Pomidorning vegetatsiya davri 110—120 kun bo’lganligi sababli, odatda, ko’chat qilib o’tqazish yo’li bilan yetishtiriladi. Ildiz tizimi popuk ildiz bo’lib, tuproqqa 100—130 sm kirib boradi.
Oziq moddalarning o’zlashtirilishi butun o’suv davrida bir tekis bo’lmay, asosiy qismi meva tugish davriga to’g’ri keladi. O’sish va rivojlanishning dastlabki bosqichlarida azot me’yorining oshib ketishi salbiy pomidorning o’sish qismlarini tez rivojlanishiga, hosil organlarining esa rivojlanishdan orqada qolishiga olib keladi. Azotli o’g’itlar me’yorining yarmi ko’chatlar o’tqazilayotgan paytda, qolgan yarmi esa ko’chat o’tqazilgandan keyin bir oy o’tgach beriladi. Azotga boy tuproqlarga azotli o’g’itlar va go’ng kiritish yaxshi samara bermaydi, aksincha, o’simliklarning kasallikka chidamliligini susaytiradi, mevalar sifatini pasaytiradi.
Pomidor hosildorligini oshirish, meva sifatini yaxshilash va hosilning pishishini tezlatishda fosforli o’g’itlar muhim ahamiyatga ega. Tuproqda kaliy yetishmasa, assimilyatlarning harakati sekinlashadi, poya juda sekin rivojlanadi, barglarning chekkalari sarg’ish-jigarrang tusga o’tadi, buralib, qurib qoladi. Respublikamiz hududidagi aksariyat tuproqlar almashinuvchan kaliy bilan yaxshi ta’minlanganligi sababli, ularda kaliyli o’g’itlarning samaradorligi yuqori emas. Sug’oriladigan bir kg bo’z tuproq tarkibida 160—200 mg almashinuvchan kaliy bo’lganda (kam ta’minlangan), birga maydonga qo’llanilgan 100 kg kaliy (K2O ) hosildorlikni 49s/ga oshiradi. Quruq modda, qand va vitaminlarning miqdori ham sezilarli darajada ko’payadi. Ko’chatlarni o’tqazish bilan bir vaqtda gektariga kiritiladigan 10 kg azot, 20 kg fosfor va 10 kg kaliy nihollarni durkun rivojlanishiga, ildizdan tashqari purkaladigan 2,5% li fosforli o’g’it eritmasi mevani tezroq pishib yetilishiga olib keladi. Pomidorning o’sib-rivojlanishi va hosildorligiga bo’r, marganes va rux kabi mikroelementlar ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Ayniqsa bo’r mevalardagi qand moddasi va C vitamin miqdorini oshiradi. Bo’r gektariga 3 kg miqdorda kiritiladi yoki 350 g miqdorida o’simliklarga purkaladi.