ZAVQIY ASARLARINING TIL VA USLUBI. Ubaydulla Solih o’g’li Zavqiy o’zbek demokratik adabiyotining mashhur namoyandalaridan biridir.
Zavqiy o’z uslubida soddalik, ravonlikka erishish maqsadida xalq og’zaki ijodidan samarali foydalandi. U xalq og’zaki ijodiga xos ibora va maqollarni she’riy misralarga singdira bildi:
Farq aylamay yaxshi-yomon,
Kim arpa-bug’doy, kim samon.
Tuhmat haqoratlar hamon,
Ne muddaosiz afandilar.
Bunday uslubdan foydalanganligi tufayli Zavqiy asarlarida jonli xalq tili elementlari ko’pdir.
Zavqiy o’z asarlarida xalq tiliga xos so’zlardangina foydalanib qolmay, unga xos bo’lgan so’z birikmalarni ham qo’lladi:
Bu padar la’nat harom o’lgur otim,
Har qachonkim, men minar bo’lsam kasal.
Keltirilgan misollardagi padar lanat, xarom o’lgur birikmalari xalq so’zlashuv tiliga xosdir. Zavqiy tilining Muqimiy va Furqat tilidan farqli tomoni shundaki, unda til xalqchilligi, jonli xalq tili elementlarini nisbatan ko’p qo’llaganligidadir. Bundan tashqari Muqimiy va Furqat asarlarida bo’lganidek, Zavqiy asarlarida xam ruscha-internasional so’zlarni uchratamiz.
Zavqiy asarlarida veksel, poyiz, vagun, kalaska, jurnal, tilgrom, banka, bo’lis, siyoz (se’zd), pristup, bolshevik kabi rus va rus tili orqali kirgan so’zlar qayd qilinadi.
Zavqiy rus tilidan yuqoridagi kabi faqat otlarni emas, balki sifat va so’z birikmalarni ham stilistik talab asosida qo’lladi:
Ko’r bo’lmasa pul oqib kelurmu,
Bu badshakl, slepoy durakka,
Uruscha maqtasa Zavqiy, xorosho
Juvon, pir, mardu zon monandi shidur.
Umuman, Zavqiy ham o’z poeziyasi bilan o’zbek adabiy tilini xalq tiliga yaqinlashtirdi.
AVAZ O’TAR O’G’LI ASARLARINING TIL VA USLUBI.O’zbek demokratik adabiyotining ko’zga ko’ringan adiblaridan hisoblangan Avaz O’tar o’g’li asarlari bilan o’zbek adabiy tili ravnaqiga munosib hissa qo’shdi.
Barcha demokratik shoir va yozuvchilar kabi Avaz O’tar o’g’li ham buyuk Alisher Navoiy tomonidan asoslangan adabiy tilni rivojlantirishga, davr talabiga mos formalar axtarib topib, uning taraqqiy etishida barakali xizmat qildi.
Avaz O’tar davr talabiga javob beradigan til vositalarini xalq so’zlashuv tilidan o’zbek adabiy tiliga olib kirishga harakat qildi. Masalan, uning she’rlarida zindon, chora, ijara, sham, kulba kabi xalq tilida qo’llanadigan so’zlar qo’llangan. Buning yorqin dalili quyidagi satirik to’rtlikda ko’rinadi:
Sipohi poro istar,
Mulla ijora istar
Bechora chora istar,
Bir chora zamon bormu?