Andijon davlat universisteti


RESPUBLIKAMIZDA GENDER TENGLIK MASALASINING DOLZARB TOMONLARI



Yüklə 63,58 Kb.
səhifə8/9
tarix27.06.2022
ölçüsü63,58 Kb.
#62396
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Abdurazzaqova Dilnozaning

4. RESPUBLIKAMIZDA GENDER TENGLIK MASALASINING DOLZARB TOMONLARI

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 1-mart kuni xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yana-da mustahkamlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.


Xalqimiz tarixida buyuk allomalar, jahongir bobolarimiz qatorida, bunday insonlarni dunyoga keltirib, tarbiyalagan, ulug‘vor ishlarga ruhlantirgan fozila ayollar ham ko‘p bo‘lgan. Bugun ham xotin-qizlarimiz farzand tarbiyasida, turli sohalarda, mahallalarda fidoyilik ko‘rsatmoqda. Ularning og‘irini yengil qilish, huquq va manfaatlarini taʼminlash maqsadida so‘nggi yillarda bir qator qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilindi.
2021-yilda ayollar tadbirkorligi dasturlari doirasida 200 mingdan ziyod loyihalarga 2 trillion so‘m kredit va subsidiyalar ajratilib, 320 ming xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. 190 ming nafar ayol kasb-hunarga o‘qitildi. 4 mingdan ziyod xotin-qizlarga uy-joy to‘lovining boshlang‘ich badaliga mablag‘ ajratildi.
2 ming nafar qiz alohida grant asosida oliy taʼlimga qabul qilindi. Natijada, o‘tgan yili oliy o‘quv yurtlariga kirgan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.
Umuman, 2020-yildan boshlab, “Ayollar daftari” tizimi yo‘lga qo‘yilib, unga kiritilgan 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik ko‘mak berilgan.
Yig‘ilishda bu boradagi navbatdagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Hozirgi kunda “Ayollar daftari”da 630 mingdan ziyod xotin-qiz ro‘yxatda turibdi, ulardan 200 ming nafari ishsiz. Ayollar o‘rtasida jinoyatchilik, oilada zo‘ravonlik va tazyiq holatlari, afsuski, hali ham bor.
Davlatimiz rahbari bu muammolarni hal etishda mahalla faollari, jamoatchilik va nuroniylarning o‘rni va taʼsiri sezilmayotganini aytdi.
– Bugungi farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham ayollarga bog‘liq. Agar Xalqimiz bizdan rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo, moʻtabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratishimiz kerak. Ona rozi bo‘lsa, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa, jamiyat rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu maqsad mamlakatimizning taraqqiyot strategiyasida eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Ularning ijrosini tizimli tarzda, har bir mahalla kesimida amalga oshirish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida Prezident farmoni qabul qilindi.
Qo‘mita raisi ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari va Senat aʼzosi sifatida faoliyat yuritadi. Qo‘mitaning viloyat, tuman va shahar boshqarmalari rahbarlari esa, hokim o‘rinbosari hisoblanadi.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda “Ayollar daftari” jamg‘armasi mazkur qo‘mita tomonidan boshqariladi. Yurtimizdagi 9 ming 309 ta mahalla raisining xotin-qizlar va oila bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlari ham qo‘mita tizimiga o‘tkaziladi hamda har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilinadi.
– Endi har bir mahallada ayollarning dardi bilan yashaydigan tizim bo‘ladi. Qaysi ayolga nima kerakligi, o‘qishi, davolanishi, bolalari tarbiyasi bo‘yicha mening stolimda adolatli raqam bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Maʼlumki, xotin-qizlar masalalari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimida edi. Alohida qo‘mita tuzilishi munosabati bilan, bu vazirlik ham Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu sohada ham yangi tizim yaratilishi belgilandi. Joylarda bu vazifa bevosita hokimlarning zimmasiga yuklatiladi, hokim o‘rinbosari lavozimi qisqartiriladi. Mahalla raisi o‘z hududida hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faolining hamjihatlikda ishlashni taʼminlaydi.
Shuningdek, Xalq qabulxonalarining vazifalari ham endi shahar va tumandan mahalla miqyosiga tushadi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari ayollarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. 2022-yil 1-sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan to‘lash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu maqsadlar uchun joriy yilda byudjetdan 200 milliard so‘m, 2023-yilda esa 1 trillion 700 milliard so‘m yo‘naltirilishi qayd etildi.
Ayollarning uy-joy sharoitini yaxshilash masalasiga to‘xtalar ekan, Prezidentimiz shunday dedi:
– Bir vaqtlar ayollarga imtiyozli uy berishga imkon yo‘q edi, bunga qonuniy asos, mablag‘ yo‘q edi.
Yig‘ilishda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltirilishi belgilandi.
Ularning salomatligini tiklash bo‘yicha ham aniq tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, joriy yilda 6 ming nafar ayolga yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Nogironligi bo‘lganlar reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlanadi. 3 million nafar xotin-qiz onkologik skriningdan o‘tkaziladi. Shuningdek, qizlarni emlash, fertil yoshdagi ayollarni dori va vitaminlar bilan bepul taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Qizlarning yaxshi taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi Prezidentimizni hamisha o‘ylantiradigan masalalardan biri. Bu yig‘ilishda ham ular uchun taʼlim sharoitlarini kengaytirish bo‘yicha tarixiy qarorlar qabul qilindi.
Jumladan, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqiladi. Dastur doirasida, poytaxtimizda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Paxta-to‘qimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida joylarda universitetning texnikumlari ham ochiladi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab, taʼlim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. Buning uchun, joriy yilda banklarga 1 trillion 800 milliard so‘m, kelgusi besh yilda 8 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. 
Yana bir yangilik: kelgusi o‘quv yilidan boshlab, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab beriladi. Shuningdek, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning taʼlim kontrakti mahalliy byudjetdan to‘lanadi.
Jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish uchun doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.
Monomarkazlar va oliygohlar qoshida Malakani baholash markazlari tashkil etish, ayollarni talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblarga o‘qitish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
2022-2024-yillar uchun “Biznes ayollar” dasturi qabul qilinishi belgilandi. Uning ijrosiga jami 8 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Ayollar uchun tadbirkorlik kurslari tashkil etiladi, imtiyozli kreditlar beriladi.
Davlatimiz rahbari ehtiyojmand xotin-qizlar bandligini taʼminlagan tadbirkorlarni ham qo‘llab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi. Ular uchun ko‘plab soliq va savdo imtiyozlari belgilandi.
Yig‘ilishda ayollarning huquqiy himoyasini kuchaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bugungi kunda tazyiq va zo‘ravonlik uchragan ayollar 30 kun muddatga alohida himoyaga olinadi. Lekin, undan keyingi tizim bo‘shliq bo‘lib qolgan.
Shu bois, endi ayollarning tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyasi sud tomonidan taʼminlanishi, alohida himoyaga olish bir yilgacha belgilanishi aytildi.
Oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning masʼuliyatini oshirish ham bugungi kundagi dolzarb masalalardan.
Prezidentimiz bu borada obro‘-eʼtiborli, bilimli xotin-qizlardan iborat “Oqila ayollar” harakatini tashkil qilish taklifini bildirdi.
– Bu harakat “mahallaning vijdoni”ga aylanishi kerak. Chunki maʼrifatli jamiyatni maʼrifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi. Faol ayollar, tarmoq va hudud rahbarlari so‘zga chiqib, o‘z fikrlarini bildirdi.
Darhaqiqat, qadim yunon Suqrot, Arastu, Aflotun kabi olimlari eng yaxshi davlat sifatida jamiyatda tenglik va adolat hukm surgan polisni nazarda tutishgan. Eng yaxshi qonunlar sifatida ham barcha tengligini kafolatlagan qonunlarni ilgari surishgan. Erkak va ayollar tengligi g‘oyasini yunon olimi Antifont o‘z asarlarida qo‘llagan holda: «Tabiat barchani: ayollarni ham, erkaklarni ham teng qilib yaratadi, lekin odamlar insonlarni tengsiz holatga soluvchi qonunlarni ishlab chiqishadi», deb ta’kidlagan.Sharq qomusiy olimlardan Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida tenglik hukm surgan davlatni fozillikka intilgan davlat sifatida qayd etgan bo‘lsa, 1791 yilda Olimpiya De Guj tomonidan tayyorlangan fuqarolik va ayol huquqi deklaratsiyasida ilk bor ayollarning erkin fikrlash va o‘z fikrini bildirish huquqiga ega ekanligi e’tirof etilgan. Gender tengligining huquqiy rivojiga e’tibor beradigan bo‘lsak, eng avvalo, gender tenglikning huquqiy asoslari xalqaro va milliy qonunchilikni tarixiy-nazariy va huquqiy jihatlarini tahlil etish joiz. Albatta, barchamizga ma’lumki, 1948 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida erkak va ayollarning tengligi alohida e’tirof etilgan bo‘lib, Deklaratsiyaning 1-moddasida «Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar. Ularga aql va vijdon ato qilingan, binobarin bir-birlariga nisbatan birodarlik ruhida munosabatda bo‘lishlari kerak», deya ta’rif berilgan. BMT tomonidan 1966 yilda qabul qilingan yana bir xalqaro hujjat – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 3-moddasida ta’kidlanishicha, «Mazkur paktda ishtirok etuvchi davlatlar erkaklar va ayollar uchun ushbu Paktda ko‘rib chiqilgan barcha fuqarolik va siyosiy huquqlardan bir xilda foydalanishini ta’minlash majburiyatini oladi». Aynan mazkur xalqaro norma “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” qonunning 2-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir,-degan moddaning amaliy va huquqiy asosidir. Demak, yuqorida qayd etilgan xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan mustaqil davlatimiz xalqaro huquqning umume’tirof etilgan talablaridan kelib chiqib o‘z milliy qonunchiligida ayollar va erkaklar tengligi masalasiga jiddiy ahamiyat berishining sababi ham asoslidir.
Mazkur asosning yana bir huquqiy kafolati bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar», deb belgilanganligidir. Demak, gender tengligining ham xalqaro huquqiy ham, konstitutsiyaviy huquqiy asosi kafolatlangan. Gender tengligi ijtimoiy tenglikni ham anglatadi. Bunday tenglikni ta’minlash uchun Konstitutsiya va qonunlarga zarur qoidalarni kiritishning o‘zi kifoya emas.Shu bois ham, “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish”ga alohida e’tibor qaratilgan. Chunki, mana shunday sinovli kunlarda, ya’ni karantin davrida ham shifokorlar, ichki ishlar, hatto Milliy Gvardiya xodimalarining erkaklar bilan yelkama-yelka turib ishlashganining guvohi bo‘ldik. Karantin bo‘lishiga qaramay, tibbiy niqoblar, tibbiy kiyim-kechak, zarur vositalarni zudlik bilan yetkazish uchun tadbirkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yishganining boisi, biror bir tez tibbiy yordam ko‘rsatishda uzulishlar, yetishmovchiliklar bo‘lmaganining guvohimiz. Shifokorlarimizning azaliy Gippokrat qasamyodi hammaga ma’lum. Kunu-tun inson salomatligi yo‘lida xizmat qilgan shifokorlarimizning mashaqqatli mehnati evaziga sog‘aygan fuqarolarimizning xursandchiligining ham guvohimiz.
Ana shunday izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida jamiyatimizda tinchlik va iqtisodiy barqarorlik ta’minlanmoqda. Kundalik hayotiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, xalq farovonligida, jamiyat tinchligida hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutadi. Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha davlat miqyosida ishlab chiqilgan qonunlar va dasturlar ham muhim ahamiyatga ega. Hatto Jahon Iqtisodiy forumi (The Global Gender Gap) o‘tkazgan tadqiqot natijalariga qaraganda, xotin-qizlar erkaklarga nisbatan bir yilda qariyib 35 kundan ko‘proq ishlar ekan. BMT Bolalar Jamg‘armasi (YuNISEF) tadqiqotlariga qaraganda esa, qizlar o‘g‘il bolalarga nisbatan biror ishni bajarishda 35-36 foiz ko‘p vaqt sarflar ekan. Bu hali ham dunyoda gender tengligiga erisha olinmayotganligini ko‘rsatadi.
Shu bois ham, 2019-yilning 2-sentabrida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuni mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan yaxlit va asosiy qonun hujjati hisoblanadi. Ushbu qonun bilan ilk bor milliy qonunchiligimizda «gender» tushunchasiga ta’rif berilgan. Unga ko‘ra, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ushbu sohada davlat boshqaruvi mexanizmlari belgilandi.
Xususan, xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Respublikasida Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etildi.
Komissiyaning asosiy vazifalari xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu sohada davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish, ushbu sohada qilingan ishlar bo‘yicha har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga axborot taqdim etish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash va bu borada xalqaro standartlarga rioya etish sohasida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikni amalga oshirishdan iborat.
Qonuniy huquq va erkinliklardan foydalanishda jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik ayrim ijtimoiy munosabatlarga tatbiq etilmaydi. Mazkur qonunning 5-moddasiga muvofiq,quyidailar jins bo’yicha kamsitilish hisoblanmaydi:

  • bola tug‘ish va ona suti bilan oziqlantirish vazifalari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishda farqlarni belgilash.

  • qonunda belgilangan tartibda muddatli harbiy xizmatga chaqirish

  • gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik

maxsus choralar ko‘rish

reproduktiv salomatligini saqlash xususiyatlari

  • kasbiy malakaga doir tavsiyalar berish

  • qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibi va 

shartlarini hamda huquqiyjihatdan ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini tartibga solishda farqlarni belgilash
Qonunning 13-moddasida davlat davlat organlarining xotin-qizlar va erkaklar
uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi vakolatlari hamda 15moddasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, davlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi ishtiroklari belgilandi.
Mazkur holatni oldini olishda qonunning 25-moddasida Uy mehnati jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas, u ayollar va erkaklar tomonidan teng darajada amalga oshiriladi”-deb belgilangan. Aynan 21-modda esa, mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini belgilagan. Bugun xotin-qizlar bandligini ta’minlash ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri, xalq turmush darajasi va sifatini yuksaltirishning muhim sharti sifatida belgilangan. Xotin-qizlar qo‘mitalari tashabbusi bilan bo‘sh binolarni qayta ta’mirlash va ishga tushirish hisobiga 2 700 tadan ortiq kichik sexlar tashkil etilib, 18 ming nafarga yaqin xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida kreditlar ajratish oxirgi yillarda sezilarli oshdi.
Biz esa, qonunlarni qabul qilamizu, amalga oshirish uchun aholining huquqiy ongi, huquqiy madaniyati yuksak bo‘lishini ta’minlamasak, yana sun’iy to‘siqlarga duch kelaveramiz.


XULOSA
Xulosa o’rnida yatishimiz mumkinki, bugungi yangilanayotgan jamiyatda ayollarning siyosat va iqtisodiyotga keng jalb qilinishi tufayli gender tengligi borasida o‘zgarishlar, siljishlar, hattoki yutuqlar ko‘zga tashlanmoqda. Ayniqsa, siyosatda ayollar faollashganining guvohimiz ya’ni davlat boshqaruvida, sudlov tizimida, ichki ishlar, bojxona tizimida ham xotin-qizlarning mehnat qilayotgani ayni haqiqatdir. Zero, bu borada mazkur qonunning 4-BOBi : “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” ga bag‘ishlangan hamda 18-moddada saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash huquqi ya’ni, xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga egaligi qayd etilgan. Siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanadi.
Ko‘pchilik, hokim ayollarimizni qo‘llab-quvvatlamoqda, hatto endilikda jamiyat ishlarida ayollarning keng ishtirokiga ko‘nikib ham qolishmoqda. Masalan, jamiyat ishiga faol ishtirok etayotgan ayollarning turmush o‘rtog‘i tushungan holda uni qo‘llab-quvvatlamoqda. Farzand tarbiyasi hambilan birga turli tadbirlarda ishtirok etar ekan, o‘zi bilmagan holda siyosatga kirib qoladi. Xotin-qizlar erkaklar bilan teng huquqli bo‘lish bilan bir qatorda siyosatda o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyatlariga ega bo‘lishdi.
Gender tenglik jamiyat rivojida muhim bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi bugungi kunda yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bugun oilada, jamiyatda, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Yüklə 63,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin