Muattar qishloqdan ta’bi ochilib qaytdi, avtobus institut oldida to‘xtaganida ichkariga kirib Anvarning ishxonasini so‘radi, u bilan gaplashgisi keldi.
Muattar borganda Anvar uzun mashina yuvayotgan ekan, unga bir qaradi-yu, ishini qilaverdi.
Salom! – dedi Muattar.
Anvar shlangni tashlab suvni to‘xtatdi, qo‘li ho‘l bo‘lgani uchun so‘rashgani tirsagini tutdi.
Xush kelibsiz! – dedi Anvar «yana nima deyishim kerak», degan ohangda.
Muattar xijolat bo‘ldi.
Men bilan to‘g‘rilikcha gaplashavering, Anvarjon, o‘sha xatda yozgan gapim gap, men erga tegadigan bo‘lsam dallol kerak emas! Ammangizni butun vujudim bilan yomon ko‘raman!
Anvarning chehrasi ochilib ketdi. Muattarni bostirmaga taklif qildi, kursi qo‘yib berdi, borib oqsoq cholning qaynab turgan qora choynagidan choy damlab keldi. Biroz jim qolishdi. Anvar undan so‘z kutib jilmaydi. Muattar ham jilmaydi.
Muhayyodan salom... Men hozir qishloqdan kelyap- man, – dedi Muattar va uning hayron bo‘lganini ko‘rib izoh berdi: – Bir ish bilan borgan edim, Muhayyoxonni ko‘rib hayron qoldim. Muborakxonim, Hakimjon aka ham o‘sha yerda ekan.
Anvar Muhayyodan xat olib turgani uchun uning ahvoli- dan xabardor, onasi Muborakxonim o‘sha yerda ekanini ham bilar edi, biroq dam olish uyiga ketgan otasi Hakimjon u yerda nima qilib yurganiga hayron bo‘ldi, ammo uning nima
uchun borganidan ko‘ra, nimalar deganiga qiziqdi. U hatto uning nimaga ilhaq bo‘layotganini fahmlab, Muhayyoning birinchi turmushi xususida Hakimjonning Muborakxonimga qilgan pichingini aytdi.
Anvar qoniqmadi.
Yana nima dedi? Yo‘q, mening to‘g‘rimda, yo‘q, Muhayyo ikkovimiz haqimizda nima dedi?
Muattar uning nima demoqchi bo‘lib dovdirayotganini fahmladi.
Bir-birlaringni yaxshi ko‘rishlaringni yaxshi bilar ekan.
Shunaqami! – dedi Anvar hovliqib. – Nimadan bil- dingiz? O‘zi aytdimi?
Muattar kuldi.
Muhayyoni shunaqa yaxshi ko‘rasizmi? Anvar yerga qaradi.
Men yaxshi ko‘rish nima ekanini hali bilmayman, lekin Muhayyoga, Muhayyo degan insonga juda-juda muhtojman. Butkul yetim bo‘lganim, xafa bo‘lgan paytlarimda yuragimni kimga bo‘ shatishimni bilmaganim uchun bu gapni aytayotganim yo‘q. Otam jon bergan damda ammam ko‘zimga xarob, xunuk ko‘ringan, o‘zim ojiz, notavon bo‘lib qolgan edim. Muhayyo bor joyda olam ko‘zimga chiroyli, obod ko‘rinib qoldi, o‘zimni har ishga qodir sezaman.
Mana shu muhabbat bo‘lsa kerak, – dedi Muattar. – Muhabbat chaqmoqday ko‘ngildagi har qanday qora bulutni ham tilka-pora qiladi deyishadi.
Yo‘q! – dedi Anvar, – agar shu muhabbat bo‘lsa, muhabbat chaqmoqqina emas, odamga o‘xshaydi: tug‘ilganda bir parcha go‘sht bo‘ladi, keyin ko‘zini ochadi, keyin kuldirgich paydo qilib iljayadi, keyin til chiqarib har kuni yangi bir gap aytadi...
Ikkovi uzoq jim qolgandan keyin Muattar so‘z boshlab ikkovining bunaqa «sen unda zor, men bunda zor» bo‘lib yurishni, Marg‘ubaning fitna-fasodiga oziq bo‘lishini, shaharda bunaqa odam bitta Marg‘uba deb qarash xato ekanini aytib, modomiki, jiddiy monelik yo‘q ekan, tezroq qovushishni maslahat qildi va bu haqda qo‘lidan keladigan yordamini ayamaslikka so‘z berdi.
Anvar kuldi.
Siz meni yo‘lga solmoqchisiz shekilli, meni yo‘lga solishning hojati yo‘q, o‘zim tayyorman, siz Muhayyoni yo‘lga soling!
Muattar ham kuldi.
Muhayyo ham shunaqa deyapti! Xo‘p, ikkovlaring ham tayyor bo‘lsalaring, to‘yga nima to‘sqinchilik qiladi?
Eng birinchi to‘siq – boshpana yo‘qligi, – dedi Anvar. – Undan tashqari, ikkovimiz ham stipendiya olmaymiz, mayib yo ishdan qolgan odamlarga o‘xshab kunimiz pensiyaga qoladimi? Boshpana bilan biroz pul to‘g‘risida Marg‘uba opangizni insofga keltirish mumkin bo‘lsa edi! Mayli, bizga avtomobil ham, taqinchoqlar ham kerak emas, hammasini olsin-u o‘zining hovlisiga ko‘chib ketsin! Hovlisini ijaraga qo‘ygan. Mayli, bizga kassadagi pulning yarmini bera qolsin!
Muattar uzoq o‘ylaganidan keyin shu ishga urinib ko‘rishni bo‘yniga olib, Anvar bilan xayrlashdi.
Marg‘uba Anvarning alohida hujra olganini eshitgan edi, Muattarning kechasi kelmaganiga, tushga yaqin, yana kechikib kirib kelganiga o‘zicha ma’no berdi-da, shodlikdan o‘zini yo‘qotguday bo‘lib, uning peshonasidan qariyb tizzasigacha o‘pdi: yo yuzidan, yo ko‘zlaridan, har bir harakati-yu tovushi va bir-biriga qovushmaydigan bo‘lsa ham har bir so‘zidan o‘zining gumonini tasdiqlovchi alomatlar qidirdi, topdi. Muattar uning nima xayolga borganini bilib ichida kuldi, lekin shashtini qaytarmay qo‘ya qoldi. Marg‘uba oshxonaga kirib jiz-biz boshladi, lekin ovqat pishguncha biron o‘n marta chiqdi, har safar Anvarning xususida o‘tgan kechaning butun tafsilotini bilgisi kelib Muattarni titkilar edi.
Bu yetimcha go‘lgina narsa edi, gapini nimadan boshladi?
Muattar «bu ahmoq nega meni shunaqa rasvo qiz deb o‘ylaydi», deb g‘azabi kelsa ham o‘ylagan bo‘lib yuzini bilagi bilan to‘sdi.
Boring, shunaqa narsalarni so‘raydimi kishi!..
Xo‘p, xo‘p, so‘ramayman,– dedi Marg‘uba va oshxonaga kirib ketdi, hayal o‘tmay yana chiqdi.– Shunaqa bo‘lishini o‘zim bilgan edim, seni shuning uchun yuborgan edim-da!
Muattar g‘azabidan olov bo‘lib ketdi, lekin indamadi, yerga qaradi.
Marg‘uba yana oshxonaga kirib ketdi, hayal o‘tmay tuxum bilan qovurilgan qiyma olib chiqdi.
Yoshlarning ishi shu-da, ro‘zasini shalg‘om bilan ham ochaveradi! Shundoq ekan, bu yoqqa kelmaysizlarmi, men yaxshi ovqatlar yegizib sim karavotga tizza bo‘yi joy solib bermaymanmi!
Muattar gapini o‘z maqsadiga tomon burgani qulaylik tug‘ilib qolganini sezib:
Sizdan Anvarning ko‘ngli qolgan, juda-juda qolgan! – dedi.
Marg‘ubaning rangi bir tarzi bo‘ldi.
Qolgan bo‘lsa qolgandir, men unga zig‘ircha ham yomonlik ravo ko‘rganim yo‘q, nima qilgan bo‘lsam kuyganimdan qilganman, yana topishib ketamiz...
Muattar yolg‘ondan chuqur xo‘rsindi.
Topishadigan afti yo‘q! Oriyati kuchli yigit-da, darbadar qilib qo‘yganingiz jon-jonidan o‘tib ketgan ekan. Hovlini hukumatga topshirib, boshqa joy so‘ramoqchi. Sizni o‘z uyiga ko‘chib ketsin deyapti.
Anvar otasining vasiyatiga amal qilib Muattarni oladigan bo‘lsa Marg‘ubaning vasiyligi o‘z-o‘zidan chippakka chiqar, hamma meros Anvarning o‘z ixtiyorida bo‘lib qolar edi, shuning uchun Marg‘ubaning rangi quv o‘chib yig‘ini boshladi.
Shu ekan-da, hammamiz bir joylik bo‘lamiz, dadang ikkovimiz xizmatlaringni qilamiz, deb umid qilgan edik. U uy o‘lgur eshigidan kirsam tumshug‘i betga tegadi. Qarigan chog‘imizda bizni xor qilar ekansizlar-da...
Muattar qattiq o‘ylagan bo‘lib qoshini chimirdi, lunjlarini shishirdi, birozdan keyin dedi:
Anvarning bu niyatiga, albatta, men ham rozi emas- man!.. Biz to‘yni bahorga chiqib qiladigan bo‘ldik. Ungacha biron kor-hol qilib qo‘ymasin desangiz Anvar bilan yarashing. O‘zim yarashtirib qo‘yaman.
Marg‘uba bunday gapni kutmagani uchun shoshib qoldi.
Jon koshki edi!
Ana undan keyin, – dedi Muattar, – ikkita uyni yasatib Anvarni ko‘chirtirib keling! Anvar sizning qanotingiz ostida bo‘lsa men ham xotirjam bo‘lib ketaman.
Mayli, ikkita uy nima ekan, hammasi o‘shaniki-ku! Biz xizmatidagi odammiz, o‘tgan ishga salovat deb ikki og‘iz shirin so‘zini ayamasa bas...
Ha, aytganday, – dedi Muattar uning so‘zini bo‘lib, – o‘zingiz bilasiz, bu zamonda ro‘zg‘or sotib olishdan mushkulroq ish yo‘q, pulni belga tugib yurib uchraganda tappa bosmasa bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘sha kassadagi pulning kam deganda yarmini Anvarning cho‘ntagiga solib qo‘ying.
Marg‘ubaning ko‘zlari chanog‘idan chiqib ketguday bo‘ldi.
Shuncha pulni-ya? Yosh narsa...
Yosh bo‘lib aroq ichmasa, papiros chekmasa, xotin- xalajning oldidan paranji yopinib o‘tsa... nima qibdi?
Marg‘uba nochor ahvolda qolgan bo‘lsa ham bunga rozi bo‘lgani yuragi dov bermadi.
Muattarxon, shu ishni Anvar ikkovimiz qilsak bo‘lmas- mikin?
Qiziqsiz-a! – dedi Muattar, – sizni ko‘chama-ko‘cha olib yuradimi? Yo bo‘lmasa mol topilganda ustiga to‘ppisini tashlab sizni qidiradimi? Sizga nima, erkak bo‘lsa o‘zi qilsin! Marg‘uba boshiga qo‘qqisdan yog‘ilgan bu falokatlardan gangib qoldi, o‘zini o‘nglagani va durustroq o‘ylab ko‘rgani fursat o‘g‘irlash uchun stolni yig‘ishtirib chiqib ketdi. Uning biron og‘iz qarshi so‘z aytmagani dabdurustdan va osonlikcha bo‘lmasa ham, har nechuk, rozi bo‘lishini ko‘rsatib turar edi. Muattar o‘zining bunchalik uddaburro chiqqaniga hayron
bo‘lib, ichida yelkasiga qoqib qo‘ydi.
Biron yarim soatdan keyin Marg‘uba baland poshnasi orqaroqqa ketgan amirkon tuflisini, qariyb ichak-chovog‘i ko‘ringuday harir ko‘ylagini, chamandagul do‘ppisini kiyib, pardoz qilib chiqdi, aftidan o‘ylab-o‘ylab Anvar bilan yarashgani borishga qaror qilgan edi. Muattar avval borib Anvarni yo‘lga solish, yarashgani ko‘ndirish kerak ekanini aytib, bu ishni ertaga qo‘ydi. Ertasiga Muattar Anvarning oldiga borib, Marg‘uba bilan ikki orada bo‘lgan savdoni to‘la-to‘kis gapirib berdi. Anvar cho‘chib ko‘zlarini katta ochdi, og‘ir-og‘ir kiprik qoqdi:
O‘ho‘, boplabsiz-ku! Lekin aldash qanaqa bo‘lar ekan!
Muattar Anvar bilan gapni bir joyga qo‘yganidan keyin borib Marg‘ubadan suyunchi oldi va yarashishning vaqtini, o‘rnini aytdi.
O‘sha kuni kechki payt belgilangan soatda davlat bankining binosi oldiga park tomondan Marg‘uba bilan Muattar, sirk tomondan Anvar kelib, kattakon akatsiya soyasida uchrashuv va sulh marosimi bo‘ldi. Marg‘uba avval yig‘lab uning yelkasiga osildi, keyin dashnom berdi.
Axir shu ish-ku shundoq bo‘lar ekan, nima qilar eding meni kuydirib! – dedi. Ikkovini quchoqlab: – Buni qara, har tola sochining ta’rifi bitta kitob bo‘ladi-ya!
Anvar beixtiyor Muattarning sochiga qaradi.
Muattar payt poylab qosh va ko‘z imosi bilan «ammangga uzr ayt» demoqcni bo‘lgan edi. Anvar buni «kassadan gapir» degan ma’noda tushundi-da, bo‘ynini qashib:
Endi bu yog‘i nima bo‘ladi! – dedi.
Bu yog‘i nima bo‘lar edi, – dedi Marg‘uba bularni kassaga boshlab, – to‘yning harakatini qilaveramiz.
Tegishli qog‘ozlarga Anvar ikkovi qo‘l qo‘yganidan keyin Marg‘uba pulni sanadi-da, Anvarning qo‘yin cho‘ntagiga o‘z qo‘li bilan solib qo‘ydi.
Anvar xuddi qo‘yniga yarim putlik tosh solinganday bir tomonga qiyshayib, Muattarga qaradi. Muattar uning biron o‘rinsiz gap aytib qo‘yishidan cho‘chir edi, shuning uchun kassadan chiqilgach, Marg‘uba qahvaxonaga kirib biron piyoladan qahva ichishni taklif qilganda shaharda ishi borligini aytib ko‘nmadi.
Marg‘uba uyni yasatib qo‘yadigan, Anvar ertaga tushdan keyin ko‘chib keladigan bo‘ldi.
Endi Muattar iloji bo‘lsa bugun, yo‘q, ertaga kechga qolmay shahardan chiqib ketishi kerak, chunki ertaga Anvar ko‘chib keladi-yu kechasi qoladigan bo‘lsa butun sir fosh bo‘lar edi.
Muattar ertasiga ertalab Marg‘uba bilan «to‘y kun- larigacha» xayrlashdi. Kechqurun uni Anvar aeroportga kuzatib chiqdi. Shu yerda ikkovi gapni bir joyga qo‘ydi.
Muattarning fikricha bularning to‘yi mumkin qadar tezroq bo‘lishi kerak, chunki to‘y uzoqqa cho‘zilsa biron sabab bilan makr-hiyla fosh bo‘lib, Marg‘uba yana alam ustida kutilmagan
mojarolar boshlab yuborishi, buning oqibatida xunuk gaplar bo‘lishi mumkin edi. Anvar uning fikrini ma’qulladi va to‘ydan uch-to‘rt kun burunroq kelib tayyorgarlik ishlariga bosh bo‘lishini so‘radi, chunki Marg‘ubaning qutqulari orqasida Anvardan xafa bo‘lib yurgan qarindoshlar ichida bu vazifani zimmasiga oladigan odam chiqmasligi mumkin edi.
Muattar uning iltimosini bajonidil qabul qildi, talabalar paxtadan qaytishiga yetib kelgani va’da berdi, telegramma yuboradigan bo‘lib, mehmonxonadan nomer olib qo‘yishni so‘radi.