KIRISH…………………………………………………………………….….….2 I.BOB. Tilshunosliklikda oksyumoronning talqini ………………………….……7
1.1. Oksyumoron va uning o‘rganilishi………………………………….….…….7
1.2. Oksyumoron-lingvopoetik vosita sifatida…………………………….……...15
II.BOB. Tursun Ali ijodida oksyumoronning qo‘llanilish……………………..…23
2.1. Oksyumoron va uning struktur tavsifi………………………………………..23
2.2. Oksyumoronlarning semantik tasnifi………………………………………...32
XULOSA…………………………………………………………………..……..52 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR…………………………………...……54
KIRISH Mavzuning dolzarbligi. Jahon tilshunosligida XX asr boshlaridan eʼtiboran lingvopoetika masalalarini o‘rganishga eʼtibor kuchaydi. Muammolarni tadqiq etish jarayonida lingvopoetika matn lingvistikasi, pragmalingvistika, lingvostilistika va kognitiv tilshunoslik singari sohalar bilan birga rivojlanmoqda. Amalga oshirilayotgan tadqiqotlar til omiliga antropotsentrik yondashuv va uning lingvokulturologik aspektlarini yoritishning tarkibiy qismi sanaladi. Shu jihatdan, til birliklarining turli nutq ko‘rinishlari va sathlaridagi funksional-stilistik, lingvopoetik xususiyatlarini tadqiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, adabiy tilning badiiy mukammallikka, milliy xarakterlar yaratishdagi o‘ziga xoslikka erishishida so‘z sanʼatkorlarining mashaqqatli xizmatlarini alohida taʼkidlash lozim.
Jahon tilshunosligida matn lingvistikasi, jumladan, uning oliy bosqichi bo‘lgan lingvopoetik tadqiqotlar zamonaviy tahlil metodlariga tayanilgan holda olib borilmoqda. Uning stilistika va adabiyotshunoslik sohalari bilan mushtarak jihatlari chuqur o‘rganilmoqda. Chunki u fonetik, leksik va grammatik sathlardagi birliklarga badiiy adabiyot tili va ijodkor individual uslubi shakllanishining asosiy vositasi deb qaraydi hamda ularning eng namunaviy va xarakterli jihatlarini tahlil qiladi. Ammo badiiy tasvir vositalarining matnda voqelanishi, xususan, lingvopoetik xususiyatlarini atroflicha tadqiq etish dolzarb muammoligicha turibdi.
Mustaqillik yillarida o‘zbek badiiy matnini o‘rganishga oid tadqiqotlarda inson badiiy-estetik olamini til va nutq dialektikasi, til va uslub pozitsiyasida turib tahlil etilganligi o‘zbek tilining nihoyatda boy tasviriy vositalarini yanada yorqinroq anglashimiz va o‘zlashtirishimizga sharoit yaratadi. Shu maʼnoda Tursun Ali ijodi namunalarini lingvopoetik nuqtai nazardan tahlil etish misolida poetik individuallikning badiiy mushohada jarayoniga ko‘rsatadigan taʼsiri va ona tilimizni boyitish yo‘llarini tadqiq etish hamda bu betakror shoirning xalqimiz badiiy-estetik tafakkuri rivojiga qo‘shgan munosib hissasini aniqlash imkonini beradi.
Binobarin, “...Ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ijodiy g‘oya va ishlanmalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasi”1 tilshunoslikning barcha yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib borish va turli amaliy tajribalar o‘tkazishni talab qiladi. Bu, o‘z navbatida, tilni nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilish, til masalalarini uning sohiblari dunyoqarashi, tafakkuri va olamni lisoniy bilish darajasidan kelib chiqib tadqiq qilish fanda katta yutuqlarni qo‘lga kiritishni taʼminlaydi.
Tursun Ali ijodi shu paytgacha, asosan, adabiyotshunoslik yo‘nalishida o‘rganib kelinganligi, ammo o‘zbek tilshunosligida yaxlit holda lingvostilistik va lingvopoetik jihatdan tahlil etilmaganligi tanlangan mavzuning dolzarbligini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-fevraldagi PF-2789-son “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-iyuldagi 571-son “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori hamda boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga ushbu bitiruv malakaviy ishi tadqiqoti muayyan darajada xizmat qiladi.