Abdulla Qahhor



Yüklə 349,19 Kb.
səhifə2/35
tarix03.12.2023
ölçüsü349,19 Kb.
#172178
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   35
Abdulla Qahhor. Anor [kitoblar pdf]

KO‘K PASHSHA

Muhayyo Anvarni qayerdan qidirishni bilmas edi: uyiga borib bo‘lmaydi, fakultetda mashg‘ulot yo‘q. U o‘ylab-o‘ylab fakultet pochta taxtasida xat qoldirishdan boshqa iloj topol- madi-da, shu maqsad bilan ketayotganida nima xayolga borib Anvarning ko‘chasidan yurdi: ko‘chani ikkiga bo‘lgan xiyo- bondan o‘tganida muyulishdagi pivoxona oldidagi ariq bo‘yida cho‘qqayib o‘tirgan Javlonni ko‘rib qoldi. Javlon egnida sariq mayka, nos rang galife shim, tepakal qip-qizil boshini yaltiratib pivo ichib o‘tirar edi. Muhayyo negadir Anvarni shu atrofdan qidirib u yoq-bu yoqqa ko‘z tashlab o‘tib borayotganida Javlon uni ko‘rib qoldi. U qo‘lidagi pivoning ko‘pigini puflab tashladi-da, naridan-beri ichdi, og‘zini bilagi bilan artib, oyog‘idagi kattakon kalishini shaloplatganicha Muhayyoga tomon yugurdi, kelib so‘rashdi, qo‘lini qo‘yib yubormasdan qayta-qayta uzr so‘radi.Uning qip-qizil, yaltiroq boshini mayda ter bosgan, qisilgan ko‘zlarining ikki burchi oq-sariq, o‘zidan dimiqqan xom teri hidi kelar edi. Muhayyo uning qisilgan ko‘zlari, anqib turgan hididan jirkanib, gapni cho‘z- maslik uchun nega uzr so‘rayotganiga ham qiziqmadi. Anvarni so‘radi. Javlon uning Anvarni yo‘qlaganidan xursand bo‘lgan- day bir harakat bilan «Anvar shu yerda! Uch sekund!» dedi- da, yana oyog‘idagi kalishini shaloplatib lo‘killaganicha borib, ariq bo‘yidagi butaga ilib qo‘ygan ustki katak ko‘ylagini kiydi, Muhayyoni ta’zim bilan pivoxonaning orqasidagi qizil darvo- zaga boshladi. Muhayyo Anvarning shu yerda ekaniga suyunib, Javlonning ketidan ergashdi.


Ikkovi yoz bo‘lishiga qaramay, balchiq hidi anqib turgan hovlida qalashib, sochilib yotgan yashiklar, yumalab yotgan bochkalarni oralab o‘tib, oldi dasmolqovoq bilan to‘silgan pachoq ayvonchaga kirishdi. Javlon ro‘paradagi oynali eshikni ochdi, chetlatib Muhayyoga yo‘l berdi. Muhayyo ichkariga qadam qo‘yishi bilan g‘ira-shira hujraning dim-chirigan havosidan ko‘ngli ozib ketdi. Hujraga faqat eshik oynasidan yorug‘ tushar, derazasi yo‘q edi. Javlon hujraning to‘ridagi kattakon sandiqqa qop yozib Muhayyoni o‘tirishga taklif qilarkan, «Uch sekund!» deb chiqib ketdi. Muhayyo ko‘zi qorong‘ilikka ko‘nikkandan keyin u yoq-bu yoqqa qaradi.
Bu yer birov turadigan hujradan ko‘ra ko‘proq qaznoqqa o‘xshar edi: bir chekkada tosh-tarozi, faner va tunuka quti, qutichalar: to‘la yarim qog‘oz xaltalar, devorda arra, o‘rog‘liq sim...
Muhayyo yuragi hovliqib, yugurib tashqariga otildi va ayvonchadan chiqayotganida Javlonga yo‘liqdi. Uning bir qo‘lida gazetaga o‘rog‘liq bir nima, ikkinchi qo‘lida bir shisha vino.

    • Xo‘sh? – dedi shoshib.

    • Qani Anvarjon?

Javlon uning yo‘lini to‘sdi.

    • Hozir keladi, dedim-ku! Uch sekund! Muhayyo uning yonidan o‘tmoqchi bo‘ldi.

    • Ko‘chada kutaman. Javlon yalindi:

    • Birpas o‘tiring! Hozir aytib kelaman! Odamning sazasini o‘ldirmang...

Muhayyo uning ikkala qo‘li bandligidan foydalanib zo‘r bilan o‘tib ketgan edi, Javlon qo‘lidagi gazetaga o‘rog‘liq narsani tashlab, uning bilagidan ushladi.

    • Sizga gapim bor. Uzr so‘ragani sizni qidirib topolmay yurgan edim. Marg‘uba sizga beadabchilik qilibdi, o‘lasi qilib urdim. Bu xususda sizdan hali qarzdor ekanimni bildirishim kerak! Birpas o‘tiring!– dedi va bir tomonga qarab qichqirdi:– Anvarjon!

    • Kerakmas, kirmayman! – dedi Muhayyo va jo‘namoq- chi bo‘lgan edi, Javlon nima balo qildi-yu uning bir poy tuflisini yechib oldi.

    • Siz shundoq kiring, men Anvarni olib kelaman! Muhayyo tuflisiga qo‘l uzatdi.

    • Rahmat, ovora bo‘lmay qo‘ya qoling! Ishingizdan qolmang...

Javlon tirjaydi:

    • Men ishni ko‘p qilganman, davlatga mehnatim singgan, endi dam olishim kerak! Haqqim bor!..

Javlon Muhayyo to‘g‘risida Marg‘ubaning aytgan so‘z- laridan, qo‘ni-qo‘shnilarga shaqillashidan «Muhayyo erkak kishini qo‘lini ushlasa yubkasi tushib ketadi», degan xulosaga kelgan edi. Muhayyo uning beiboligini ko‘rib qo‘rqib ketdi.

    • Qoching, hozir dod deyman!

Javlon shivirladi:

  • Anvar yosh bola-ku, qadringizga yetadigan odam bilan gaplashsangiz-chi! Bitta-ikkita ko‘ylak olib berish qo‘lidan keladigan odam bilan gaplashing!..

Muhayyo qip-qizarib ketdi va ikkala yuzini ushladi.

  • Voy!.. Onangizga ko‘ylakni birovlar olib berarmidi?

Nega hamma xotinga bir ko‘z bilan qaraysiz!..
Javlon tirjayib bo‘ynini qashladi.

  • Go‘ristonda ham sizni shu ko‘ylakda ko‘rgan edim, boshqa ko‘ylagingiz yo‘qmikan debman...

  • Go‘ristonda ko‘rganingizda boshqa ko‘ylakda edim, – dedi Muhayyo tuflisiga qo‘l uzatib, – men boshingizning sirti shunaqa silliq, pashsha qo‘nsa toyilib tushadi desam, ichi ham shunaqa, hech narsa turmaydiganga o‘xshaydi!

Javlon boshdan gapirgan kishini jinidan battar yomon ko‘rar edi, qizarib ketdi, dam o‘tmay g‘azabi keldi.

  • Men sizga nima dedim, nihoyati, ko‘ylak olib beray debman! Muncha sassiq xotin ekansiz! Eringiz shuning uchun haydab yuborgan ekan-da! – dedi va bunga ham qanoat qilmay uni masxara qildi. – Shunaqa deng, boshing kal, senga tegmayman deng?!

Muhayyo ham kalaka ohangida dedi:

  • Tegsam olarmidingiz?

  • Olar edim! – dedi Javlon va yana nimadir demoqchi bo‘lgan edi, Muhayyo so‘zini bo‘ldi:

  • Ko‘k pashsha o‘likka qo‘nguchi edi, men tirikman-ku! Javlon tuflini qulochkash qilib uloqtirdi.

  • Olsam ham Afg‘onistonga olib borib xotin qilar edim, bilasanmi, har kuni bittadan qovurg‘angni sindirib, sug‘urib tashlar edim!

Muhayyo tuflisini kiygani hakkalab borar ekan, to‘xtab orqasiga qarab kuldi:

  • Afg‘onistonda ko‘rishgunimizcha xayr! – dedi va tufli- sini kiyib yugurganicha chiqib ketdi.



YOSUMAN

Muhayyo Anvarning fakultetiga bordi, pochta taxtasida unga xat qoldirdi-da, Javlonning bezoriligini aytib ko‘nglini


bo‘shatish uchun hovliga oshiqdi, biroq onasining xushhol chehrasini ko‘rib kayfini buzgisi kelmadi, indamay qo‘ya qoldi. Muborakxonim qilmishidan hamon xijolat bo‘lib, undan gap so‘ragani ham botinolmadi, o‘zi indamaganidan keyin
«Ko‘rishmagan bo‘lsa kerak», deb qo‘ya qoldi.
Anvar Muhayyoning xatini oldi, yakshanba kuni ertalab choydan keyin galstugini siqib bog‘lab chiqib ketayotgan edi, Marg‘uba birdan «Qayoqqa?» deb qoldi. Anvar garang bo‘lib biron vaj aytgani so‘z topolmay iziga qaytdi, birpasdan keyin o‘z bo‘lmasining derazasidan tushib ketdi.
Muhayyo shaharning narigi chekkasidagi «Rohat bog‘- chasi»ning kiraverishida kutib turar edi. Anvarni uzoqdan ko‘rib qiyshayganicha unga qarshi yurdi. Anvar yosh boladay irg‘ishlab-irg‘ishlab chopdi, yetib kelguncha sabri chidamay kotib Rahimjonning gapini, va’dasini yo‘l-yo‘lakay aytdi, yetib kelganida Muhayyoni quchoqlab olayozdi. Muhayyo o‘zini tortgan edi, kichkina ariqchadan o‘tkazib qo‘yish bahonasi bilan tirsagidan ushladi, ariqdan o‘tilgandan keyin ham qo‘yib yubormadi. Muhayyo birov ko‘rib qolishidan hadiksirab atrofga ko‘z qirini tashladi, lekin qo‘lini tortib olmadi.
Anvar yoshlar tashkilotida bo‘lgan gapni kechgacha gapirib ham tugatolmasman, deb o‘ylagan edi, biroq butun tafsiloti bilan gapirganida ham bir necha daqiqadan oshmadi. Muborakxonimning muomalasi to‘g‘risida esa gapirishni lozim ko‘rmadi. Muhayyo bu haqda uzr so‘ramoqchi bo‘lib gap boshlagan edi, Anvar tiqilib, qornini ushlab, qotib-qotib kuldi. Uning uchun bu hodisa, aftidan, yosh bolaning shaftoli o‘g‘irlikka tushib quvg‘in yeganiday bir gap edi. Shunday bo‘lsa ham Muhayyo onasining o‘z qilmishidan xijolatda ekanini aytdi. Anvar bunga javoban negadir «rahmat» dedi. Shu bilan bu gap ham tamom bo‘ldi. Muhayyo Javlon haqidagi gapni og‘ziga olgani jirkandi. Uning Anvarga tikilib turgan ko‘zlarida: «Bu qabih manzarani men ko‘rdim, senga eshitishni ham ravo ko‘rmayman», degan bir ma’no yotar edi. Muhayyo to‘xtadi. Anvar uning to‘xtashini «endi uy-uylikka» deb tushundi-da, shoshib, «Yana birpas yuraylik, aytadigan gapim ko‘p edi, esimdan chiqib qoldi», dedi.
Muhayyo rad javobini bermoqchi edi, uning javdirab turgan ko‘zlariga qarab og‘zi bormadi-da, shivirlab nolidi:

  • Yana birov ko‘rib qoladi, yana baloga qolamiz. Anvar xavotir olib atrofga ko‘z tashlasa ham sipohgar-

chilikni qo‘ldan bermadi:

  • Birov emas, hozir ammamning o‘zi ko‘rib qolsa ham pisand emas! – dedi, keyin xunob bo‘ldi: – Nima uchun men Muattarni olishim kerak? Men Javlonning o‘gay qizi Muattarni olishim kerak emish! Ota-onamning vasiyati shu emish! Holbuki, onam qazo qilganlarida Muattar bog‘cha yoshida edi. Dadamning ko‘nglida shundog‘ gap bo‘lsa loaqal ishora qilar edilar!

Muhayyo bu haqda hech narsa demadi. Ikkovi parkning xilvat xiyobonlarini uzoq kezishdi. Muhayyo Anvarning yana Muattar to‘g‘risida gapirishini, unga o‘zining ko‘nglini yana ham aniqroq aytishini istadi shekilli, maslahat tarzida dedi:

  • Ota-onangiz vasiyat qilmagan taqdirda ham ammangiz sizga yomonlikni ravo ko‘rmasa kerak-ku, nega o‘sha qizni olmaysiz!

Anvar bu gapni undan kutmagani uchun tajang bo‘lib chakkasini qashidi.

  • Chunki yaxshi ko‘rmayman! Chunki ko‘nglimning ko‘chasidan ham o‘tgan emas! Chunki men uni bilmayman! U ham menga tegmoqchi emas!

Bitta-bitta qadam tashlab biroz jim yurishgandan keyin Muhayyo so‘z mavzuyini o‘zgartirish uchun dedi:

  • Qavm-qarindoshlaringiz, yor-do‘stlaringiz sizni yo‘q- lamay qo‘yishdimi?

Anvar xo‘rsindi.

  • Mening yoshimda menga o‘xshab erka o‘sgan bola yor-do‘st emas, tengqurlaridan o‘rtoq orttirar ekan, xolos. O‘rtoq faqat o‘ynagani yaxshi!

  • Yo‘q, Anvarjon, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Erka o‘sgan- man deyapsiz, ehtimol o‘rtoqlaringizga siz ham faqat o‘rtoq bo‘lgandirsiz. Ota-onasi erka o‘stirgan bola ko‘pincha xudbin bo‘ladi... Qavm-qarindoshlaringiz ham yo‘qlashmaydimi?

Anvar anchadan keyin javob berdi:

  • Yo‘qlab turishadi, yig‘ilish kerak bo‘lganda yig‘ilishadi, yig‘lash kerak bo‘lganda yig‘lashadi, menga taskin-tasalli berishadi. Bilasizmi, bir-biriga o‘xshagan, bir-biridan sovuq quyma gaplarni eshitgani yuragim bezillaydi. Bironta odam-

ning qalb so‘zini, bironta odamning issiq nafasini sezmayman! Bunaqa yetimlik, bunaqa kimsasizlikni hech kimning boshiga solmasin! Marg‘uba ammam qiziq, menga tasalli bergan bo‘lib: «Hammaning ham ota-onasi o‘ladi», deydi! Uning eri Javlon amakim undan ham oshiradi: «Ich shu alamlarga!» deb menga nuqul vino tutadi!.. Gamlet aytmoqchi, yo rabbim, odam odamga bunchalik muhtoj bo‘lar ekan-ku!..
Anvar yana kimsasizligidan, nazarida oralaridan mehr- oqibat ko‘tarilib borayotganidan nolidi, yana ammasining Muattar to‘g‘risidagi gaplaridan xunob bo‘ldi. Muhayyo gap aylanib: «Afsuski erga tegib chiqqan ekansan, yo‘qsa seni olar edim», degan mazmunga yaqinlashuvidan qo‘rqib, endi ketaylik, demoqchi bo‘lib to‘xtadi, lekin uni tashlab ketgani ko‘ngli bo‘lmadi-yu, kinoga taklif qildi.
Kino bu yerdan yuz qadamcha narida bo‘lib, kunduzgi seans yaqin orada boshlanishidan radio xabar berib turar edi. Anvar bilet oldi, eshik oldida chetlanib Muhayyoga yo‘l berdi. Shu choq shang‘illagan bir tovush chiqdi-yu, Muhayyo munkib ketdi. Anvar shundoq qarasa, yonida tirik murdaday bo‘lib, hansirab Marg‘uba turibdi, u shovqin solib yana Muhayyoga hamla qildi. Anvar uni orqa yoqasidan ushlab uloqtirib tashladi-da, Muhayyoni quchog‘iga olib chetga olib chiqdi. Marg‘uba nuqul: «Bu olqindi qiz olmagan yigitning boshini aylantirib yuribdi!» deb dodlar, yulgani goh Muhayyoga hamla qilar edi, goh Anvarga. Odam yig‘ildi, xonatlas ko‘ylak kiygan semiz bir xotin lapanglaganicha Muhayyoga yaqin borib: «O‘l bu kuningdan! Senga o‘xshaganlarning qorasi yuqib, o‘qigan qizlarning hammasi haromga o‘xshab qoldi!» – dedi. Boshqa bir ayol shovqin solib, uni itarib tashladi. Semiz xotin yiqilib, oyoqlari ko‘tarilib ketdi. G‘ovur kuchaydi.
Militsiya serjanti keldi. Marg‘uba halloslaganicha uning oldiga bordi va bu yerda sodir bo‘lgan zo‘r jinoyatdan jabr ko‘rgan kimsaday arz boshladi, jabr ko‘rgan Anvarni yoqlagan bo‘lib, Muhayyoning sha’niga xotin kishining og‘zidan chiqishi mumkin bo‘lmagan gaplarni aytdi. Muhayyo yuzini ikki qo‘li bilan changallab yig‘lar, ingrar, to‘lg‘anar edi. Anvar uni bag‘riga bosib jonini berguday bo‘lar edi, nihoyat, bor tovushi bilan qichqirdi:

  • O‘rtoq serjant! – Birdan g‘ovur bosildi. – Yolg‘on! Bu yosuman Muhayyoga tuhmat qilayotibdi! Muhayyo mening xotinim! – dedi.

Hamma jimjit bo‘lib qoldi. Marg‘uba yuzini timdalab, og‘zini katta ochganicha oyoq uzra turib hushidan ketdi. Serjant xaloyiqni tarqatdi.

  • Qani, o‘rtoqlar, kinodan qolmanglar, – dedi, keyin Marg‘ubaga chest berdi. – Siz ham jo‘nang! Bular-ku er- xotin ekan, siz nima qilib yuribsiz orada yosuman bo‘lib?

Marg‘uba boshidan tushib ketgan ko‘k ro‘molini yopindi, sekin burildi, narida, xiyobonda bir-biriga suyanishib, bitta- bitta qadam tashlab ketayotgan Anvar bilan Muhayyoga bir qaradi-da, hozir borib bularni bir nima qiladiganday, shoshib jo‘nab qoldi.
Muhayyo birozdan keyin o‘ziga keldi, ko‘z yoshidan ivib ketgan ro‘molchasi bilan titrayotgan qo‘llarining kaftini ishqar ekan, Anvarga mung‘ayib qarardi.

  • Anvarjon aka, nega unaqa dedingiz?.. Nega xotinim dedingiz! Lekin bu bilan meni shuncha odamning oldida ammangizning oyog‘i ostidan tortib oldingiz, boshingizga ko‘tardingiz! Rahmat! Endi uyga qanaqa borasiz?

Anvar ko‘kragini ko‘tarib mushtini tugdi.

  • Boraveraman! Ammam bir nima desin-chi, haydayman! Uyimizdan haydab yuboraman! – dedi, lekin Muhayyoni uyiga pasqam ko‘chalardan, chakalakzordan o‘tadigan so‘qmoqdan kuzatib qo‘ydi.

Ikkovi chakalakzorning chiqaverishida to‘xtadi. Muhayyo xayrlashgani qo‘l berdi. Anvar uning qo‘lini mahkam ushlab sekin o‘ziga tortdi. Muhayyo besaranjom bo‘lib:

  • I-i-i, xafa bo‘laman!.. – dedi. – Men sizning bunaqa qilishingizni bilsam chaqirmas edim, kelmas edim...

Anvar uning qo‘lini darrov qo‘yib yubordi.

  • Kechirasiz... Men betingizdan bitta o‘pmoqchi edim, to‘g‘rilikcha... Qo‘lingizdan o‘pishim ham mumkin! Mumkinmi? Muhayyo bu sodda – beg‘ubor, ich-tashi bir bolaga havas bilan qaradi, agar uyalmasa hozir o‘pgani bir emas, ikki yuzini tutar, balki o‘zi ham o‘par edi. Uning jilmayib turganini ko‘rib Anvar qo‘lini sekin oldi, xavotirlik bilan labiga tegizdi, keyin qayta-qayta o‘pdi, yuziga surkamoqchi bo‘ldi. Muhayyo

qitig‘i kelganday qiqirlab qo‘lini tortib oldi, burilib ariqdan hatladi-da, katta yo‘lga chiqib qo‘lini silkitdi, ikki qo‘lini qanot qilib chopqillaganicha ketdi.
Anvar uyga qaytib kelganida ko‘cha eshigi berk edi, taqillatganda rangi murda bo‘lib ketgan Marg‘uba eshikni ochdi, ochmadi – uzun zanjirni zulfidan chiqarmasdan eshikni qiyalatib qaradi-da, Anvarni ko‘rib, «Xotining bilan qo‘sh- mozor bo‘l!» deb o‘shqirdi, eshikni qattiq yopib qulfladi, tanbasini tiqdi va qattiq-qattiq qadam tashlab yiroqlashdi. Anvar eshikni yana taqillatdi, uzoq taqillatdi, bo‘lmaganidan keyin yondoriga tirmashib tomga chiqdi, tunukani taqillatdi. Marg‘uba uyning eshigidan boshini chiqardi.

    • Haddingdan oshma, bola, hozir militsiya chaqiraman! Anvar tunukani taraqlatib tepdi.

    • Men ham militsiya chaqiraman! Ota-onamdan qolgan hovliga meni kirgizmaslikka nima haqqingiz bor? Haqqingiz yo‘q! Ko‘chib keting! Hozir ko‘chib keting!

Marg‘ubaning joni halqumiga keldi. Yugurganicha chiqib hovlidagi tosh bormi, g‘isht bormi, qo‘liga nima tushsa Anvarga otaverdi. Anvar hammasini ilib olib hovliga tashladi, so‘nggi yarimta g‘ishtni ilib olib «Bas!» deb jahl bilan uloq- tirgan edi, g‘isht yerdan qapchib derazaga tegdi va oynani sindirdi. Marg‘uba «Bezorining dastidan dod, militsiya, qayoqdasan!» deb shovqin solib ko‘chaga yugurgan edi, Anvar tomning orqa tomonidan tushib qochdi.


ANDISHA

Anvar shu kechani bir qarindoshinikida o‘tkazdi. Bundan darak topgan Marg‘uba shahardagi hamma qarindoshlarga uchrab «Anvar Rohat bog‘chasida meni urdi, ko‘chada yurgan bir ityaloqni hammaning oldida «xotinim» dedi; tomga chiqib menga tosh otdi», deb zor-zor yig‘ladi. Shundan keyin qarin- doshlardan hech biri Anvarga ro‘yxush bermay, «Halitdan shunaqa bo‘lsang, holingga voy», «Otang seni ammangga top- shirib ketgan, go‘rida tinch yotsin», deb dashnom berib, nasihat qilishdi. Anvar voqeani boshdan-oyoq aytib bermoqchi bo‘lsa, so‘ziga hech kim quloq solmas edi. Anvarga yetim qolgani hech qachon hozirgiday bilinmagan edi. Qani endi onasi yo otasi


bo‘lsa-yu, boshini ko‘kragiga qo‘yib ho‘ng-ho‘ng yig‘lasa! Loaqal pichagina hasrat qilib yuragini bo‘shatgani kimi bor? Anvar bu to‘g‘rida o‘ylaganida ko‘z oldiga yig‘idan qovoqlari shishib ketgan Muhayyo kelar, lekin uning yonida uchi tutab turgan kosovni ko‘tarib turgan Muborakxonim turar edi.
O‘sha kuni Rohat bog‘chasidan qaytishda hayajonni yengib, bundan keyin qachon va qayerda ko‘rishish haqida va’dalashish ikkovining ham esiga kelmabdi. Muhayyo juda katta tashvishga qoldi. Marg‘uba Anvarni qanday qarshi olar ekan? Ko‘chada shunday shallaqilik qilgan bu xotin uyda Anvarni ne ko‘yga soldi ekan? Anvar «Ammamni hovlimizdan haydayman», degan edi, janjal chiqqan bo‘lsa ana u piyanista Javlon Anvarga ziyon-zahmat yetkazmadimikan?..
Muhayyo ikki marta uning fakultetiga bordi, borishda ham, qaytishda ham Anvarlar ko‘chasidan yurdi, fakultet pochta taxtasiga qo‘ygan xati hanuz turganini ko‘rib yig‘lardi.
Oradan uch kun o‘tgach hovliga institut yoshlar tashkilotidan xat keldi. Xatda tashkilot kotibi Rahimjon Muhayyoni ertasi soat o‘n birga chaqiribdi. Rahimjon odatda talabalarni shunaqa chaqirib har to‘g‘rida suhbatlashib turar edi, shuning uchun Muhayyo ko‘ngliga hech gap kelmasdan bordi va qabulxonada Anvar o‘tirganini ko‘rib qo‘rqib ketdi: nahot Rahimjon o‘sha, Rohat bog‘chasidagi voqea to‘g‘risida chaqirtirgan bo‘lsa. Uning nimaga chaqirganini Anvar ham bilmas edi. Ikkovi hol- ahvol so‘rashishgach, Anvar ammasi uyga kirgizmaganini, darbadar bo‘lib yurganini Muhayyodan yashirdi.
Muhayyo o‘sha kuni ammasi qanday qarshi olganini so‘rab ulgurmadi, kotiba qiz ikkovini kabinetga taklif qildi. Rahimjon odatdagicha o‘rnidan ham turmadi, qovoq-tumshug‘ini solib qog‘oz varaqlar ekan:

  • Nima qilib yuribsizlar ko‘chalarda janjallashib? O‘ti- ringlar! – dedi.

Anvar bilan Muhayyo bir-biriga qaradi. So‘zni Anvar boshladi. Biri qo‘yib, biri oradagi munosabatni to‘la-to‘kis gapirib berdi. Gap tamom bo‘lgandan keyin ikki oradagi munosabat «to‘g‘rilikcha» ekaniga Rahimjonni ishontirish uchun Muhayyo «O‘lay agar!» dedi.

  • Siz nima deysiz, Anvarjon? – dedi Rahimjon.

  • Men ham shu. To‘g‘rilikcha yurgan edik...

    • Nega bo‘lmasa o‘shanda Muhayyoxonni «xotinim» debsiz?

Anvar darhol javob berdi:

    • Muhayyoxonni ammam hech og‘izga olib bo‘lmaydigan gaplar bilan haqorat qildilar!

    • Demak, Muhayyoxonni «xotinim» deyish bilan bu haqoratlarga o‘zingizni tutib beribsiz-da?

Muhayyo yer ostidan Anvarga qarab qo‘ydi. Anvar jim- jilog‘i bilan ko‘zining chekkasini artdi, aftidan, o‘sha haqo- ratlar zahri hanuz tanidan ketmagan edi.

    • Men o‘sha topda hech narsani o‘ylaganim yo‘q... Rahimjon kulimsiradi.

    • To‘g‘ri, o‘sha topda Muhayyoxondan boshqa hech narsani o‘ylamagan bo‘lsangiz kerak!

Anvar qizarib ketdi. Rahimjon Muhayyoga yuzlandi.

    • Siz-chi, siz nima deysiz? Anvarjon «xotinim» deganda xafa bo‘lganingiz yo‘qmi?

Muhayyo ham qizarib yerga qaradi va eshitilar-eshitilmas dedi:

    • Nega xafa bo‘lar ekanman, shunday vaqtda, shunday paytda shunaqa deb, o‘zingiz aytmoqchi, haqoratlarga o‘zlarini tutib beradilar-u...– uning o‘pkasi to‘ldi, – o‘la- o‘lgunimcha esimdan chiqadimi...

Rahimjon yolg‘ondan qovog‘ini solib so‘radi:

    • Shunda farishtalar omin degan bo‘lsa-chi?

Muhayyoga bu gap kalaka bo‘lib tuyuldi shekilli, rangi bo‘zarib kotibga ayiq qarash qildi, lekin uning yuzida zarracha ham bunday ifoda yo‘qligini ko‘rib darrov o‘ziga keldi, lekin shundoq bo‘lsa ham, ehtiyotdan o‘pkalagan bo‘ldi:

    • Nima qilasiz shunaqa gaplarni gapirib... Rahimjon uning yuziga qaradi va kulimsirab so‘radi:

    • Bunaqa gaplar to‘g‘ri kelmaydimi? Muhayyoning achchig‘i keldi.

    • G‘alati gapni gapirasiz-a!.. Bilib turib...

    • Nimani bilib turib? – dedi Rahimjon.

Muhayyo labi pirpirab, onasining ta’birini ishlatdi:

    • Menga it tekkan-ku... Rahimjonning jahli chiqdi.

  • O‘zingizga munosib ibora topolmadingizmi? Loaqal

«turmush ko‘rganman, andisha qilaman», desangiz-chi!

  • Albatta, andisha qilaman, – dedi Muhayyo yerga qarab.

  • Andisha deydigan bo‘lsangiz Anvarjon qilsa bo‘lar edi, biroq hech qanaqa andishaga bormapti.To‘g‘ri qilipti. Bunaqa andisha Marg‘ubadan chiqadi. Biz ham shunaqa andishaga boradigan bo‘lsak, demak, Marg‘uba haq ekan-da! Nima, siz oyoq-qo‘li yulib tashlangan qo‘g‘irchoqmisiz?

Muhayyo titrayotgan qo‘li bilan sochini tuzatib eshitilar- eshitilmas dedi:

  • Marg‘uba xolaga o‘xshagan odamlar kammi...

  • Bilaman! – dedi Rahimjon. – Million! Bu andisha bizning taomilimiz! Bu odamni xo‘rlaydigan bundan ham yomonroq taomillarimiz ozmi?

Anvarga jon kirdi.

  • Dastlab shu to‘g‘rida gapirganingizda, Marg‘uba am- mamning jag‘ini tiyamiz degan edingiz...

  • Tiyamiz! – dedi Rahimjon. – Jag‘ini ko‘plashib tiyamiz, lekin hozir undan ham zarurroq ish chiqib turibdi: ammangiz o‘sha kundan beri sizni uyingizga kirgizmayotgan emish-ku?

Muhayyo yalt etib Anvarga qaradi.

  • Endi bundoq, – dedi Rahimjon suhbatni yakunlab, – men bu ishni Naimjon boshliq uch kishiga topshirdim, ucho- viga ishning mohiyatini, Marg‘uba qanaqa xotin ekanini yaxshilab tushuntirdim. Ertadan keyin uchovi sizni uyingizga eltib qo‘yadi.

Muhayyoning quti uchdi.

  • Voy, Marg‘uba xolaning fe’li yomon, janjal chiqsa... Eri piyanista, Anvar akamga biron ziyon-zahmat yetkaz- masmikin?

  • Anvar akangiz bizga omonat, omonatga xiyonat qilmay- miz, – dedi Rahimjon va burnining uchini qashigan bo‘lib tabassumini yashirdi.

Kabinetdan chiqilgach, Muhayyo zo‘r tashvish bilan so‘radi:

  • Anvar aka, qayerda yotib yuribsiz?

  • Yotoqda bir kun biri bilan, bir kun boshqasi bilan...

  • Rahimjon akam odam yuborsalar ammangiz insofga kelarmikin? Yo dadamga aytay, ulardan oldin borib ammangiz bilan gaplashsinlarmi?

Anvar kuldi.

    • Dadangizga og‘zingizdan chiqara ko‘rmang, ayangiz kosov olib quvgan edilar, dadangiz bolta ko‘tarib qolmasinlar tag‘in!

    • Yo‘q, Anvar aka, ayam tushunmasdan o‘shanaqa qil- ganlar... Dadam oyimga «Anvarjonni u oiladan qutqarib olish kerak», degan emishlar.

Anvarning qalbiga bu gap iliqqina, yumshoqqina tegdi.
Anvarga bu gap ma’qul tushganini sezib Muhayyo maktabga qarab yugurdi. Naimjonlar ertaga Marg‘ubaning oldiga borishadigan bo‘lsa dadasi bugun, hozir borib Marg‘u- baga aytadigan gapini aytishi, Naimjonlarning ishini oson qilishi kerak edi.
Muhayyo maktabga bordi, dadasining oxirgi darsdan chiqishini kutib o‘tirdi: umrida yolg‘on gapirmagan, ayyorlikka ishi tushmagan bo‘lsa ham dadasiga yolg‘on gapirdi, maktab kutubxonasiga kitob olgani kelganini aytdi. Uyga ketayotib yo‘lda gapini uzoqdan aylantirib Anvarga burdi-da, uni «Marg‘uba uyidan haydagan, bola bechora hozir darbadarlikda yurgan emish», dedi va «Shunga men sabab bo‘ldim», deb ko‘ziga yosh oldi. Anvarni Marg‘uba uydan haydaganidan Hakimjon xabardor ekan, bu haqda maktab o‘qituvchilari orasida gap bo‘lganini, birov unga vaqtinchalik bir xona berishga rozilik bildirganini, yana birov uni ta’til kunlarida biron ishga joylab qo‘yishga va’da berganini so‘zladi. Muhayyo suyunib ketdi va maqsadini aytdi. Yoshlardan oldinroq, iloji bo‘lsa bugun kechqurun Marg‘ubaga uchrashishni dadasidan iltimos qildi. Hakimjon biroz jim qoldi, o‘yladi. Marg‘uba kim ekanini aytgani og‘iz rostladi-yu aytmadi, buning o‘rniga «Marg‘ubaning ta’rifini eshitganman, mening borishimdan, yoshlarning borishidan ham hech ish chiqmaydi», deb qo‘ya qoldi.



Yüklə 349,19 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   35




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin