Hikoya janrini o‘rganishda biografik metodning o‘rni
Adabiyotshunoslikda tahlil va talqin tushunchalari juda keng qo‘llanilib, ular badiiy asarni tushunish jarayonining bir-biriga bog‘liq jihatlaridir. Badiiy asarni tushunish, uning mazmun mohiyatini anglash jarayonida tahlil va talqin amallari har vaqt hozirdir. Tahlil atamasi odatda ilmda "analiz" deb yuritiladigan istilohning sinonimi sifatida tushuniladi. Analiz esa, ma’lumki, butunni anglash uchun uni qismlarga ajratishni, qismning butun tarkibidagi mohiyatini, uning boshqa qismlar bilan aloqasi va butunlikning yuzaga chiqishidagi o‘rnini o‘rganishni ko‘zda tutadi. Ayrimlar badiiy asarni tirik organizmga qiyos etishadi-da, "uni qismlarga ajratish jonsiz tanaga aylantirishdan boshqa narsa emas" degan qarashga tayanib tahlilga qarshi chiqadilar. Biroq bu xil qarash asossizdir. Zero, adabiyotshunoslikdagi tahlil ham — o‘qish, faqat bunda badiiy asarni tadqiqotchi sifatida o‘qish tushuniladi. Bu xil o‘qish jarayonida tadqiqotchi badiiy asarni qismlarga ajratarkan, uning badiiyat hodisasi sifatidagi mavjudligini, undagi o‘quvchi ongi va ruhiyatiga ta’sir qilayotgan, uning u yoki bu tarzda tushunilishiga asos bo‘layotgan omillarni o‘rganadi.
Talqin atamasini biz "interpretatsiya" istilohining sinonimi sifatida tushunamiz. Talqin badiiy asarni sharhlash, uning mazmun mohiyatini, undagi badiiy konsepsiyani idrok etish demakdir. Keng ma’noda "talqin" so‘zi o‘zga tomonidan aytilgan gap yoxud yozilgan asar (ilmiy, falsafiy, diniy, badiiy va h.) mazmunini anglash, uni ma’lum yaxlitlikda tushunish va tushuntirish (adabiyotshunosning maqsadi tushunishning o‘zigina emas, tushuntirish hamdir) ma’nolarini anglatadi. Shu ma’noda qaralsa, mumtoz adabiyotshunosligimizda, umuman, o‘tmish ilmida "talqin" so‘zining ma’nosi qisman "sharh", "tafsir" atamalari bilan ham berilgan. Yana ham aniqroq aytsak, talqin badiiy asardagi "obrazlar tili"ni "mantiq tili"ga o‘girmoq, obrazlar vositasida ifodalangan mazmunni tushunish va tushuntirmoqdir.
Yuqorida aytdikki, badiiy asarni tushunish jarayonida tahlil va talqin amallari har vaqt hozir, ular tushunish jarayonining ikki qirrasidir. Aytaylik, "o‘quvchi badiiy asarni tushundi" degani, mohiyatan, "o‘quvchi asarni o‘zicha
talqin qildi" deganidir. Ayni paytda, uning asarni tushunishida tahlil unsurlari ham mavjud, zero, oddiy o‘quvchi ham tushunish jarayonida asar qismlarini (mas., alohida epizodlarni, personajlarni, ularning turli holatlardagi xatti-harakati, gap- so‘zlarini va h.), ularning o‘zaro mazmuniy aloqalarini tasavvur qiladi. Ilgari ham aytganimizdek, konkret badiiy asar turli o‘quvchilar tomonidan turlicha tushunilishi mumkin. Biroq shunisi ham aniqki, o‘quvchilar ongidagi minglab talqinlarni umumlashtiradigan mushtarak nuqtalar ham mavjud. Demak, konkret asar talqinlari nechog‘li turfa bo‘lmasin, ularning chegaralarini belgilab beruvchi muayyan asos, deylik, yadro(javhar) mavjudki, barcha talqinlar shu yadro atrofida hosil bo‘ladi. Bu yadro esa - badiiy asarning o‘zi, badiiyat hodisasini o‘zida moddiylashtirgan badiiy matndir. Ayon bo‘ldiki, badiiy asarni tushunish jarayoni obektiv va subektiv ibtidolardan tarkib topar ekan: agar bu o‘rinda talqin qilayotgan shaxsni subektiv ibtido deb olsak, badiiy matn obektiv ibtidodir.
Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, agar talqin qiluvchi shaxs badiiy matnni yetarli darajada bilmasa, asar qismlarini, ularning o‘zaro aloqalarini yetarli tasavvur qilolmasa, uning talqini subektivlik kasb etadi. Boshqa tomondan, badiiy adabiyotning obrazlar orqali fikrlashi, obrazning esa assotsiativ tafakkur mahsuli ekanligini e`tiborga olsak, talqinning subektsiz mavjud emasligi ayon haqiqatdir. Chunki ijodkorning assotsiativ fikrlashi mahsuli o‘laroq yaratilgan va asarda aksini topgan obrazning mazmun qirralari faqat subekt ongidagina (ya’ni, uning ham assotsiativ fikrlashi asosida) qayta tiklanishi mumkin bo‘ladi. Aytilganlar tushunish jarayonida tahlil va talqinning har vaqt hozirligining yorqin dalilidir. Oddiy o‘quvchidan farq qilaroq, adabiyotshunos badiiy asarni talqin qilarkan, tahlilga tayanadi, uning talqini tahlil asosida yuzaga kelgani uchun ham ilmiy sanaladi. Shu ma’noda tahlil badiiy asarni tadqiqotchi sifatida o‘qish va uqish demakdir. Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, badiiy asar tahlilining maqsadi - asarni tushunish (asarni baholash ikkilamchi maqsad). Xo‘sh, "asarni tushunish" deganda nima nazarda tutiladi? Bu masalada ham adabiyotshunoslikda turlichalik mavjud: ayrimlar asarga muallif tomonidan yuklangan mazmunni tushunishni nazarda tutsalar, boshqalari asarda tasvirlangan narsalardan (obektiv ibtidodan) kelib
chiqadigan mazmunni tushunishni nazarda tutadilar. Bu qarashlarning birinchisiga ko‘ra tushunish jarayonida tahlil yetakchilik qilsa, ikkinchisida talqinning mavqei ustunroq ekanligi tayin; birinchisi badiiy asarni uning ichki va tashqi aloqalarini birlikda olib o‘rganishni (kontekstul tahlil) taqozo etsa, ikkinchisi badiiy asarga alohida mavjudlik sifatida qarab, uning ichki aloqalarini o‘rganish (immanent tahlil) bilan cheklanadi. Biroq mazkur qarashlarning ikkisini ham mutlaqlashtirib bo‘lmaydi, bu o‘rinda "oraliq" mavqenining egallangani, har ikki yo‘sindagi tahlilning ham mavjudligini, ularning bir-biridan ko‘zlagan maqsadi va ahamiyati jihatidan farqli ekanligini tan olingani to‘g‘riroq bo‘ladi.
Tushunish jarayonining nazariy muammolarini o‘rganuvchi soha — germenevtikaning asosiy qoidasi shuki: qismni butun, butunni qism orqali tushunish darkor. Bu qoida yuqoridagi tahlil yo‘sinlarining ikkisiga ham birdek aloqador. Faqat bu o‘rinda immanent tahlil "kontekst" tushunchasini asar doirasi bilan cheklab olsa, kontekstual tahlilda "kontekst" tushunchasining ko‘lami kengayib boradi (konkret asar "yozuvchi biografiyasi", "muallif yashagan davr shart-sharoitlari", "muallifning ijodiy merosi", "asar yaratilgan davr adabiyoti", "milliy adabiy an`analar" kabi kontekstlar doirasiga kiradi). Kontekstual tahlil asarga muallif tomonidan yuklangan mazmunni tushunishga yo‘l ochsa, immanent tahlil asarda tasvirlangan narsalarga (va, albatta, undagi muallif obraziga) tayangan holda o‘quvchiga o‘z mazmunini shakllantirish imkonini beradi. Mutaxassisdan farqli o‘laroq, oddiy o‘quvchilarning asarni tushunishida immanent tahlil unsurlari yetakchilik qiladi (shu bois ham o‘quvchilar ongida konkret asarning turfa talqinlari mavjud). Zero, aksariyat o‘quvchilar uchun konkret asarning qay maqsadda, qanday omillar ta’sirida yozilgani ahamiyatsiz - ular asarning o‘zinigina taniydilar, uning o‘zidangina zavq oladilar. Aksincha, adabiyotshunos uchun bularning bari muhim, chunki asarni tarixiylik tamoyiliga tayanib, biografik yoxud sotsiologik metodlar (kontekstual tahlil) asosida tekshirib chiqarilgan xulosalar adabiy-nazariy tafakkur rivojida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ular, tabiiyki, badiiy adabiyot rivoji hamda badiiy did tarbiyasiga faqat bilvosita ta’sir qiladilar, bu xil xulosalar bilan badiiy didga bevosita ta’sir qilishga urinish esa adabiyotga
faqat ziyon keltiradi. Demak, badiiy asarni alohida butunlik sifatida ham, kontekst doirasida ham tushunish (tahlil va talqin qilish) mumkin, - ikkisining ham o‘z o‘rni, vazifasi va maqsadi tayinlidir.
Badiiy asarni kontekstual tahlil qilishda unga turli jihatlardan yondashish mumkinki, shu asosda bir qator tahlil metodlari haqida gapirish mumkin bo‘ladi.
Sotsiologok tahlil metodi tadqiotchini badiiy asar voqeligi bilan real voqelik munosabatlari, uning tarixan haqqoniylik darajasi, hayot haqiqati bilan badiiy haqiqat munosabati kabi masalalarni o‘rganishga yo‘naltiradi. Bu xil yondashuv asarning g‘oyaviy-mafkuraviy tomonlarini tahlil qilarkan, qahramonlarning xarakter xususiyatlari, asardagi konfliktlar tabiati, obrazlar tizimi va h. badiiy unsurlarning ijtimoiy ildizlarini ochib beradi. Hayot haqiqatining badiiy haqiqatga aylanish jarayoni, xarakter va prototip, tarixiy shaxs obrazi va real tarixiy shaxs munosabati kabi ijod jarayoni bilan bog‘liq muammolarni o‘rganishda ham sotsiologik yondashuv asos vazifasini o‘taydi. Sotsiologik metod adabiyotshunoslikda muhim ahaiyatga molikligi shubhasiz, biroq uni boshqalardan ustun qo‘yishlik, unga ayricha e`tibor berishlik adabiyot uchun zararli oqibatlarga olib kelishi mumkinki, bunga yorqin misollarni sho‘ro adabiyotshunosligidan istalgancha topishimiz mumkin bo‘ladi. Masalan, sho‘ro adabiyotshunosligidagi vulgar sotsiologizm ko‘rinishlari ayni shu metodning mavqeini oshirishning
natijasi edi. Badiiy asar tahlilida shu metodgagina tayangan va shuning asosidagina baholagan tanqidiy maqolalar keyincha ularning mualliflarini qatag‘on qilish uchun dastakka aylandigina emas, o‘quvchi ommani o‘sha ijodkorlarni "xalq dushmani", asarlarini "zararli" deb tushunishga tayyorladi. Tarixiy-madaniy tahlil metodi badiiy asarni milliy madaniy an`analar, shuningdek, davr adabiy- madaniy kontekstida o‘rganishga qaratilgandir. Ma’lumki, badiiy asar madaniy- adabiy an`analar zaminida dunyoga keladi, uning qatorbadiiy xususiyatlari shu kontekstdagina yorqin namoyon bo‘ladi, anglashiladi. Masalan, Cho‘lponning qator she`rlari borki, ularning mazmun mohiyati mumtoz adabiyotimiz, xususan, tasavvuf she`riyati kontekstidagina o‘zining ramziy ma’nolarini ochishi, tushunilishi mumkin bo‘ladi. Yoki "O‘tgan kunlar"dagi bir qator xususiyatlar
(Otabekning oshiqligi sahnalari, syujet motivlari, maktublar va h.) folklor va mumtoz dostonchilik an`analari zaminida yetishgani shundoq ko‘zga tashlanadi. Mazkur yondashuv badiiy asarga umummilliy madaniyatning vakili sifatida qarashi diqqatga molikki, bu xil yondashuv adabiy jarayondagi yangi hodisalarning tub omillarini anglash imkonini beradi.
Qiyosiy metod badiiy asarni boshqa asar(lar) bilan qiyosan tahlil qilishni n a z a r d a tutadi. konkret asarni o‘tmishda yoki u bilan bir paytda, boshqa milliy adabiyotda yoki o‘zi mansub adabiyotda yaratilgan talqin etishi mumkin. Qiyoslash obekti tadqiqot maqsadidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Deylik, asarni o‘tmishda yaratilgan asar bilan qiyoslash undagi an`ana va yangilik nisbati, ayrim badiiy unsurlar genezisi haqida tasavvur hosil qilish imkonini yaratadi; boshqa milliy adabiyot vakili bilan qiyoslash asosida esa adabiy aloqa va ta’sir, milliy adabiyotlar rivojidagi tipologik umumiylik kabi masalalarni o‘rganishga keng imkoniyat yaratiladi. Misol uchun Navoiy va Nizomiy "Hamsa"larini qiyosiy tahlil qilish har ikkala san`atkorning ijodiy o‘ziga xosligi, ularning dunyoqarashidagi o‘ziga xos jihatlarni yorqin tushunish va tushuntirish, Navoiy dahosini xolis baholash imkonini yaratadi.
Biografik metod badiiy asarni muallifining hayot yo‘li kontekstida o‘rganishni nazarda tutadi. Badiiy asarda ijodkor shaxsiyati akslangani bois undagi qator o‘rinlar muallif biografiyasi kontekstida yorqinroq anglashiladi. Shunga ko‘ra biografik metod asarga muallif tomonidan yuklatilgan mazmunni anglashda yetakchi ahamiyat kasb etadi. Masalan, Abdulla Qahhorning "O‘g‘ri" va "Dahshat" hikoyalari o‘tmishdan bahs yuritadi, biroq ularni biografik kontekstda olinsa, adib har ikki hikoyada ham ular yaratilgan davr muammolarini badiiy idrok etishga, o‘sha davr haqidagi, davr kishilari haqidagi fikrlarini ifodalashga harakat qilgani anglashiladi. Biografik metodning qanchalik samarali bo‘lishi ko‘p jihatdan tadqiqotchi qo‘l ostidagi biografik materialga bog‘liq bo‘lib qoladi. O‘zbek adabiyotshunosligida biografik metodning yetarli darajada samara bilan qo‘llanilmay kelayotgani ayni shu narsa - biografik materialning yetarli emasligi bilan izohlanadi.
Abdulla Qahhorning izchil realistik uslubda yozilgan hikoyalarining ko‘pchiligi urush yillarida va urushdan keyingi davrda yaratilgan. Bular «Ko‘k konvert», «Qizil konvert», «Kampirlar sim qoqdi», «Xotinlar», «Asror bobo»,
«Beshik», «Mahalla», «Nurli cho‘qqilar» kabilardir. Albatta, ularning hammasi ham bir xil darajada badiiy yuksak emas. Ularning ichida mazmunan sayozroqlari ham, uncha pishiq ishlanmaganlari ham bor. Lekin shu bilan birga, hech shubhasiz, adabiyotimizning oltin fondidan o‘rin oladiganlari ham bor. Bu gap, ayniqsa, «Ming bir jon» va «Asror bobo» hikoyalariga taalluqlidir.
«Ming bir jon» - insonning hayotga muhabbatini, umuman, hayotning qudratini, inson irodasini ulug‘laydigan hikoya. Bu hikoya noumid odamlarning ko‘nglida umid chirog‘ini yoqadi, ularni yashash uchun kurashga chorlaydi, umr yo‘lidagi har qanday, g‘ovlarni sabot va bardosh bilan yengishga o‘rgatadi.
Abdulla Qahhorning “Anor” hikoyasi epigrafdan boshlanadi: «Uylar to‘lanon, och-nahorim bolam, Ariqlar to‘la suv, tashnai zorim bolam» (O‘tmishdan).Adibning barcha mashhur hikoyalari ham epigraf bilan ochilgan: «Dahshat»,
«Bemor», «O‘g‘ri», «Tomoshabog‘», «To‘yda aza» va boshqalar.
Hikoyadagi birinchi jumla: «Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalamiyaktaginingyengizulfingailinib,tirsakkachayirtildi»6.Unda Qahhorga yarashmagan ko‘pso‘zlilik bor, lekin fikrni bundan-da qisqa ifodalashning ham yo‘li yo‘q. Chunki qahramonning uyga hovliqib kirishini aytish bayon, xabar, xolos. Abdulla Qahhor yozuvchi sifatida kitobxon ishonishi uchun buni badiiy detal bilan dalillashi kerak edi. Shuning uchun ham qalami yaktagining yengi yirtiladi, jo‘nroq yozuvchi qisqa qilib, «yaktagi yirtildi» deb qo‘ya qolardi. Biroq eshikning zulfini yaktakni yirtmaydi, uning faqat bir qismini, qo‘l tegishi mumkin bo‘lgan yengini yirtishi mumkin, Lekin yozuvchi uning «tirsakkacha yirtilgani»ni ko‘rsatadi. Bu bilan Abdulla Qahhor asar syujetidan kutilajak, favqulodda hodisaning olis shabadasiga ishora qiladi. Yengi ilinib, qisqagina yirtilishi ham mumkin edi, biroq Turobjonning qalami yaktagining yengi tirsakkacha yirtildi. Demak, syujet yanada
6 Abdulla Qahhor. Anor: [Hikoya] //Sharq yulduzi.-1982.-№6.-B.46-48.
keskinlashishi va kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu esa nochor davrning ilojsiz kimsalarining oddiygina tasviri.
Yozuvchi birinchi jumlada so‘zga erk berganini sezganday, ikkinchi jumlada gapini yig‘ishtirib oladi: «Uningshashtiqaytdi».Eshikdan otilib kirgan (agar sekinroq kirganda yengi yirtilmasmidi) qahramonning shashti qaytdi. Chunki, hovliqib kirishi, eshik zulfinini ko‘rmagani butun nigohi xotiniga qaratilganidan edi: