Abdulla Qodiriy (1894—1938) Abdulla Qodiriy yangi davr o’zbek adabiyotining asoschilaridan bin, o’zbek milliy romanchilik maktabining tamal toshini qo’ygan buyuk adibdir. U 1894-yil 10-aprelda Toshkentda bog’bon oilasida tug’ilgan. 9-10 yoshlarida eski usul maktabda tahsil ko’radi. So’ng rus-tuzem maktabida o’qiydi. 17-18 yoshlarida bir savdogarga prikazchilikka yollanib, uch-to’rt yil ishlaydi. So’ng bog’bonlik bilan tirikchilik o’tkazadi. Abdulla Qodiriy ijodi 1913—1914-yillarda boshlandi. U shu yillari barcha ilg’or fikrii yoshlar qatori jadidchilik harakatiga qo’shilgan va o’zining ilk asarlarida ma’rifat, millat taraqqiyoti va hurligi g’oyalarini targ’ib eta boshlagan. Qodiriy dastlab ma’rifiy she’rlar yozdi. «Ahvolimiz», «Millatimiz», «To’y» kabi she’rlari jadid matbuotida e’lon qilinadi. 1915-yili u Behbudiyning «Padarkush» fojiasi ta’sirida «Baxtsiz kuyov» pyesasini yozadi. So’ng o’zi «milliy ro’mon» deb atagan «Juvonboz» hikoyasini yaratadi. Bu asarlar ham avvalo ma’rifatparvarlik qarashlari mahsuli bo’lib, jamiyatdagi chirkin illatlar va qoloq urf-odatlarni keskin tanqid qilishga yo’naltirilgan.
Abdulla Qodiriy (asosiy taxalluslari: Qodiriy, Julqunboy) (1894.4.10-Toshkent-1938.10.4) - 20-a. yangi o’zbek adabiyotining ulkan namoyandasi, o’zbek romanchiligining asoschisi; 20-y.lardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Bog’bon oilasida tug’ilgan. Otasi Qodirbobo (1820—1924) xon, beklar qo’lida sarbozlik qilgan, rus bosqini paytida (1865) Toshkent mudofaasida qatnashgan. Otasi boshidan o’tgan sarguzashtlar A.Q.ning qator asarlari, xususan tarixiy romanlarining yuzaga kelishida muhim rol o’ynagan. A.Q. musulmon maktabida (1904— 06), rus-tuzem maktabida (1908—12), Abulqosim shayx madrasasida (1916— 17) ta’lim oldi; Moskvadagi adabiyot kursida (1925—26) o’qidi. Yoshligidanoq qad. Sharq madaniyati va adabiyoti ruhida tarbiya topgan; arab, fors va rus tillarini o’rgangan. Jahon adabiyotini ixlos bilan mutolaa qilgan. Oilasi kambag’allashganligi sababli bolalikdan mustaqil mehnat qila boshladi, turli kasblarni egalladi, mahalliy savdogarlarga kotiblik va gumashtalik qildi (1907—15). 1917 y. Okt. davlat to’ntarishidan so’ng Eski shahar oziqa qo’mitasining sarkotibi (1918), "Oziq ishlari" gaz.ning muharriri (1919), Kasabalar sho’rosining sarkotibi (1920), "Mushtum" jur. tashkilotchilaridan va tahrir hay’ati a’zosi (1923—26). A.Q. ijodiy faoliyatining boshlanishi 1910y.larning o’rtalariga to’g’ri keladi. "Sadoi Turkiston" gaz.ning 1914 y. 1 apr. sonida A.Q. imzosi bilan "Yangi masjid va maktab" sarlavhali xabar bosiladi. Bu bo’lajak adibning matbuotdagi dastlabki chiqishi edi. Oradan ko’p o’tmay, uning "To’y", "Ahvolimiz", "Millatimga", "Fikr aylagil" kabi she’rlari, "Baxtsiz kuyov" dramasi, "Juvonboz" hikoyasi chop etiladi (1914—15). A.Q. ijodining dastlabki
namunalari bo’lgan bu asarlar millatparvarlik, ma’rifatparvarlik ruhida yozilgan bo’lib, jadidchilik g’oyalari bilan sug’orilgandir. Muallif unda xalqning zabun holatidan kuyib so’zlaydi, millatni uyg’onishga da’vat etadi, fikrlashga chorlaydi. A.Q.ning "Uloqda" hikoyasi (1916) avvalgi asarlari bilan tenglashtirib bo’lmaydigan darajada yuqori bo’lib, 20-a. tongidagi o’zbek realistik adabiyotining cho’qqisi, realistik hikoyaning eng yaxshi namunasi hisoblanadi.
A.Q.ning 1917 y. Okt. to’ntarishidan keyingi faoliyati asosan matbuot bilan bog’langan. Uning 1919—25 y.lar oralig’ida yozgan maqolalari soni 300 atrofida. A.Q.ning publitsistik chiqishlari avvalo o’sha davrning tarixiy hujjati, zamonasining solnomasi. 20-y.lar o’rtalarida yozilgan "Kalvak Mahzumning xotira daftaridan", "Toshpo’lat tajang nima deydir?" satirik hikoyalar turkumida yozuvchi kulgusi "harakter kulgusi" darajasiga ko’tarildi. Muallif bunda hayotdagi, odamlar tabiatidagi muayyan salbiy hodisalarni sof mafkuraviy nuqtai nazardan turib, nuqul biryoqlama qoralash, fosh etish yo’lidan bormay, harakter va hodisalarni xolis turib, murakkabligi, ziddiyatlari bilan ko’rsatishga jazm etadi.
A.Q. sho’ro hokimiyatining dastlabki yillarida qizg’in jurnalistik faoliyati bilan barobar o’zbek adabiyotidagi birinchi roman — "O’tgan kunlar"ni yaratdi (1919—20). Romandan boblar 1922 y. "Inqilob" jur.da e’lon etildi. 1924—26 y.lari har bir bo’limi alohida-alohida kitob holida bosildi. "O’tgan kunlar" yaratilgan davr o’zbek xalqi uchun millatning erki, ozodligi, mustaqilligi, jahondagi o’rni masalasi hayot-mamot ahamiyatiga molik edi. A.Q. mamlakatimiz taraqqiyparvar ziyolilari safida turib ona yurtning , millatning taqdiri ustida astoydil qayg’urdi, o’zicha najot yo’lini izladi. Avvaliga u
bolsheviklarning yolg’on va’dalariga ishondi, ammo adib bu va’dalar qog’ozda qolib ketayotganini, yovuz mustamlaka siyosati mohiyat-e’tibori bilan o’zgarmay qolayotganini, munofiqona tus olayotganini, el orasida buzg’unchilik, fitna, sinfiy-mafkuraviy adovat avj oldirilib, birodarkushlik urushi boshlanib ketganligini, sho’rlik xalq bu qonli siyosatning qurboni bo’layotganini o’z ko’zi bilan ko’rdi. Ayniqsa, Qo’qon muxtoriyatining tor-mor etilishi ko’pgina hur fikrli ziyolilar qatori A.Q.ning qalbini larzaga soldi. Adib "O’tgan kunlar" romani orqali xalqning milliy ongini uyg’otmoqchi bo’ldi, "tariximizning eng kir, qora kunlari" — yurtni mustamlaka balosiga giriftor etgan keyingi "xon zamonlari" — 19-a. o’rtasidagi mudhish tarixiy jarayonlar haqida so’z ochib, bu ayanchli haqiqatdan xalqqa saboq bermoqchi bo’ldi
"O’tgan kunlar" romanining ma’nomundarija doirasi nihoyatda keng . Unda xilma-xil insoniy taqdirlar, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy, oilaviyishqiy
muammolar qalamga olingan. Biroqular orasida yurtning , millatning taqdiri, mustaqilligi masalasi alohida ajralib turadi. Binobarin elyurtning mustaqilligi, birligi masalasi romanning pafosini tashkil etadi. Asarning bosh qahramonlari Otabek va Yusufbek hojilar shu yurt istiqloli, faravonligi, osoyishtaligi yo’liga hayotini, jonini tikkan fidoyi kishilardir. "O’tgan kunlar" bamisoli ulkan va tiniq ko’zgu, unda o’zbek millatining muay-yan tarixiy sharoit, vaziyatdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-ma’naviy dunyosi, bo’y-basti, qiyofasi keng ko’lamda aniq-ravshan gavdalantirilgan. "O’tgan kunlar", bir qarashda, an’anaviy ishq dostonlarini ham eslatadi. Unda Otabek bilan Kumushning ishqiy sarguzashtlari, fojiasi juda katta mahorat bilan tasvir etilgan. Asardagi ishqiy sarguzashtlar kitobxonni hayajonga soladi, Otabek bilan Kumushning go’zal baxtini barbod etgan omillar kishini chuqur o’yga toldiradi. Muallif oshiqlarning ishqiy sarguzashtlari bahonasida muayyan tarixiy davrni — Turkistonning rus bosqini arafasidagi ahvoli, qora kunlarini ko’z oldimizda gavdalantiradi. Qodiriy ishqiy sarguzashtlar ko’rinishida o’lkaning tutqunlikka tushishining bosh sababi jaholat, qoloqlik va o’zaro ichki nizolardir degan fikrni g’oyat ustalik bilan aytadi. Garchi romanda adib shaxs harakteri va qismatini muhit, sharoit, ijtimoiy muammolar bilan chambarchas aloqadorlikda tasvir va taxlil etsada, inson shaxsining muhit va sharoitga bog’liq bo’lmagan tug’ma, sirli-sehrli g’aroyib shevalariga ham e’tiborni tortadi. Bu jihatdan bir oila, bir xil sharoitda tug’ilib voyaga yetgan sajiya-harakter, surat va siymo vajidan ikki olam — egachisingil Zaynab va Xushro’ybibi obrazlarining talqini g’oyat ibratlidir. Biri mute, itoatkor, nuqul o’zgalar izni bilan ish ko’radi; ikkinchisi esa dadil, mustaqil, o’z baxti va taqdiri uchun faol kurash olib boradi. Yozuvchi bu ikki shaxs harakteriga xos tug’ma xususiyatlarni sharg’lash b-ngina cheklanmaydi, bunday hislatlarning o’sha kimsalar, qolaversa o’zgalar taqdiriga ko’rsatgan ta’siri, fojeiy oqibatlarini ham ifoda etadi. O’zini boshqalar ixtiyoriga topshirib qo’ygan Zaynab shu ojizligi tufayli o’z baxtiga zomin bo’libgina qolmay, yana o’sha ojizligi tufayli o’zgalar qutqusi orqasida beixtiyor jinoyatga qo’l uradi — Kumushga zahar beradi. Mustaqillik, dadillik — yaxshi hislat, biroq unga xudbinlik aralashsa baloi azimga aylanishi mumkin. Xushro’ybibi o’z baxti uchun kurashadi; shaxsiy manfaatlari yo’lida hech narsadan qaytmaydi; birovlarning ko’z yoshlari hisobiga, o’zgalarning baxtiqaroligi evaziga o’z baxtini tiklaydi. Romandagi O’zbek oyim obrazi ham nihoyatda tabiiy va go’zal siymolardan biridir.
Dumbul tabiat bu ayol o’g’li Otabek, qolaversa kelinlari — Kumush, Zaynab taqdirlarining chig’allashib ketishi, oxiri fojiaga yuz tutishida bosh sababchi ekani ayon. Biroq har qancha gunohkor bo’lmasin, o’ta andishali adib uni keskin qoralashga tili bormaydi. Nima bo’lganda ham, O’zbek oyim, baribir ona... Ayni paytda rostgo’y, realist yozuvchi onaning pala-partish, dovdir xattiharakatlaridan, tabiatidagi ayrim kamchiliklaridan ko’z yumib o’tolmaydi. Bu borada adibga xalqona yumor qo’l keladi. Bu obraz tasviri boshdan-oyoq ajib serjilo — ham kinoya-kesatiqgarga, ham ardoq-mehrga to’la yumor bilan yo’g’rilgan. Xullas, "O’tgan kunlar" romani to’qima qahramonlarning hayotiylik kasb etishi va tarixiy voqealarga uyg’unligi jihatidan ham, mujassamot butunligi va tilidagi nafosati jihatidan ham o’zbek adabiyoti xazinasidagi durdonalar qatoridan o’rin olgandir. "O’tgan kunlar" o’zbek adabiyotida ilk roman bo’lishining o’zi b-noq ilgari
bosilgan katta qadam edi. Unda realizmning asosiy tamoyillari yuqori badiiy saviyada amalga oshirildi. Roman, umuman, o’zbek adabiyotida yetuk realizmga asos soluvchilik rolini o’ynadi.
A.Q. ikkinchi yirik asari "Mehrobdan chayon"ni 1928 y. fev.da yozib tugatdi. Roman 1929 y. Samarqandda bosilib chiqdi. Garchi bu roman mavzui ham 19-a. hodisalari — "xon zamonlari" davridagi o’zboshimchaliklarni ko’rsatishga qaratilgan bo’lsada, unda roman yozilgan davr ruhi kuchli. Asarni "Mehrobdan chayon" deb atash, ziyoli ulamolarni qahramon qilib tanlashdan murod muqaddas dargoh — sajdagohdan chiqqan, o’sha dargohga nomunosib munofiq, qallob, tuban kimsalarga, hasadgo’y, e’tiqodsiz kishilarga ishoradir. Romanda Anvar bilan Ra’noning sevgi sarguzashti, qalb nazokati shoirona tarannum etilgan. Maktabdor Solih mahdumning yumoristik obrazi adabiyotshunoslikda yozuvchining jiddiy yutug’i, kashfiyoti sifatida e’tirof qilingan.
Garchi "Mehrobdan chayon"da davr zug’umi muayyan darajada sezilsa ham, adibda goho tarafkashlik mayllari ko’rinsada, amalda realizm mavqeida turgan, tarixiy haqiqatni mumkin qadar haqqoniy ifodalashga intilgan. Yozuvchining "Mehrobdan chayon"dagi realistik mahorati Solih maxdum obrazida juda yorqin namoyon bo’lgan. Romanda muallif yengil hazil-mutoyiba, kulgi-yumor, piching , kinoya-kesatiq, hajv orqali maxdum tabiatiga xos "maqtab bo’lmaydigan" xususiyatlarni batafsil ko’rsatadi. Bunday xususiyatlarning ichki va tashqi ijtimoiy ildizlarini ham ochadi. Ayni paytda mahdumning "hamma nuqsonlarini yuvib ketarlik" fazilatini ham ta’kidlaydi: "nima bo’lganda ham maxdum o’z zamonasining eng oldingi domlalaridan, Qo’qon aksariyatining savodxon bo’lishlariga sababchi ustozlardan". Romandagi Anvar bilan Ra’no obrazlari, bir qarashda, romantik qahramonlarday taassurot beradi. Barkamollik — aql-zakovat, do’stga, sevgiga sadoqat, erk, adolat yo’lidagi shijoat bobida ular afsona, doston qahramonlarini eslatadilar. Ishqiy mulohazalar bobida bu ikki yosh juda erkin, oralaridagi gap-so’zlar bir qadar kitobiy, shoirona... Masalaga sinchiklab qaralsa, Anvar va Ra’nodagi favqulodda, kitobiy tuyulgan hislatlar, ularning "g’ayritabiiy" xatti-harakatlari mantiqan va ruhiy jihatdan asoslangan. Ular maktab ko’rgan, yaxshi tarbiya, chuqur bilim olgan, Sharqning yuksak madaniyati, gumanistik g’oyalarini o’zlari uchun chin e’tiqod, bosh maqsad qilib olgan odamlardir. Adib asar personajlari qismati bilan bog’liq holda muhim tarixiy hodisalar, shaxslar, sarguzashtlar haqida ham ma’lumot beradi. Solih maxdumning kechmishi, ota-bobolari qismati bahonasida keltirilgan Amir Umarxonning kanizi to’g’risidagi hikoya, haq ishlari uchun jabr kurgan Sayidxon, mulla Siddiq va Mo’minjonlarning achchiq qismati, Xudoyorxon tarixi to’g’risidagi ma’lumotlar, Og’acha oyim sarguzashtlari, xon harami, xotinlari, o’rdadagi qullar haqidagi aniq ma’lumotlar asarda salmoqli o’rin tutadi. Ular bilan tanishganda hujjatli-tarixiy, publitsistik asar o’qiyotganday bo’lasiz. Yozuvchi ba’zan qahramonlari tabiatini, xususan haramdagi qizlar fojiasini hazil-mutoyiba, o’yin-kulgi orqali ochib beradi. Ammo bu kulgili bo’lib tuyulgan hodisalar zamirida jiddiy insoniy drama va shafqatsiz haqiqat yotadi. Xullas, "Mehrobdan chayon" hayot haqiqatini "orttirmay va kamitmay" o’z holicha jamiki qirralari, tovlanishlari bilan gavdalantirgan, harakterlar olamini, ruhiyatini o’ziga xos ohanglar, bo’yoqlar vositasida kashf etib bergan o’xshashi yo’q badiiy obidadir.
A.Q.ning tarixiy romanlari 20-y.
lardagi yangi o’zbek adabiyoti oldida turgan murakkab g’oyaviy-badiiy muammolarning juda ko’pini yechib berib, adabiy taraqqiyotning tezlanishiga xizmat etdi. Keyinroq o’zbek adabiyotining atokli vakillari qatoriga ko’tarilgan Oybek, G’afur G’ulom, Abdulla Qahhor A.Q. ijodining katta ta’siri ostida yetuk yozuvchi bo’lib yetishdilar. A.Q. ijodining milliy adabiyotlarga ta’sirini tojik, turkman, qozoq va qirg’iz adabiyotining S. Ayniy, M. Avezov, X. Deryayev, Ch.Aytmatov singari yirik vakillari ham qayta-qayta qayd etishgan. Nemis adabiyotshunoslari N.Tun, I. Baddauf, amerikalik tadqiqotchilar E. Olvort, Xristofor Murfi, asli eronlik amerika olimi Eden Nabi A.Q. ijodi bo’yicha jiddiy ishlar qilganlar. A.Q. ijodidagi chuqur mazmunni jozibador va ravshan shaklda ifoda eta olish, hayotdan yirik va sal-moqli voqealarni tasvir uchun tanlay olish, hayotdagi dramatik vaziyatlarga e’tibor, shaklning ixchamligi va katta prozada ortiqchaliklardan xoli ifodaning ustunligi, so’zning ma’noga mosligi va yorqinligi, hammadan ham muhimi — kishilar harakteridagi muhim xususiyatlarni ko’ra olish va tasvir eta bilish yosh adabiy avlod uchun doimo ybrat namunasi bo’lib kelmoqda. Oybek aytganidek, "O’tgan kunlar" romanida yozuvchi til ustida katta mahorat ko’rsatadi. Romanning tili haqiqatan boy, bo’yoqli, sodda, ifoda kuchi zo’r, ommaga anglashilarlik bir tildir. O’zbek adabiy tilining shakllanishida bu asarning roli, shubhasiz, katta. A.Q. yosh adabiy avlodni doimo jahon realistik adabiyotidan o’rganishga chaqirar, o’zi ham jahon klassiklarini mutolaa etish va ularning asarlarini o’zbekchaga tarjima qilish jarayonida realizm ustalaridan o’qib-o’rganib borar edi. Adib o’z kasbi haqida to’xtalib shunday degan edi: "Yozuvchiliqda bir qonun bor: hammadan ilgari ma’no, undan so’ng shu ma’noni ifoda qilish uchun so’z qurish, so’zgina emas, san’atkorona, ya’ni shundog’ so’zki, aytmoqchi bo’lgan fikringizning ifodasi uchungina maxsus yaratilgan bo’lib, yasama bo’lmasin. Mana shu shartni bajarib, bu jihatdan ta’min etilgach, boshqa masalalarga o’tishga haq olgan bo’lasan...".
A.Q. 30-y.lardagi murakkab sharoitda ham ijodni davom ettirdi. 1934 y. qishloq hayotidan "Obid ketmon" qissasini yozdi. Asardagi Obid obrazi o’zbek adabiyotidagi noyob hodisa. Uni o’zbek xalqining mehnat, dehqonchilik madaniyati bobidagi yetukligi timsoli, deyish mumkin. Yozuvchi bu obraz tasvirida o’sha davrda odat tusiga kirgan tor "sinfiylik" doirasidan ancha chetga chiqib, umuminsoniy qadriyatlarni ardoklash yo’lidan boradi; xolis turib q.x.ni jamoalashtirish harakatining bir qancha tomonlarini haqqoniy ko’rsatdi; ichki muammo — ziddiyatlarni ochib berdi, k-z tuzumi oxir-oqibatda odamlardagi tashabbusni, shaxsiy egalik, manfaatdorlik tuyg’usini so’ndirishligini aytdi. Qodiriyning mazkur qissasini o’zbek adabiyotidagi birinchi "ishlab chiqarish" qissasi, Obidni esa birinchi ishbilarmon odam obrazi deyish mumkin. A. Q bu o’rinda iqtisod, xo’jalik masalalarining bilimdoni, tadqiqotchisi sifatida ham ko’rinadi; asar bosh qahramonining harakteri, ruhiy olami asosan mehnatda, xo’jalik ishlarida ochiladi.
A.Q. zukko tilshunos, zabardast tarjimon sifatida ham katta ishlar qildi. U tatar fizik olimi Abdulla Shunosiyning "Fizika" (1928), Gogolning "Uylanish" (1935), A.P. Chexovning "Olchazor" (1936) asarlarini o’zbekchaga tarjima qildi. Qozonda bosilgan "To’la ruschao’zbekcha lug’at"ni (1934) tuzishda ishtirok etgan.
A.Q. asarlari, ayniqsa romanlari, jahon miqyosida tez tarqaldi. "O’tgan kunlar" ozarbayjon tilida 1928 y.da, "Mehrobdan chayon" tojik tilida 1935 y.da, "Obid ketmon" rus tilida 1935 y.da nashr etildi. Shundan buyon bu asarlar rus, qozoq, uyg’ur, tatar, arab, italyan, ingliz, nemis va b. tillarda qayta-qayta nashr etilib kelayotir.
A.Q.ning 44 yillik umri, 20 yillik ijtimoiy va ijodiy faoliyat davri keskin kurashlar, ta’qibu tahdidlar ichida o’tdi. Rostgo’y adib shuro dav-ri haqidagi badiiy asarlarida, publitsistikasida sho’ro voqeligiga xos ziddiyatlarni, siyosatdagi xato va kamchiliklarni xolis turib ko’rsatishga jazm etdi. Ammo uning bu urinishlari birin-ketin zarbaga uchray boshladi. 1926 y. "Mushtum"da bosilgan "Yig’indi gaplar" hajviyasidagi tanqidiy mulohazalari uchun "aksilinqilobiy harakat qilganlik"da ayblanib qamoqqa olinadi, turli bo’htonlar bilan sudlanadi. Sudda u mardona turib o’z sha’nini himoya qiladi. "Obid ketmon" qissasi ham sho’ro mafkurachilariga ma’qul kelmaydi, keskin tanqidga uchraydi; "ideologik buzuqliklar va xatolar"ga to’la, "siyosiy tutruqsiz" asar sifatida baholanadi. Yozuvchining tarixiy romanlari esa asosiy pafosi — millat taqdiri, birligi, el-yurt qayg’usi, mustaqilligi, shaxs erki, ijtimoiy adolat uchun kurash g’oyalari bilan yo’g’rilganligi tufayli ham hukmron mafkuraga zid asarlar bo’lib chiqdi. Millat ruhini yorqin aks ettirgan, xalqning , o’zga millat kitobxonlarining sevimli asarlariga aylangan bu romanlar sho’ro davri siyosati uchun zararli kitoblar sifatida bot-bot qoralandi. 30-y.lar o’rtalariga kelib, bu mash’um kampaniya avjiga chiqdi. Nihoyat, A.Q. 1937 y. 31 dek. kuni hibsga olindi. 9 oylik qamoqdagi so’roq-tergov, qiynoq, xo’rlikdan so’ng Cho’lpon, Fitrat kabi maslakdoshlari bilan birga qatl etildi. Qodiriy hibsga olingach, asarlari "zararli" sanalib o’tda yoqildi, kutubxonalardan yo’qotildi, ularni o’qish taqiqlandi. A.Q. Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991), "Mustaqillik" ordeni bilan taqdirlandi (1994). Abdulla Qodiriy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti ta’sis etilgan. Toshkent madaniyat in-tiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bog’iga, katta ko’chalardan biriga, respublikamizdagi ko’plab madaniyat muassasalariga uning nomi berilgan. "O’tgan kunlar" va "Mehrobdan chayon" romanlari asosida kinofilmlar (1969, 1996, 1973) va ko’p seriyali telefilmlar yaratilgan. Oilalarda farzand tug’ilsa, A.Q. romanlari qahramonlari nomlarini qo’yish rasm bo’ldi. Eng muhimi, A.Q., uning hayoti, ijodi haqidagi bor haqiqatni aytish, yozish, asarlarini asl holida "tahrirsiz" chop etish uchun yo’l ochildi.
Dostları ilə paylaş: |