Solib borma meni, ey Yusuf husn,
Bukun Ya’qubtek bayt ul-hazanda. (Atoyi)
TAJOHIL UL-ORIF. Bu san’at mohiyatini bilib bilmaslikka olish tashkil etadi. Adib o‘zi bilgan narsani yana boshqalardan so‘rab turgandek bo‘ladi. Atoyining:
Mengiz yo ravzai rizvonmudur bu?
Og‘iz yo g‘unchai xandonmidur bu?
bayti bilan boshlanadigan g‘azali boshdan-oyoq shu san’at bilan ziynatlangan.
Lutfining quyidagi baytida ham shu san’at qo‘llangan:
Xo‘blarda seningdek bir mahbub qani nozuk?
Boshdin oyoqi zebo, bel-u badani nozuk.
Aslida, bu she’r ma’shuqa madhiga bag‘ishlangan. Lutfiy «mahbub» ning «xo‘blar» orasidagi eng a’lo mavqe tutishini biladi. Asl maqsad ham ana shu haqiqatni ta’kidlash. Bu maqsadga erishish uchun esa bilmaslikka olish, bilib turib yanaso‘rash usuli qo‘l kelgan.
HUSNI TA’LIL.Husni ta’lil firni asoslash san’atidir. Ammo bu asoslash real, hayotiy bo‘lmasdan faqat shoirona asoslash bo‘ladi. Quyosh oydek yuzungning xijlatidin Qochib, to‘rtinchi ko‘k uzra chiqibdur.
Lutfi bu o‘rinda yor – ma’shuqa yuzini ta’riflmoqda. Uning yuzi quyoshdan ham, oydan ham go‘zal. Biz oy va quyoshning yerdan tepada – ko‘kda turishini bilamiz, ammo shoir bunga boshqacha izoh bermoqda. Uning nazarida quyosh yor yuzining go‘zalligi tufayli yer yuzidan qochib ketgan va to‘rtinchi ko‘k (osmon)dan makon topgan. Lutfi yana bir she’rida yozadi: