Baholash sub'ekti. Bahoning shakllanishiga baholash sub'ekti: individ, ijtimoiy guruh, jamiyat, insoniyat ancha kuchli ta'sir ko‘rsatadi. Avvalo, ehtiyojlarning boyligi, inson ma'naviy hayotining murakkabligi bilan izohlanuvchi baholash asoslarini tanlash sub'ektivdir. Ma'lum hollarda sub'ekt shaxsiy (gruppaviy) manfaatni, o‘tkinchi egoistik mayllarni baholashning birdan-bir asosi sifatida tanlaydi. Bu tasodifiy bir hol emas. Individ ijtimoiy va shaxsiy munosabatlarining ko‘p sonliligi va ierarxiyaviyligi uning borliq voqyealarini baholashga nisbatan yondashuvlarining serqirraligini nafaqat tushuntirdi, balki buni nazarda tutadi. Ayni vaqtda psixologiya va sotsiologiyada mazmun va ahamiyat jihatidan har xil bo‘lgan hodisalarga ayni bir sub'ekt tomonidan berilgan baholarda barqarorlik, o‘zgarmaslik, takroriylik qayd etiladi. Shaxs ijtimoiy-madaniy va shaxsiy qadriyatlarning ancha batartib tizimiga amal qilgan holda o‘zini yaxlitlik sifatida namoyon etadi. Ehtiyojlardan kelib chiquvchi mazkur tizim inson o‘zini qurshagan borliq: tabiat dunyosi, ma'nviy madaniyat va o‘z-o‘zini baholashining teran asosi sifatida amal qiladi. Shunga qaramay shaxsning yo‘l tanlashini belgilovchi qadriyat va mo‘ljallari insonning yashash sharoitlari va ehtiyojlari kabi o‘zgaruvchandir. Natijada baholashlarda o‘zboshimchalik, sub'ektivizmga yo‘l qo‘yilishi xavfi yuzaga keladi.
Baholashga doir mulohazalarda inson madaniyati, uning to‘g‘ri tushunish va his qilish qobiliyati namoyon bo‘ladi. O‘zining moddiy ifodasini topgan qadriyatlar barqaror va nisbatan o‘zgarmas, shaxs ehtiyojlari va manfaatlari esa o‘zgaruvchan bo‘lib, bundan qadriyatlarni muntazam ravishda qayta baholash zaruriyati kelib chiqadi. Mazkur zaruriyat madaniyat qadriyatlariga nisbiy yondashuv, ularning ayrimlarini aktuallashtirish va boshqalariga e'tiborsizlik bilan bog‘liq.
Maqsadlarni qo‘yish ba'zan kishibilmas tarzda an'analar, me'yorlar va qoidalar bilan tartibga solinadi. Ular qadriyatlarni tizimga solish va ierarxiyalashtirishni, qadriyatlar «piramidasi»ni yaratishni belgilaydi. Bunda piramida cho‘qqisidan aktual, lekin o‘tkinchi va hatto soxta qadriyatlar o‘rin olishi ham mumkin. Masalan, sotsiologlar yoshlarning hayot mo‘ljallarini o‘rganish jarayonida ular ko‘pincha o‘zlari aniq tasavvur qilmaydigan kasbni tanlashlari, o‘zlari hyech qachon bo‘lmagan joyga ketishga harakat qilishlari, yaxshi ma'lum bo‘lmagan narsalarni tanlashlarini aniqlaganlar. Iste'mol mollari va xizmatlarning taqchilligi shu paytda taqchil bo‘lgan narsaga kuchli qiziqish uyg‘otadi. Individ o‘z ehtiyojlarini qondirishdan ham ko‘ra ko‘proq u mazkur ehtiyojlarni qondirishga qodir ekanligini atrofdagilar tan olishiga erishishga harakat qiladi. Ehtiyoj o‘rnini jamiyatda obro‘-e'tibor topishga intilish egallaydi. qadriyatlarga erkin sub'ektivistik baho berish moda, mishmishlar, xurofiy qarashlar va shu kabilarning natijasi bo‘lishi mumkin. Mayllarimizning predmeti sanalgan bu aktual qadriyatlar, agar ularning asosi yo‘qolsa, barbod bo‘ladi. Baholashdagi sub'ektivizm zamirida shaxs, jamiyat, tabiat va hokazolar uchun og‘ir oqibatlar yuz berish xavfi yashirinib yotadi. Inson o‘tkinchi shubhali qadriyatlar hukmiga bo‘ysunib, fundamental ijtimoiy qadriyatlar va shaxsiy hayot qadriyatlari barbod bo‘lgan holatga tushib qolishi mumkin (ekologik halokat, diktatura o‘rnatilishi, shaxs huquq va erkinliklarining yo‘qotilishi, sog‘liqni yo‘qotish, oiladan ajralish, do‘stlarni, o‘zi yoqtirgan ishni yo‘qotish va h.k.).