Bundan tashqari Fitrat tarixshunoslik va sharqshunoslik sohalariga oid fors tilida maqola va risolalar ham yozdi, „Amir Olimxonning hukmronlik davri“ (1930) shular jumlasidandir. 1921-yilda B.Soliyev va B.S. Sergeyev bilan birgalikda Buxoro amiriga qarashli nodir qo'lyozmalar, vaqf hujjatlarini yig'ish, ularga tartib va tavsif berish ishlarida ishtirok etdi. B.S. Sergeyev bilan birgalikda V.L. Vyatkin arxivida saqlangan qozilarga oid hujjatlarni o'rganib, rus tilida “Казыйские документы XVI века” (1937) nomli kitobni nashr ettirdi.
VAFOTI
Fitrat ilg'or demokratik g'oya va fikrlari uchun ko'pchilik jadidlar qatorida shakkoklik va isyonkorlikda ayblandi. Chor ma'murlari esa uni mustamlakachilikka qarshi turganlikda aybladilar, kommunistik mafkura humron bo'lgan sho'rolar davrida esa, millatchilikda, panturkizm g'oyasi tarafdori, „xalq dushmani“ degan tuhmatlar bilan aybladilar. Professor H.Yoqubovning hikoya qilishicha, Fitratni 1937-yilgacha uning do'sti Fayzulla Xo'jayev o'z himoyasiga olib kelgan. 1937-yilda ko'pchilik qatori Fitrat ham NKVD tomonidan qamoqqa olingan. Iosif Stalinning 1938-yil 28-martdagi „Otuvga e'lon qilinganlar ro'yxati“ga tushgan.
Abdurauf Abdurahim o'g'li Fitrat 1938-yil 4-oktyabr kuni Toshkent shahrining hozirgi Yunusobod tumani Bo'zsuv qirg'og'idagi qatlgohda otib o'ldirildi.[9] Uni o'limga mahkum qilish haqidagi sud qarori bir kundan keyin ya'ni 1938-yilning 5-oktyabrida imzolandi.
Fitrat 110-yillik yubileyi sharafiga chiqarilgan pochta markasi.
1963-yil Iosif Stalin vafotidan so'ng Fitrat nomi oqlandi.
XOTIRA
XOTIRA
1991-yil 25-sentyabrda Abdurauf Fitratga o'zbek dramaturgiyasini rivojlantirishdagi, realistik adabiy tanqidchilik hamda adabiyotshunoslik maktabiga asos solishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi. Mustaqillik ordeni berildi. Toshkent va Buxoroda Fitrat nomidagi ko'chalar, maktablar ochildi. Buxoro shahrida Fitrat bog'i va uy-muzeyi tashkil qilindi (1996). Buxoro shahrida Fitrat haykali o'rnatildi. 1996-yilda Abdurauf Fitrat tavalludining 110-yilligi mamlakat miqyosida nishonlandi, „O'zbekiston pochtasi“ tomonidan Fitratga bag'ishlangan pochta markalari chiqarildi.