87-modda. Jamiyatning kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) Jamiyatning kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) jamiyat ustavi asosida ish yuritadi.
Oldingi tahrirga qarang. Kollegial ijroiya organi majlisida bayonnoma yuritiladi. Kollegial ijroiya organi majlisining bayonnomasi kuzatuv kengashi va taftish komissiyasi a’zolariga ularning talabiga ko‘ra beriladi.
(87-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-sonli Qonuni tahririda— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda) Jamiyatning kollegial ijroiya organi majlislarini o‘tkazishni jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor) vazifasini bajarayotgan shaxs tashkil etadi, u jamiyat nomidan barcha hujjatlarni hamda kollegial ijroiya organi majlisi bayonnomalarini imzolaydi, kollegial ijroiya organi o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarga muvofiq ishonchnomasiz jamiyat nomidan ish yuritadi.
88-modda. Jamiyat kuzatuv kengashi a’zolarining, yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor) va (yoki) kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) a’zolarining, boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchining javobgarligi Jamiyat kuzatuv kengashining a’zolari, yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor) va (yoki) kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) a’zolari, shuningdek boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi o‘z huquqlarini amalga oshirishda va o‘z burchlarini bajarishda jamiyat manfaatlarini ko‘zlab ish tutishlari lozim.
Jamiyat kuzatuv kengashining a’zolari, yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor) va (yoki) kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) a’zolari, shuningdek boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi qonun hujjatlariga va jamiyat ustaviga muvofiq jamiyat oldida javobgardir.
Ayni paytda jamiyatga zarar keltirishga sababchi bo‘lgan qarorga ovoz berishda qatnashmagan yoki bunday qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat kuzatuv kengashi a’zolari, kollegial ijroiya organ (boshqaruv, direksiya) a’zolari javobgar bo‘lmaydi.
Ushbu modda qoidalariga muvofiq bir necha shaxs javobgar bo‘lsa, ularning jamiyat oldidagi javobgarligi solidar hisoblanadi.
Jamiyat yoki u joylashtirgan oddiy aksiyalarning hammasi bo‘lib kamida bir foiziga ega bo‘lgan aksiyador (aksiyadorlar) jamiyatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashni da’vo qilib kuzatuv kengashi a’zosi, yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (direktor), kollegial ijroiya organi (boshqaruv, direksiya) a’zosi, shuningdek boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi ustidan sudga murojaat qilishga haqlidir.