O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUTAXASSISLAR TAYYORLASH TIZIMI OLIY MA’LUMOTLI MUTAXASSISLAR OSHIRITAYYORLASH SIFATINI SHDA IQTISODIYOT SOHALARI VA TARMOQLARINING ISHTIROKINI YANADA KENGAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlashning mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan oliy ta’lim darajasini sifat jihatidan oshirish va tubdan takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash bo‘yicha Oliy ta’lim tizimini 2017-2021-yillarda kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.
Shu bilan birga, respublikamiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni o‘z vaqtida zarur ixtisosliklar bo‘yicha iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqqan holda tayyorlash, oliy ta’lim mazmunini bevosita korxonalar, muassasalardagi texnika, texnologiya, ishlab chiqarish munosabatlariga hamda istiqbolli rivojlanish dasturlariga muvofiq shakllantirish, kadrlarni egallagan kasbi va mutaxascisligi bo‘yicha ishga joylashtirishga doir qator dolzarb masalalar to‘liq yechimini topmagan.
Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha qo‘mitasi (UNESCO) va konsalting tashkiloti (DGP Research & Consulting) hamkorligida jalb qilingan nufuzli xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan 2017-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimini kompleks o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillar natijalari asosida berilgan xulosalarda oliy ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot yaxlitligi ta’minlanmaganligi, talabalarning malakaviy amaliyotlarini ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazish samarali tashkil etilmagani oqibatida bitiruvchilarning aksariyat qismi tayyor mutaxassis bo‘lib chiqish o‘rniga, ishga joylashgandan keyin qaytadan o‘z kasbini, mutaxassisligini o‘rganayotganligi, shuningdek, ta’lim sifatini nazorat qilish mexanizmi zamonaviy talablarga javob bermasligi, ta’lim muassasalarida malakali pedagog va boshqaruv kadrlarining yetishmasligi, xorijiy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik yetarlicha yo‘lga qo‘yilmaganligi kabi kamchiliklar qayd etilgan.