Pedagogik kuzatish murakkab va maxsus xususiyatga egadir. Bunda kuzatilayotgan
pedagogik hodisaning mohiyatini ko‘ra bilish, o‘qituvchi va o‘quvchi harakatlarining o‘zaro
aloqasi dialektikasini, ulardan har birining individualligini aniqlay olish lozim. Har pedagog
kuzatuvchan bo‘lishi ayrim hodisa va dalillarning tavsilotlarini payqay olish, ularni tahlil qila
bilish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Kuzatishlar biror maqsadga qaratilgan holda amaliy va
sistemali yo‘lga quyilgan bo‘lsa, eng kerakli dalillarni, mazkur kuzatishdan o‘z vaqtida
chiqarilgan pedagogik - psixologik xulosalarni hisobga olgan holda tashkil qilinsa, samarali
bo‘ladi. Kuzatish ta‘lim-tarbiya jarayonini yaxshilash va takomillashtirish maqsadida olib
borilishi mumkin. Masalan, o‘qitish jarayonida bolalarning qanday o‘sayotganligi, darslar
jarayonlarida bilim berish va tarbiyalash vazifalari birligi qanday amalga oshirilayotganligi; fan
asoslarini o‘rganishda o‘quvchilarnig tafakkuri qanday faollashayotganligini va boshqalar
aniqlanadi.
Ilmiy kuzatishda ba‘zan tadqiqotchi chidamsiz, shoshqaloq va sistemali ish ko‘rmasligi
singari holatlarga yo‘l quyilsa uning samaradorligi pasayadi.
Suhbat metodi. Ilmiy maqsadda olib boriladigan suhbatning aniq maqsadi, vazifasi,
shakli va ularni o‘tkazish metodikasi mavjud. Suhbatlar individual, guruhli va jamoa turlari bor.
Tadqiqotchi suhbat olib borishni va uni kerakli maqsadli tomonga yo‘naltira olishi g‘oyat
muhimdir. Suhbat olib boruvchi quyidagi pedagogik qoidalarga rioya qilishi shart:
a) suhbat savollarini oldindan belgilash;
b) vaqti va joyini belgilash;
v) suhbat ishtirokchilarini belgilash (soni, miqdori);
g) qulay sharoit yaratib ochiq suhbatlashish;
d) suhbatdoshga o‘z fikrini aytishga imkon berish;
ye) sergak va bachkana bo‘lmaslik;
j) suhbatdosh haqida biografik ma‘lumotga ega bo‘lish;
z) olingan materialni o‘z vaqtida ishlab chiqish va qo‘shimchalar qilish.
Suhbatdan ilmiy xulosa chiqarish.