To‘nyuquq iftixoridagi eng asosiy nuqta shunday ifodalanadi: «Bu turk xalqiga qurolli dushmanni keltirmadim, yalovli otni yugurtirmadim».
To‘nyuquq obidasi vatan haqidagi madhiyadir. U voqeiy yoki badiiy asar bo‘lishidan qat’i nazar, unda hayot haqiqati ham, tarixiy haqiqat ham badiiy tarzda o‘z aksini topgan. Turkiy qabila va elatlarning o‘zaro talashib-tortishishlari ham, tashqi dushman bilan bo‘lgan ayovsiz kurashlar ham,
aslida, tarixiy haqiqatdir. Eltarish, Bo‘g‘u, Bilga xoqonlar ham tarixiy shaxslardir. Asarda tilga olingan ko‘plab qabila, urug‘lar tarixda mavjud bo‘lgan, ularning bir qismi hozir ham alohida xalqlar va millatlar tarkibida yashab kelmoqda. Yodgorlikda murojaat, undov, chaqiriq, yetakchilik qiladi.
To‘nyuquq tabiatida tushkunlik, ikkilanish mutlaqo ko‘rinmaydi. Uning harakatlarida, so‘zlarida o‘ziga ham, butun xalqiga ham buyuk ishonch balqib turadi. Xuddi shu holat uning g‘alabalarida asosiy omil bo‘ladi.
«To‘nyuquq» bitiktoshi kompozitsion jihatdan yetuk asar. Unda o‘ziga xos boshlanma, voqealar rivoji, xotima mavjud. Shu kompozitsiyaning o‘zida ham katta badiiylik bor. Bu maqsad to‘laligicha amalga oshgan. Yodgorlikning til xususiyatlari ham e’tiborga loyiq. U VIII asrdagi adabiy til namunasidir. Asar tilidagi ko‘plab so‘zlar hozirgi o‘zbek tilida aynan qo‘llaniladi. Bir qism so‘zlarda ozgina tovush o‘zgarishlari yuzaga kelgan, yana bir toifa so‘zlar esa bugungi iste’moldan chiqib ketgan. Yodgorlikda o‘rni-o‘rni bilan so‘zlarning ko‘chma ma’nolarda qo‘llanishi seziladi. Shuningdek, majoz, matal, maqollardan foydalanish kuchli: «Tabg‘ach, O‘g‘uz, Qitan – bu uchovi qamal qilsa, qamalda qolajakmiz. Unda vujudining ich-u tashini – mol-u jonini topshirgan kishiday bo‘lamiz. Yupqa yig‘in tor-mor qilishga
oson emish, ingichka yig‘in uzishga oson emish. Yupqa qalin bo‘lsa, tor-mor qiladigan bahodir emish, ingichka yo‘g‘on bo‘lsa, uzadigan bahodir emish».
Dostları ilə paylaş: |