2.3.Amir Temur davrida bunyodkorlik va me’moriy obidalarni barpo etilishi
Amir Temur Samarqand atrofida bunyod ettirgan bog`lar sanog`i turli manbalarda turlicha: bir o`rinda 7ta, boshqa joyda 12-ta, deb keltiriladi. Mutaxassislar keyinchalik aniqlashlaricha, ularning soni 14 ta bo`lib, qo`yidagicha atalgan va ko`rinish kasb etgan:
1. BOG`I SHAMOL. Bu bog` 1397 yili bino qilingan. Sharafuddin Ali Yazdiyning qayd etishicha, bu manzil ilgaridan so`lim bir joy ekan. Yazdiy yozadi: «Hazrati Sohibqiron obod Samarqandning shimoliy tomonidan barpo etgani «Bog`i Shamol» nomi bilan mashhur boqqa ko`chib o`tib, jahon ahli sig`gudek o`lkan saroparda (shohona chodir) qurdirdi.
Uning darvozasi oldidagi chodir hamda podshoh qabulxonasi (boroxgoh), bazmlar uchun tikilgan katta va kichik chodirlar ko`kka bo`y cho`zib, oyga tekkudek tuyulardi. Bu Eram bog`i yanglig` orom maskanini jannatning bazm saroyi xasad qiladigan darajada orasta, salobatli qilib bezatdilar. Bir keskir farmon sodir bo`ldiki, ul firdavsmonand bog`da amirzoda Mironshohning qizi, oliy iffat sohibi Beka Sulton nomiga atab dilni rom etuvchi baland qasr va go`zal bir ishratgoh qursinlar. Fors o`lkasining barcha viloyatlari. Iroq, Ozarbayjon, Dor-us-salom (Bag`dod) va boshqa mamlakatlardan jam` bo`lgan mohir muhandislar, ravshan fikrli me`morlar qasrning tarixini o`tkir farosat qalami bilan maxorat lavhasiga chizdilar. Uni Hazrati Sohibqiron ma`qullagach, yorqin ra`yli munajjimlar qasr qurilishini boshlash uchun munosib vaqtni belgilashda xushyorlik va ehtiyotkorlikning barcha shartlariga rioya qilgan xolda, quvonchli bir soatda, baxtli bir tole`da qasr qurilishini boshladilar12.
Qasrning to`rt ruknini amirlar o`rtasida taqsimlab, har bir ishboshi ixtiyoriga bir mamlakatdan keltirilgan ustalar, bir diyordan keltirilgan xunarmandlarni tayin qildilar... Mustahkam ruknlarini bag`oyat mahkam va puxta qilib ko`tardilar. Har bir ruknga Tabrizdan keltirilgan marmar toshdan ishlangan bittadan ustun o`rnatdilar. Devorlari sathini lojuvard va oltin bilan shunday ajoyib va hayratomuz darajada go`zal etib naqshladilarki, ularning tarovatidan Moniy rasmlari va CHIN nigorxonasini uyatu xijolat g`ubori qopladi. Qasrning sahniga marmar toshlardan va Qo`hi Nur (Nurota) dan keltirilgan toshlardan chiroyli qilib yotqizdilar... Tashqi devorning ich tarafidagi izorasini-koshin bilan bezadilar*.
Bu saroy haqida mashhur major olimi Herman Vamberi «Buxoro yoxud Movaraunnahr tarixi» asarida shunday yozadi: «Bu saroy to`g`ri to`rtburchak shaklida bo`lib, har tomoni bir yarim, ming qadam. Uning marmar gullari ajoyib, hayratli edi. Zamini qayrag`och va fil tishidan ishlangan koshinli edi...»*
Boshqa manbalarda bog` shaharning «Devori qiyomat» deb atalgan qadimiy devori chegarasida, Damashq (Dimishq) qishlog`i yaqinida bo`lgan, deb ko`rsatiladi. O`sha yerda bog` nomi bilan atalgan ariq oqib o`tgan.
2. BOG`I BIHISHT. Samarqandning g`arbiy tarafida malika Tuman og`o sharafiga 1378 yilda bino qilingan. Bu bog` Bog`i Shamolning janubi-g`arbida joylashgan. Sharafuddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»da yozishicha, bog`dagi saroy atrofini
suv bilan to`ldirilgan chuqur xandak o`ragan bo`lib, bir necha ko`prik saroy bilan bog`ni o`zaro bog`lab turgan. G`oyat ko`rkam saroy oq marmardan tiklangan.
Bog`i Bihishtning bir tomonida qo`riqxona bo`lib, undagi jonivorlar qafaslarda emas, atrofi o`ralgan maydonchalarda erkin holda saqlangan. Shuning uchun bir qator tadqiqotchilar Amir Temurni ilk qo`riqxona asoschisi deb hisoblaydilar.
Bog` manzili haqida turlicha fikrlar mavjud. Agar «Samariya» muallifi uni Samarqand sharqida joylashgan deb yozsa, Bobur Mirzo «shaharning qo`yi yonida Bog`i Shamol va Bog`i Bihishtdur», deb qayd etadi. Bu o`rinda Bobur Mirzo guvohligi haqiqatga yaqinroq, to`g`riroq bo`lsa kerak.
3. BOG`I BALAND. U shaharning shimolidagi Cho`ponota tepaligi yonbag`rida barpo etilgan. Bog` Amir Temurning eng go`zal oromgohlaridan bo`lib, uni yaratishda Eron, Iroq, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlardan keltirilgan usta me`morlar qatnashganlar13.
Bog`dagi Tabriz marmari bilan tiklangan saroy binosi uchta xonadan iborat bo`lib, unda qimmatbaho buyumlar, nodir san`at asarlari saqlangan. Bu bog` Sohibqironning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Oqabegimga atab qurdirilgan. Samarqand shimolidagi balandlikda barpo etilgani sababli Bog`i baland nomini olgan. Hozirgacha ham ushbu nom bilan atalgan bu manzil o`zining to`kin anjirzorlari bilan mashhur.
4.BOG`I DILKUSHO. Samarqand sharqidagi bog`. Shahardan taxminan olti kilometr masofada, Panjakent yo`lining o`ng tomonida bo`lgan. Sharufiddin Ali Yazdiyning yozishicha, Bog`i Dilkushoni bino qilish davomida oldindan mavjud bo`lgan o`n ikkita bog` birlashtirilib mukammallashtirilgan. Bog` qurilishi 1396 yilda boshlangan. Bog`da gumbaz shaklida tiklangan qasr bo`lib, uning uch tomonidan minoralar yuksalib turgan. 1398 yil bahorida – Hind yurishi arafasida shu yangi bog`da Amir Temur mislsiz tantanalar o`tkazib, Amir Hizrho`janing qizi To`qolxonimga uylangan va bog`dagi qasrni yosh malikaga atagan.
Sharafiddin Ali Yazdiy yozadi: «Bog` nihoyatda dilkusho va go`zal tarzda barpo etilgan bezavol iqbol, uning ismi jismiga monand bo`lgani uchun «Bog`i Dilkusho» deya atadi»*.
Bog`i Dilkusho to`rtburchak shaklida bo`lib, har tomoni bir yarim ming tazga barobar kelgan. To`rt tomondagi toki rangli koshinlaru naqshi-nigorlar bilan ziynatlangan darvozalari bo`lgan. Shaharga qaragan darvoza toqida «Darvozai Feruza» deb hal bilan yozilgan. Bobur Mirzo yozishicha, «Andin (bog`dan) Feruza darvozasigacha xiyobon qilib, ikki tarafida terak yig`ochlari yoqtiribtir*.Bog`ning to`rt burchagida baland minoralar qad ko`targan, Sahni xandasi uslubida bezalgan bo`lib, yo`laklar va oltiburchagu uchburchak shaklidagi chamanzorlar atrofida turli-tuman mevali daraxtlar, gulbutalar yashnagan. Bog` o`rtasida yuksak go`mbazli qasr tiklanib, uning uch peshtoqi va uch minorasi bo`lgan. Oq marmardan tiklangan bu saroy devorlari oy nurida tovlanib turgan. Uzoqdan ham saroyning keng, katta osmon va yulduzlar aks etgan koshinlar bilan bezatilgan peshtoqi yaqqol ko`ringan. Muarrixlar Rum urushidan qaytgan Sohibqiron uzoq muddat bu bog`da to`xtab, suyukli nabirasi Mirzo Ulug`bek bilan suhbatlar qurganini yozadilar. Peshtoqlarda osmonu yulduzlarning aks ettirilishi nafaqat Amir Temurning ilmi falaqiyotga qiziqqani, shuningdek nabirasinng ko`ngil havasidan xabardorligiga ishoradir.Qasr devorlarida Amir Temurning 1399 yilda Hindistonga yurishi voqealari rangin tasvirlangan. «Boburnoma»da «ko`shkga Temurbekning Hindiston urushi tasvir qilibturlar», deyilishi mazkur holatni yana bir karra tasdiqlaydi.
Amir Temur 1401 yilning 8 sentabrida Kastiliya qiroli elchisi Rui De Klavixoni Bog`i Dilkushoda qabul qilgan. Klavixo bog`dagi favvoradan otilib turgan suvning tepadagi oltindan yasalgan olmalarga urilib sochilishini ko`rib, bu go`zal manzaradan beqiyos hayratga tushganini yozadi. Keyinchalik bog` o`rni Xonchorbog` deb atalgan.
5. BOG`I CHINOR. Samarqand janubida Darg`om arig`i yoqasida bino etilgan. U yerda chinorlar haddan ziyod ko`p bo`lgani sababli «Bog`i Chinor» deb atalgan.
Sharafiddin ali Yazdiy uni Kesh shahridan kelishda yaqin birinchi bog`dir, deb xabar beradi. Boshqa ma`lumotlar ham Ali Yazdiyning so`zini tasdiqlaydi. Masalan, Bobur Mirzo yozadikim: «Yana Samarqandning janubida Bog`i Chinordur, qal`aga yovuqtur»*. Klavixo o`z asarida «Bog`i Chinor yangi qurilgan katta hashamatli saroy joylashgan bog` edi»*, -deb qayd etadi. Bog` 1400 yildan keyin tiklangan bo`lishi ehtimoli bor.Tarixdan ma`lumki, keyinchalik Movaraunnaxr hokimi bo`lgan Mirzo Ulug`bek davrida ham bu bog` obod bo`lgan. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, 1420 yilning bahorida Mirzo Ulug`bek poytaxt Xirotdan kelgan onasi Gavharshod Begim sharafiga Bog`i Chinorda «podshohona to`y va xusravona ziyofat bergan.
Xulosa
Shubhasiz, Temur boshlab bergan bunyodkorlik an`anaga aylanib, bunday ishlar vorislari tomonidan davom ettiriladi. Temuriy shahzodalardan tortib nufuzli amirlaru vazirlar, viloyat va ulus hokimlari o`z shaxsiy mulk va mablag`larining kattagina qismini markaziy shahar va ularning tevarak-atrofida shohona ko`shku saroylar qurishdan tashqari, hayriya ishlariga-masjidu madrasalar, xonakohu shifoxona-lar, hammomu bozor rastalari, rabotu karvonsaroylar, suv inshootlariyu bog`-rog`lar va bo`stonlar barpo etishga sarf qiladilar. Ayniqsa ular e`tiqod, ilm va ma`rifat maskanlari-masjidlar va madrasalar, shifoxona va xonakohlarning sarfu xarajati uchun katta-katta ekin yerlari, tegirmon, objuvoz, moyjuvoz va do`konlar kabi qo`zg`almas mulklarni vaqf qilib, mudarris olimlaru tolibi ilmlar, zohidlar va obid mashoyixlarga maoshlar belgilaydilar.
Temur faqat vatani Movaraunnaxrdagina emas, balki Xuroson, Eron, Kavkaz va boshqa viloyatlarda ham bir qancha yirik irrigatsiya ishlarini amalga oshirdi. Sohibqiron Farmoni bilan Murg`ob vohasida qazdirilgan qator sug`orish kanallari, Qobul yaqinidagi Jo`yinan dahasining Bodon anhori yoki Kavkazning «Boylakon» mavzesidagi Barlos ariqlari shular jumlasidandir. Manbalarning guvohlik berishicha, 1381 yilda Xuroson fath etilgach, Temur Murg`ob daryosidan kanallar qazib chiqarib, Marv vohasini obod qilish to`g`risida farmon beradi. Sarkardalar va davlat ma`murlarining har biri alohida-alohida kanal qazishga boshchilik qiladilar. XV asr muallifi Xofizi Abru bu kanallardan 20 tasini: Dilkusho, Ganchravon, Ganchxona, Umar Tobon, Shayx Abu Sa`d, Shayx Ali Bahodir, Dushoh Jondor, Gulbog`on, Hasan Jondor. Bu Alouddin Inoq, Sahdak, Purdor, Alimalik, Oq Bug`o, Davlatshoh baxshi, Sunjak, Manglixoja, Kebekchi yurtchi, Qutlug`xotun kabi nomlarini birma-bir qayd etadi.
Dostları ilə paylaş: |