1936-yil
BEMOR
(O‘tmishdan)
Osmon yiroq, yer qattiq.
Maqol
Sotiboldining xotini og‘rib qoldi. Sotiboldi kasalni o‘qitdi – bo‘lmadi, tabibga ko‘rsatdi. Tabib qon oldi. Betobning ko‘zi tinib, boshi aylanadigan bo‘lib qoldi. Baxshi o‘qidi. Allaqanday bir xotin kelib tolning xipchini bilan savaladi, tovuq so‘yib qonladi... Bularning hammasi, albatta, pul bilan bo‘ladi. Bunday vaqtlarda yo‘g‘on cho‘ziladi, ingichka uziladi.
Shaharda bitta shifoxona bor. Bu shifoxona to‘g‘risida Sotiboldining bilgani shu: salqin, tinch parkda, daraxtlar ichiga ko‘milgan baland va chiroyli oq imorat; shisha qabzali kulrang eshigida qo‘ng‘iroq tugmasi bor. Chigit po‘choq va kunjara bilan savdo qiladigan xo‘jayini Abdug‘aniboy, omborda qulab ketgan qoplar ostida qolib o‘ladigan bo‘lganida bu shifoxonaga bormay Simga1 ketgan edi. Shifoxona deganda Sotiboldining ko‘z oldiga izvosh va oq podshoning suvrati solingan 25 so‘mlik pul kelar edi.
Bemor og‘irlashdi. Sotiboldi xo‘jayinining oldiga arzga bordi, ammo bu borishdan muddaosi nima ekanini aniq bilmas edi. Abdug‘aniboy uning so‘zini eshitib ko‘p afsuslandi, qo‘lidan kelsa hozir uning xotinini oyoqqa bostirib berishga tayyor ekanini bildirdi, keyin so‘radi:
Devonaiy Bahovaddinga hech narsa ko‘tardingmi?
G‘avsula’zamga-chi?
Sotiboldi ketdi. Bemorning oldidan jilmaslik va shu bilan birga tirikchilik uchun xonaki bir kasb qilishga majbur bo‘ldi – har xil savatchalar to‘qishni o‘rgandi. U ertadan-kechgacha oftobshuvoqda, gavronlar ichiga ko‘milib savat to‘qiydi. To‘rt yashar qizchasi qo‘liga ro‘molcha olib, onasining yuzini karaxt, nimjon, xira pashshalardan qo‘riydi; ba’zan, qo‘lida ro‘molcha, mukka tushib uxlab qoladi. Hammayoq jim. Faqat pashsha g‘ing‘illaydi, bemor ingraydi; har zamon yaqin-yiroqdan gadoy
1 Sim – hozirgi Farg‘ona shahri.
tovushi eshitiladi: «Hey do‘st, shaydullo banomi ollo, sadaqa raddi balo, baqavli rasuli xudo...»
Bir kechasi bemor juda azob tortdi. U har ingraganda Sotiboldi chakkasiga burov solingan kishiday talvasaga tushar edi. Qo‘shnisi – bir kampirni chaqirdi. Kampir bemorning to‘zigan sochlarini tuzatdi, u yoq-bu yog‘ini siladi, so‘ngra... o‘tirib yig‘ladi.
Begunoh go‘dakning saharda qilgan duosi ijobat bo‘- ladi, uyg‘oting qizingizni! – dedi.
Bola anchagacha uyqu g‘ashligi bilan yig‘ladi, keyin otasining g‘azabidan, onasining ahvolidan qo‘rqib, kampir o‘rgatgancha duo qildi:
Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin...
Bemor kundan-kun battar bo‘lib, oxiri o‘sal bo‘ldi.
«Ko‘ngilga armon bo‘lmasin», deb «chilyosin» ham qildirishga to‘g‘ri keldi. Sotiboldi to‘qigan savatchalarini ulgurji oladigan baqqoldan yigirma tanga qarz ko‘tardi. «Chilyosin»dan bemor tetik chiqqanday bo‘ldi; shu kechasi hatto ko‘zini ochib, qizchasini yoniga tortdi va pichirladi:
Xudo qizimning saharlari qilgan duosini dargohiga qabul qildi. Dadasi, endi tuzukman, qizimni saharlari uyg‘otmang. Yana ko‘zini yumdi, shu yumganicha qaytib ochmadi – saharga borib uzildi. Sotiboldi qizchasini o‘lik yonidan olib, boshqa yoqqa yotqizayotganda qizcha uyg‘ondi va ko‘zini
ochmasdan odatdagicha duo qildi:
Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin...
1936-yil
O‘JAR
Ul tuta ot quyrug‘indan, «bo‘l uzun soch» deb qo‘ya,
«Tek nega boshda tugul?» Tanqidga muhtoj deb qo‘ya.
A. To‘qay
Qutbiddinovga ovchi oshnasi ikkita tustovuq in’om qildi. Tustovuqlar tozalanib, tuzlanayotganda Qutbiddinovning fe’li aynidi, ya’ni bironta shinavanda ulfat bilan birpas dilkashlik qilg‘usi keldi. Uning qo‘shnisi Zargarov yaqin bir oy bo‘ladi, chorakam bir litr xushbo‘y vinoni dumba-jigar bilan ichgani
asrab yurar edi, semiz tustovuqning daragini eshitib, «Xayr, qo‘y so‘ysak yana vino topilar», dedi.
Bu ikki ulfat ahyonda mana shunday dilkashlik qilganlarida suhbat boshdan-oyoq ikki mavzudan chetga chiqmas edi: biri – shu ketishda shahrimiz yana ellik yildan keyin qanday bo‘lar ekan; ikkinchisi – so‘nggi vaqtlarda fan kishilarni yoshartirish to‘g‘risida nega indamay qo‘ydi?
Qutbiddinovning o‘g‘li Suyar ovqatdan keyin o‘quvchilar saroyiga ketgan edi, soat oltidan o‘tib borayotir – daragi bo‘lmadi. Shu vajdan Qutbiddinov suhbatning boshlanishida jinday tashvishmand bo‘lganidanmi, bu safar mavzu shahar- ning kelajagi, fanning jimib ketgani emas, bola tarbiyasi bo‘lib qoldi. Zargarovning ham o‘g‘li bor. Ikki ota hozirgi tarbiyani xo‘p maqtashdi. Zargarov uzun so‘zdan xulosa chiqarib, «men yoshligimda shunday tarbiya ko‘rgan bo‘lsam, hozir yerda turib oyda chorvachilik qilar edim», dedi.
Men ham, – dedi Qutbiddinov, – men ham ko‘p hikmatlar ko‘rsatar edim. Lekin, birodar... Qani, ichaylik! A uf... Lekin, birodar, har yomonning bir «ammo»si bo‘lishi kerak, har yaxshining bir «lekin»i. Hozirgi tarbiya yaxshi. Hech shubhasiz yaxshi! Lekin kamchiligi yo‘qmi? Bor, albatta bor! Masalan, bolalarga shaxmat o‘ynatishni olaylik. Bolaning miyasi shunday miyaki, chunonchi... bizning moliya tili bilan aytganda, alohida paragraf!
Oh-oh-oh! Otangizga rahmat! Kamol toping, do‘stim! Men ham xuddi mana shuni aytaman, deb turgan edim. Shundoq, do‘stim, bola deganingizning miyasi... lye, siz nega oq ichmadingiz?
Fikrlar bir joydan chiqib, ikki tanqidchi ko‘p mamnun bo‘lishdi. Suhbat yana ham jonlanib ketdi. Hozirgi tarbiyani olib shaxmatga urildi, shaxmatni olib tarbiyaga; ikkovining ham dabdalasi chiqarildi. Qutbiddinov qadahlarni yana to‘l- dirdi, vilka bilan iyagini qashlab davom etdi:
Shaxmatning yana bir zarari shuki, agar g‘irrom odam bilan o‘ynasangiz asabingiz buziladi. O‘ttiz to‘rtinchi yilda Bobojonov bilan o‘ynagan edim, g‘irromlik qilib shohimni olib qo‘ydi. Shohimni ber, men senga bo‘lak narsa beray, desam ko‘nmadi, cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Jahlim chiqib qolgan ekan, shohsiz o‘ynay berdim, bari bir qoldirdim.
Shundan beri o‘ynamaydigan bo‘lib ketdim. Nima keragi bor? Xo‘sh, ana qoldirdim, nima bo‘pti?
Shuni ayting, poyezddan qoliptimi?
Soat sakkizdan o‘tganda Suyar keldi. U eshikdan juda hovliqib kirgan edi, bularni ko‘rib, shashti qaytdi; sekin ich- karigi uyga kirib ketayotganida Zargarov ko‘rib qoldi.
E, e, yigitcha! Qani, buyoqqa keling-chi! Ho‘, bara- kalla, mulla Suyar! Otasini suyarmi, onasini suyarmi, a? Yo ikkalalarini ham suyarmi?
Qutbiddinovning otalik mehri jo‘sh urib ketdi, Suyarning boshidan, yuzidan o‘pdi, quchoqladi.
Albatta, otasini suyar-da, a, o‘g‘lim? Bizning o‘g‘il ko‘p yaxshi-da: birov bilan urishmaydi, papiros chekmaydi, onasidan otasini yaxshi ko‘radi, shaxmat o‘ynamaydi...
Suyar o‘zining quvonchini tantana bilan e’lon qildi:
Bugun instruktorimizni qoldirdim, dada!
E, ana endi! Ko‘p bema’ni ish qilibsiz-da, o‘g‘lim! Shaxmat o‘ynamagin demabmidim! Qara, burningdan suv oqyapti, miyang suyulibdi!
Suyar bo‘shashib ketdi.
Shaxmat o‘ynagandan emas, – dedi burnini artib,– kecha o‘zingiz ariqdan ko‘zoynagingizni izlatdingiz...
Qutbiddinov labini burdi.
Ko‘zoynak izlasa burundan suv oqar emishmi? Ming la’nat! Bor, uyga kir, darsingga qara!
Suyar ta’bi xira bo‘lib, kirib ketdi. Qutbiddinov o‘g‘lining noqobilligidan, andishasizligidan qattiq xafa bo‘ldi; nahot otasi shaxmat o‘ynamagin degan bo‘lsa-yu, o‘ynasa; o‘ynaganini yana, ayniqsa mehmonning oldida, bu qadar tantana bilan e’lon qilsa. Zargarov ko‘p bolalar shunaqa ekanligi va Suyar eslik bola bo‘lgani uchun bu xildagi qusurlarini yo‘qotish qiyin emasligini aytib, ranjigan otaning ko‘nglini ko‘targan bo‘ldi.
Mening o‘g‘lim-chi, bundan ham battar. Men unga tog‘ injeneri bo‘lgin desam, «Yo‘q, dada, bilmaysiz, men uchuvchi bo‘laman», deydi. Xa-xa-xa... voy, itvachcha-yey, men bilmas emishman!
Ikki tanqidchi bolalarning otalarga gap qaytarishlarini, otalarning so‘zlarini ba’zan yerda qoldirishlarini hozirgi tarbiyada bo‘lgan eng katta kamchilikning natijasi hisoblashdi va buni har kuni, har soatda ko‘rib turganlari holda bunga
qarshi jamoat flkrini qo‘zg‘aguday bir ish qilolmaganlari uchun o‘zlarini ham ayblashdi.
Men shu to‘g‘rida gazetaga bir maqola yozsammi deb ham o‘ylagan edim, – dedi Zargarov, – lekin kelishtirol- masman deb qunt qilmadim. Chala-chulpa yozib birovning oldiga «shu to‘g‘rimi?» deb borgani nomus qilaman. Rostini aytsam, ellik oltiga kirib ham birovdan aql o‘rganishni o‘zimga ep ko‘rmayman. Endi, men sizga aytsam, biz birovga aql o‘rgatsak tuzuk. Nima dedingiz?
Albatta. Lekin men ham maqola yozishga yo‘qman, birodar. Endi biz-ku, o‘tdik, bolalarimiz ham bizday bo‘l- masin deng. Buning uchun bolalarga har xil adabiyotlardan o‘qitish kerak. Bu to‘g‘rida ham hozirgi tarbiya o‘choqlari- mizning beparvoligi bor. Chunonchi, men u kuni o‘g‘lingizni imtihon qilib ko‘rdim. Mazasi yo‘q! Hatto Saltikov bilan Shchedrin degan mashhur yozuvchilarni bir-biridan farq qilolmaydi, ikkovi bitta odam deydi. Kula-kula o‘libman. Sizga aytaman deb esimdan chiqibdi.
Zargarov «o‘g‘lim a’lochi» deb hech kimga so‘z bermas edi, Qutbiddinovning bu kulgisi uni tamom o‘ldirdi.
Rosti bilan shunday dedimi? Adabiyotdan ham a’lo baho olgan edi-ku.
Adabiyot muallimi oshnangizdir.
Bey, Saltikov bilan kim dedingiz hali, Shchedrinmi?
Shuni bilmasa men qulog‘ini tagi bilan sug‘urib olaman.
Qutbiddinov hamon kular edi.
Bilmaydi, bahuzur sug‘urib ola bering, azbaroyi xudo, ikkovi bir odam deydi.
Qutbiddinovning me’yordan ortiq kulgisi Zargarovning g‘ashini keltirdi. Nima bo‘lib uning og‘zidan «mening o‘g‘lim bilmasa, sening o‘g‘ling ham bilmaydi» degan mazmunda so‘z chiqib ketdi. Qutbiddinov ham o‘zining o‘g‘liga ishonganligi uchun Zargarovning bu bo‘htoniga darrov, issig‘ida zarba bergisi keldi.
Hozir, hozir, – dedi, – Suyar! Ho, Suyar! Bu yoqqa chiq, o‘g‘lim! E, yotganmiding? Mayli, bu yoqqa o‘tir. Bizga bir narsani hal qilib ber: Saltikov katta yozuvchimi, Shchedrin katta yozuvchimi?
Suyar goh otasiga, goh Zargarovga qarar va hayron edi.
Yo‘q, siz savolni noto‘g‘ri qo‘ydingiz, – dedi Zar- garov. – Bunday: Saltikov ilgari o‘lganmi, Shchedrin?
Ikkovi bitta odam-ku! – dedi Suyar nima gap ekanini bilolmay.
Zargarov qiyqirib kuldi, chapak chaldi va bunga ham qanoat qilmay o‘rnidan turib o‘yinga tushdi.
Qutbiddinov do‘q urdi:
Saltikov bilan Shchedrin-a? Kim aytdi senga?
O‘zim bilaman, kitobda bor.
Kitobda bor? Shaxmatni ko‘proq o‘yna, itvachcha! Qutbiddinov bola bechorani xo‘p urishdi. Zargarov Qut-
biddinovni o‘larday kalaka qilib toza alamini oldi, buning ham og‘irligi Suyarga tushdi. Suyar yig‘lab yubordi.
Undoq demagin, o‘g‘lim, – dedi Zargarov birpas jim- likdan keyin,– dadang bir narsa degandan keyin darrov «xo‘p, bilmabman», deyishga o‘rgan. Yaxshi emas.
Noto‘g‘ri aytsalar-chi?
Ikki tanqidchi yalt etib bir-biriga qaradi va bu qarashda ikkovining ham ko‘nglidan bir gap o‘tdi: «Bola ham shunday o‘jar bo‘ladimi?» Suyar ichkariga kirib ketdi. Qutbiddinov ertagayoq Suyarning maktabiga borib katta g‘alva ko‘tar- moqchi bo‘ldi. Zargarov maktabdan ham ko‘ra o‘quvchilar saroyiga borishni ma’qul ko‘rdi. Anchadan keyin Suyar kattakon bir kitob ko‘tarib chiqdi:
Mana,– dedi portretni ko‘rsatib, – mana, Saltikov- Shchedrin!
Qutbiddinov «bu o‘jar bola hamon o‘zinikini ma’qul qil- moqchi», deb juda g‘azablandi, ammo mehmonning oldida o‘zini tiydi. Zargarov portretning ostidagi yozuvni o‘qib, xuddi qanotli tuya ko‘rganday ajablandi va kitobni sekin Qutbid- dinovning oldiga surdi. Qutbiddinov portret va uning ostidagi yozuvga uzoq tikildi, so‘ngra, ko‘zoynagini sekin qulog‘idan bo‘shatar ekan:
Him... – dedi, – Saltikov-Shchedrin! Ko‘rdingizmi, o‘sha vaqtdagi yozuvchilar ham soqol qo‘ygan ekan...
Jimlik cho‘kdi. Suyar indamay ichkariga kirib ketdi. Shu yerda hikoya ham tamom, chunki uning mantiqiy davomi g‘alaba qozongan Suyarning bu ikki tanqidchidan o‘ch olishi bo‘lar edi. Suyar buni lozim topmadi.
Dostları ilə paylaş: |