aytmaydi: Shermatjon aka- chi, Shermatjon aka, Shermat ota-chi, Shermat ota!.. Men boshqa narsaga achinaman, bu kishi katta ishlarni o‘ynab-kulib bajarar edilar, past ishlarda qiynalib qoldilar, birinchidan, katta ishda qo‘li uzun, hammaga har qanday gapi o‘tardi, «sendan ugina, mendan bugina» degandek, qaysi idora boshlig‘iga nimani iltimos qilsalar iltimoslari yerda qolmasdi; ikkinchidan, idorada qanday yaxshi ish bo‘lsa savobi rahbarga, gunohi faqir-fuqaroga tegardi; uchinchidan, hisobot, ma’ruza, nutq kerak bo‘lsa yordamchilar hammasini boplab berardi, Shermatjon akaga buni arab alifbosiga ko‘chirtirish (Shermatjon aka yangi alifboni uncha bilmaydilar), tegishli joyda o‘qib berish qolardi, xolos; to‘rtin- chidan, u kishiga gazeta o‘qish kerak emas, yordamchilariga
«gazetada idora va rahbarlikka tegishli nima gap chiqsa o‘qib, mazmunini menga aytasan», deb qo‘yardilar.
Past ishdagi qiyinchiliklar, g‘iybat bo‘lmasin-ku, Shermat akani tajangroq qilib qo‘ydi: «Isoning alamini Musodan oladi», deganday, idorada bo‘lar-bo‘lmasga shovqin soladigan, sizlaganni xushlab, senlaganni mushtlaydigan bo‘lib qoldilar;
«nega kekirdakka zo‘r berasiz, tilingizga zindalak chiqqanmi», degan bir xodimni ishdan bo‘shatib yuborguncha ona suti og‘izlariga keldi... Yana g‘iybat bo‘lmasin-ku, Shermat aka ishga ba’zan, majlislarga esa hech qachon kelmaydilar, majlislarga kelganda ham biron masalaning muhokamasida qatnashish, flkr aytish uchun emas, hech kimni pisand qilmaganliklarini ko‘rsatish, pisanda qilish uchun keladilar va hamma bilan urishganday qovoqlarini solib, oyoqlarini chalmashtirganlaricha bir yelkalarini ko‘taribroq shiftning bur- chagiga yoki derazadan tashqariga qarab o‘tiradilar...
Ertasiga samovarga chiqsam, Shermat aka keksa o‘qituv- chi – bir oshnalarini burchakka qisib, kuyib-pishib gap ma’qullab o‘tiribdilar, yonlaridan menga joy berib, so‘zlarida davom etdilar:

    • To‘g‘ri, men hammavaqt hukumatning soldati bo‘lib kelganman, o‘t kech desa o‘t kechganman, suv kech desa

suv kechganman, lekin soldat bo‘lsam ham generalning xizmatini qilgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Mana, seni olaylik, sen ham eski faollardansan, nechta ordening bor?
O‘qituvchi jilmaydi.

Shermat aka bir lahza tutilib qoldi.

  • Men orden tegadigan vaqtlarda ordenga chap berib medal olgan vaqtlarim ham bo‘lgan, lekin faxriy yorliq, rah- matnomalarim bor...

O‘qituvchi oppoq soqolini tutamlab yana jilmaydi.

  • Men orden olmasimdan burun sakkizinchi, to‘qqizinchi, o‘ninchi sinflarga dars berar edim, hozir to‘rtinchi sinfdan nari o‘tolmay qoldim. Oliy ma’lumotli yoshlar ko‘p. Bundan tashqari, o‘quvchi bolalar ham men orden olgan vaqtdagi bolalar emas. Rahbarlik ishi ham inchunin, bu san’atni yaxshi egalla- gan, bilimdon yoshlar chiqqan. Hozirgi xalq ham sen generallik xizmatini o‘tab orden olgan zamondagi xalq emas. Sen hozir general bo‘lolmasdan ham generallik izzat-hurmatini ko‘rishing mumkin. Buning uchun yoshlarning g‘ayratini, qobiliyatini tan olishing, yoshlarning yelkasiga qoqishing kerak. Orden, medal vaqtida qilgan xizmatimizni taqdirlab berilgan narsa, orden, medalni qachongacha qaynatib ichamiz!

O‘qituvchining bu gaplari Shermat akaga qattiq tegdi. Uning yuzida «dard-hasratimni kelib-kelib senga aytdimmi», degan bir ifoda qotib qoldi. O‘qituvchi turib ketganidan keyin Shermat akaga tegishdim:

  • Hozircha bu gapni hech kimga og‘zingdan chiqarma degan edingiz, o‘zingiz aytibsiz-ku! – dedim.

Shermat aka «hech aqling kirmadi-da», degan ma’noda menga qiyo qaradi.

  • Men tangadakkina qilib aytdim, sen aytsang g‘alvirday qilib aytar eding!

Bir necha kundan keyin tuman rahbari Shermat akani suhbatga chaqirdi. Suhbatda nima gaplar bo‘lganini Shermat aka menga aytmadi, lekin jon-jonidan o‘tib ketgan bir narsani aytdi: uni «So‘ngan vulqon» deb atashibdi.
Shermat aka ertasiga tush vaqtida yangi idorasiga meni ham olib bordi. Uning kelishi ma’lum ekan shekilli, xizmat-
chilar yo‘lakda saf tortib qarshi olishdi. Kabinetni ko‘rib Shermat akagina emas, men ham hang-mang bo‘lib qoldim: yashil movut qoplangan va oyoqlari shertamg‘a eski stol, besh-oltita har xil kursi, bitta telefon, u ham devorga qoqilgan. Shermat akaning qovoqlari qizarib, tomog‘i lipilladi, aftidan, juda ham xo‘rligi kelib ketdi. U o‘zini bosib olganidan keyin taomilga ko‘ra xizmatchilarni chaqirtirdi va ularga qarab bir necha so‘z aytdi:

    • Men bu kungi kunda sizlar bilan ishlashlik sharafiga erishib turibman. Bitta rahbarning qo‘lidan hech ish kelmaydi, qachonki rahbarlikda ishlaydigan odamlar vazifani ortig‘i bilan bajarmasalar...

Shermat aka ilgarilar bunaqa vaqtda qog‘ozga so‘zlar edi, hozir so‘z, nazarimda, kabinetga yarasha bo‘ldi. Odamlar tarqalishdi. Shermat aka uzoq sukut qilganidan keyin boshini ko‘tarib menga ma’yusgina qaradi.

    • Nima bo‘layotibdi o‘zi? So‘ngan vulqon! Vulqon so‘nsa olov, tutun chiqarmasa ham teshigi qoladi-ku! Yerdagi olov, tutundan ko‘ra tog‘ning cho‘qqisidagi teshik yaxshi emasmi?.. Xotiningga telefon qil, bitta achchiq osh qilib tursin!

Men uyga telefon qildim. Idoradan chiqib katta yo‘lga tomon yurdik. Katta yo‘l bo‘yiga kelganimizda Shermat aka menga, yo‘q, o‘ziga dedi:

    • Ko‘kragingni ko‘tarib yur, ko‘rgan odam mashinasi bor-u oyog‘ini yozgani piyoda yuribdi desin!

Mashinalar keti uzilmay u yoqdan-bu yoqqa g‘izillab o‘tayotgan katta ko‘chani kesib o‘tishimiz kerak edi, men chopib o‘tib oldim. Shermat aka savlat to‘kib bitta-bitta qadam tashlar edi. Bir shofer do‘ng‘illadi, yana biri chaparasta qilib so‘kib tashladi. Shermat aka yo‘lkaga chiqib olganidan keyin chuqur xo‘rsindi.

    • Mana, yer tepkanni el tepadi degani shudir-da, endi shoferlardan ham so‘kish eshitadigan bo‘lib qoldik. Nima bo‘layotibdi o‘zi!

Sal jadallasak bo‘lar edi, osh lanj bo‘lib qoladi.

Yüklə 349,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   35




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin