MUNDARIJA: KIRISH.
I BOB. FITRAT HAYOT VA IJODIGA BIR NAZAR.
1.1. Fitra – dramaturg.
1.2. Fitrаt ijodining tаnqid vа аdаbiyotshunoslikdаgi tаlqini.
II BOB. ABULFAZXON DRAMMASIDA ABULFAYZXON OBRAZI 2.1. “Abulfayzxon” – tarixiy fojia.
2.2. “Abulfayzxon”da obrazlar talqini.
III. Xulosa. IV. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
Kirish Abdurauf Fitrat o‘zbek xalqi hayotida XX asr tongida boshlangan Yangi Milliy Uyg‘onish davri va uyg‘onish adabiyotining buyuk vakilidir.Ozod Sharafiddinov Abdurauf Fitrat haqida “A.Fitrat o‘zbek va tojik xalqlarining madaniy rivojida salmoqli o‘rin tutuvchi yorqin siymolardan biridir” deb bejiz aytmagan. Abdurauf Fitrat qadim ilm-fan markazi bo‘lmish Buxoro shahrida 1886-yili tug‘ildi. Ma’lumotlarga qaraganda uning otasi Abdurahimboy degan kishi ekanligi va sarroflik bilan shug‘ullanganligi ma’lum bo‘ladi.«Sarrof» so‘zi lug‘atlarda «pul maydalovchi», «pul almashtiruvchi» deb izohlanadi. Har holda uning o‘ziga to‘q, ayni paytda, o‘qimishli, dunyoning baland-pastidan xabardor kishi bo‘lganligiga shubha yo‘q. Tabiiyki, savdo bilan shug‘ullangan. Ma’lumotlarga qaraganda, Turkiya, Eron, Qashqarga tez-tez borib turgan. Onasining oti Bibijon (to‘la nomi Nastarbibi, ayrim manbalarda Mustafbibi) bo‘lgan.Oilada Abduraufdan tashqari yana ikki farzand-ukasi Abdurahmon va singlisi Mahbuba ham bor edi. 20-yillarning faollaridan bo‘lgan, goho she’r ham mashq qiladigan Mahbuba Rahim qizining nomi o‘quvchilarga bir qadar tanish.
Abdurauf dastlab o‘z davrining eski maktablaridan birida o‘qidi, tarix, falsafa va adabiyotdan chuqur bilim oldi, arab, fors, turk tillarini mukammal o‘rgandi. Ayni choqda, eski maktab tahsilini ko‘rgan Fitrat o‘zining ta’biri bilan aytganda, “mutaassib ruhoniy” bo‘lib yetishgan edi.So‘ng mashhur ”Mir Arab madrasasida o‘qidi. Zamondoshlarining ma’lumot berishlaricha, u Buxoroda 18 yoshlariga qadar o‘qidi. So‘ng, chamasi, bir oz otasi yonida xizmat qilgan, birga hajga borishgan, Turkiya, Eron, Hindiston, Arabistonda bo‘lishgan. «Tazki-ratush-shuaro» muallifi Ne’matulla Muhtaramning uni ham otasi kabi «sarrof» deb atashi, «Hoji mulla Abdulrauf» deb tanishtirishi bejiz emas. Shuningdek, uning Markaziy Rusiyaning Moskva, Peterburg kabi shaharlariga ham sayohat qilgani ma’lum. Bu safar—sayohatlar, mutaxassislarning aniqlashlaricha, 1904-1907-yillarga to‘g‘ri keladi.
XX asr boshida butun Sharqda bo‘lgani kabi Buxoroda ham ijtimoiy fikrda jiddiy uyg‘onish boshlanib, jadidchilik harakati kuchaydi. Fitrat ham, “yosh buxoroliklar” deb nom olgan jadidlarning so‘l qanotiga qo‘shiladi va oradan ko‘p o‘tmay — 25 yoshida 1909-yilda hamshaharlari aka-uka Usmonxo‘ja va Atoxo‘ja Po‘latxo‘jayevlar hamda Mazhar maxzum Burhon maxzum o‘g‘li va Muqimbek bilan Istanbulga o‘qishga ketadi. Istambulda o‘tkazilgan to‘rt yillik hayot, turk ma’rifatparvarlari, adib va shoirlarining ijodi bilan tanishish, yevropacha falsafa va ijtimoiy ta’limotlardan o‘rganish Fitratning qarashlarida keskin burilish yasaydi — endi u Buxoro hayotidagi, Turkiston hayotidagi qoloqliklarni, bid’at va xurofatni aniqroq ko‘radi, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘lib yotgan kuchlar haqida teranroq o‘ylay boshlaydi. Bu izlanishlar Fitratni islohotchilik yo‘liga olib keladi.U din bilan ilmni birga qo‘shishga intiladi va ijtimoiy tuzumni yangilash g‘oyalarini o‘rtaga tashlaydi. Bunda u, ayniqsa, feodal psixologiyaning ko‘rinishlariga, dindagi, yashash tarzidagi mahdudlikka qarshi chiqadi. Fitratning jamiyatni isloh etish haqidagi g‘oyalari “Munozara» va «Bayonati sayyohi hindi” degan publitsistik risolalarida ifodalangan. Bu kitobning ikkovi ham birinchi marta fors tilida Istambulda nashr qilingan edi.Bu ikki risola Buxoroda ham,Turkistonda ham ijtimoiy fikrning o‘sishiga kuchli ta’sir qildi. 1913-yilda Fitrat Buxoroga maorif va madaniy-ijtimoiy qurilish haqidagi yangi g‘oyalar bilan qaytib keldi. Biroq bularni mutaassiblik avj olgan Buxoroda amalga oshirishga yo‘l yo‘q edi. Shu sababli Shahrisabz va Karkida yangi maktablar ochish bilan shug‘ullandi. Qisqa muddatda Buxoro jadidchilik harakatining yetakchi vakillaridan biriga aylandi. Ayni choqda, u ham shoir, ham adib, ham adabiyotshunos, ham muarrix, ham tilshunos, ham publitsist sifatida qalam tebrata boshlaydi va tez orada jamoatchilik o‘rtasida katta obro‘ qozonadi. 1920 yilda Buxoro xalq respublikasi tuzilgach, Fitrat yangi hokimiyat tarkibida bir necha yil maorif ishlari bo‘yicha vazirlik vazifasini bajaradi.