Bioenergoinformatsion almashinuv axborotni qabul qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishning murakkab mexanizmini nazarda tutadi. Informatsiya yoki axborot tushunchasining o‘zi ancha sermanodir. Informatsion jarayonlar aksariyat hollarda aks ettirish, inikos jarayonlari bilan bog‘liq holda yoki ularga muvofiq tushuntiriladi. Inikos yo protsessual tomondan, yo natija nuqtai nazaridan qaralishi mumkin. Darhaqiqat, sirtqi (aks ettirilayotgan) real predmet g‘oyib bo‘lganidan so‘ng inikosning o‘zi aks ettirish jarayonining mahsuli sifatida yo‘q bo‘lmaydi, balki aks ettirayotgan predmetda iz sifatida mavjud bo‘lishda davom etadi. SHunday qilib, sirtdan ko‘rsatilgan tasir aks ettiruvchining tarkibidan o‘rin oladi va unda saqlanib qoladi. SHunga muvofiq axborotning atributiv konsepsiyasi tuziladi.
«Axborotning predmet sohasi to‘g‘risidagi masalaga bag‘ishlangan falsafiy munozaralarda kamida uch nuqtai nazar vujudga kelgan. Birinchidan, axborot muloqot sohasi va umumiy ilmiy refleksiya vositasi sifatida talqin qilinadi.
Ikkinchidan, u o‘z-o‘zidan tashkil topuvchi tizimlarning o‘zaro tasirlarni tartibga solish bilan bog‘liq bo‘lgan xossasi sifatida tushuniladi. Uchinchidan, axborot materiya va energiya taqsimlanishining turli jinslilik mezoni, dunyoning azaliy turli jinsliligini qayd etuvchi barcha moddiy tizimlar xossasi sifatida namoyon bo‘ladi. Axborotning yuqorida zikr etilgan uch xil talqini hozirgi zamon nazariyasidan axborot kommunikativ, funksional va atributiv konsepsiyalari degan nomlar bilan o‘rin olgan.
Atributiv konsepsiya axborotning jonli va jonsiz tabiatdagi har qanday obektlar va jarayonlarda rang-baranglikning inikosi sifatidagi keng talqiniga tayanadi. Unda axborot umuman olganda materiya va energiyaning dunyoda yuz beruvchi barcha jarayonlarga yo‘ldosh bo‘lgan makon va vaqtda taqsimlanishining turli jinsliligi mezoni sifatida tavsiflanadi..