Nikohdan o‘tish payshanba: o‘tirish juma kuniga belgilandi. Naimjon qahvaxonaga borib, shu kuni kech soat o‘n birga o‘n ikki kishiga stol buyurib keldi.
Muattar Anvarni magazinma-magazin olib yurib qora kostum, qora tufli, oq ko‘ylak, galstuk olib berdi.
Ikkovi shu kuni kechqurun qo‘l ushlashib, uyga xandon- xushon kirib borishdi – Marg‘uba bularni ko‘rib o‘tqizgani joy topolmay qoldi, er-xotin ikki shaharda turishi «shunaqa bo‘ladi» degan so‘zida har xil qochirma, hazil-mutoyiba qildi, hijron haqidagi she’rlardan bir-ikki satr o‘qidi, bularning kechqurun teatrga borish niyati borligini eshitib, darrov ovqat qildi. Ovqat vaqtida Muattar uni g‘aflatga solish uchun Anvarning oyog‘ini sekin bosib:
Mana, opa, hammamiz ham qutuldik, Muhayyo erga tegayotgan emish, bugun to‘y, – dedi.
Anvar bu nayrangga o‘zidan bir nima qo‘shmoqchi bo‘lib:
Tag‘in to‘yiga borib yurmang! – dedi. Marg‘ubaning jig‘ibiyroni chiqdi.
Voy, men nega borar ekanman! Azasiga aytsa, chop- qillab boraman! Hu to‘yidan tobuti chiqsin!
Bilaman, sening ko‘ngling hali ham o‘shanda! – dedi yig‘lamsirab, – qiz ko‘r qiladi-ya, noshukr, qiz ko‘r qiladi!.. Anvar ishning pachavasini chiqarib qo‘yishidan qo‘rqib, Muattar uni tezroq olib ketish harakatiga tushib qoldi. Anvar yangi sotib olingan kiyim-boshini kiydi. Marg‘uba unga yangi ro‘molcha berib, qutlug‘ bo‘lsin qildi. Anvar hozirgina o‘tgan ikki oradagi tundlikka butkul barham bermoqchi bo‘lib yol-
g‘ondan:
Yuring, amma, o‘yinga olib boraylik, – dedi. Marg‘uba suyunib ketdi.
Umrlaringdan baraka topinglar! – dedi va kiyingani narigi uyga kirib ketdi.
Anvar rangi o‘chib Muattarga qaradi, Muattar xunob bo‘ldi.
Sizga kim qo‘yibdi, tek o‘tirsangiz bo‘lmaydimi! Endi to‘g‘irlang, «sizga to‘g‘ri kelmaydigan o‘yin – balet» deng! Marg‘uba kiyinib chiqqanda Anvar xatosini to‘g‘rila-
moqchi bo‘lib undan battarroq xato qilib qo‘ydi:
Lekin, amma, sizga to‘g‘ri kelmaydigan o‘yin – balet, erkak kishi qip-yalang‘och xotinni kaftiga qo‘yib chiqadi!
Xayriyat, Marg‘uba «bunaqa ekan sizlar nima uchun bora- yotibsizlar, Muattar nega boryapti» degani ulgurmadi, ikkovi chiqib ketdi.
Shunday qilib yoshlar qahvaxonasida bo‘ladigan kichkina o‘tirishga hammayoq taxt: odamlar aytildi, stollar yasatildi, Marg‘ubani g‘aflatga solib, bu yoqdan ham xotirjam bo‘lindi. Kelin bilan kuyov, xizmatdagi Muattar bilan Naimjon belgilangan vaqtdan xiyla oldinroq kelib mehmonlarni kutishdi.
Biroq mehmonga o‘n ikki kishi aytilgan bo‘lsa ham Naimjon hol-baqudrat sovg‘a-salom ko‘tarib kelgan tanish talabalardan o‘n oltitasini sanab u yog‘iga adashib ketdi. Ularning ustiga institut badiiy havaskorlaridan sakkizta sozanda, xonanda kirib kelishdi. Naimjon abjirlik qilib yana bir qancha stol buyurdi. Nihoyat, mehmonlar turli noz-ne’matlar, rang-barang sharbat shishalari, anvoyi gullar bilan zeb berilgan stollarga o‘tirishdi. Naimjon marosimni ochib, «Bu o‘tirish katta to‘yning de- bochasi», dedi va kelin bilan kuyovga yaxshi tilaklar tiladi. Sozanda va xonandalar bir juft yalla qilib, navbat raqsga kelganda o‘tirishni tashqariga – qahvaxonaning sahniga ko‘chi- rish zarurati tug‘ilib qoldi. Talabalar birpasda stollarni olib chiqishdi. Birozdan keyin musiqa sadolari yangrab, ichkaridan chiqqan kelin bilan kuyovni rang-barang pistonlar sochib, lentalar otib, chapak va olqish sadolari bilan qarshi olindi. Hamma o‘tirgandan keyin qo‘sh childirma gijbakabangni boshlab yubordi, yana odam yig‘ildi.
Childirma maqomiga yo‘rg‘alab, kift qoqib, stollarni oralab yurgan to‘rt qiz birin-ketin kelin bilan kuyovning ro‘parasiga kelib, qo‘llaridagi guldastalarni ta’zim bilan ikkoviga tutishdi, yer tepinib yana stollarni oralab yo‘rg‘alab ketishdi. Ora- sirada birov she’r o‘qib, birov so‘z bilan, birov qiziqchilik qilib kelin bilan kuyovni tabriklar edi.
Kichkina o‘tirish deb boshlangan ish hayal o‘tmay tuppa- tuzuk to‘yga aylandi ketdi. Yigitlar, qizlar qahvaxonaning sahnida, harakat to‘xtab qolgan katta ko‘cha va uning naryog‘idagi xiyobonda o‘ynashar, navbatma-navbat ashula, yalla aytishar edi.
Sahnadagi davraga Anvarning ustasi oqsoq chol toychoq ko‘tarib kirdi, lapanglab – o‘ynab hammani xo‘p kuldirdi, keyin kelin bilan kuyov qarshisida to‘xtab toychoqni baland ko‘tardi-da, hamma jim bo‘lganda: «Men o‘zim avtomobilist bo‘lsam ham bularga chavandoz o‘g‘il tilayman!» dedi va toychoqni kelinga uzatdi. Qiyqiriq – chapak, kulgi ko‘tarildi. Javlon qamoqdan chiqqanidan beri «ozodlik uchun» erta-yu kech ichib tentirab yurgan edi, bu kecha qayoqdandir kelayotib yoshlar qahvaxonasi oldida bo‘layotgan tomoshani ko‘rib to‘xtadi; qahvaxonaning sahnida o‘ynayotgan qizlarni ko‘rib niyati buzildi-yu yaqinroq bordi. Shu choq qahvaxona
ichkarisidan hindcha kiyingan, ikki qoshining o‘rtasiga qop- qora xol qo‘ygan xushqomat bir qiz chiqdi va sozandalarning zavq-shavq bilan chalayotgan hind maqomiga qo‘l tashladi va davrani bir aylanib to‘rdagi stolda o‘tirgan kishilarga ta’zim qildi. Ko‘ziga odamlar ikkita bo‘lib ko‘rinayotgani uchun Javlon hindcha kiyingan qizga kafti bilan chap ko‘zini berkitib o‘ng ko‘zi bilan qaradi, qarasa – Muattar! Javlon uning kelganidan bexabar edi. Muattar bu yerda nima qilib yuribdi, kimlarga ta’zim qildi? Javlon charchagan o‘ng ko‘zini kafti bilan berkitib chap ko‘zi bilan qaradi: ne ko‘z bian ko‘rsinki, stolning o‘rta yerida Muhayyo, uning yonida Anvar so‘ppayib o‘tirar edi. Javlon hushyor tortib o‘zini orqaga tortdi, yugur- ganicha necha joyda yiqilib, emaklab uyiga yetib bordi-yu ko‘rganlarini Marg‘ubaga aytib berdi. Marg‘uba don tiqilgan tovuqday bir tovush chiqardi-yu boshyalang – oyoqyalang qahvaxonaga qarab chopdi, kelib, sichqonni yaqinroq keltirib chang solmoqchi bo‘lgan mushukday bir chekkada pisib turdi. Muattar goh bir oyog‘ining tovonini, goh birining uchini yerga urib, goh eshilib-buralib, goh to‘lg‘anib xo‘p o‘ynadi. Keyin o‘ynaganicha borib Muhayyoni davraga tortdi. Chapak bo‘lib ketdi. Hamma jim, kelinning o‘zbekchami, hindchami o‘ynashini kutar edi. Sozandalar imoga mahtal bo‘lib turishar edi. Shu payt bir juvon ichkaridan qora quti olib chiqib Muattarning qo‘liga berdi. Muattar qutini stolning chekkasiga qo‘yib, uning ichidan shoda-shoda marvarid olib Muhayyo- ning bo‘yniga osdi, rang-barang qimmatbaho toshlar o‘rna- tilgan taqinchoqlarni boshiga, ko‘kragiga, bilak va barmoq- lariga taqa boshladi. Marg‘uba yuragi hovliqib, odamlarning orqasidan yaqinroq kelib qora qutiga tikildi. O‘sha! Xudo ursin agar, o‘sha qora quti! Muattarning ishorasi bilan sozan- dalar birinchi zarbni berganda Marg‘uba birdan dodlab yubordi-da, dodlaganicha o‘zini parkka urdi. Muattar qo‘rqib ketdi va beixtiyor Muhayyoning oldini to‘sdi. Muhayyo hay- ron bo‘lib qoldi. Anvar yonida o‘tirgan Naimjonga bir nima dedi – Naim darrov o‘rnidan turib, parkka tomon yugurdi. Park tomonidan Marg‘ubaning borgan sayin yiroqlashib borayotgan tovushi eshitilardi: «Voy-dod! Uyim kuydi! Bolam o‘ldi!..»
Kimdir odamlarni tinchitdi, davrani uzmaslikka, o‘yin- kulgini to‘xtatmaslikka tirishdi.
Biroq o‘tirishdan fayz ketdi. Odamlar tarqaladigan bo‘lib turganda Naimjon yetib keldi va kelin bilan kuyov nomidan hammaga minnatdorchilik bildirdi. Odamlar ketib bo‘lgandan keyin Naimjon voqeani aytib berdi: Marg‘uba dodlaganicha hovliga boribdi, qo‘ni-qo‘shnisi yugurib chiqibdi. Marg‘uba qaznoqdan bir banka kerosin olib chiqibdi-da, odamlarning hayhaylashiga qaramay yarmini Anvarning xonasiga, yarmidan ozrog‘ini mast uxlab yotgan Javlonga sepibdi, qolganini o‘zining boshidan quyibdi-da, gugurt chaqib yuboribdi. Odamlar alangaga ko‘rpa, gilam, sholcha yopib zo‘rg‘a o‘chirishibdi. Uyda hech narsaga ziyon yetmabdi. Faqat Marg‘ubaning sochi, yuzi, qo‘li kuyibdi, xolos. Naimjon «Tez yordam» mashinasini chaqiribdi.
Endi nima qilamiz? – dedi Anvar ko‘zlarini katta ochib.
Marg‘ubani «Tez yordam» mashinasi albatta olib ketadi, – dedi Naimjon, – Javlon mast, o‘zini u devordan bu devorga urib yuribdi. Men bir-ikkita xotinga tayinlab keldim, uylaringni tozalab qo‘yishadi. O‘sha yerga boramiz.
Muhayyo nochor rozi bo‘ldi.
Ular borganda eshik oldida «Tez yordam» mashinasi turar edi. Javlon Marg‘ubani dast ko‘tarib mashinaga tiqar ekan,
«Sharmanda qilding, saksovul!» dedi va eshikni taraqlatib yopdi-da, so‘kinib, gandiraklaganicha qorong‘ulik qa’riga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Naimjon kelin bilan kuyovni ichkariga kirgizib yubordi. Javlonning qayoqqa ketganidan bexabar, undan xavotir olib har ehtimolga qarshi kiraverishdagi kichkina uyga kirib divanga cho‘zildi. Bu voqealar Muborakxonim bilan Hakimjonning qulog‘iga yetsa xavotir bo‘lishmasin, deb Muattar ularni ogoh qilgani ketdi.
Bu orada tong yorishib, odam odamni taniydigan bo‘lib qoldi. Muattar yaxshiyam borgan ekan, er-xotin qahvaxona atrofida allaqanday shovqin bo‘lganidan azonda xabar topib, Muborakxonim hozirgina mehmonxonaga borib kelgan, ikkovi hayron bo‘lib turgan ekan. Muattar bo‘lgan voqeani bularga aytayotgan paytda birdan ko‘cha eshigi taraqlab ochildi-yu, sochlari kuygan, yuz-ko‘zini qurum bosgan Marg‘uba otilib
kirdi. Uning aft-basharasi, vajohati qo‘rqinchli edi. Marg‘uba Muattarga jinniday bir qaradi, «Hu bo‘ying uzilsin!..» deb bir o‘shqirdi-yu tikka Muborakxonimga qarab yurdi, Hakimjon uni ushlagan edi, qo‘lidan chiqib ketdi-da, Muborakxonim- ning oyog‘i ostiga zarb bilan o‘zini tashladi.
Quda, qizingizning, nevaralaringizning orzu-havasini ko‘ring! Dunyodan ikki qo‘li bir tepa o‘tib ketayotibman... Rahm qiling...
Hakimjon uni darrov ko‘tarib oldi, oyoqqa qo‘ygan edi, yana o‘zini yerga tashladi va Hakimjonning yog‘och oyog‘ini quchoqlab boshini uraverdi.
Dod!.. Anvarjonning onasidan qolgan taqinchoqlar ichida meniki, o‘zimniki ham bor edi, aytinglar, menikini berishsin!..
Hakimjon uni yana yerdan ko‘tarib oldi.
Qanaqa taqinchoq?
Marg‘uba yana o‘zini yerga tashlamoqchi bo‘ldi.
Muhayyoxonning o‘zlari biladilar! Muborakxonim arang o‘ziga keldi.
Xo‘p, bersin! Mening qizim taqinchoq taqib katta bo‘lgan emas.
Muattar kelib Marg‘ubani suyab oldi.
Faqat shumi, opa? – dedi. – Yuring, taqinchoqlarni mana men olib beraman! Lekin hozir emas, tushdan keyin boring!
Tushdan keyin ikkovimiz boramiz, – dedi Muborak- xonim, – ungacha bet-qo‘lingizni yuving, qolgan sochingizni tarang...
Marg‘uba Muborakxonimga mung‘ayib qaradi.
Muattar ketdi. Hakimjonning ko‘z oldiga Marg‘ubaning yoshlik – bevoshlik chog‘lari, ayniqsa, yengsiz kofta, tor shim kiyib kaltakesakday baqrayib turgani, pista chaqib po‘- chog‘ini tuflar ekan, «Men taqdirning qo‘lida o‘yinchoqman», deb iljaygani keldi-da, vujudiga, Marg‘ubaning qo‘li tekkan yog‘och oyog‘iga ham muz yugurganday bo‘ldi-yu, indamay ko‘chaga chiqib ketdi.
Muborakxonim bilan Marg‘uba tushdan keyin hovliga borishdi, Marg‘uba akasi vafot etgan uyning derazasi oldidan o‘tishda ko‘ngli ozgan bo‘lib, birpas devorni ushlab qoldi.
Muborakxonim uni suyab dahlizga olib kirdi. Katta uyda mehmon ko‘p ekan, Marg‘uba o‘zini ro‘paradagi uychaga urdi. Muborakxonim katta uyga kirganda g‘ovur bo‘lib ketdi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgandan keyin, uychaga Muhayyo, Muattar, Naimjon, Muborakxonim va bir necha notanish yoshlar kirib kelishdi, hamon yerga qarab o‘tirgan Marg‘ubani harchand qistab katta uyga kirgani unatisholmadi. Shundan keyin Muhayyo chiqib, qora qutini olib kirdi va qopqog‘ini ochib Marg‘ubani tizzasiga qo‘ydi.
Mana, o‘zingizga qarashli taqinchoqlardan tashqari Anvarjonning onasi sizga atagan narsalar ham bor emish, hammasini oling! – dedi.
Marg‘uba taqinchoqlarni titib ko‘rgani odamlar chiqib ketishini kutar edi. Buni sezib hamma chiqib ketdi. Marg‘uba taqinchoqlarni darrov titkilab ko‘rdi, hamma narsa joyida, lekin quti yengilroq bo‘lib qolganday tuyuldi.
Marg‘uba qora qutini bag‘riga bosib uydan asta chiqdi va zinadan tushganidan keyin hech yoqqa qaramay yo‘rg‘alab qoldi. Anvar bilan Muhayyo uni derazadan ко‘rib zinaga chiqqanida Marg‘uba ko‘cha eshigini ochgani qo‘l uzatgan edi.
Amma, – dedi Anvar, – eshikni qattiq yopmang, qulflanib qoladi.
Marg‘uba orqasiga bir qaradi, chiqib eshikni sekin yopdi.