12-bob. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining o‘ziga xos xususiyatlari 61-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga qo‘yiladigan talablar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yetti yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lishi mumkin emas. O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi mumkin. Quyidagilar: qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar; diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi. 62-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqi Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin. 63-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagilarni taqdim etishi kerak: saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza; O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotnoma; O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlar. Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi.