Badiiy ijodning ikki tilda yaratilishi shu davrning muhim xususiyatlaridan edi. Navoiy, Bobur mirzo, Husayn Boyqaro, Sulton Ahmad mirzo (1451–1494) singari ijodkorlar ikki tilda she’rlar yaratgan. Zullisonaynlik an’anasi ham Navoiy timsolida o‘zining oliy cho‘qqisiga ko‘tarildi. Alisher Navoiy boshchiligidagi adabiy harakat turkiy til mavqeyi uchun qattiq kurash olib bordi va bu borada olamshumul
g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Alisher Navoiy faqat o‘zbek emas, balki butun turkey xalqlar adabiyoti, jahon xalqlari adabiyoti tarixidagi eng noyob hodisalar silsilasiga mansub bo‘lgan buyuk shaxsdir. U qoldirgan merosning soni va hajmigagina emas, balki ularning mazmun va yuksak badiiyatiga ko‘ra ham tengsiz adibdir. Navoiyning kichik zamondoshi Zahiriddin Muhammad Bobur buni juda muxtasar tarzda ifodalab bergan: «Alisherbek naziri yo‘q kishi erdi. Turkiy til bila to she’r aytibturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas. Olti masnaviy kitob nazm qilibtur, beshi «Xamsa» javobida, yana biri «Mantiq ut-tayr»
vaznida «Lison ut-tayr» otliq. To‘rt g‘azaliyot devoni tartib qilibtur: «G‘aroyib us-sig‘ar», «Navodir ush-shabob», «Badoyi ul-vasat», «Favoyid ul-kibar» otliq. Yaxshi ruboiyoti ham bor. Yana «Mezon ul-avzon» otliq aruz bitibtur... Forsiy nazmda «Foniy» taxallus qilibtur. Yana musiqiyda yaxshi nimalar bog‘labtur. Yaxshi naqshlari va yaxshi peshravlari bordur». Navoiy adabiyotshunos sifatida o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga xizmat qiladigan ko‘plab ilmiy asarlar muallifiir. Xususan, uning o‘zbek adabiyoti va madaniyati tarixi uchun noyob manba sifatida katta ahamiyatga ega «Majolis un-nafois» asarida 459 ta shoir, yozuvchi, ijodkor haqidagi ma’lumotlar jamlangan. «Bu aziz kitob hazrati xoqon Shohruh mirzo podshohligi davridan boshlab, shu zamonga qadar yer yuzini ravshan vujudlari bilan bezagan va bezab turgan olim va shoirlardan ko‘plarining ba’zi sifatlaridan va ahvollaridan bayon qiladi»1, – deb bildiradi Xondamir.