Xalqdin ro‘ziy istagan gumroh
Uyladurkim tengiz qirog‘inda
Ro‘za ochmoqqa kimsa qozg‘oy choh.
Eng avval sarlavha mohiyatini anglab olishga harakat qilamiz. Uni «yaratganning dasturxoni tuhfalari-yu umumiy, barchaga barobar karami bo‘la turib, boshqa (kishi)lardan biror narsa tilagan (kishi)ning xom tamasi-yu oxiri yaxshilik bilan tugamagan zoti» haqida deb tabdil qilishimiz mumkin. Demak, qit’a ayrim bandalarning noshukurligi hamda behuda ta’magirligi haqida. Qit’a mazmunini aniqroq tasavvur etish uchun har bir misra, har bir so‘z ustida bosh qotirishga to‘g‘ri keladi. Bir qarashda unda begona, notanish va tushunarsiz so‘z yo‘qqa o‘xshaydi. Ammo Navoiy qo‘llagan so‘zlarning barchasi ham lug‘atlardagi izohlar doirasiga sig‘avermasligini, qolaversa, she’riyatda so‘zlarning o‘z lug‘aviy ma’nolaridan ko‘ra ancha kengroq mazmun qamroviga ega bo‘lishini ham nazarda tutish lozim bo‘ladi.Agar shu nuqtayi nazardan «aqida» so‘ziga e’tibor qaratsak, uning «ishonch», «e’tiqod», «ixlos»; «tushuncha», «fir»,«bilim» ma’nolariga egaligi ma’lum bo‘ladi. O‘z-o‘zidan «aqida qilmoq» ham «ishonch hosil qilmoq», «e’tiqodli bo‘lmoq»ma’nolarini mujassamlashtiradi. Shu ma’nolarnigina nazarda tutib birinchi baytni o‘qisak, ma’noning yaxlit va butun tasavvur qilish qiyinroq ekanligi ayonlashadi. Agar iboraning «gumon qilmoq» ma’nosiga ham egaligini e’tiborga olsak, vaziyat o‘zgaradi. «Olloh dasturxonining har doim ochiqligiga gumon keltirib (ya’niki, yaratganning har doim marhamatli ekanligiga shubhalanib)» tarzidagi talqin mazkur misraning keyingi misra bilan uzviy yaxlitligini ko‘z oldimizga keltirishga ko‘maklashadi. Ya’ni haqning marhamatiga emas, balki o‘z rizq-u ro‘zi o‘rniga xalq (boshqa bir inson)ning qo‘li bilan beradigan
narsalariga umidvor bo‘lgan, ta’magir, yo‘lini yo‘qotgan odam («gumroh») obrazini tasavvur qilish qiyin kechmaydi.
Ana shunday yaramas qiyofali kimsani kitobxonning ko‘z oldiga yanada aniqroq keltirishi uchun bir qiyos tavsiya etiladi, uning o‘xshashi ko‘rsatiladi: dengizning qirg‘og‘ida bo‘la turib, og‘iz ochish uchun lozim bo‘ladigan suvni topishga intilayotgan, shu miqdordagi suvni topish ilinjida ayni mana shu yerdan quduq qaziyotgan odam timsoli shu vazifani ado etadi. Uning gumrohligi shu darajadaki, o‘zi dengiz qirg‘og‘ida
turibdi, ya’ni yaratganning dasturxoni uning uchun ochiq. Buni Allohning chek-u chegara bilmaydigan inoyati, shafqat va marhamati sifatida tushunmoq joiz ko‘rinadi. Agar u yo‘lini yo‘qotgan bo‘lmasa, oyog‘i ostidagi shuncha narsalarni ko‘rmasdan, ularga shukronalar qilmasdan o‘tib ketarmidi?! Uning ustiga qit’ada bilinar-bilinmas kinoya ham mavjud: ro‘zadorning og‘zini ochishi uchun qancha suv kerak bo‘ladi? Bu bir tomondan, ikkinchidan esa, ro‘zador bo‘la turib shunchalik og‘ir va mashaqqatli, buning ustiga keraksiz ishga mashg‘ul bo‘lish oqil-u donolikka kiradimi? Faqat va faqat gumroh – yo‘lini tom ma’noda yo‘qotgan bechoragina shunday qilishi mumkin. Qit’aning go‘zal shakli, teran ma’nosi, mutafakkir adib qalamidan chiqqan ifoda yo‘sini kishini o‘y va mushohadaga chorlaydi. Bu o‘y va mushohadalarning esa yanada yangi va munosib kuzatish va xulosalar sari yetaklashi shubhasizdir.