Fanga oid yangiliklar Kimyo-biologiya ta'limini isloh qilishga oid prezident qarori e'lon qilindi 12 avgust kuni «Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta'lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»
Fanga oid yangiliklar Kimyo-biologiya ta'limini isloh qilishga oid prezident qarori e'lon qilindi
12 avgust kuni «Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta'lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.
Qaror bilan kimyo va biologiya ta'limi isloh etilishi belgilangan.
Hujjat asosida respublikaning har bir hududida kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi. Bunda Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati ushbu maktablar maqomiga moslashtiriladi.
Shuningdek, tuman (shahar)larda kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 150ta maktablar ochiladi.
Bu 164ta maktabga OTMlarning 55ta kafedrasi biriktiriladi. Ularni moliyalash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan maxsus jamg‘armalar tashkil etiladi.
2020/21 o‘quv yilida maktablarda tabiiy fanlar o‘quv dasturlarida amaliy mashg‘ulotlarning ulushini ko‘paytiriladi. Bir oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktablarning kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilarining bilimi va pedagogik mahoratini baholash va saralab olingan nomzodlarning malakasini oshirish rejasi tasdiqlanadi.
Bunda, ixtisoslashtirilgan maktablarga va tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilari hamda rahbar kadrlari (direktor va ixtisoslashgan fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari)ning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdori 1 yanvardan boshlab 50 foizgacha oshiriladi.
Qaror bilan, 2021 yil 1 fevralga qadar Kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.
Milliy sertifikatlash tizimi doirasida quyidagilar belgilanmoqda:
kimyo yoki biologiya fanlarini bilish darajasini aniqlash va bu to‘g‘risida milliy malaka sertifikatlarini (keyingi o‘rinlarda – milliy sertifikat) berish belgilangan tartibda Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi;
kimyo yoki biologiya fanlarini bilish darajasini aniqlash tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi;
imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega umumta'lim maktab, akademik litsey va kasb-hunar maktabi o‘quvchilari davlat oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda unga tegishliligiga ko‘ra kimyo yoki biologiya fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.
OO‘MTV hamda XTV shu yil 1 dekabrga qadar kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilarini tayyorlash dasturlarini xorijiy universitetlar tajribasi asosida tahlil qilib, takomillashtiradi.
2021 yildan boshlab ilg‘or xorijiy tajriba asosida ta'lim muassasalari uchun kimyo va biologiya fanlaridan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish bo‘yicha milliy tanlov tashkil etiladi.
Milliy tanlov natijasi bo‘yicha g‘olib deb topilgan mualliflar Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 100 million so‘mdan bir martalik mukofot pullari bilan taqdirlanadi.
2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marta OTM talabalari orasida kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadalari o‘tkaziladi.
Xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini bir martalik mukofotlash hamda tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha OTMlar magistraturasiga davlat granti asosida imtihonsiz o‘qishga qabul qilish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, OTMlarning kimyo va biologiya ta'lim yo‘nalishlari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadasi g‘oliblari hamda kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari ham magistraturaga tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qishga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilinadi.
2021/22 o‘quv yilidan boshlab, kimyo va biologiya yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha OTMlar umumta'lim maktablari bitiruvchi sinflari o‘quvchilari o‘rtasida ko‘p bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – oliy ta'lim muassasasi) kimyo va biologiya fani bo‘yicha o‘zining olimpiadasini o‘tkazishi va 1-3 o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarni OTM mablag‘lari hisobidan imtihonsiz o‘qishga qabul qilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilarga bir marotaba oylik maoshining 100 foizi miqdorida, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha talabalar uchun to‘garaklar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarga o‘quv yili davomida OTMlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maoshlariga 25 foiz miqdorida ustama belgilanadi.
OTMlarning kimyo va biologiya ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha imtiyozli diplomga ega bitiruvchilari mazkur OTMlarning magistratura mutaxassisligiga qo‘shimcha imtihonlarsiz to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
OTMlarning kimyo va biologiya mutaxassisligini a'lo baholar bilan tamomlagan magistrlar tayanch doktoranturaga OTMlar kengashi qarori asosida imtihonlarsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri kvota doirasida qabul qilinadi. Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
tashkil etiladigan tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarga OTMlar kafedralari, ITMlar va ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktirish ro‘yxati;
kimyo va biologiya yo‘nalishlariga tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan professional ta'lim muassasalariga ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktirish ro‘yxati;
OTMlar kafedralariga Fanlar akademiyasi ITIlari va ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktirish ro‘yxati;
2020-2025 yillarda kimyo va biologiya yo‘nalishida uzluksiz ta'lim sifatini hamda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiya ishlari natijadorligini oshirish bo‘yicha maqsadli dastur;
kimyo va biologiya sohasidagi ilmiy tashkilotlarning tarmoq korxonalari bilan hamkorligini ta'minlash manzilli dasturi;
kimyo va biologiya yo‘nalishlaridagi ilmiy tashkilotlarning istiqbolli ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirishni tashkil etish dasturi.
Shuningdek, Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha komissiya tashkil etilib, unga Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev rahbarlik qilishi belgilandi.