Dardga to‘lding, g‘amga to‘lding, telba bo‘lding,
Ishq dardini so‘rsang hargiz darmoni yo‘q.
Birinchi misraga e’tibor berilsa, xuddi birinchidan, ikkinchidan, uchinchidan tarzidagi sanoq ohangi seziladi. Ayni mana shu tarz unga alohida ta’sirchanlik bag‘ishlaydi.Ta’didning muhim xususiyatlaridan biri shuki, u firiyrivojni, ketma-ketlikni, tadrijiylikni anglatadi:
O‘qi bu Lutfi mungluq niyoznomasini,
Savob-u olqish-u yuz ming duo kerak bo‘lsa.
Bu o‘rinda Lutfi savob, olqish, duo so‘zlarini ketma-ket sanash orqali ushbu san’atni hosil qilyapti.
Ta’didda, asosan, sanoq sonlar ishtirok etib, tartib sonlar nisbatan kam qo‘llanadi, shuningdek, bu vazifani sanoq va tartibni ko‘rsatuvchi son, olmosh va ravishlar ham bajaradi.
TANOSIB. Aslida, ko‘plab badiiy san’atlar so‘zlarning she’riyatdagi ma’naviy aloqadorligiga tayanadi. Shoirning mantiqan bir-biriga bog‘liq va bir-birini taqozo etadigan so‘zlardan foydalanishi tanosib deyiladi. Masalan, bir baytda «gul» so‘zi ishtirok etsa, u o‘z-o‘zidan «tikan», «guliston», «shabnam», «bulbul»
kabi so‘zlarning bo‘lishini taqozo etadi.
Olma yanoqing ko‘rgach, men bandi nechuk o‘lmay?
Bodom ko‘zi fina, pista dahani nozuk.
Lutfi bu o‘rinda yanoq, ko‘z, dahan kabi kishi tanasi qismlarini, shuningdek, olma, bodom, pista singari meva nomlarini bir baytga jamlagan. Ayni paytda olmadek yanoq, bodomdek ko‘z, pistadek dahan tasvirlari bayt mazmuniga ta’sirchanlik ham berib turibdi. Atoyining quyidagi misralarida ham tanosib mavjud:
Uzun sochingdin uzmasmen ko‘ngulni,
Ayog‘ing qanda bo‘lsa boshim anda.
Bu yerda soch, ko‘ngil, oyog‘, bosh so‘zlari o‘rtasida mutanosiblik bor. Quyidagi baytda esa Atoyi cherik (askar), mulk (mamlakat), oldi (bosib oldi), ittifoq (ikki mamlakatning o‘zaro kelishishi) kabi so‘zlarning ma’no yaqinligidan foydalangan: