Abdulla Qahhor



Yüklə 349,19 Kb.
səhifə6/35
tarix03.12.2023
ölçüsü349,19 Kb.
#172178
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   35
Abdulla Qahhor. Anor [kitoblar pdf]

KUNDOSHLAR

Anvar qachongacha og‘iz-burnini qora qilib mashinaning tagida yotadi, qachongacha quruq non yeb birovning uyida yotib yuradi, bunaqa tirikchilik joniga tegar, qaytib kelar?


Marg‘uba shu umid bilan ovunib yurgan edi, Muhayyoni onasi uyidan haydab yuborganini eshitib dod, deb yubora- yozdi. Xayriyat, Muhayyo paxtaga ketibdi, Anvar shaharda qolibdi! Bu g‘animat fursatni qo‘ldan bermaslik kerak bo‘lib qoldi.
Marg‘uba mol-dunyoni Anvarning burniga ishqaganida Anvar og‘iz solmadi. Ota-onasining qanoti ostida issiq-sovuqni bilmay o‘sgan bola mol-dunyoning qadriga yetadimi? Buning qadriga internatda yo‘qchilik ko‘rib o‘sgan Muattar yetadi, nidi kelsa og‘iz soladi. Muattar Anvarning ana u xatiga javoban
«Erga tegadigan bo‘lsam menga dallol kerak emas», degan bo‘lsa, unda mol-dunyodan bexabar edi.
Marg‘uba mana shu umid bilan Muattarning Hindistondan qaytishini zoriqib kutar edi.
Muattar sentabrning boshlarida Hindistondan qaytdi, bir- ikki kundan keyin Javlon bilan Marg‘ubani ko‘rgani keldi.
Marg‘ubaning aytishiga qaraganda, Javlon bundan ikki kun burun xusumatdan o‘n besh kunga qamalgan, uyda bitta o‘zi ekan.
Marg‘uba Muattardan o‘pkaladi, o‘sha xatni bilmasdan, tushunmasdan yozganini, Javlon ikkovi nima uchun joni halak ekanini aytib yig‘ladi; keyin Anvar go‘l bo‘lsa ham yaxshi bola ekanini, go‘lligi orqasida shunday hovli-joy, mashina,
kassadagi shuncha pulga ko‘chada yurgan bir isqirt va uning dog‘uli onasi ko‘z tikkanini kuyib, jizg‘anak bo‘lib gapirdi; qora qutini olib chiqib taqinchoqlarni ko‘rsatdi, uning bo‘yniga, ko‘kragiga osdi, quloqlariga, sochiga, bilak va barmoqlariga taqdi, uzoqdan qarab: «Bu narsalar faqat senga yarashadi», dedi: nazarida, Muattar mol-dunyoga uchib, o‘zini Anvarning burniga ishqashga tayyor bo‘lgandan keyin eri Javlonning mastligida maqtanib aljigan gapini aytib yoqasini ushladi: Muhayyo Javlonni ko‘chada ko‘rib ko‘zini suzgan emish, Javlonning ta’bi tortmabdi, yo‘qsa hujraga taklif qilsa kirar ekan... Marg‘uba uning institutda o‘qishini masxara qilib, yomon fikrlarga burib gapirdi. Agar bu gaplarning mingidan biri rost bo‘lgan taqdirda ham Anvarning sho‘ri quribdi-ku! Nainki Anvar shu qadar go‘l, u juvon shu qadar shayton bo‘lsa? Agar haqiqatan shundoq bo‘lsa, Anvar bechoraning ko‘zini ochish kerak. Buning uchun avval Muhayyoni yaxshiroq bilish kerak.
Ertasiga nonushta mahalida Marg‘uba gapni aylantirib «yetim o‘lgurning holidan xabar olish kerak», degan mazmunda shama qildi. Muattar indamadi. Marg‘uba uning indamaganini rozilik alomati deb tushundi-da, shodmark bo‘layozdi. Muattarning sochini o‘z qo‘li bilan turmakladi, qora qutidan gavhar ko‘zli oltin bezankini olib turmakning yonboshiga o‘rnatib qo‘ydi.
Muattar to‘g‘ri institutga borib yoshlar tashkilotiga kirdi va Rahimjonga o‘zini tanitib maqsadini aytdi:

    • Muhayyo degan faol talaba to‘g‘risida juda xunuk gaplar eshitib, shu gaplar qay darajada to‘g‘ri ekanini bilgani keldim. Bizga kelin bo‘lishi ehtimoli bor, – dedi.

Rahimjon unga razm solib turib birdan:

    • Marg‘uba xolaning kimi bo‘lasiz? – deb so‘radi. Muattar hayron bo‘lib qoldi.

    • U kishini qayoqdan bilasiz? O‘gay qiziman.

    • Muattarxonman deng! Muhayyoni yomonlaydigan odam shaharda boshqa yo‘q! Siz u kishidan, shubhasiz, juda ko‘p gaplarni eshitgansiz. Bu gaplarning hammasini rad qila- man desam qimmatli vaqtingizni ko‘p olarman, deb qo‘r- qaman. Muhayyo paxtada. Bugun soat to‘rtda o‘sha tomonga maxsus avtobus boradi. Boraman desangiz – marhamat. Kelin qiladigan bo‘lsalaring Muhayyoning o‘zini ko‘ring, gaplashing. O‘sha yerda Naimjon degan yigit bor, Anvarning o‘rtog‘i, bu yigit Muhayyoni juda yaxshi biladi.

Muattar jilmaydi.

  • Anvarjonni ham bilar ekansiz?

  • Bu yerda nima qilib o‘tiribman! – dedi Rahimjon kulib va xayrlashgani qo‘l uzatdi.

Muattar soat to‘rtda keldi. Bino oldida avtobus turar, unga ikki kishi har xil qop, xalta, yashik va yashikchalar yuklamoqda edi. Yuk ortib bo‘lingandan keyin Muattar avtobusga chiqdi, yuklarni oralab oldinga yurdi, oldindagi ikkita bo‘sh joyning birida qop-qora, soch va mo‘ylovi oppoq bir odam o‘tirar edi. Muattarga qulayroq o‘rinni bo‘shatib berish uchun o‘rnidan turdi. Uning qiynalibroq turganini, qayeridir g‘ijirlaganidan oyog‘i yog‘och ekanini bildi-yu Muattar uning joyiga o‘tirmadi, qo‘ymasdan o‘zini o‘tqazdi. Muborakxonim o‘sha kuni Muhayyoni qidirib hech qayer- dan topa olmaganidan keyin darhol Hakimjonga: «Muhay- yoning qilmishlariga panja orasidan qaraganingizning oqibati mana: Muhayyo Anvar deb uydan chiqib ketdi, bundan ortiq sharmandalik bo‘ladimi?» degan mazmunda xat yozgan edi. Hakimjon bu gapga uncha ishonmasa ham ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushib shaharga keldi, Muborakxonim uni yolg‘iz tashlab Muhayyoning ketidan paxtaga ketganini qo‘shnilardan eshitib ko‘ngli biroz tinchidi, munozara «Anvar boradigan bo‘lsa sen borma» degan gapdan chiqqandir deb o‘yladi, lekin, shundoq bo‘lsa ham ona-bolaning holidan xabar olgani
boradigan bo‘lib institutga kelgan, avtobusga chiqqan edi. Soat to‘rtdan oshganda avtobus jo‘nadi, hademay sha-
hardan chiqdi. Hakimjon bilan Muattar hamgap bo‘lib qolish- di, bir-biridan paxtada kimi borligini so‘radi.

  • Qizimiz paxtaga ketgan ekan, men yo‘q edim, onaizor ketidan jo‘nabdi-da! – dedi Hakimjon. – Bitta-yu bitta qizi, yer-ko‘kka ishonmaydi. Sizning kimingiz bor?

  • Men, rostini aytsam, kelin ko‘rgani ketyapman. Mashhur shifokor Murod Ali deganni eshitgandirsiz?

Hakimjon yog‘och oyog‘ini g‘ijirlatib unga tomon o‘girildi.

  • Eh-e, u kishini tanimagan, eshitmagan odam bormi!

Xo‘sh, xo‘sh?

  • Men o‘sha kishining uzoq qarindoshi bo‘laman: u kishining singlisi mening o‘gay dadamga tushgan...

  • Ha, ha,– dedi Hakimjon. – Marg‘ubaxonning o‘gay qizi bo‘laman deng! Xo‘sh, xo‘sh?

    • O‘sha kishidan Anvar degan bir bola qolgan, shu Muhayyo degan bir juvonni yaxshi ko‘rib qolibdi...

Hakimjon talmovsiradi.

    • Qanaqa juvon ekan?

    • Marg‘uba ayaning aytishlariga qaraganda shayton, institut yoshlar tashkiloti kotibining gapiga qaraganda farishta!

    • Qaysi birining gapiga ishonsa bo‘ladi? – dedi Hakimjon kulimsirab.

Muattar biroz asabiylashdi.

    • Men Marg‘uba opani yaxshi bilaman! O‘zim ham shu oiladan allaqachonlar chiqib ketganman. Anvarning ham shu oilada turishini sira ham istamayman!

Hakimjon uning yuziga tikildi va yelkasiga qoqdi.

    • Barakalla, xiyla hushyor ekansiz, qizim! – dedi, keyin avtobusning derazasidan ekin maydonlariga, bog‘larga qarab biroz jim qolgach, Muattarga yuzlandi.– Rostini aytsam Marg‘uba opangiz mening ko‘z ochib ko‘rgan xotinim edi. Bu xotin boshiga keltirgan hamma ko‘rgiliklari uchun negadir mendan qasos olmoqchi bo‘ladi, qalbida gazaklab ketgan chipqon og‘rig‘iga mening ko‘z qorachig‘im dori deb o‘ylay- di-yu har bahona bilan nuqul yuzimga chang solib ko‘zimni o‘yib olmoqchi bo‘ladi.

    • Himm... – dedi Muattar, – bu tomoni ham bor deng?..

    • Yana qaysi tomoni bor? – dedi Hakimjon avtobus silkinganda qattiq tebranib.

Hakimjon bunchalik ochilgandan keyin Muattar ham ko‘nglidagini yashirmadi.

    • Men ham rostini aytsam, Marg‘uba opa Anvar ikkovi- mizni bir-birimizga yopishtirmoqchilar. Lekin ikkovimizning ham ko‘nglimizda zig‘irchalik bir nima yo‘q, bir-birimizning ko‘nglimizni bilamiz ham! Sizning gapingizdan keyin bir narsani o‘ylab qoldim. Anvarning otasidan kattagina meros qolgan, Marg‘uba opa bir o‘q bilan uchta qarg‘ani urmoqchi ekanmikan: birinchidan, Muhayyoni yomonotliqqa chiqarib sizga ozor bermoqchi; ikkinchidan, Anvarning Muhayyodan ko‘nglini qoldirib, mol-dunyo qo‘lidan chiqib ketishi xavfining oldini olmoqchi; uchinchidan, meni Anvarga yopishtirib, mol- dunyo to‘g‘risida «gilam sotsang qo‘shniga sot, bir chekkasida o‘zing o‘tirasan» qabilida ish tutmoqchi!

Hakimjon zavqlanib kuldi.

  • Qoyilman! Qoyilman! Yana aytaman: xiyla hushyor, xiylagina ziyrak qiz ekansiz!.. Hayotda o‘q yeb qaltis yarador bo‘lgan bu qashqirdan har narsa kutish mumkin! Boya juda haq gapni gapirdingiz. Anvar bu oiladan chiqib ketishi kerak!

Avtobus yo‘lning buzilgan joyidan silkinib, chayqalib o‘tgandan keyin Muattar davom etdi:

  • Odamga alam qiladi: bu xotin nima uchun «Muattar mol-dunyoga uchib Anvarga tegadi-yu, gilamning bir chek- kasida o‘zim o‘tiraman», deb o‘ylaydi? Anvar nima uchun buning basharasini odamlarning ko‘zidan etagi bilan to‘sib turishi kerak?

Avtobus kun botar oldida qishloqqa kirib keldi va yor- damchilar shtabining oldida to‘xtadi. Kutib turgan muta- saddilar, talabalar avtobusni o‘rab olishdi. Yuklar tushirildi. Muattar bir chekkaga chiqib turdi. Hakimjon yo‘lning chek- kasidagi balandlikka chiqib u yoq-bu yoqqa alangladi. Qayoq- dandir paydo bo‘lgan Muhayyo: «Dadajon!» deganicha kelib uning bo‘yniga osildi, so‘rashib bo‘lganidan keyin qulog‘iga
«Ayam nima uchun kelganlarini so‘ramay qo‘ya qoling», dedi. Shu asnoda Muborakxonim kelib qoldi. Muhayyo yugurga- nicha unga qarshi borib qulog‘iga shivirladi: «O‘tgan gaplarni dadamga aytib o‘tirmang!» dedi va onasi bilan birga Hakim- jonning oldiga keldi. Hakimjon unga narida turgan Muattarni ko‘rsatib, «Men senga dugona topib keldim, qarshi ol», dedi. Muhayyo yugurib ketdi – Muborakxonim Muhayyo haqida Hakimjonga yozgan xatini andavalashga urinib bir nimalar dedi.

  • Salom! – dedi Muhayyo Muattarga.

Muattar bunday isliqi kiyimda ham husni jamoli yarqirab turgan Muhayyoni ko‘rib angrayib qoldi va darrov hushini o‘nglab qo‘l berdi.
Muattar uning chiroyli ekanini eshitgan, lekin «Har qancha chiroyli bo‘lsa ham mendan xunuk bo‘lishi kerak», degan xayolda ekan shekilli, isqirt kiyimda ham husn-jamoli yarqirab turganini ko‘rib beixtiyor yuragi jig‘ etib ketdi va o‘ziga darhol tasalli berib ichida «tentakkina bo‘lsa kerak», deb qo‘ydi-da, qo‘l berdi.

    • Muattar! – dedi va uning nechog‘lik tentak ekanini bilish uchun ko‘zlariga qaradi: – Kundoshingizman! Anvarjon aytgandir?

Muattar uning rangi quv o‘chishini, loaqal gangib qolishini kutgan edi, biroq Muhayyo boshini bir tomonga qiyshaytir- ganicha kulimsiradi.

    • Unaqa bo‘lsa meni yulgani kelgandirsiz-da? Muattar biroz hayron bo‘ldi.

    • Anvarjon mening to‘g‘rimda hech narsa demaganmi- dilar?

    • Degan edilar... – dedi Muhayyo hamon kulimsirab. Uning bunchalik beg‘amligi Muattarga biroz malol kelganday bo‘ldi.

    • Anvar meni olmaganligiga sizni shunchalik ishontir- ganmi?

Muhayyo yerga qarab og‘irligini boshqa oyog‘iga soldi.

    • Yo‘q, Anvar sizni olmasligiga meni ishontirgani yo‘q, siz unga tegmasligingizga o‘zim ishonaman.

Muattar og‘zini ochmasdan kuldi.

    • Tegmasligingizni so‘rayman, deng!

    • Yo‘q, tegmasligingizga ishonaman! Muattar hayron bo‘ldi.

    • Sabab?

Muhayyo bir-ikki og‘ir rostlaganidan keyin dedi:

    • Anvar sizni qo‘yib menga intilishi sizning izzat-nafsin- gizga tegadi, siz buni kechirolmaysiz, hech bir qiz kechirol- maydi!

Muattar unga «balosan-ku» deganday yalt etib qaradi. Bu orada Hakimjon bilan Muborakxonim anglashilmov-
chilikni Muhayyo istaganicha tinch-totuvlik bilan bartaraf qilib shu tomonga siljishdi.
Muborakxonim bu yerga kelganidan keyin bir necha kun qizi bilan gaplashmadi, lekin brigadaga oshpazlik qilib, bo‘sh vaqtlarida paxta terib yurdi. Bundan xabar topgan bir muxbir «Yurak amri bilan» degan xabarda Muborakxonimni xo‘p maqtaganidan keyin xo‘jalik ona-bolaga birovning hovlisidan joy berdi. Shu bilan ona-bola gaplashib ketdi. Muhayyo mehmonlarni shu hovliga olib bordi. Hovli juda bahavo, kechasi ham xushmanzara joy ekan, so‘rida ne mahalgacha gaplashib o‘tirishdi.
Muborakxonim Muattarning nima maqsadda kelganini bilmay, Marg‘ubaning o‘gay qizi ekanini eshitib Anvardan so‘z ochdi:

  • Suxsurday yigit, lekin aqli yo‘q.

Muhayyo so‘zning borishini ko‘rib, choy keltirish bahonasi bilan o‘choq boshiga ketdi. Muborakxonim erkinlik sezib ochiqroq gapirdi:

  • Mana, sizga o‘xshagan qizga nasibasi qo‘shilsa aqli tezroq kirar edi.

Muattar o‘ng‘aysizlandi.

  • Mening nasibam boshqa bir yigitning nasibasiga qo‘shi- ladigan.

Uning ochiqligi Muborakxonimga yoqmadi, ichida: «Beti qattiq qiz ekan», deb boshqa so‘z qotmadi. Bir chekkada yonboshlab oppoq sochini barmoqlari bilan tarab yotgan Hakimjon Muattarga ko‘z qisib dedi:

  • Bizning Muhayyoxon ham aqlsizgina qiz edi, tezroq aql kirsin deb nasibasini aqlli bir bolaning nasibasiga qo‘shgan edik, oqibati ko‘nglidagiday bo‘lib chiqmadi.

Muhayyoni Salimjonga bo‘lishishda ko‘proq Muborak- xonim shoshilgan edi, shuning uchun Hakimjonning bu pichingi jon-jonidan o‘tib ketdi-yu o‘pkasini tutolmadi.

  • Men bolamga yomonlikni ravo ko‘rib o‘sha ishni qilgan emasman, peshona ekan! – dedi va Muattarga arz qildi: – Qiz olmagan yigitga tegishi to‘g‘rimi?

Muattar nima deyishini bilmay Hakimjonga qaradi. Hakim- jon ko‘kragini yostiqdan ko‘tardi.

  • Xo‘p, Muhayyoga «undoq emas, bundoq», deb yana aql o‘rgatamizmi? Qaysi yuzimiz bilan aql o‘rgatmoqchi bo‘lamiz?

Muborakxonimning jahli chiqib ketdi.

  • O‘ziga tashlab qo‘yamizmi bo‘lmasa!

  • Ha, o‘ziga tashlab qo‘yamiz, o‘ziga tashlab qo‘yishi- miz kerak! Qaldirg‘och bolasini uchirma qilganida bo‘ynidan tishlab uchmaydi.

Muborakxonim yuzini teskari o‘girib to‘ng‘illadi:

  • Ha, sizga bunaqa narsalar hech gap emas!

  • To‘g‘ri, hech gap emas! Olamga eshigingizning tir- qishidan qaramasangiz sizga ham hech gap bo‘lmas edi. Men

olamni ko‘rganimdan, olamga o‘t qo‘ygan, olamni go‘dakday bag‘riga bosib halokatdan qutqargan odamlarni, bitta odamning qalbidan tortib butun olamni dahshatga solgan voqealarni ko‘rganman! Bularni ko‘rib ehtimol ko‘zim qa- mashgandir, shuning uchun sizni dahshatga solgan narsa menga o‘yinchoq bo‘lib ko‘rinar!.. Qiz olmagan yigit, yigitga tegmagan qiz... Nainki inson insonga faqat shu ko‘z bilan qarasa? Qiz, yigit... lnsonning o‘zi qayoqda qoldi?
Muhayyo choy olib keldi, chol va kampirning xomush o‘tirganini ko‘rib Muattarga qaradi. Muattar: «Charchashgan, dam olishsin», deb Muhayyoni ko‘chaga taklif qildi.
Ko‘cha jimjit, allaqayerda radio xirillar edi. Ikkovi nari- roqdagi kattakon darvoza tepasidagi yorug‘ chirog‘ shu’lasi doirasida nari-beri yurib uzoq gaplashishdi. Muattar hozir Hakimjon bilan Muborakxonim o‘rtasida bo‘lib o‘tgan gap- larni gapirib berdi. Muhayyo bir suyundi, bir qayg‘uda qoldi. Shu munosabat bilan Muhayyo boshdan kechirganlarini – erga tegib, bir o‘limdan qolganini, Murod Ali domla o‘lim changalidan tortib olganini, Anvar bilan qanday tanishganini, Marg‘ubaning qilmish-qidirmishlarini goh kulib, goh yig‘lab gapirib berdi. Muhayyo shunchalik ochiq gaplashgani uchun Muattar ham hech narsani yashirmadi, uning haqida Marg‘uba nimalar deganini, Anvarga bo‘lgan munosabatini, bu yerga nima uchun kelganini ochiq aytdi.

    • Yig‘lamang, Muhayyoxon! – dedi,– hammasi esdan chiqadi. Sizlarga qo‘limdan keladigan yordamimni ayamay- man! Yig‘loqi bo‘lmang.

Muhayyo darrov ko‘z yoshini artdi va jilmaydi.

    • Yo‘q, Muattarxon, men yig‘loqi emasman, sizga yig‘lab berdim-da! Yosh bola yiqilsa-yu atrofida hech kim bo‘lmasa o‘rnidan turib ketaveradi, biron mehribonini ko‘rib qolsa o‘shanga yig‘lab beradi. Shunga o‘xshab men ham... Rahmat, Muattarxon!

Muattar uning shodlikdan uchqun sochib turgan ko‘zlariga qaradi va burnini burniga ishqaguday bo‘lib:

    • Muncha ham tiling biyron bo‘lmasa? – dedi va Muhayyoni mehr bilan bag‘riga bosdi.

Muattar bu yerga kelib ko‘zlaganidan ortiqroq narsani bildi, yoshlar tashkilotida Rahimjon tayinlagan Naimjon degan yigit bilan gaplashishga ehtiyoj qolmadi, ertalabki avtobusda jo‘naydigan bo‘ldi. Uni avtobusga Muhayyo kuzatib chiqdi.



Yüklə 349,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   35




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin