Tavrot (ivritcha: תּוֹרָה- "tora" — taʼlimot, qonun) — iudaizm dinining muqaddas kitobi. Tavrot 5 ta kitob (Ibtido, Chiqish, Loviy, Sonlar, Ikkinchi qonun)ning umumiy nomi. Iudaizm va islom aqidasi boʻyicha, Tavrot Allohning Musoga a.s Jabroil a.s orqali tushirgan kitobi. Koʻpincha u "Muso qonunlari" deb ham ataladi. Tavrot yozuvlari ogʻzaki tarzda mil. av. 11—6-asrlar oʻrtasida shakllangan. 5-asrda Falastinda kitob shakliga keltirilgan. Tavrotda dunyoning yaratilishi, Odamato, Momohavo, toʻfon, Bobil minorasi va tillar chatishuvi, ilk yahudiy paygʻambarlari, yaxudiylarning Misrdan chiqib asirlikdan qutulishi, ularga Falastinni muqaddas yer sifatida berilishi, Musoning xudodan olgan koʻrsatmalari, Yaxvaga sigʻinishning boshlanishi, diniy aqida, tartib va marosimlar, yahudiylarning 40 yil Sinay yarim orolda koʻchmanchilikda hayot kechirishi, yahudiylar xudo tomonidan tanlangan xalq ekani bayon qilinadi. Tavrotni asrlar davomida talqin va qayta talqin etish natijasida iudaizmning yana bir muqaddas kitobi — Talmud shakllangan. Qurʼonda Tavrot haqida bir qancha oyatlar bor. Qurʼonga koʻra, Injildagi kabi Tavrotda ham yahudiylardan boʻlmagan Ahmad ismli paygʻambarning dunyoga kelishi haqida aytilgan. Musulmon adabiyotida "Qadimgi ahd" da uchraydigan barcha kitoblarni Tavrot deb ataydilar.
Yahudiylikda aytilishicha, Muso o‘z qavmining qo‘lda yasalgan buzoqqa sig‘inayotganini ko‘rib, bundan g‘azab lanib ketadi va Xudoning amrlari yozilgan lavhalarni sindirib tashlaydi, shundan keyin Xudo quyidagi O‘n amrni qayta tushirgan.
Dunyoni yaratgan, yakka-yu yagona Yahvedan boshqa iloh yo‘qligiga imon keltirish.
Yahvedan boshqaga ibodat qilmaslik.
Xudoning nomini bo‘lar-bo‘lmasga tilga olavermaslik.
Shanba kunini muqaddas bilish va shu kuni dam olish.
Ota-onani hurmat qilish.
Qotillik qilmaslik.
Zino qilmaslik.
O‘g‘rilik qilmaslik.
O‘z yaqinlari (yahudiylar) haqqiga yolg‘on guvohlik bermaslik.
O‘z yaqinlari uyiga, ayoliga, quliga, hayvonlariga, umuman, unga tegishli bo‘lgan narsalarga ko‘z olaytirmaslik.
Musoga tegishli bo‘lgan besh kitobni o‘z ichiga oladi: