11. Ochiq bozordagi operatsiyalar deganda nima nazarda tutiladi? Ochiq bozordagi operatsiyalar (inglizcha – “Open market operations”) - jahon amaliyotida pul muomalasini tartibga solishning asosiy vositalaridan biri hisoblanib, mamlakatdagi pul taklifi ustidan nazoratning eng moslashuvchan usuli hisoblanadi. Bunda, Markaziy bank oʼz mablagʼlari hisobidan ochiq bozorda qimmatli qogʼozlarni sotib olishi va sotishi mumkin. Ochiq bozorda amalga oshiriladigan operatsiyalarda katta miqdordagi xilma-xil qimmatli qogʼozlar ishtirok etadi.
Ochiq bozordagi operatsiyalar iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar (АQSh, Аngliya, Germaniya, Kanada va boshqalar)da XX asrning 40-yillarida davlat obligatsiyalari bozorining nihoyatda kengayishi va ularning markaziy banklar tomonidan faol sotib olinishi orqali pul-kredit siyosatining asosiy instrumentiga aylangan bo'lib, ushbu amaliyot bugungi kunda, iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklari tomonidan ham pul mablag'lariga bo'lgan taklifni nazorat qilish hamda tartibga solib turishda eng muhim dastakka aylandi.
Xususan, respublikamizda ham 1996 yildan 2011 yilgacha davlat qimmatli qog'ozlari muomalaga chiqarilib, ular tijorat banklari o'rtasida joylashtirilgan. 2012 yilga kelib davlat qimmatli qog'ozlarining muomalaga chiqarilishi to'xtatilgan.
12. Qayta moliyalash stavkasi nima o‘zi?Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi bu - Markaziy bankning Respublikadagi boshqa banklarga taqdim qiladigan puliga qo‘yilgan to‘lov foizidir. Masalan, sodda tilda aytilsa, Markaziy bank bizdagi banklarga kredit beradi, banklar o‘z navbatida ushbu kreditni jismoniy va yuridik shaxslarga kredit yoki qarz qilib qayta tarqatadi. Bunda Markaziy bankdan ma’lum bir foizga olingan kreditni ustiga o‘z foizini qo‘shib tijorat banki aholiga kredit tarqatadi. Masalan, Markaziy bankdan tijorat banki bir million so‘m olsa, endilikda yangi stavkaga binoan ushbu summaga 14 foiz qo‘shib ya’ni 1 140 000 so‘m qilib qaytarish kerak. Ushbu summadan tijorat banki o‘z daromadi qo‘shib aholiga qarz yoki kredit beradi. Tijorat banki Markaziy bankdan 14 foizlik stavkada olgan bo‘lsa, aholiga uni 20 yoki 22 foizlik stavkada sotadi va o‘rtadagi foizlar bu tijorat bankining daromatidir.