2.1 Universal masofaviy ta’lim sharoitida veb-kvest texnologiyasidan foydalanishning samaradorligi
Zamonaviy texnologik sharoit ta’limning sifati va ta’limiy texnologiyalarda islohot va innovatsion o‘zgarishlarni talab qiladi. O‘zbekiston Prezidentining 6.10.2020 yildagi «Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4851-son qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, axborot texnologiyalari sohasidagi kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va aholining kundalik hayotiga keng joriy etishni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi . Axborot texnologiyalari tushunchasi ta’lim tizimdagi pedagogik jarayonining
samarali olib borilishi va salmoqli natijalarini takomillashtiruvchi yangilik va omillarni nazarda tutadi. An’anaviy ta’lim tizimiga masofaviy ta’lim alternativ usul bo‘lib xizmat qiladi va unda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, o‘quv jarayonini yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyatlari mavjud. Shu bilan birga uning markazlashgan noodatiy uslubi bu talabalarning mustaqil faoliyati bo‘lib hisoblanadi.
Zamonaviy ta’lim tizimida maktabgacha yoshdagi o‘quvchilarga ingliz tilidagi masofaviy ta’limni tashkil qilish alohida metodik tayyorgarlik va zaruriy bilim, ko’nikma va kasbiy malakalarni shakllantirish talab etiladi. Shu nuqtai nazardan o‘quv jarayonining tuzilishi, ularning mazmuni va o‘quv faoliyatini tashkil etish usullari, birinchi navbatda, bo‘lajak o‘qituvchi uchun zarur bo‘lgan kompetensiyalarni shakllantirish, xususan, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish nuqtai nazaridan o‘quvchilarning anglash va axborotlarni qabul qilish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lishi lozim.
So‘ngi yillarda turli ta’lim tizimidagi o‘quv jarayonida muammoli vaziyatlar va topshiriqlarga boy bo‘lgan rolli o‘yinlarga monand elemantlardan foydalanish tajribasi keng qo‘llanilmoqda. Ta’limning turli darajalarida turfa xildagi o‘quv fanlarini o‘qitishda internetning axborot resurslari, xususan, zamonaviy veb-kvestlar texnologiyasidan foydalanish va ulardan amaliy dars jarayonida qo‘llash mumkin.
Ingliz tilidan tarjima qilinganda "Quest" – bu sarguzasht yoki o‘yin shakliga monand qiziqarli voqea hodisalar va boshqotirmalar bog’liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli, maqsadli qidiruvni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Web-Quest – bu rolli o‘yin elementlari bo‘lgan muammoli topshiriqlar jamlanmasi bo‘lib, uning bajarilishi uchun internetning axborot resurslaridan foydalaniladi. Ta’lim muhitining zamonaviy talablari va xususiyatlariga javob beradigan bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘rgatish va tekshirishning ushbu usuli 1995 yilda San-Diego Shtati universiteti professorlari Bernie Dodge va Tom March tomonidan ishlab chiqilgan.
Bernie Dodge veb-kvestni qo‘llashning baholash mezonlari sifatida foydalanishda quyidagicha tavsiyalar beradi: ishning o‘ziga xosligi, tadqiqot xarakteri, mikroguruhda qo‘llash qobiliyatining namoyon bo‘lishi, yozma matnning sifati, og’zaki nutq sifati, taqdimot va boshqalar .
Tom Marchning fikriga ko‘ra, veb-kvest qiziqarli debyutga, yuqori darajadagi fikrlashni qo‘zg’atadigan yaxshi tuzilgan vazifalarga dilemma bo‘yicha turli nuqtai nazarlarni ta’minlaydigan rollar va vaziyatlarga ega bo‘lishi kerak. Joriy etish jarayonida Internet manbalaridan oqilona foydalanish va eng yaxshi veb-kvestlarni yaratish real hayot bilan ijtimoiy aloqani yaqqol ko‘rsatadi va ularni turli fanlar yoki sohalarda qo‘llash imkonini beradi .
Har qanday ta’limiy veb-kvestining muhim tarkibiy qismi uning axborot mazmuni bo‘lib, u o‘quvchilarni didaktik qobiliyatini rivojlantiruvchi ta’lim va o‘quv maqsadlariga erishishni ta’minlaydigan faol kognitiv faoliyatga jalb qilish imkonini beradi . Har qanday ta’limiy veb-kvestining axborot mazmuni murakkab va xilma-xil bo‘lib, tarmoqlangan tuzilishga ega . Axborot mazmunining asosiy tarkibiy qismlari asosan o‘rganishga bo‘lgan kognitiv
qiziqishni rivojlantirish, o‘z-o‘zini tarbiyalash va o‘quvchilarni takomillashtirishga qaratilgan.
Veb-kvest texnologiyasining didaktik imkoniyatlari va asosiy vazifalaridan biri universitet talabalarining o‘quv, kognitiv va ijodiy faoliyati uchun axborot-kommunikatsiya makonini yaratishdan iborat. Veb-kvestdan foydalanish talabalarning axborot-kommunikatsiya muhitida, sinfdan va darsdan tashqari mustaqil izlanishlari va uzluksiz intensiv o‘quv faoliyatini tashkil qilish muammosini hal qilish imkonini beradi.
Ingliz tili darslarida talabalarning mustaqil faoliyatini tashkil etish shakli sifatida veb-kvestlardan foydalanishning afzalliklariga alohida e’tibor qaratish lozim . Veb-kvestlar o‘z-o‘ziga bo’lgan hurmatni oshiradi va o‘z-o‘zini o‘rganish, tahlil qilish bilan bog’liq shaxsiy va individual muammolarni hal qilish, shuningdek professional maqsadlarga erishishning yangicha kompetensiyasini ko‘p qirrali yondashuv asosida shakllantiradi. Universitetda intensiv yo‘naltirilgan ingliz tili kursini ishlab chiqishda veb-kvest o‘qituvchilar va talabalar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Internet-texnologiyalarning faol jalb etilishi va ingliz tilidagi dolzarb ma’lumotlarga ega web-saytlardan foydalanish talabalarga nafaqat mustaqil ravishda o‘z ustida ishlash, balki qulay vaqtda topshiriqlarni bajarish imkonini beradi. Shu bilan birga so‘z boyligini, nutq ravonligini oshishini ta’minlaydi.
Shunday qilib, veb-kvest tadqiqot faoliyatining maxsus tashkil etilgan turi bo‘lib, uning belgilangan vazifalarini hal etish uchun talabalar belgilangan manzillar bo‘yicha tarmoqdagi ma’lumotlarni izlaydilar. Ular talabalarning vaqtdan unumli foydalanish, axborotni tahlil qilish, olingan ma’lumotlarni amaliy maqsadlarda samarali qo‘llash va foydalanish hamda tanqidiy fikrlash va baholash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida yaratilgan. Ushbu mustaqil faoliyat imkon qadar samarali bo‘lishi uchun veb-kvestda quyidagi elementlar mavjud bo‘lishi lozim: vaqtni tavsiflovchi va dastlabki vaziyatni tushuntirib beruvchi kirish holati; bajarilishi kerak bo‘lgan vazifa; vazifani bajarish uchun zarur bo‘lgan tarmoq resurslari uchun havolalar to‘plami; ish jarayonining tavsifi; olingan ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha tushuntirish ishlari tavsiya va xulosalar.
Berni Dodge veb-kvestni ikki daraga ajratadi: qisqa muddatli va uzoq muddatli (1 haftadan bir oygacha). Qisqa muddatli loyihalarning maqsadi bilim olish va uni bilimlar tizimiga integratsiya qilishdir. Qisqa muddatli veb-kvest ustida ishlash birdan to uch davrcha davom etishi mumkin. Uzoq muddatli veb-kvestlar turli tushunchalarni kengaytirish va aniqlashtirishga qaratilgan. Uzoq muddatli veb-kvest bo‘yicha vazifa tugatilganidan so‘ng, talaba olingan bilimlarni tahlil qilishi va uni o‘zgartira olishi kerak. Uzoq muddatli veb-kvest muhitidagi faoliyat bir haftadan bir oygacha davom etishi mumkin. Veb-kvest eng kichik guruhlarni mustaqil o‘rganish uchun mos keladi, lekin alohida talabalar uchun mo‘ljallangan veb-kvestlar ham mavjud. Veb-kvest bitta mavzudan iborat yoki o‘zaro bir-biriga bog’liq birnecha mavzudan iborat bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ikkinchi holatda mustaqil faoliyat koeffisenti samaraliroq bo‘ladi.
Yuqoridagi ma’lumotlar va yig’ma materiallarga asoslanib, Veb-kvestning quyidagi tarkibiy elementlarini aniqladik:
1. Bosqichni belgilovchi va ba’zi ma’lumotlarni taqdim etadigan kirish qismi; 2. Bajarish qiziqarli va muqarar bo‘lgan vazifalar;
3. Vazifani bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot manbalari to‘plami. Axborot
manbalari quyidagi web-hujjatlarni o‘z ichiga olishi ham mumkin: ekspert xulosalari; elektron pochta yoki real vaqtdagi elektron konferentsiyalar, kitoblar va boshqa hujjatlar;
4. Talabalar faoliyati jarayonining tavsifi, ular muammoni hal qilish uchun bajarishi kerak bo‘lgan faoliyat jarayoni aniq belgilangan bosqichlarga bo‘linishi kerak;
5. Internet tarmog’ida olingan ma’lumotlarni tartibga solish bo‘yicha ba’zi tavsiyalar;
6. Talabalar tomonidan ma’lum bir o‘quv fanining ustida ishlash orqali o‘rganganilgan ma’lumotlarini umumlashtirish va izlanish yakunida chiqaradigan xulosa va boshqa variantlar, ehtimollar, o‘rganilgan va analiz qilingan ma’lumotlarni boshqa o‘quv fanlari bilan taqqoslash va tajriba orttirish.
Dostları ilə paylaş: |