«Adabiyot» 5-sinflar uchun 20 yil Mavzu adabiyot so‘z san’ati-fayllar.org
O’tgan mavzuni so’rash. a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
Yangi mavzu: Abdulla Avloniy 1878-yilning 12-iyulida Toshkent shahrining Mergancha mahallasida to’quvchi hunarmand oilasida tug’ildi. Avval eski maktabda o’qib savod chiqardi, so’ng madrasada tahsil oldi. Oiladagi moddiy qiyinchilik tufayli u bolaligidan turli ishlarga qo’l urdi. Halol rizq topib, oila tirikchiligiga ko’mak berish maqsadida odamlar eshigida mardikorlik qildi, g’isht quydi, duradgorlik va suvoqchilikni
o’rgandi. Mustahkam irodali Abdulla turmush qiyinchiliklariga taslim bo’lmay, ilmni ham tashlamadi: asosan kuz va qishda o’qib bilimini orttirdi, bahor va yozda mehnat qilib, oila tirikchiligiga qarashdi. Mehnat va o’qish davomida turmushdagi o’zgarishlarni kuzatdi. Turli yurt va shaharlarda chop etilayotgan gazeta va jurnallarni o’qib bordi. Bu o’qish-o’rganish, kuzatishlar samarasi o’laroq Avloniyning fikrlashi, dunyoqarashi kengaydi, millat uchun qayg’urish tuyg’usi yuragida alangalay boshladi. Bularning barchasi iste’dodining ko’zi ochilishiga sabab bo’lib, o’n olti yoshidan vaqtli matbuot sahifalarida ko’rina boshladi. Matbuotga, badiiy ijodga ishtiyoqi orta bordi.
XX asrning boshlarida Abdulla Avloniy jadidlar harakatining faol tashkilotchilaridan biri sifatida e’tirof qozongan edi. O’z faoliyatida ma’rifat tarqatishning turli usul va shakllariga murojaat qildi. Toshkentning Mirobod mahallasida yangi «usuli savtiya» — jadid maktablarini ochdi, o’zi mudirlik va o’qituvchilik qildi. 1909-yilda kambag’al, yetim-yesirlarga ko’mak beruvchi «Jamiyati xayriya» degan uyushma tashkil etdi.
Uning ta’limga bir qator yangiliklar kiritgani, mavjud maorif tizimini takomillashtirgani alohida diqqatga sazovor. Turkistonda birinchilardan bo’lib maktabga geografiya, kimyo, handasa, fizika fanlari kiritilishiga ta’sir ko’rsatdi, ta’limni real turmush bilan bog’lashga intildi, bir dars bilan boshqasi o’rtasida muayyan tanaffusni, bir sinfdan ikkinchisiga o’tishdagi imtihonni joriy etdi, ta’lim tizimining dunyoviy yo’nalishini kuchaytirishga alohida e’tibor berdi.
Avloniy yangi yo’nalishdagi maktablar uchun yozilgan ilk darslik va qo’llanmalar muallifi sifatida ham milliy pedagogikamiz tarixida alohida o’rin tutadi. Uning «Birinchi muallim» (1909), «Ikkinchi muallim» (1912) nomli darsliklari hamda «Turkiy Guliston yoxud axloq» (1913) nomli qo’llanmasi o’z davrida yoshlarni yangicha yo’nalishda o’qitish va an’anaviy milliy ruh asosida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega bo’ldi. U yaratgan besh to’plamdan iborat «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» (1909-1916) maktablarda qo’llanma vazifasini o’tadi. Mazkur darslik va qo’llanmalar ayni paytda muallifning badiiy ijod mahsuli bo’lib, ular ma’rifat targ’ibi yo’nalishidagi adabiyotning o’ziga xos namunasi ham sanaladi.
Abdulla Avloniy o’zining, hamfikrlarining qarashlarini el orasida yoyishda she’riyatga ham murojaat qildi. Shoir sifatida she’riy to’plamlar chop ettirdi. She’rlarida asosan ma’rifat, vatanparvarlik, milliy istiqlol g’oyalari tarannum etilgan. Shoir bir she’rida millatni o’tmish ajdodlardan ibrat olgan holda ilm-u urfonda yuksalishga da’vat etib shunday yozgan edi:
Umrini sarf etmish ota-bobolar, Chekmish ilm uchun jabr-u jafolar, Bizlar ham bo’lmayluk baxti qarolar, Bitsun, yo’q o’lsun bu kayf-u safolar. Ey millat, uxlama, ilm olur chog’i, Har millat ilm oldi — yondi chirog’i. Shoir jaholatni aritadigan, jamiyatni yuksaltiradigan, millat o’zligini tanitadigan maskan maktab ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydi:
Maktabdur oftobi jahon saodating, Maktabdur osmoni zamon sabovating ... Maktab u joyi dilkash shirin maqomdur, Maktab behisht-u jannat, hur tabiating...