Ona tili o’qitish metodikasining metodologik asosi borliqni bilish nazariyasidir. Bu fanning bosh vazifasi o’quvchilarning o’zbek tili lug’at boyligini to’liq o’zlashtirib olishlarini ta’minlashdir.
Ma’lumki, jamiyatda til kishilar o’rtasidagi aloqaning zaruriy vositasidir. Tilning aloqa vositasi sifatidagi ahamiyati uzluksiz ortib boradi. Til borliqni oqilona, mantiqiy bilish vositasidir. Til birliklari yordamidagina bilish jarayonida umumlashtirish, tushunchani muhokama va xulosa bilan bog’lash amalga oshadi.
Til va nutq tafakkur bilan uzviy bog’lanadi. Tilni egallash va nutq o’stirish bilan o’quvchining fikrlash qobiliyati ham o’sib boradi.
Maktabning vazifasi tilni kishilar orasidagi munosabatning rivojlangan nozik quroliga aylantirish hisoblanadi.
Metodik fan sifatida ona tili o’qitish metodikasi boshlang’ich ta’lim standarti belgilab bergan vazifalarni amalga oshiradi, ya’ni tafakkur qilish faoliyatlarini kengaytirish, erkin fikrlay olish, o’z fikrini og’zaki va yozma ravishda ravon bayon qila olish, jamiyat a’zolari bilan erkin muloqotda bo’la olish ko’nikma va malakalarini rivojlantirishga oid metod va usullarni ishlab chiqadi.
Bilish nazariyasiga ko’ra analitik-sintetik ishlar yordamida til ustida kuzatishdan umumiy xulosa chiqarishga, nazariy ta’rif va qoidaga, shular asosida yana og’zaki va yozma tarzdagi nutqiy aloqaga, to’g’ri yozuv va to’g’ri talaffuzga o’tiladi. O’quvchilar jonli nutqiy aloqaga to’g’ri talaffuz va to’g’ri yozuvni elementar nazariy ma’lumotlar asosida amaliy egallash orqali kirishadilar. Ular til materiallarini kuzatish, tahlil qilish orqali elementar nazariy qoidalar chiqaradilar, o’rgangan va o’zlashtirilgan nazariy qoidalarni amaliyotga ongli ravishda tatbiq etadilar.
Maktabda ona tili o’qitish metodikasining bunday yo’nalishi haqiqatni bilish qonuniyatlariga ham, hozirgi zamon didaktikasi vazifalariga ham mos keladi.
Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari belgilab berildi:
ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;
ta’limning uzluksizligi va izchilligi;
umumiy o’rta, shuningdek, o’rta maxsus kasb-hunar ta’limining majburiyligi;
o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining yo’nalishini: akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o’qishni tanlashning ixtiyoriyligi;
ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;
ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
bilimli bo’lishni va iste’dodni rag’batlantirish;
ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg’unlashtirish2.
Bu tamoyillar boshlang’ich ta’limda ona tili o’qitish metodikasining vazifalarini ham belgilab, aniqlashtirib beradi. Qonunda ta’kidlanganki, boshlang’ich ta’lim umumiy o’rta ta’lim olish uchun zarur bo’lgan savodxonlik, bilim va ko’nikma asoslarini shakllantirishga qaratilgan.
Ona tili o’qitish metodikasi fani ham ta’lim jarayonini tashkil etish shakllarini va usullarini ishlab chiqishda yuqoridagi maqsadlar asosida ish yuritadi.
Ona tili o’qitish metodikasi psixologiya va pedagogika ma’lumotlariga ham tayanadi. Metodikaning masalalarini hal etishda pedagogik ilmlar ham yordam beradi. SHuning uchun ham psixologiya va pedagogika fanlari ham metodikaning metodologik asosi hisoblanadi.
Pedagogik psixologiya kishiga ta’lim va tarbiya berishning psixologik qonuniyatlarini o’rganishni o’z predmeti deb biladi. U o’quvchilarda tafakkurning shakllanishini tadqiq qiladi, aqliy faoliyat usullari va ko’nikmalarini o’zlashtirish jarayonini boshqarish masalalarini o’rganadi. Metodika psixologiya fani ma’lumotlariga tayanib o’qitishda o’quvchilarning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olib yondashish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Ona tili o’qitish metodikasi psixolingvistika fani bilan ham uzviy bog’liqdir. Psixolingvistika metodikaga nutq haqida fikrni bayon qilish turlarini belgilovchi omillar, “nutqni qabul qilish signallari” apparati, individual munosabatga va ommaviy aloqaga nutqiy ta’sirning foydasi haqida ma’lumot beradi..
Ona tili metodikasi umumiy pedagogika bilan ham o’zaro bog’lanadi. Maktab ta’limidagi har bir o’quv predmeti, shu jumladan ona tili ham, faqat bilim berish, ko’nikma va malaka hosil qilish bilangina cheklanmay, bolaning ongini oshirishi va tarbiyalashi ham zarur. Haqiqatdan ham, ona tili o’qitish jarayonida bolalarning dunyoqarashi shakllanadi, bilish qobiliyatlari o’sadi, ular aqliy, axloqiy, estetik tomondan rivojlanadi, xarakterida ma’lum ijobiy xususiyatlar yuzaga keladi, mehnat qilishga o’rganadi va hok.
Pedagogika fani bolalarni har tomonlama rivojlantirish va ularni tarbiyalash masalalarini ilmiy tomondan ishlab beradi. Ona tili o’qitish metodikasi pedagogika fani yangiliklariga, uning yuqorida qayd etilgan masalalarni ilmiy tomondan ishlab bergan ma’lumotlariga tayanadi.
Ona tili metodikasini umumiy pedagogika bilan bog’lash ayniqsa boshlang’ich sinflarda muhimdir. Kichik yoshdagi o’quvchilarning jamoaviy va shaxsiy o’quv faoliyatida zarur bo’lgan ko’p odat va ko’nikmalari hali tarbiyalanmagan bo’ladi.
Ona tili o’qitish metodikasi o’zbek tilining ma’lum qismini nazariy egallashni nazarda tutadi, shuning uchun ham fonetika va fonologiya, leksikologiya vafrazeologiya, so’z yasalishi va etimologiya, grammatika morfologiya va sintaksis, stilistika, shuningdek, orfoepiya, grafika, orfografiya kabi fanlar ona tili metodikasining muhim asosi hisoblanadi.