Ibn Sino, umri murakkab va sertashvish vaziyatlarda o`tganiga qaramay, ilm-fanning o`n ikki sohasi bo`yicha mislsiz yutuqlarni qo`lga kiritgan.
O`sha davrdagi mavjud siyosiy vaziyat buyuk vatandoshimiz boshiga ko`p sarson-sargardonliklar solgan. U Buxorodan Xorazmga ko`chadi, undan keyin Isfahon va Hamadon shaharlarida yashaydi. Alloma Xorazmda yashagan davrlarda Ma`mun akademiyasida ko`plab mashhur olimlar, ayniqsa, Abu Rayhon Beruniy bilan yaqin ilmiy-ijodiy hamkorlik qilgan. zining dunyoga mashhur "Tib qonunlari" va "Ash-Shifo" asarlari uchun zarur ma`lumotlar to`plagan.
1037 yilda 57 yoshda vafot etgan vatandoshimiz Hamadon shahriga dafn etilgan. Ibn Sino faoliyati bilan shug`ullangan olimlar uning har lahzadan unumli foydalanganini alohida ta`kidlaydilar. Darhaqiqat, inson 57 yillik hayoti davomida 450 dan ortiq asar yozib, ilm-fanning ko`plab sohalarida o`chmas iz qoldirishi oson emas. Ibn Sinoning "Tib qonunlari" asari dunyo mamlakatlarida hamon tabobat sohasidagi muhim qo`llanma sifatida o`qib-o`rganib kelinmoqda.
- Buyuk vatandoshimiz qoldirgan boy ma`naviy-ma`rifiy merosni o`rganish va targ`ib etish, uning 1025 yillik yubileyini munosib nishonlash borasida siz rahbarlik qilayotgan jamg`arma qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
- Ulug` vatandoshimiz merosini chuqur o`rganish va targ`ib qilish, bu yo`nalishda ilmiy izlanishlar olib borish Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan jamg`armamizning asosiy vazifalaridandir. Ibn Sino kutubxonasi va muzeyi tashkil etildi. Jamg`armamiz tomonidan chop qilinayotgan "Ibn Sino - Avicenna" deb nomlanuvchi xalqaro jurnal alloma qoldirgan boy ma`naviy meros hamda sog`lom turmush tarzi kontseptsiyasining faol targ`ibotchisi. Bu borada ulug` yurtdoshimiz asarlarini hamda ularning ahamiyatini ochib berishga yo`naltirilgan qator risolalar ham jamg`arma ko`magi bilan nashr etildi.
Joriy yilning Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan Sihat-salomatlik yili deb e`lon qilinishi hamda shu munosabat bilan ishlab chiqilgan davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida respublikamizdagi barcha akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlari, oliy o`quv yurtlarida Ibn Sino nomi bilan ataluvchi salomatlik markazlari ochildi. Ular orqali jamg`armamiz vakillari doimiy ravishda yoshlarga sog`lom turmush tarzi falsafasini tushuntirmoqda, targ`ib qilayotir. Ana shu ezgu ishni amalga oshirish niyatida "Abu Ali ibn Sino" deb nomlangan gazetani chop etishni ham yo`lga qo`ydik.
Ayni paytda jamg`armamiz xodimlari sa`y-harakatlari bilan "Sog`lom turmush tarzi va kasalliklarning profilaktikasi", "Bolalar tarbiyasi", "Giyohvandlik va VICh/OITS profilaktikasi", "Ibn Sino gerontologiya markazi" kabi maslahat markazlari tashkil etildi. Jamg`armamiz huzurida YuNESKOning xalqaro bioetika dasturi bo`yicha milliy qo`mitasi ish boshlagani ham ahamiyatga molikdir. Mazkur qo`mita doirasida yurtimizda bioxilmaxillikni ta`minlash muammolari atroflicha tahlil etilmoqda. Yurtimiz qishloq va shaharlarida, mahalla va guzarlarida, turli o`quv muassasalari va tashkilotlarda muntazam ravishda Ibn Sino ilmiy merosi va sog`lom turmush tarzi, kasalliklarning oldini olish muammolariga bag`ishlangan turkum seminar va anjumanlarni o`tkazyapmiz. Jamg`armamizning, ayniqsa, asrimizning dolzarb muammolaridan hisoblangan giyohvandlik va OITSga qarshi kurash borasidagi samarali faoliyati Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan yuksak baholanib, Jonatan Menn mukofotiga munosib ko`rildi.