Bitiruv malakaviy ishida qisqartmalar Tadqiqotda juda ko‘p hollarda ayni bir manbani (ilmiy adabiyotni, tajriba-sinov ishlari natijalarini, ayrim tushuncha va atamalarni, hatto ta’rif va qonuniyatlarni) juda ko‘p marotaba, tez-tez takrorlab turishga to‘g‘ri keladi. Chunonchi, "Abdulla Qodiriy asarlarida eskirgan so‘zlar" mavzusidagi ilmiy tadqiqotda tadqiqotchi bu adibning "O‘tgan kunlar", "Mehrobdan chayon", "Obid ketmon", "Juvonboz" kabi asarlarini o‘nlab marotaba tilga olishi, har bir fikrni asoslash uchun bu asarlardan yuzlab misollar keltirishi lozim. Bundan tashqari, tadqiqotchi eskirgan so‘zlar muammosini anchagina mufassal tahlil etgan, masalan, Ernest Begmatovning "O‘zbek tilida leksik qatlamlar", E.Qilichevning "Badiiy tasvirning leksik vositalari" asarlari, Sh.Rahmatullaevning "ToshDU Ilmiy asarlari. Yangi sira. 211-chiqishi. Filologiya. 24-kitob. Toshkent, 1963" to‘plamida chiqqan "Arxaizm va istorizm" maqolasini, har xil lug‘atlarni – ikki jilddan iborat bo‘lgan "O‘zbek tilining izohli lug‘ati"ni, 4 jildli "Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati" va h.larni tez-tez takrorlab turishi lozim. Ilmiy ishda, ixchamlik va tejamkorlik nuqtayi nazaridan, unda tez-tez takrorlanib turuvchi manba va tushunchalarni tadqiqotchi, odatda, qisqartmalar (shartli qisqartmalar) bilan beradi.Bundan tashqari, ilmiy tadqiqotlarda juda ko‘p hollarda chizmalar, diagrammalar, qonuniyatlarni ixcham va yorqin aks ettiruvchi formulalar, jadvallar keng qo‘llaniladi. Ularda ham, asosan, har xil shartli qisqartmalar qo‘llaniladi.
Ilmiy ishda foydalanilgan, keltirilgan barcha manbalar, ilmiy adabiyotlar ishning "Foydalanilgan manbalar (adabiyotlar)" yoki “Bibliografiya” qismida to‘la keltiriladi. Bu qism ikki turda tuzilishi mumkin:
1.Faktik material manbalari va ilmiy adabiyotlar (manbalar) ro‘yxati alohida ajratib beriladi.
2. Har ikkala manba birgalikda beriladi.
Har ikkala holatda ham manbalar alifbo tartibiga qat’iy rioya qilingan holda ro‘yxatlashtiriladi. Manbaning ro‘yxatdagi o‘rni manba (asar) muallifining (mualliflar ko‘p bo‘lsa, birinchi muallifning) familiyasi, agar mabodo mualliflar ko‘satilmagan bo‘lsa, asar (to‘plam, kitob v.h.)nomining birinchi so‘zi harflari asosida joylashtiriladi. Bibliografik materialni (manbalar ro‘yxatini) berishning kutubxonachilik va OAK, matbuot va poligrafiya boshqarmalari tomonidan qat’iy belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan qonun-qoidalari bor. Har bir tadqiqotchi ularga rioya qilishi lozim.