Dotsent Muxtorxon Mansurov nihoyatda istarasi issiq, nihoyatda dilkash chol, shu qadar dilkashki, uni ko‘rgan kishi har faslning o‘z husn-latofati bor degan gapni yil fasllari to‘g‘risidagina emas, umr fasllari to‘g‘risida ham aytsa bo‘lar ekan deb qolardi. Uning bitta-ikkita qora tuk chap berib qolgan oppoq cho‘qqi soqoli... Yopirimay, soqol ham odamga shuncha yarashadimi-ya!..
Cholni bunchalik istarasi issiq, dilkash qilgan, soqolidan tortib yurishigacha hamma narsasini, har bir harakatini chi- royli, yoqimli qilib ko‘rsatgan, ehtimol, uning odamoxunligi ham bo‘lsa. O‘zi shunaqa bo‘ladi-ku: yaxshining yuzida zuluk ham xol bo‘lib ko‘rinadi.
Ammo-lekin Muxtorxon domla nafsilamriga odamning joni edi. Uning xushfe’lligi, to‘poriligi... mahallada katta-kichik hamma bilan salomlashar, yosh bilan yosh, qari bilan qari bo‘lib gaplashar, xursand kishi bilan chaqchaqlashib, xafa bilan dardlashar edi. Bu odam mahalla hayotiga, har bir kishining diliga kirib, shu qadar singib ketgan ediki, ta’tilga yo xizmat safariga ketsa butun mahalla huvillab qolganday bo‘lar edi.
Kunlardan bir kuni mahallada duv-duv gap bo‘lib qoldi:
«Muxtorxon domla uylanarmishlar!..»
Domla bundan uch yil burun beva qolib, unga goh singlisi, goh uzatgan qizi qarab yurar edi. Uning niyatini eshitib mahallada xursand bo‘lmagan odam qolmadi.
Hech kim qarigan chog‘ida juftidan qolmasin. Osonmi, kishi nima bo‘lishini bilmaydi, bosh yostiqqa tegishi bor... Qari odamga mahram kerak...
Hali hech kim ko‘rmagan bo‘lsa ham Muxtorxon domla yoqtirgani uchun juda aqlli, tamizli ayol chiqishi muqarrar bo‘lgan kelinni hamma g‘oyibona yaxshi ko‘rib qoldi.
Mahallamizning toleyi bor ekan,– deyishar edi.– Domla otaxonimiz edilar, kelinimiz bizga onaxon bo‘ladilar... Mish-mish rost bo‘lib chiqdi: domla bozor qilishni, magazinga kirishni jinidan battar yomon ko‘rar edi, kimdir uni univermagda navbatda turganini ko‘ribdi; ertasiga choy-
xona oldidan chamandagul do‘ppi kiyib o‘tdi.
Mahalla faollari kengashib, mahalla nomidan yaxshiroq bir to‘yona qiladigan bo‘lishdi. Ularning fikricha, bu narsa kuyovga ham, kelinga ham butun aholining hurmat va muhab- batini izhor qilishi kerak edi.
Shu orada domla qayoqqadir ketib, bir haftadan keyin paydo bo‘ldi. Uning avtobusdan tushib kelayotganini ko‘rgan choyxonadagi odamlar hang-mang bo‘lib qolishdi: chol o‘lgur soqolini, shunday chiroyli soqolini tag-tugi bilan qirdirib tashlabdi! Achinmagan, xafa bo‘lmagan odam qolmadi.
U biron yoqqa borib qaytganida choyxonaga kirmasdan, katta-kichik bilan ko‘rishib, hol-ahvol so‘ramasdan o‘tmas edi, hozir choyxonaga yaqinlashganida ko‘chaning narigi yuziga o‘tib oldi-yu, yerga qarab, jadallaganicha o‘tdi-ketdi. Uning o‘zigagina emas, butun mahallaga fayz kirgizib turgan soqolini oldirgani, buning ustiga yana choyxonani chetlab o‘tgani ba’zilarni tashvishga solib qo‘ydi:
Domlamizga nima bo‘ldi ekan? Domlamiz nega bunaqa bo‘lib qoldi ekan?..
Domlaga hech bir g‘ubor qo‘nishini istamagan boshqalar bu ikki gunohni bir-biriga yegizib, uni oqlashga tirishdi:
Domlamiz biron xayolga borib soqolini qirdirgan-u, hozir pushaymon, uyalganidan bizga ro‘para bo‘lmadi...
Oradan ko‘p o‘tmay choyxo‘rlardan biri qiziq bir gap topib keldi. Bu yigit domlani shaharning narigi chekkasidagi parkda ko‘ribdi. Domla, boshida chamandagul do‘ppi, egnida kalta va tor shim, katak ko‘ylak, yengini baland shimargan, bilagida kattakon tilla soat, o‘zi yakka pivo ichib o‘tirgan emish! Uning bunday odati yo‘q edi, shuning uchun yigit hayron bo‘lib biroz qarab turibdi. Domla ikki shisha pivoning ustidan yuz gramm araqni bitta otib o‘rnidan turibdi-yu, gulchidan kattakon guldasta sotib olib, parkning orqasidagi jinko‘chaga kirib ketibdi. Bu gapni eshitib odamlarning dami ichiga tushib ketdi. Ba’zi birovlarning ko‘ngliga allaqanday jirkanch, domlaning sha’niga hech to‘g‘ri kelmaydigan gaplar keldi... Shunda mahallaning qariyalaridan Karim ota hozir ba’zi birovlarning ko‘ngliga kelgan gapdan ham xunukroq bir taxminni aytib qoldi:
Xayr, ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin,– dedi, – kelinimiz yoshga o‘xshaydi... Qiz bo‘lmasa deb qo‘rqaman!
Karim otaning bu taxmini, domlaning keyingi vaqtlardagi raftoriga qaraganda ehtimoldan uzoq bo‘lmasa ham, odam- larga qattiq malol keldi. Bir-ikki kishi Karim otaning dilini og‘ritdi.
Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, Karim otaning taxmini to‘g‘ri chiqib qoldi: «Domla o‘zining talabasi – yigirma yashar bir juvonga uylanayotgan emish», degan gap tarqaldi.
To‘yga yaqin qolganda kelin ko‘chaning boshidagi atelyega ko‘ylak buyurgani kelgan ekan, nima bo‘lib bundan xabar topgan ayollar ko‘rgani borishdi. Kelin darhaqiqat yosh, lekin xuddi qiziqchilikka semirganday yum-yumaloq; egnida yengsiz qizil ko‘ylak, boshida popushakning tojiga o‘xshagan qizil shlapa; qo‘lidagi sumkasi, oyog‘idagi poshnasi bir qarich tuflisi ham qizil. Uni adovat va nafrat bilan boshdan-oyoq kuzatgan ayollardan biri burilib atelyedan chiqib ketar ekan:
Xo‘rozqandga o‘xshamay o‘l! – dedi.
Qarigan chog‘ida xo‘rozqand yalamay domla ham o‘lsin!– dedi yana biri.
Bu laqab darrov tarqalib ketdi. Domlaga qo‘l urish bilan mahallaning fayzini o‘g‘irlagan, odamlarning dilini hamisha yoritib turadigan chiroqni so‘ndirgan bu ayolni ko‘rgan ham, ko‘rmagan ham toshni teshadigan bir g‘azab bilan yomon ko‘rar edi. Bu g‘azab odamlarning ko‘nglidagi domlaga bo‘l- gan hurmat va muhabbat tuyg‘usini chirita boshladi. Bora- bora domla deganda odamlarning ko‘ngliga g‘ashlik tushadigan bo‘lib qoldi. Domla shuni o‘zi sezsa kerak, mumkin qadar odamlarning ko‘ziga ko‘rinmaslikka tirishadigan bo‘ldi.
To‘y kelinnikida bo‘lib o‘tdi. Buni mahallada Karim otadan boshqa hech kim bilmay qoldi. Karim ota ham to‘yga emas, kabob pishirib bergani chaqirilgan ekan. Bundan xabardor bo‘lgan mahalla yoshlari uni hol-joniga qo‘ymay, choyxonaga olib chiqishdi va to‘y qanday o‘tganini gapirib berishga majbur qilishdi. Karim ota «birovning sirini aytmayman», deb avval tarxashlik qildi-yu, bir-ikki savolga javob berganidan keyin qulfi dili ochilib ketdi: ikki gapning birida peshonasiga urib, goh bo‘g‘ilib va goh qotib-qotib kulib, odamlarni kuldirib hikoya qildi.
To‘yga kelin tomondan ellikka yaqin, kuyov tomondan sakkiz kishi aytilgan ekan, ikkala tomondan hammasi bo‘lib o‘n bir kishi kelibdi. Bir dutorchi, ikki ashulachi va Karim ota ham
shu hisobga kirar edi. Soat oltiga belgilangan to‘y soat o‘ndan oshganda boshlanibdi. Kelin birpas boshiga oq ro‘mol yopinib o‘tiribdi-yu, bir-ikki qadah ichgandan keyin, alamiga chidol- may o‘yinga tushibdi. Domla chapak chalibdi, ashulaga qo‘shilibdi...
Ha, aytganday,– dedi Karim ota piqirlab kulib, – domla sochlarini bo‘yatibdilar!.. Azbaroyi xudo, kuya tushgan po‘stakka o‘xshaydi!.. Mayli, bo‘yoq topilgan bo‘lsa bo‘yasin, lekin shu bo‘yoq bilan qilig‘ini ham bo‘yashga, sochiga mos qiliqlar qilishga urinsa uncha yaxshi chiqmas ekan!
Darhaqiqat, domlaning fikr-yodi o‘zini iloji boricha yosh ko‘rsatishda bo‘lib qoldi. U nima qilsa, nima desa shuni esdan chiqarmas, yosh ekanini ko‘rsatish uchun qulay kelgan hech bir imkoniyatni qo‘ldan bermas, «hali yoshsiz» degan kishiga jonini, jahonini berishga tayyor edi.
To‘ydan keyin oradan bir oy o‘tar-o‘tmas kelin g‘alati bir dardga yo‘liqdi: ba’zan kechalari hadeb chuchkiradigan bo‘lib qoldi; shifokorga ko‘ringan ekan, shifokor «Bu dardning davosi – dengiz havosi», debdi. Domla ertasi ertalabdan idorama-idora yugurdi, soat to‘rtga qolmasdan yo‘llanma bilan poyezd biletini keltirib kelinga topshirdi.
Kechqurun eshik oldida ko‘kish taksi ko‘ndalang bo‘ldi. Domla kuni bo‘yi yelib-yugurib holdan toyganiga qaramay, ikkita og‘ir chamadonni mashinaga o‘zi olib chiqdi va yukxonaga o‘z qo‘li bilan joyladi; o‘sha yengsiz qizil ko‘ylagini, qizil shlapasini kiyib hovlidan yana xo‘rozqand bo‘lib chiqqan kelinga mashinaning eshigini ochib berdi, keyin chiqib yoniga o‘tirdi.
Mashina jo‘nadi, jo‘nadi-yu, tezlab do‘ngroq ko‘prikdan o‘tishda nima bo‘lib yukxonaning qopqog‘i bir ko‘tarildi-da, boyagi ikkala chamadon otilib chiqdi. Ikkala chamadon, xuddi bir-biri bilan chopishganday, irg‘ishlab-irg‘ishlab talay yerga- cha bordi-yu, biri yo‘lning o‘rtasida, ikkinchisi yo‘lakchaga chiqib to‘xtadi. Shofer bundan kechroq xabardor bo‘ldi shekilli, mashina qirq-ellik qadam narida to‘xtadi. Mashina to‘xtashi bilan domla eshikdan otilib chiqdi, chamadonlarga qarab yugurdi va ketidan chopgan shofer, choyxonadan yugurib tushgan uch-to‘rt kishining ko‘magini rad qilib, har birini bir odam zo‘rg‘a ko‘taradigan ikki chamadonni o‘zi yakka ko‘tardi va mashinaga tomon yurdi. U yarim yo‘lgacha
chamadonlarni azod ko‘tarib, bardam qadam tashlab bordi- yu, undan nari rangi oqarib, tizzalari qaltirab tentiray boshladi; shundoq bo‘lsa ham, nomus kuchi bir iloj qilib mashinaga yetib bordi; chamadonlarni qo‘ydi-yu birdan ko‘zlarini ishqab, mashinaga kirib ketdi. Shofer chamadonlarni yaxshilab joyladi. Mashina qo‘zg‘aldi, qo‘zg‘aldi-yu o‘n-o‘n besh qadam yurmasdan, birdan eshigi ochildi, xo‘rozqand dodlaganicha o‘zini yerga otib, ikki-uch dumalab ketdi. Odam yig‘ildi. Xo‘rozqandni ko‘tarib olishdi. Xo‘rozqand gapirolmas, dir- dir titrab, kishnaganday bir tovush chiqarar va qo‘li bilan
mashinani ko‘rsatar edi.
Bir necha kishi mashinaga tomon yugurdi. Shofer qo‘rqib, nima bo‘lganiga tushunolmay, bir chekkada turar edi. Odamlar mashinani ochib qarashsa, domla... o‘lib qolipti!
Ertasiga domlani ko‘mish marosimi bo‘ldi. Marosimga mahalladan odam ko‘p qatnashmadi, aftidan, domla ko‘p odamning qalbida bundan bir oy burun o‘lgan, ko‘plar o‘sha to‘yni domlaning janozasi hisoblashgan edi...