Baholash strukturasi. Baholash strukturasida ikki tomonni shartli ravishda farqlash mumkin.
Baholashning birinchi tomoni narsalar, xossalar, jarayonlar va hokazolarning ayrim ob'ektiv xususiyatlarini qayd etish bo‘lsa, ikkinchi tomoni sub'ektning ob'ektga bo‘lgan munosabati: ma'qullash yoki qoralash, xayrixohlik yoki yomon ko‘rish va hokazolardir. Birinchi tomonning baholashi bilimga yaqinroq bo‘lsa, ikkinchi tomonning baholashi me'yorga yaqinroqdir.
Baholashning funksiyalari ham uning ichki ziddiyatlarga to‘la tabiati bilan belgilanadi. Hozirgi zamon qadriyatlar nazariyasida odatda baholashning quyidagi funksiyalari farqlanadi
Dunyoqarashga doir funksiya. Mazkur funksiyaga muvofiq baholash sub'ekt o‘zligining shakllanishi, amal qilishi va kamol topishining zaruriy sharti hisoblanadi, chunki har doim uning uchun atrof borliqning ahamiyatini aniqlash bilan bog‘liq.
Gnoseologik funksiya borliqning in'ikosi, ob'ektlarning ijtimoiy ahamiyatini anglab yetish omili sanalgan baholash va bilishning o‘ziga xos jihati hisoblanadi.
Baholashning faollashtiruvchi funksiyasi. Baholash bilishning bilimlardan foydalanishga qaratilganini aks ettiradi, amaliy faoliyatga faol intilish va munosabatni shakllantiradi.
Variativ funksiya. Baholash tanlashni, sub'ekt muayyan ob'ektlarni, ularning xossalari, munosabatlarini afzal ko‘rishini nazarda tutadi. Baholash hodisalarni taqqoslash va ularning jamiyatda mavjud me'yorlar, ideallar bilan o‘zaro nisbatini aniqlash orqali amalga oshiriladi.
Shunday qilib, qadriyatning mohiyatini va uning baholash bilan o‘zaro aloqasini o‘rganish qadriyatlarning tasnifiga o‘tish imkonini beradi. Qadriyatning borlig‘i baholash bilan uzviydir. Baholash yo‘li bilan individ ayrim qadriyatlarni aktuallashtiradi, ba'zi bir qadriyatlarni esa rad etadi, ularning ierarxiyasini o‘rnatadi. Baholash strukturasiga, baholash predmeti, sub'ekt va asosi kiradi.
Baholash predmeti. Baholashning ob'ektiv mazmuni uning predmeti bilan belgilanadi. Shu sababli baholash bilish bilan bevosita bog‘liq, zero predmetning ahamiyati haqida xulosa chiqarishdan oldin uning ob'ektiv xossalari haqida bilimga ega bo‘lish lozim. Haqiqiy, ishonchli bilimning o‘zi baholash uchun asos bo‘lishi mumkin.
Haqiqatning amaliy jihatdan foydaliligi uni ijobiy tavsiflash imkonini beradi. Ammo haqiqatga berilgan salbiy baholar ham yaxshi ma'lum: behuda, shafqatsiz, befoyda va sh.k. Bu tasodifiy bir hol emas: ilmiy bilish o‘z oqibatlarini mavhumlashtiradi va aksariyat olimlar fan va axloqning aloqasini rad etadi. Ayrim universal aloqani xolisona tavsiflashga qarab mo‘ljal oluvchi ilmiy bilimdan farqli o‘laroq, baholash bu aloqaning mazmunini tushunish, uning ahamiyatini tafakkur va emotsiyalar darajasida anglab yetish va boshdan kechirishdir. Baholashga doir mulohazalarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, bilim borliq hodisalarini erkin baholashga monelik qilmaydi. Bilishga doir mulohazalar intersub'ektiv hamda nuqtai nazarlarga bog‘liq bo‘lmasa, baholashga doir mulohazalar sub'ektiv bo‘lib, har xil asoslarga ega. Biz estetik, siyosiy, axloqiy, dunyoqarashga doir, mafkuraviy qadriyatlarda erkin baholashlarga ayniqsa ko‘p duch kelamiz. Ma'lumki, natijalar, metodlar va vositalarni baholash – bilish jarayonining ajralmas tarkibiy qismi. Bu xususiyat gipotezalar, konsepsiyalar, kashfiyotlarning amaldagi qimmati va ularga ilmiy hamjamiyat, zamondoshlar bergan baholarning nomuvofiqligini tushuntiradi. Yanglish tasavvurlar, gipotezalarning ilmiy ahamiyatini baholash ham muhim muammodir. Bilimning haqiqiyligi uning ob'ektiv borliqqa bo‘lgan munosabati bilan belgilansa, uning bilim sifatidagi qimmati fanning rivojlanish jarayonida aniqlanadi va uning bilish jarayoniga ta'sirining ahamiyati bilan belgilanadi. Masalan, o‘tmishning ko‘pgina soxta konsepsiyalari (astrologiya, alximiya va sh.k.) hozirgi zamon fanining shakllanishiga ancha kuchli ta'sir ko‘rsatgan. Bu soxta tasavvurlarning evristik imkoniyatlari ularning bilim sifatidagi mazmunidan boyroq bo‘lib chiqqan.
Shuni qayd etish lozimki, baholashga doir mulohazalar ham haqiqiylik yoki soxtalik, adolat yoki adolatszlik kategoriyalarida baholash predmeti bo‘lishi mumkin. Baholashga doir mulohazalarning «haqiqiylik – soxtalik» tushunchalarida tavsiflanuvchi turkumlari mavjud. «Adolat – adolatsizlik» kategoriyalarida tavsiflanuvchi baholashga doir mulohazalar katta bir turkumni tashkil etadi. Bular siyosiy, huquqiy, axloqiy, estetik munosabatlar, xatti-harakatlar, qilmishlar sohasiga taalluqli bo‘lgan baholashlardir.
Masalan, sud qarori, tergov xulosasi va shu kabilarda ifodalangan mulohazalarning xususiyati qanday? Ular «haqiqiylik – soxtalik» yoki «adolat – adolatsizlik» kategoriyalarida baholanadimi? Bu mulohazalar baholashga doirmi yoki bilish sohasiga taalluqli va haqiqiylik mezonini qanoatlantirishi lozimmi? Sud u yoki bu qilmishni inqilobiy maqsadga muvofiqlik nuqtai nazaridan tavsiflasa, bu yerda, odatda, haqiqat emas, balki baholash mavjud bo‘ladi. Ba'zan haqiqat va baholash o‘rtasidagi ziddiyat o‘zining cho‘qqisiga yetadi. Garchi huquq o‘z tabiatiga ko‘ra me'yoriy va, binobarin, qadriyat sifatida mazmunga ega bo‘lsa-da, har qanday qilmishni huquqiy tavsiflash haqiqiylik mezonini qanoatlantirishi lozim. Huquqiy tavsiflashdan baholash elementini butunlay ajratish mumkin bo‘lmasa-da, u mazkur tavsiflashda ikkinchi darajali o‘rin egallaydi, haqiqatning hosilasi hisoblanadi. Ayni holda haqiqat baholashning birdan-bir asosi bo‘lishi lozim.
Baholashga doir tavsifiy mulohazalar ham mavjud. Ular haqiqat sifatida ahamiyatga ega bo‘lgan tavsiflashni ham, qadriyat sifatida mazmun kasb etuvchi baholashni ham o‘z ichiga oladi. Sudning ko‘pgina qarorlarini baholashga doir tavsifiy mulohazalar sifatida tavsiflash mumkin. Shunday qilib, baholash bilish omilini, bilimning haqiqiyligi talabini o‘z ichiga oladi, lekin birgina unga bog‘liq emas. O‘z navbatida, bilim baholashning asosi ham, predmeti ham bo‘lishi mumkin.