O‘tkir alkogolli gallyutsinozi (alkogolli gallyutsinator vasvasa sindromi)
Ko‘pincha abstinent buzilishlar tasvirida namoyon bo‘ladi. Deliriydan farqi, bunda tutqanoq tutish alomatlari bo‘lmaydi. O‘tkir alkogolli gallyutsinozi qo‘qqisdan boshlanib, kechqurun yoki tundagi uyqusizlik davomida yoki uyquga ketish oldida (gipnagogik eshitish gallyutsinozi) – oddiy tovush eshitish holatlari shakllanadi. Boshida mazmun jihatdan neytral akoazma va fonemalar paydo bo‘ladi.
Bemorning xatti-harakatlari ovoz-tovushlariga mos kelib, ularning bezovta bo‘lishi, xavotirga tushishi, mavhum xavf-xatarga qarshi choralarni izlash hollari kuzatiladi. Gallyutsinoz debyutida delirioz buzilishlar fragmentlari paydo bo‘lishi mumkin.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Teridagi chandiq va dog‘larni ketqazish usullari
Keyinchalik bezovtalanish, qo‘rquv hollariga so‘z eshitish gallyutsinatsiyalari qo‘shiladi – bunda nutq, suhbat yoki ko‘pchilik kishilarning so‘zlashishi eshitiladi. “Ular” bemorni so‘kishadi, koyishadi, haqoratlashadi, do‘q qilishadi, ogohlantirishadi, buyruq berishadi va h.k. Unda ta’sirchanlik yo‘qoladi. Bu gallyutsinatsiyalar o‘zgaruvchan bo‘lib, har doim o‘tmishdagi, hozirgi vaqtdagi real holatlar bilan bog‘liqdir. Verbal (so‘z eshitish) gallyutsinatsiyalarning intensivligi baqiriqqacha borib, shivirlashgacha pasayib o‘zgarib turadi. Verbal gallyutsinatsiyalar kuchayib borganda – bir mavzuga monand ketma-ket bir-birini almashtiruvchi sahnalar kabi kechuvchi polivokal gallyutsinoz rivojlanadi. Masalan, bemor prokuror, xolislar, advokat, jabrlanuvchilar ishtirokida o‘zining ustidan olib borilayotgan sud jarayonini eshitadi va bu haqda bemor haqiqatdan ham shunday bo‘lganini ko‘rib o‘tgandek taassurot qoldiradi. Shundan kelib chiqqan holda bunday holatlar delirioz deb izohlanadi.
Psixozning boshlang‘ich davrida hissiy vasvasalar paydo bo‘ladi. Ular asosan ta’qib etish, ayblash, buzg‘unchilik ruhidagi vasvasalardir. Bemor asosan aniq, unga tanish shaxslar boshchiligida (qo‘shni, hamkasab, qarindoshlar, xotini, eri, tanish-bilish) ta’qib etuvchi “banda” haqida so‘zlashadi.
Gallyutsinatsiyaning eng rivojlangan vaqtida bemor qo‘rquv, xavotirlanish, umidsizlik kabi affektiv o‘zgarishlarni boshdan kechiradi. Bemor o‘zini himoya qiladi, qurollanadi, militsiyaga murojaat etadi yoki o‘z-o‘zini nobud qiladi. Psixoz asosan chuqur va davomli uyqudan so‘ng yoki asta-asta tugallanadi. Oxirgi holda verbal gallyutsinatsiyalar susayib boraveradi va kunduzi yo‘qoladi. Bir vaqtda yoki asta affektiv buzilishlar, vasvasaviy g‘oyalar so‘nib boradi. O‘tkir alkogolli gallyutsinoz bir necha soatdan bir necha haftagacha yoki bir oygacha davom etadi. Ushbu holat – mukammalashgan, tipik, alkogol gallyutsinozi deb ataladi.
Dostları ilə paylaş: |