Oldingi tahrirga qarang. korxonalarning kuzatuv kengashlaridagi (ta’sischilarning umumiy yig‘ilishlaridagi) davlat vakillari boshqaruv organlari majlislarida umumiy qiymati bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori bo‘lgan import tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlarining asoslanganligiga oid masalalarning ko‘rilishini ta’minlaydi, bunda ishlab chiqarish zaxiralaridagi import tovarlarining omborlardagi qolgan qismini ularning korxona faoliyatiga jalb qilinishi bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llagan holda tahlil qiladi;
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi har chorakda davlat vakillari tomonidan kuzatuv kengashlarida (ta’sischilarning umumiy yig‘ilishlarida) ushbu qaror talablariga rioya etilishini tahlil qilib, natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
budjet mablag‘larini taqsimlovchi vazirlik va idoralar idoraviy mansub tashkilotlarda import xaridlarini optimallashtirish, shuningdek, davlat xaridlari doirasida ajratilgan mablag‘larning samarali va maqsadli ishlatilishi ustidan tizimli nazoratni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilishini ta’minlaydi;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi har oyda import bo‘yicha olib kelinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) hajmi va nomenklaturasini tahlil qiladi, shuningdek, tarmoqlar, korxonalar va hududlar rahbarlari tomonidan importni optimallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini baholab, ularni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi har chorakda sanoat tarmoqlari va hududlar kesimida ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirishga oid takliflarni ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Markaziy bank korporativ buyurtmachilarning ofshor yurisdiksiya hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar hisobiga amalga oshirgan valyuta operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tijorat banklari tomonidan har oyda Hisob palatasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini ta’minlaydi;
Moliya vazirligi budjet tashkilotlarining kelgusi davr uchun xarajatlar smetasini kelishishda xarajatlar shakllanishini, shu jumladan cooperation.uz portali ma’lumotlaridan kelib chiqqan holda tovarlar qiymatini aniqlash orqali nazorat qiladi;
Hisob palatasi har chorakda import xaridlarini amalga oshirishda davlat budjeti, budjetdan tashqari jamg‘armalar hamda korporativ buyurtmachilarning jalb qilingan va o‘z mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishini tahlil qiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchilari respublikaga import qilinayotgan tovarlar hajmi va nomenklaturasi haqidagi statistik ma’lumotlar asosida hududlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi, shuningdek, tegishli hududlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni cooperation.uz portalida to‘liq joylashtirilishini ta’minlaydi;
Vazirlar Mahkamasi har oy o‘z komplekslari kesimida xaridlarni optimallashtirish, qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari — davlat buyurtmachilari rahbarlari va korxonalarning boshqaruv organlaridagi davlat vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini ko‘rib chiqadi.
5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
Oliy Majlisga “davlat xaridlarining strategik subyekti” tushunchasini bekor qilish, xorijda ishlab chiqariladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridlaridagi ishtirokini taqiqlash va chegaralash, davlat xaridlari usullarini kengaytirish va ularning shaffofligini, shu jumladan tender (tanlov) xaridlari natijalarini ochiq manbalarda e’lon qilish yo‘li bilan oshirish, shuningdek, davlat xaridlarida qonunchilik talablarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan davlat buyurtmachilari va kuzatuv kengashlarining javobgarligini oshirish bo‘yicha me’yorlarni nazarda tutuvchi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini (yangi tahrirda) kiritsin;
Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin;
Davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) preferensiyalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
6. Xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda Davlat xaridlari subyektlarining xarid tizimini auditdan o‘tkazish jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Hisob palatasi Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan jadvalga muvofiq import xaridlari auditini o‘tkazishda xalqaro auditorlik kompaniyalari bilan hamkorlikni ta’minlasin va audit natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar:
cooperation.uz portalida respublikada ishlab chiqarilayotgan barcha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning texnik ko‘rsatkichlari 10 ta raqamli TIF TN kodi va ishlab chiqaruvchilarga bog‘lanish ma’lumotlari bilan birgalikda joylashtirilishini hamda muntazam ravishda yangilab borilishini;
cooperation.uz portalining Tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimi (TSOYEAT) va Davlat xaridlarining maxsus elektron portali (xarid.uz) bilan integratsiyasini ta’minlasin.
8. Davlat bojxona qo‘mitasi:
davlat xaridlari doirasida yetkazib berilayotgan import tovarlari narxlari monitoringini “tahlika-tahlil” usullari, shuningdek, “ko‘zguli statistika” ma’lumotlaridan foydalangan holda kuchaytirsin hamda sezilarli farq holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har oy Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Moliya vazirligiga taqdim etsin;
bojxona omborlarida saqlanayotgan, muddati uch oydan oshgan tovarlarning nomenklaturasi va hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat buyurtmachilari kesimida har oyda Vazirlar Mahkamasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etsin hamda o‘zining rasmiy saytida e’lon qilsin;
tovarlar narxini pasaytirib olib kirilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yuklangan funksiya va vazifalarning samarali ijrosini ta’minlasin.
9. “O‘zstandart” agentligi:
ikki oy muddatda sifatsiz, sertifikatlanmagan va qalbaki, shu jumladan Yevropa Ittifoqi (YI) va Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqida (EOII) xavfli mahsulotlar haqida tezkor xabar berish axborot tizimlariga kiritilgan, YI va EOII mamlakatlariga olib kirish taqiqlangan mahsulotlar ishlab chiqarilayotganligi va olib kirilayotganligi to‘g‘risidagi axborot tizimini joriy etsin;
Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvardan xorijiy mamlakatlarda xavfli mahsulotlar haqida tezkor xabar berish axborot tizimiga kiritilgan mahsulotlarni “erkin muomalaga chiqarish uchun” bojxona rejimiga rasmiylashtirishga taqiq kiritsin;
2021-yil 1-yanvarga qadar xalqaro, mintaqalararo va xorijiy standartlarni ularning asl tilidagi mahsulotga talablarni o‘zgartirmasdan xuddi shunday ko‘rinishda qabul qilish orqali, 1995-yilgacha tasdiqlangan 5 236 ta standartlar “tartibga soluvchi gilotina” usulida bekor qilinishini ta’minlasin;
ishlab chiqargan mamlakatning texnik reglament talablari, standartlari va me’yorlariga muvofiq bo‘lmagan mahsulotlar to‘g‘risida sertifikatsiya organlariga ma’lumot yuborsin hamda ularning ichki bozorga muomalaga chiqarilmasligi ustidan davlat nazoratini o‘rnatsin;
ikki oy muddatda “tahlika-tahlil” usullaridan foydalangan holda import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchilar tomonidan amaldagi standartlar, texnik reglamentlar va ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatiga qo‘yiladigan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, tegishli talablarga javob bermaydigan mahsulotlarni ishlab chiqarish, import va realizatsiya qilganlik uchun ularning javobgarligini oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi:
ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan aksionerlik jamiyatlari va korxonalarning kuzatuv kengashlari bilan birgalikda bir oy muddatda investitsiyaviy loyihalarni tasdiqlangan moliyalashtirish manbalari mavjud bo‘lmagan taqdirda to‘xtatish yoki bekor qilish va ijtimoiy-iqtisodiy maqsadga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazsin;
ikki oy muddatda korporativ buyurtmachilar tomonidan tuzilgan amaldagi uzoq muddatli import shartnomalarini koronavirus pandemiyasi yoki shartnoma shartlarining o‘zgarishi sharoitida narxlarni pasaytirish imkoniyatlari yuzasidan o‘rgansin;
bir oy muddatda vazirliklar, idoralar, hududlar va korxonalar rahbarlari tomonidan investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish va importni optimallashtirish masalalari yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini baholovchi aniq indikatorlarni (KPI) tasdiqlagan holda, har chorakda Vazirlar Mahkamasiga har bir rahbar erishgan indikatorlar bo‘yicha ma’lumotlarni kiritib borsin.
11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:
2021-yil uchun Investitsiya dasturining manzilli qismini ishlab chiqishda markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan yangidan boshlanadigan investitsiyaviy loyihalarni ularni amalga oshirishning ijtimoiy-iqtisodiy maqsadga muvofiqligi jihatidan puxta ekspertizadan o‘tkazsin;
2021-yil 1-yanvargacha davlat investitsiyalarini boshqarishni baholashning umum qabul qilingan tamoyillari (PIMA) asosida markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiyaviy loyihalarni to‘liq va uzluksiz monitoring qilish tizimini, shu jumladan investitsiyadan keyingi davrda (obyekt ishga tushirilgandan keyin 3 — 5 yil davomida) erishilgan maqsadli ko‘rsatkichlarni tahlil qilish va loyihalarning mamlakat, tarmoq, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ta’sirini baholashni har yili o‘tkazish asosida monitoring qilishni nazarda tutuvchi tizimni ishlab chiqsin va joriy etsin.
12. Tarif va notarif tartibga solish kengashi ikki oy muddatda xalqaro tajribani va Jahon savdo tashkiloti kelishuvlarining qoidalarini o‘rganish asosida Vazirlar Mahkamasiga:
tashqi savdoni tartibga solishning yangi tartibini, shu jumladan tarif, notarif va tarifli kvotalash choralari orqali importni optimallashtirish bo‘yicha tezkor qarorlarni qabul qilish bo‘yicha yanada moslashuvchan mexanizmlarni joriy etishni nazarda tutuvchi kompleks takliflarni;
Import qilinadigan tovarlarga nisbatan vaqtinchalik tarif kvotalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini kiritsin.
13. Quyidagilarga:
budjet va korporativ buyurtmachilar rahbarlari zimmasiga — davlat xaridlarini amalga oshirishda mablag‘larning samarali va maqsadli ishlatilishini ta’minlash, shuningdek, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga rioya etish yuzasidan;
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga — Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatiga kiritilgan tovarlarning davlat xaridlari doirasida import qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga — mahalliylashtiriladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha tasdiqlangan ko‘rsatkichlarning to‘laqonli bajarilishi, investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, kichik hududiy va yirik tarmoq korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini kengaytirish yuzasidan;
Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga — davlat xaridlari doirasida importni optimallashtirish, mamlakat tarmoq va hududlarida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish chora-tadbirlarining samaradorligi yuzasidan;
Bosh vazir o‘rinbosari S.U. Umurzoqov zimmasiga — ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga jalb qilinadigan investitsiyalarning samaradorligi yuzasidan;
Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari O‘.I. Barnoyev, B.A. Musayev, A.A. Abduhakimov, O.M. Umarov zimmasiga — mutasaddilik qilinadigan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar rahbarlari tomonidan davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining sifatli ijro etilishini tashkil etish, shuningdek, tegishli tarmoqlarda budjet mablag‘larining samarali ishlatilishi yuzasidan;
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov zimmasiga — markazlashgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish doirasida importni optimallashtirish yuzasidan;
Bosh vazir A.N. Aripov zimmasiga — Bosh vazir o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, tarmoq idoralari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, shuningdek, kuzatuv kengashlaridagi (ta’sischilarning umumiy yig‘ilishlaridagi) davlat vakillari tomonidan ushbu qaror bilan zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishining yakuniy natijalari uchun, zarur hollarda intizomiy javobgarlik choralarini qo‘llash, shu jumladan egallab turgan lavozimidan ozod etish bo‘yicha takliflar kiritish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.