Tadqiqot ishining ob'ekti - axborot-kommunikasiya texnologiyalari vositasida boshlang’ich sinf o‘quvchilarida o‘quv-biluv motivlarini shakllantirish jarayoni.
Tadqiqot ishining predmeti: axborot-kommunikasiya texnologiyalari vositasida boshlang’ich sinf o‘quvchilarida o‘quv-biluv motivlarini shakllantirish mazmuni, imkoniyatlari, usul va metodlari.
Tadqiqot ishining maqsadi:- Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida o‘quv-biluv motivlarini shakllantirishda axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanishning imkoniyatlarini aniqlash, ulardan foydalanishning shakl va usullarini asoslab berish, hamda ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqish.
Tadqiqot ishining vazifalari:
o‘quvchilarda o‘quv-biluv motivlarini shakllantirish ta'lim samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini asoslab berish;
- o‘quvchilarning o‘quv-biluv motivlarini shakllantirishda axborot - kommunikasiya texnologiyalarining imkoniyatlarini aniqlash:
- muammoning amaliyotdagi holatini o‘rganish asosida mavzuning dolzarb pedagogik muammo ekanligini asoslash;
- o‘quvchilarda o‘quv-biluv motivlarini shakllantirishda axborot - kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning shakllari va metodlarini ishlab chiqish va ularni tajriba–sinovdan o‘tkazish;
Tadqiqot ishining ilmiy farazi:O‘quvchilarning o‘quv-biluv motivlarini shakllantirishda, agar:
- axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanishning shakli, usul va metodlari aniqlansa,
- axborot - kommunikasiya texnologiyalarini qo‘llashga doir tavsiyalar amaliyotga tadbiq etilsa, o’quvchilarda o‘quv-biluv motivlari shakllanadi.
Tadqiqot ishining o‘rganilganlik darajasi. Tadqiqot ishida ko‘tarilgan masalani, xususan, motivning ilmiy nazariy asoslarini ishlab chiqqan olimlar bu borada bir qator yutuqlarga erishganlar. M.G.Davletshin, S.M.To‘ychiyevlarning “Umumiy psixologiya”, V.Karimovaning “Psixologiya” kitoblarida “motiv”, “motivasiya”, “motirovka” tushunchalari psixologik hodisa sifatida qaralgan bo‘lsa, J.Yo‘ldoshev, F.Yo‘ldosheva, G.Yo‘ldoshevalarning “Interfaol ta'lim sifati kafolati” (Bolaga do‘stona munosabatdagi ta'lim) kitobida, R.Mavlonova, O.To‘rayeva, K.Xoliqberdiyevlarning “Pedagogika” darsliklarida, R.Mavlonova, N.Vohidova , I.Rahmonqulovalarning “Pedagogika nazariyasi va tarixi” kitobida motivga ta'lim samaradorligini oshirishning muhim omillaridan biri sifatida qaralgan.
Xususan, V.Karimovaning “Psixologiya” darsligida faoliyatning amalga oshishi va shaxs xulq-atvorini tushuntirish uchun psixologiyada “motiv” va “motivasiya” tushunchalari qo‘llanilishi aytib o‘tilgan. “Motivatsiya” tushunchasi “motiv” tushunchasiga nisbatan kengroq mazmunga ega ekanligi ta'kidlab, motivasiyani inson xulq-atvori, uning bog‘lanishi va faolligini tushuntirib beruvchi psixologik sabablar majmui sifatida ko‘rsatadi.
J.Yo‘ldoshev motiv va motivasiya tushunchalariga jiddiy ahamiyat bergan. Xususan, interfaol darslarni tashkil etishda tavsiya etilgan bosqichlardan eng asosiy o‘rin tutuvchi “Orientir” bosqichi ham bevosita o‘z ichiga motivni shakllantirishini ko‘rsatib o‘tgan. O‘quvchilarning mustaqil ishlashi ko‘pgina omillarga, jumladan, yoshga, shaxsiy xarakteriga, moyilligiga, istak–xohishlariga, ilgari loyiha asosida ishlagan – ishlamaganligiga va hokazolarga bog‘liq bo‘lishi aytib o‘tilgan. Bu yerda ko‘rinib turibdiki, o‘quvchilarning mustaqil ishlashi uchun moyillik, istak –xohish boshqacha qilib aytganda motiv alohida ahamiyatga ega.
Mualliflar yana shuni ta'kidlab o‘tishadiki, dars jarayonida o‘quvchining ehtiyoji, qiziqishi, xohishi, maqsadi, qobiliyati, faoliyati, intellektini hisobga olish zarur. Tadqiqotchilar motivlashtirish funksiyasini bevosita yoritib berganlar. Unda ta'kidlanishicha, o‘qitish samaradorligining ortishi, ta'lim oluvchilardagi motivatsiyaning yuqori va kuchligiga bog‘liqligi bilan xarakterlanadi. Motivatsiyani shaxsning faollashuviga sabab bo‘luvchi motiv, ehtiyoj, stimul, , inson bilishi uchun olg‘a harakatlantiruvchi kuch sifatida ta'riflaydi.
“O‘qituvchining milliy ma'naviyatini shakllantirishda boshlang‘ich ta'limning o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamida R.A.Mavlonova muallifligidagi “Shaxs faoliyatida motivatsiyaning ahamiyati” mavzusidagi ilmiy maqolada motivatsiya shaxs faolligi, hulqi va faoliyatini tartibga soluvchi muhim omil sifatida barcha insonlarda qiziqish uyg‘otishi aytib o‘tiladi, shaxs faoliyatida motivatsiyaning ahamiyati ko‘rsatib beriladi.2 Ilmiy adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, motivning mazmuni, ahamiyati, bir qancha ilmiy asarlarda, tadqiqot ishlarida o‘rganilgan. Biroq berilgan adabiyotlarda tadqiqot ishi doirasida ko‘tarilgan muammolar tadqiq etilmagan.